Toshkent davlat yuridik universiteti iqtisodiy protsessual huquq


Uchinchi shaxslar va ularning turlari


Download 464.55 Kb.
bet44/306
Sana05.02.2023
Hajmi464.55 Kb.
#1166720
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   306
Bog'liq
ИПҲ-дарслик-2018

Uchinchi shaxslar va ularning turlari

Iqtisodiy protsessda fuqarolik protsessi kabi uchinchi shaxslarning ishtiroki moddiy huquqiy munosabat subyektlarining ko'pligi va huquq hamda qonuniy manfaatlarni himoya qilish maqsadida ishtirok etish zaruriyati bilan asoslanadi.
Ba'zan shunday holatlar ham bo'ladiki, nizoning hal etilishidan taraflardan tashqari boshqa shaxslar ham manfaatdor bo'ladilar. Bunday shaxslarning manfaati huquqiy manfaat bo'lib ko'riladi, chunki ish yuzasidan chiqarilgan sud qarori ma'lum darajada ularning moddiy huquqiga ta'sir etishi, ishning iqtisodiy sudda hal etilishi natijasida ularga nisbatan muayyan huquq yoki majburiyat vujudga keltirilishi mumkin. Shu tufayli bu shaxslar o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida boshlangan iqtisodiy ishga kirib borishi yoki boshlangan protsessda ishtirok qilish uchun iqtisodiy sud tomonidan jalb etilishlari mumkin. Shuning uchun ular uchinchi shaxslar deb ataladi.
Uchinchi shaxs manfaatlarining mazmuniga va ish yuzasidan chiqarilgan qaror bilan bog'liq bo'lgan oqibatlarga qarab bunday shaxslar nizo predmetiga nisbatan mustaqil talab bilan arz qiluvchi (mustaqil da'vo qiluvchi) uchinchi shaxslarga va nizo predmetiga nisbatan mustaqil talab bilan arz qilmaydigan (mustaqil da'volari bo'lmagan) uchinchi shaxslarga ajratiladi.
Da'vogar bilan javobgar o'rtasidagi nizoning predmetiga nisbatan boshqa shaxs tomonidan shu predmet (narsa)ning o'ziga tegishli bo'lishi to'g'risida arz qiluvchi shaxs - mustaqil da'vo qiluvchi uchinchi shaxs deb ataladi. Mustaqil talab bilan arz qiluvchi uchinchi shaxs iqtisodiy protsessdagi nizoli huquq dastlabki taraflarga emas, balki aynan unga tegishli ekanligini ta'kidlaydi. Masalan, ko'chmas mulkka nisbatan mulk huquqini belgilash to'g'risidagi nizo ko'rilayotganda, ishga davlat mulkini boshqarish huquqiga ega bo'lgan davlat organi ushbu ko'chmas mulk obyektining unga tegishliligi to'g'risida talab qo'yishi mumkin. Bunday ishtirok etishning protsessual shakli nizo predmetiga nisbatan mustaqil talab bilan arz qiluvchi uchinchi shaxs sifatida ishtirok etishida namoyon bo'ladi.
Yana bir holatda, masalan, buyurtmachi pudratchiga nisbatan yordamchi pudratchi tomonidan ishlar lozim darajada bajarilmaganligi yuzasidan da'vo bilan sudga chiqishi mumkin. Bunda yordamchi pudratchi sudda javobgar tomonida kelgusida regress da'vo qilishning oldini olish maqsadida nizo predmetiga nisbatan mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida qatnashish huquqiga ega.
Uchinchi shaxslarning ishda ishtirok etishi nizoning predmeti bilan aloqador. Nizoning predmeti deganda, da'vogar va javobgar o'rtasida nizo talabi qaratilayotgan moddiy obyekt tushuniladi. Iqtisodiy protsessda mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxslarning ishda ishtirok etishlariga yo‘l qo'yilishi mezoni nizoli moddiy-huquqiy munosabat hamda nizoning predmeti o'rtasidagi huquqiy aloqadorlikda namoyon bo'ladi.
Iqtisodiy protsessual kodeksining 47-moddasiga asosan nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talab bilan arz qiluvchi uchinchi shaxslar iqtisodiy sud hal qiluv qarorini chiqarguniga qadar ishga kirishishlari mumkin. Shuning uchun ham mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxslar sudga murojaat qilganda sudlovlilik, da’vo arizasini rasmiylashtirish va taqdim etish, davlat bojini to‘lash yuzasidan qo‘yilgan talablarga rioya qilishi lozim. Biroq mustaqil talab bilan arz qiluvchi uchinchi shaxslarga nisbatan agar qonunda ayrim toifadagi nizolar uchun ularni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibi belgilangan yoxud bu tartib shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, taraflar o‘zaro munosabatlarini ixtiyoriy ravishda hal qilish choralarini ko‘rishi lozimligi qoidasi tatbiq etilmaydi. Mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxslarning soni nizo predmetiga talabgor shaxslarning soniga bog'liq.
Uchinchi shaxsning protsessual holati da'vogarning protsessual holati bilan barobardir, boshqacha qilib aytganda, bunday uchinchi shaxs da'vogar hisoblanadi, dastlabki taraflar esa javobgar bo'lib ko'riladi. Shu tufayli uchinchi shaxs da'vogarning hamma protsessual huquqlaridan foydalanadi va uning hamma protsessual majburiyatlarini o‘z zimmasiga oladi.
Dastlabki da'vogardan (da'vo) uchinchi shaxsning farqi faqat shundaki, arizachi (da'vogar) da'vo talabi bilan ishni boshlasa, uchinchi shaxs birov (boshqa shaxs) tomonadan boshlangan protsessga kirishadi.
Mustaqil talab bilan arz qiluvchi uchinchi shaxsning protsessda ishtirok etishiga yo‘l qo'yilishi to'g'risidagi iltimosi, agar ishni sudda ko'rishga tayyorlash davrida qilingan bo'lsa, sudya tomonidan ko'riladi, agar ishni mazmunan ko'rish hay'atda bo'lsa, sudning to'la tarkibida hal qilinadi. Bu haqidagi iltimosnomani ko'rishda sud ikki holatni: birinchidan, uchinchi shaxs sifatida protsessda ishtirok etish uchun qonunda nazarda tutilgan asosning bo'lishi-bo'lmasligi va ikkinchidan, har ikki nizoning bir protsessda hal qilinishi maqsadga muvofiq bo'lish-bo'lmasligini e'tiborga oladi.
Uchinchi shaxs ishtirok etishi lozim bo'lgan iqtisodiy ishning barcha manfaatdor shaxslar qatnashgan holda ko'rilishi, birinchidan, sud va taraflarning vaqtlarini ancha tejashga imkon beradi; ikkinchidan, agar dastlabki mulkiy nizo alohida ko'rilsa, bu to'g'rida chiqarilgan qarorga muvofiq, nizoli mulkning keyinchalik sotilishi yoki ishlatib yuborilishining oldi olinadi; uchinchidan, nizoli huquq alohida-alohida ko'rilganida, bu ishlar yuzasidan qarama-qarshi hal qiluv qarorlari chiqarilishining oldi olinadi.
Uchinchi shaxsning manfaati hamma vaqt nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talabga ega bo'lavermaydi. Ba'zan dastlabki taraflarning ishi yuzasidan qaror chiqarilishi munosabati bilan protsessdagi taraflardan biriga nisbatan uchinchi shaxsning qandaydir huquq va majburiyat paydo bo'lishi, shu tufayli uchinchi shaxs nizo predmetini talab qilmasa ham, qonuniy va asosli qaror chiqartirishga ko'maklashadi.
Nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar ishda da'vogar yoki javobgar tarafida o‘z tashabbuslari yoki taraflarning iltimosnomasi yoxud iqtisodiy sudning tashabbusi bilan jalb qilinishlari mumkin.
Nizo predmetiga nisbatan mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar bevosita da’vogar va javobgar bilan o‘zaro aloqadorlikda bo‘ladi. Uchinchi shaxsning kim tomonidan ishtirok etish masalasini hal qilishning mezoni Iqtisodiy protsessual kodeksning 48-moddasida nazarda tutilgan bo‘lib, unga ko‘ra nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar, agar ish bo‘yicha hal qiluv qarori ularning taraflardan biriga nisbatan huquq va majburiyatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lsa, ishda ishtirok etishga jalb qilinishi mumkin. Masalan, agar ish bo‘yicha hal qiluv qarori javobgarning huquq va majburiyatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lsa, bunda uchinchi shaxs uning tarafida ishtirok etadi. Agar ish bo‘yicha hal qiluv qarori da’vogarning huquq va majburiyatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lsa, bunday holat uchinchi shaxs da'vogar tomonida ishtirok etishi mumkin.
Dastlabki taraflar o'rtasidagi nizo yuzasidan chiqarilgan qaror uchinchi shaxsning (boshqa bir fUqaro yoki tashkilotning) huquq va burchlariga ta'sir etishi mumkin.
IPKning 48-moddasida normalanganidek, nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar, agar ish bo'yicha chiqariladigan hal qiluv qarori ularning taraflardan biriga nisbatan bo'lgan huquq va majburiyatlariga ta'sir etadigan bo'lsa, sudning hal qiluv qarori chiqarilgunga qadar mustaqil da'volari bo'lmagan uchinchi shaxslar sifatida da'vogar yoki javobgar tomonida ishda qatnasha oladilar.
Mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslarning protsessdagi ishtiroki quyidagi holatlar bilan asoslash mumkin:

  • kelgusida qarshi talablar yuzaga kelishining oldini olish;

  • davlat organi va boshqa organning qarori bir tarafga (uchinchi shaxs) foyda keltirsa, boshqa tarafning (da’vogar) huquqlarini buzishi mumkin.

Yuridik adabiyotlarda iqtisodiy protsessga mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslarni kengaytirilgan asoslari nazarda tutilgan:

  • ma’lum bir tashkilotning (uchinchi shaxs) foydasiga chiqarilgan qaror boshqa tashkilotning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzsa;

  • mulkka egalik qilish huquqini tan olish to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha obyektga nisbatan o‘zini huquqlarini tan olish maqsadini ko‘zlaydi, o‘zini mulkdor deb hisoblovchi (javobgar) va sotib oluvchi, ijarachi, garovda saqlovchi (uchinchi shaxslar)lar o‘rtasida bu yuzasidan bitim tuzilgan bo‘lishi;

  • kreditor (da’vogar) oldida qarzdorning (javobgar) o‘z majburiyatlarini bajarmasligi qarzdorning kontragenti tomonidan majburiyatlarning buzilishiga olib kelishi.


Download 464.55 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   306




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling