Toshkent davlat yuridik universiteti iqtisodiy protsessual huquq


Huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi arizaning shakli, mazmuni va unga ilova qilinadigan hujjatlar


Download 464.55 Kb.
bet242/306
Sana05.02.2023
Hajmi464.55 Kb.
#1166720
1   ...   238   239   240   241   242   243   244   245   ...   306
Bog'liq
ИПҲ-дарслик-2018

Huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi arizaning shakli, mazmuni va unga ilova qilinadigan hujjatlar

Huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash bilan bog‘liq murojaatlarning shakli va mazmuni IPK 218-moddasi talablariga mos bo‘lishi lozim. Unga ko‘ra, nazorat qiluvchi organlar tomonidan huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi arizalar iqtisodiy sudlarga yozma ravishda beriladi. Ariza nazorat qiluvchi organ rahbari yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Vakil tomonidan imzolanadigan arizaga vakilning arizani imzolash huquqini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinishi lozim.
Huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi arizalarda ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar IPKning 151-moddasida qayd etilgan hujjatlarni ilova qilishdan tashqari 219-moddadagi talablarga ham rioya qilinishi lozim.
Arizada huquqbuzarlik faktini aniqlagan nazorat qiluvchi organning nomi; arizada qo‘yilgan talabga asos bo‘lgan holatlar; arizada qo‘yilgan talabning asoslarini tasdiqlovchi dalillar; iqtisodiy sudga murojaat qilishga asos bo‘lgan tashkilot yoki fuqaroning harakatlari (harakatsizligi) uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar; arizachining talabi; ayrim toifadagi nizolar uchun qonunda nazarda tutilgan bo‘lsa, nizoni javobgar bilan sudgacha hal qilish
(talabnoma yuborish) tartibiga rioya etilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek ilova qilinayotgan hujjatlar ro'yxati ko'rsatilgan bo'lishi kerak.
Darhaqiqat, yurtimizda sudlar faoliyatiga axborot-kommunikatsion texnologiyalarning joriy etilishi