Toshkent davlat yuridik universiteti iqtisodiy protsessual huquq


Download 464.55 Kb.
bet241/306
Sana05.02.2023
Hajmi464.55 Kb.
#1166720
1   ...   237   238   239   240   241   242   243   244   ...   306
Bog'liq
ИПҲ-дарслик-2018

Huquqiy ta’sir choralari

IPKning 3-moddasida shaxslarning huquq va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud orqali himoya qilish huquqi belgilangan bo'lib, unga ko'ra har qanday manfaatdor shaxs qonunda belgilangan tartibda iqtisodiy sudga o'zining buzilgan huquq va erkinliklarini himoya qilish uchun murojaat qilishi mumkin.
Iqtisodiy sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga, birinchidan, ishning natijasidan moddiy-huquqiy, shaxsiy manfaatdor shaxslar, ikkinchidan, davlat va jamiyatning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish vakolatiga ega bo‘lgan prokuror, davlat organlari va boshqa organlar kiradi.
Iqtisodiy sudga taalluqli ishlarIPKning 25, 26, 27, 28-moddalarida
belgilangan. Undan tashqari, iqtisodiy sudlar tomonidan ko'riladigan ayrim toifadagi ishlar boshqa qonun hujjatlarida ham nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin.
Iqtisodiy sudga murojaat qilish huquqi da’vo arizasi, ariza (masalan, huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash to‘g‘risida), shikoyat (masalan, sud ijrochisi xatti-harakatlari ustidan), apellatsiya, kassatsiya shikoyat (protest)larini va nazorat tartibida protest keltirish to'g'risidagi va boshqa turdagi arizalarni berish orqali amalga oshiriladi.
Huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi ariza iqtisodiy sudga nazorat qiluvchi organlar tomonidan yozma shaklda berilib, u arizachi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Arizaga IPKning 219-moddasida belgilangan hujjatlar ilova qilinadi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 14-iyundagi “Tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF 3619-son Farmoni bilan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan faqat sud tartibida qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari dastlabki ro‘yxati ko‘rsatib o‘tilgan edi.
Amaldagi IPKning 27-bobi “Huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash to'g'risidagi ishlarni yuritish” deb yuritilib, uning 217-moddasiga ko'ra huquqiy ta’sir choralari quyidagilardan iborat:
faoliyatni tugatish;
atrof tabiiy muhitga zararli ta’sir ko‘rsatayotgan obyektlar faoliyatini tugatish va (yoki) qayta ixtisoslashtirish;
faoliyatni cheklash, to'xtatib turish va taqiqlash, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va salomatligi uchun boshqa haqiqiy xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bog'liq holda faoliyatni o‘n ish kunidan ko‘p bo'lmagan muddatga cheklash, to'xtatib turish hollari mustasno;
banklardagi hisobvaraqlar bo'yicha operatsiyalarni to'xtatib qo'yish, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash, bundan soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar to'lash muddatini o'tkazib yuborganlik uchun penyalar hisoblash, shuningdek yuridik shaxsning yoki fuqaroning sodir etilgan huquqbuzarlikdagi aybini tan olganligi va moliyaviy sanksiyalar summalarini ixtiyoriy ravishda to‘laganligi hollari mustasno;
tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bilan shug‘ullanish uchun litsenziyalarning (ruxsatnomalarning) amal qilishini o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lgan muddatga to‘xtatib turish yoki ularning amal qilishini tugatish va litsenziyalarni (ruxsatnomalarni) bekor qilish, bundan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan beriladigan litsenziyalar (ruxsatnomalar) mustasno.
Iqtisodiy sud qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqiy ta’sir choralarini ham qo‘llashi mumkin.
O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 53-moddasi va “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 49- moddasiga ko‘ra yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik faoliyati subyektini tugatish uning muassislarining (ishtirokchilarining) yoki ta'sis hujjatlari bilan tegishli vakolat berilgan yuridik shaxs organining qaroriga yoxud sudning qaroriga ko'ra amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxs bo‘lgan tadbirkorlik subyektining faoliyatini tugatish uning qaroriga yoki sud qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.
Tadbirkorlik subyektini tugatish (uning faoliyatini tugatish) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Tadbirkorlik subyektining faoliyatini tugatish to‘g‘risidagi ariza (taqdimnoma) sudga faqat qonun hujatlarida nazarda tutilgan hollarda beriladi.
Tadbirkorlik subyektlariga nisbatan faoliyatni tugatish ko‘rinishidagi huquqiy ta'sir chorasi deganda, tadbirkorlik subyekti faoliyatining to'liq tugatilishi tushunilishi lozimligiga e’tibor qarati.
Tadbirkorlik subyekti faoliyatini tugatish - faoliyat ruxsatnomasiz (litsenziyasiz) amalga oshirilganda yoki qonunda taqiqlangan faoliyat amalga oshirilganda yoxud davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab bir yil mobaynida o‘zining ustav jamg‘armasini ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda shakllantirmaganda, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir chorasidir.
Faoliyatni tugatish bilan yuridik shaxsni tugatishni farqlash lozim. Faoliyatni tugatish xo‘jalik yurituvchi subyektga nisbatan u moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish jarayonida qonun hujjatlari talablariga rioya qilmaganligi sababli qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir chorasi hisoblanadi. Masalan, arizachi Toshkent shahar Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi sudga ariza bilan murojaat qilib, javobgar “Ne’mat savdo” xususiy korxonasiga qarashli “Adonis” nomli qahvoxonasining ish faoliyatini mavjud kamchiliklar bartaraf etilguniga qadar to‘xtatishni so‘ragan.
Ish hujjatlaridan ko‘rinishicha, Nazorat qiluvchi organlarfaoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi Toshkent shahar hududiy komissiyasining ruxsatnomasi asosida “Axmat savdo” xususiy korxonasiga qarashli Toshkent shahar Yunusobod tumanida joylashgan “Donihs” nomli qahvaxonasida Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi mutaxassislari tomonidan sanitariya qoidalariga rioya qilinishi bo‘yicha qisqa muddatli tekshiruv o'tkazilgan.
Tekshiruv yakunida qahvaxonaning ishlab chiqarish va yordamchi xonalari joriy ta’mirga muhtoj holatdaligi, ishlatiladigan asbob-anjomlar tamg‘alanmaganligi, idishlarni yuvish va zararsizlanlantirish qoidalariga rioya qilinmaganligi, ishga jalb qilingan 5 nafar ishchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganligi, kundalik tozalash ishlari olib borilmaganligi, ishchilar maxsus kiyim bilan ta'minlanmaganligi, shuningdek oshxonadan olingan 20 ta namuna surtmasining 12 tasi (60 %) ichak tayoqchasi guruhiga mansub bakteriyalar bilan zaralanganligi, oshxonada xo‘rrandalar uchun tayyorlangan tayyor ovqatdan olingan 10 namunaning 8 tasida (80 %) ichak tayoqchasi guruhiga mansub bakteriyalar mavjudligi va 1 tasi (10 %) esa tillarang stafilokokklar bilan zararlanganligi aniqlangan.
O'zbekiston Respublikasi “Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida”gi Qonunining 14-moddasi 1-qismiga muvofiq mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, oziq-ovqat mahsulotlari va oziq-ovqat xom-ashyosi ishlab chiqarish, ularni saqlash, tashish, sotish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar, muassasalar, tash- kilotlar, birlashmalar va alohida shaxslar tibbiyot-biologiya talablariga, sanitariya normalariga va gigiyena normativlariga rioya etishlari shart. Qonunning 21, 22, 27-moddalarigabinoan O'zbekiston Respublikasining davlat sanitariya- epidemiologiya xizmati bosh davlat sanitariya vrachlari va ularning o‘rinbosarlari sanitariya qonunlari buzilgan taqdirda sanitariya normalari, qoidalari va gigiena normativlari buzilishiga barham berilgunga qadar amaldagi ishlab chiqarish obyektlarida, madaniy-maishiy binolardan foydalanishni, umumiy ovqatlanish va savdo korxonalarining, ta’lim, davolash-profilaktika hamda sanatoriya-kurort muassasalarining faoliyatini to‘xtatib qo‘yish, uskunalar, asboblar va gidrotexnika inshootlardan foydalanishni taqiqlab qo'yish huquqiga ega. Ana shu huquqlardan foydalanib O'zbekiston Respublikasining davlat sanitariya-epidemiologiya xizmatining kiritgan arizasi xo'jalik sudining hal qiluv qaroriga binoan qanoatlantirilgan. “Ne’mat savdo” xususiy korxonasiga tegishli “Adonis” nomli qahvaxonasining faoliyati kamchiliklar to'liq bartaraf etilgunga qadar to'xtatib qo'yilgan. Kamchiliklar bartaraf etilib, tegishli talablarga javob bergandan so'ng “Adonis” nomli qahvaxonasi faoliyatini tiklab berish majburiyati Toshkent shahar Davlat sanitariya-epidemologiya nazorati markazi zimmasiga yuklatilgan.
Ushbu misoldan ko‘rinib turibdiki, sud tomonidan “Ne’mat savdo” xususiy korxonasining “Adonis” nomli qahvaxonasi faoliyati to‘xtatilgan. Xususiy korxonaning boshqa faoliyati to‘xtatilmagan.
Yuridik shaxsni tugatish esa u moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmaganligi va (yoki) qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda ustav fondini shakllantirmaganligining oqibati hisoblanadi.
Faoliyatni tugatish to‘g‘risidagi talab ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadi va ish nazorat qiluvchi organning arizasiga asosan ko‘rib chiqiladi, yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risidagi talab esa fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiqadi va ish da'vo tartibida ko'rib chiqiladi.
Sudning qarori bilan xo‘jalik yurituvchi subyektning faoliyati tugatilganda u tugatilganidan so‘ng boshqa faoliyatini amalga oshirishi mumkin, yuridik shaxs tugatilganda esa uning faoliyati to‘liq tugatiladi.
Inson hayoti va faoliyati uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish, ekologik xavfsizlikni ta'minlash, tabiat resurslaridan oqilona foydalanish, ularni ekologik-huquqiy muhofaza qilish, ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish, odamlarning salomatligi va iqtisodiy turmush tarzini yanada yaxshilash eng dolzarb muammolardan hisoblanadi. Bu muammolar nafaqat bir davlatning ichki muammosi, balki butun dunyo hamjamiyatining global muammolaridandir.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida “Fuqarolar atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar” (50-modda), “Mulkdor o‘z mulkiga o‘z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mulkdan foydalanishda ekologik muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart” (54-modda) va “Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir” (55- modda) - deb ko'rsatilgani ham alohida ahamiyatga egadir.
Sudga atrof tabiiy muhitga zararli ta’sir ko‘rsatayotgan obyektlar faoliyatini tugatish va (yoki) qayta ixtisoslashtirish to‘g‘risidagi huquqiy chorasini qo'llash vakolatini berilganligi bejiz emas.
Har qanday iqtisodiy faoliyat xoh u ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatishdan foydalanishda, xoh u tadbirkorlik sohasida bo‘lsin, albatta, tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan tejamkorlik bilan foydalanish tamoyiliga qat’iy amal qilishi talab etiladi.
Tabiiy muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishi oqibatida tabiat munosabatlarining buzilishi, tabiiy resurslarning kamayib borishi va atrof-
muhit ifloslanishining asosiy qismi insonlarning xo‘jasizlarcha faoliyat yuritishlari bilan bog‘liq.
O'zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 10-moddasiga ko‘ra davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy idoralarining tabiatni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari belgilangan bo'lib, unga ko‘ra tabiatni muhofaza qilish sohasida:
o‘z hududida tabiatni muhofaza qilishning asosiy yo'nalishlarini belgilash, mintaqaning (hududning) ekologiya dasturini tasdiqlash;
tabiiy resurslarni hisobga olish va ularning ahvoliga baho berish, ekologiya jihatidan zararli bo‘lgan obyektlarni ro‘yxatga olish;
tabiatni muhofaza qilishga doir tadbirlarni moddiy-texnika jihatidan ta’minlash;
tabiiy resurslardan foydalanish huquqini beruvchi ruxsatnomalarni belgilangan tartibda berish va bekor qilish;
tabiiy resurslardan foydalanganlik uchun to'lovlar undirish;
tabiatning muhofaza qilinishi ustidan nazorat o‘rnatish, atrof-muhitga zarar yetkazayotgan mahalliy ahamiyatga molik obyektlar faoliyatini vaqtincha yoki butunlay to‘xtatish va qayta ixtisoslashtirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;
O'zbekiston Respublikasi qonunlarida ko'zda tutilgan boshqa masalalarni tartibga solish davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy idoralarining vakolatiga kiradi.
O‘z vakolatlaridan kelib chiqib Tabiatni muhofaza qilish qo'mitasi va uning joylardagi bo‘linmalari, davlat boshqaruvi va boshqa mahalliy idoralari sudlarga o‘z vakolatlari doirasidan kelib chiqib atrof muhitga zarar etkazayotgan mahalliy ahamiyatga molik obyektlar faoliyatini vaqtincha yoki butunlay to‘xtatish va qayta ixtisoslashtirish to‘g‘risida arizalar bilan murojaat qilmoqdalar.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, faoliyatni tugatish va (yoki) qayta ixtisoslashtirish mustaqil huquqiy ta’sir choralari hisoblanadi hamda har biri alohida qo‘llaniladi.
Atrof-muhitga zarar yetkazayotgan tadbirkorlik subyektlari hisoblangan mahalliy ahamiyatga molik obyektlarning faoliyatini to‘xtatib qo‘yish (favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va salomatligi uchun boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bog'liq holda faoliyatni o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib qo‘yish hollari bundan mustasno) yoki tugatish va qayta ixtisoslashtirish, shuningdek ularga berilgan tabiiy resurslardan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomani bekor qilish sud tartibida amalga oshiriladi.
Faoliyatni qayta ixtisoslashtirish tarzidagi huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilganda xo‘jalik yurituvchi subyektga boshqa mahsulot ishlab chiqarishga (ish bajarish, xizmat ko‘rsatishga) ixtisoslashgan faoliyatni amalga oshirishga o‘tish majburiyati yuklatiladi.
Sud tomonidan qo‘llaniladigan navbatdagi huquqiy ta’sir choralaridan biri bu faoliyatni cheklash, to'xtatib turish va taqiqlashdir.
Tadbirkorlik subyektining faoliyatini cheklash deganda, uning faoliyati alohida turini, ya’ni (uning vaqtinchalik yoki tamomila bo‘lishidan qat’i nazar), alohida sex, bo'lim, filial, uchastka va boshqalar tugatilishi (vaqtinchalik to‘xtatib turilishi) tushunilishi lozim.
Tadbirkorlik subyektining faoliyatini cheklash sud tomonidan ham, nazorat qiluvchi organ tomonidan ham faqat qonun hujjatlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri nazarda tutilgan hollarda qo‘llanilishi mumkin.
Faoliyatni cheklash bilan bog'liq huquqiy ta'sir chorasi qo'llanilganda xo'jalik yurituvchi subyektning faoliyati sud tomonidan belgilangan doira (chegara)dan chiqmasligi kerak.
Faoliyatni to‘xtatib turish tarzidagi huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilganda esa xo‘jalik yurituvchi subyektga u yoki bu faoliyat turi bilan muayyan muddat davomida yoki biror hodisa ro‘y bergunga qadar (huquqbuzarliklarni bartaraf etish va hokazolar) shug‘ullanish taqiqlanadi.
Faoliyatni taqiqlash to‘g‘risidagi huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilganda xo‘jalik yurituvchi subyektga muayyan faoliyat turini amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qayd etilgan huquqiy ta’sir choralari iqtisodiy sudlari tomonidan qo'llaniladi, bundan qonunda belgilangan doirada nazorat qiluvchi organlar tomonidan alohida hollarda favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va salomatligi uchun boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bog‘liq holda faoliyatni o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga cheklash, to'xtatib turish hollari mustasnodir.
Tadbirkorlik subyekti faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risidagi ariza nazorat qiluvchi organ tomonidan faoliyatni to‘xtatish imkoniyati qonunchilikda nazarda tutilgan hollardagina berilishi mumkin. Favqulodda holatlar, epidemiya hamda aholining hayoti va sog'lig'i uchun real xavf vujudga kelishining oldini olish munosabati bilan faoliyatni 10 ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘xtatish hollari bundan mustasno.
Faoliyatni to‘xtatish tadbirkorlik subyekti tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarni buzish hollarida qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir chorasidir.
Tadbirkorlik subyekti faoliyatini to'xtatish deganda, tadbirkorlik subyekti tomonidan uning faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risida sudga ariza bilan murojaat qilinishiga asos bo‘ladigan huquqbuzarlik sodir etish natijasida faoliyatning to‘liq to‘xtatilishi tushuniladi.
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risidagi arizalarni (taqdimnomalarni) ko‘rishda va qo‘yilgan talablarni qanoatlantirishda sudlar qarorning xulosa qismida faoliyatning qaysi muddatga to‘xtatilayotganligini ko'rsatishlari yoxud u bajarilguncha faoliyat to'xtatiladigan shartni belgilashlari lozim (litsenziya, guvohnoma olish; kamchiliklarni bartaraf etish yoki standartlar, normalarga muvofiqlashtirish; tegishli nazorat qiluvchi organning ko‘rsatmasini bajarish va boshqalar).
Iqtisodiy nizolarini ko‘rishda iqtisodiy sud tomonidan IPKning 94- moddasiga muvofiq qo‘llaniladigan, tadbirkorlik subyektiga ma’lum bir harakatlarni sodir etishni taqiqlash da’voni ta’minlash chorasi hisoblanadi.
Soliq to'lovchining banklardagi hisobvaraqlari bo'yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish tarzidagi huquqiy ta’sir chorasi faqat sud qarori asosida amalga oshiriladi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish aniqlangan hollar bundan mustasno.
Davlat soliq xizmati organi soliq to‘lovchining banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga quyidagi hollarda murojaat qilishga haqli:
soliq tekshiruvini o‘tkazishga soliq to‘lovchi tomonidan to‘sqinlik qilinganda yoki daromadlar olish uchun foydalanilayotgan yoxud soliq solish obyektini saqlash bilan bog‘liq hududlarni, binolarni, shu jumladan joylarni ko‘zdan kechirish uchun davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslarini kiritish soliq to‘lovchi tomonidan rad etilganda;
soliq to‘lovchi qayd etilgan manzilda bo‘lmaganda;
soliq to‘lovchi tomonidan soliq hisoboti va (yoki) moliyaviy hisobot, kameral nazorat natijalari bo‘yicha tafovutlarning asoslari yoxud aniqlashtirilgan soliq hisoboti belgilangan muddatda taqdim etilmaganda.
Davlat soliq xizmati organi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishni kirim hujjatlarini rasmiylashtirmasdan amalga oshiruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarini besh bank kunigacha bo‘lgan muddatga vaqtincha to‘xtatib turishga haqli.
Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) kirim hujjatlarini rasmiylashtirmasdan realizatsiya qilish deb ushbu moddani qo‘llash maqsadida quyidagilar e’tirof etiladi:
kameral nazorat jarayonida aniqlangan, kirim qilingan va realizatsiya qilingan (sarflangan) tovarlar (ishlar, xizmatlar) hajmlarining mos emasligi, xuddi shuningdek bank operatsiyalarining xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining xususiyati va turiga mos emasligi;
soliq tekshiruvi jarayonida aniqlangan, tovarlar (ishlar, xizmatlar) kirim qilinganligi fakti to‘g‘risida dalolat beruvchi hujjatlarning mavjud emasligi, almashtirib qo‘yilganligi, qalbakilashtirilganligi yoki yo‘q qilinganligi, realizatsiya qilinmagan tovarlar sifatida hisobga olingan tovarlarning omborda yoki realizatsiya qilish joyida mavjud emasligi;
xo‘jalik yurituvchi subyektlarning tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) kirim hujjatlarini rasmiylashtirmasdan realizatsiya qilayotganligi hollarini tasdiqlovchi hujjatlarning jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan davlat soliq xizmati organlariga taqdim etilishi.
Banklardagi hisobvaraqlar bo'yicha operatsiyalar faqat chiqim qismida to'xtatilishi mumkin. Budjetga to'lovlar, ish haqi, nafaqalar, shuningdek ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa oqibatida sog'liq va hayotga yetkazilgan zararni qoplash uchun mablag'lar berish hollari bundan mustasno.
Banklardagi hisobvaraqlar bo'yicha operatsiyalarni to'xtatish haqidagi ariza (taqdimnoma) qanoatlantirilgan taqdirda sud hujjatining xulosa qismida operatsiyaning qaysi muddatga to'xtatilishini ko'rsatishi yoxud u bajarilguncha operatsiya to'xtatiladigan shartni belgilashi kerak (moliya-xo'jalik faoliyatini tekshirish yakunlanguniga va uning natijalari bo'yicha qaror qabul qilinguniga qadar va boshqalar). Shuningdek, banklardagi hisobvaraqlar bo'yicha operatsiyalarni to'xtatishga asos bo'lgan holatlar bartaraf etilganidan so'ng bankka hisobvaraqlar bo'yicha operatsiyalarni tiklash to'g'risida ko'rsatma berish lozim.
Banklardagi hisobvaraqlar bo'yicha operatsiyalarni to'xtatish to'g'risidagi sud hujjati tadbirkorlik subyektining hisobvarag‘i mavjud bo‘lgan barcha banklar uchun majburiydir.
Shuni nazarda tutish lozimki, iqtisodiy sud tomonidan iqtisodiy nizolarni ko‘rishda tadbirkorlik subyektining pul mablag‘lariga band solish (xatlash) da'voni ta'minlash chorasi hisoblanib, uning bekor qilinishi masalasi IPKda belgilangan tartibga muvofiq hal etiladi.
Navbatdagi huquqiy ta’sir chorasi bu moliyaviy sanksiyadir. Soliq Kodeksining 112-moddasiga ko'ra moliyaviy sanktsiyalar soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlik chorasi bo‘lib, sodir etilgan huquqbuzarlik uchun pul undirish (jarimalar va penya) tarzida qo'llaniladi. Moliyaviy sanksiyalar nafaqat soliqqa oid huquqbuzarlik uchun, balki ayrim qonun hujjatlarida, Vazirlar Mahkamasi qarorlarida belgilangan qoidalarni buzganlik uchun ham qo‘llaniladi. Shuning uchun ham moliyaviy jarima to‘g‘risida gapirilganda, qonun yoki shartnoma talablarini buzganlik, qonun-qoidaga xilof xatti-harakatlarni sodir etganlik uchun aybdor deb topilgan shaxslarga nisbatan moddiy ta'sir chorasi bo'lib, u belgilangan tartibda nazorat qiluvchi organ yoki sud tomonidan qo‘llaniladi.
L.B.Xvanning fikricha, jarima - bu soliq haqidagi qonun hujjatlarida foizlarda yoki muayyan miqdor (masalan, eng kam ish haqining ma’lum bir miqdori, soliqlar va yig‘imlarning qo‘shimcha hisoblab yozilgan summasi)ga nisbatan baravar miqdorda belgilanadigan bir marta undiriladigan summadir1.
To‘lash muddati o‘tkazib yuborilgan soliqlar yoki yig‘imlarni har bir kuni uchun ko'payib boruvchi hisob bilan undirib boriladigan pul summasi - penyadir.
Penya - bu qonun kuchi bilan soliqning majburiy va majburlovchi xususiyatidan kelib chiqadigan, soliqni to'lash kechiktirilgan hollarda soliq to‘lovlarini o‘z muddatida to‘lig‘icha to‘lay olmaganlik natijasida ko‘rilgan davlat budjeti yo'qotishlarining o'ziga xos kompensatsiyalanishidir. Javobgarlikning ushbu chorasi huquqni tiklash xususiyatiga ega bo‘lib, ba’zan u adabiyotlarda soliq majburiyatini ta’minlashning umumiy qo‘llaniladigan usuli deb ham yuritiladi.
Shuni esda tutish lozimki, penya budjetga to'lanishi lozim bo'lgan har qanday summa(masalan, kamaytirilgan daromad (foyda) summasi, jarima summasi va h.k.)ga emas, balki faqat soliq to'lash kechiktirilgan hollarda boqimandalik summasiga hisoblab qo'shiladi. Penya ko'rinishidagi javobgarlikka yuridik shaxslar ham, jismoniy shaxslar ham tortiladi. Penyaning undirilishi soliq majburiyatlarini bajarishdan xalos etmaydi.
Soliq huquqbuzarligi tizimi sohaga tegishlilik bo'yicha qurilgan bo'lib, u yuridik javobgarlik belgilangan majburiyatlarning bajarilmaganligi uchun huquqiy munosabatlar xususiyati bilan aniqlanadi va huquqbuzarlikning quyidagi turlarini o‘z ichiga oladi:

  1. soliq xususiyatidagi soliq huquqbuzarliklari;

  2. ma’muriy-huquqiy xususiyatdagi soliq huquqbuzarliklari (ma’muriy soliq huquqbuzarliklari);

d) jinoiy - huquqiy xususiyatdagi soliq huquqbuzarliklari (soliq jinoyati).
Soliq huquqbuzarligining turiga mos ravishda yuridik javobgarlik ham turlarga ham ajratiladi: a) moliyaviy-huquqiy; b) ma’muriy; d) jinoiy javobgarlik.
O'zbekiston Respublikasi SKning 17-bobi (113-121-moddalari) soliqqa oid huquqbuzarliklarning turlari va ularni sodir etganlik uchun javobgarlik masalalarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, har bir huquqbuzarlik uchun qo‘llanilishi lozim bo'lgan moliyaviy sanksiyalar miqdorlari ham belgilab berilgandir.
Soliq to'lovchining, shu jumladan O'zbekiston Respublikasi norezidentining, bundan bir vaqtning o'zida davlat soliq xizmati organlarida va davlat statistikasi organlarida hisobga qo‘yilgan holda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan soliq to‘lovchilar mustasno, davlat soliq xizmati organlarida hisobga turishdan bo‘yin tovlashi SKning 113-moddasi birinchi qismiga ko‘ra:
agar faoliyat ko‘pi bilan o‘ttiz kun amalga oshirilgan bo‘lsa, eng kam ish haqining ellik baravari miqdorida, biroq bunday faoliyat natijasida olingan sof tushumning o‘n foizidan kam bo‘lmagan miqdorda;
agar faoliyat o‘ttiz kundan ortiq amalga oshirilgan bo‘lsa, eng kam ish haqining yuz baravari miqdorida, biroq bunday faoliyat natijasida olingan sof tushumning ellik foizidan kam bo‘lmagan miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.
Sodir etilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun huquqiy ta’sir choralari faqat tadbirkorlik subyektlariga emas, balki barcha yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga sud tartibida qo‘llaniladi (SKning 112-moddasi). Qayd etish lozimki, bu qoida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash muddati o'tkazib yuborilganligi uchun penya hisoblash, shuningdek soliq to'lovchi sodir etilgan soliqqa oid huquqbuzarlikdagi aybini tan olgan va jarimani ixtiyoriy ravishda to‘lagan hollarda qo‘llanilmaydi.
Amaldagi qonunlarga ko'ra soliqlar, boshqa majburiy to'lovlar va penya materiallar sudga berilgan kundan e'tiboran o'ttiz kun ichida ixtiyoriy ravishda to‘langan taqdirda tadbirkorlik subyekti - soliq to‘lovchi o‘ziga nisbatan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lamaganligi uchun jarimalar qo‘llanilishidan ozod qilinadi.
Tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bilan shug‘ullanish uchun litsenziyalarning (ruxsatnomalarning) amal qilishini o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lgan muddatga to‘xtatib turish yoki ularning amal qilishini tugatish va litsenziyalarni (ruxsatnomalarni) bekor qilish bilan bog'liq ishlar ham iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bu turdagi nizolar bo‘yicha arizalarni (taqdimnomalarni) iqtisodiy sudga qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan hollardagina litsenziyalovchi organ taqdim etadi.
Bunday arizalar (taqdimnomalar)ni ko'rib chiqishda sudlar litsenziyaning amal qilishini to'xtatish yoki tugatish va bekor qilish asoslari ro'yxati keltirilgan O'zbekiston Respublikasining “Faoliyatning alohida turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi Qonunining 22-24-moddalariga asoslanishlari mumkin. Qonunda keltirilgan ushbu ro'yxat mukammal hisoblanadi.
Litsenziya (ruxsatnoma)ni bekor qilish litsenziya (ruxsatnoma)ning qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi holati aniqlangan hollarda qo‘llanadigan huquqiy ta’sir chorasi hisoblanadi.


  1. Download 464.55 Kb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   237   238   239   240   241   242   243   244   ...   306




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling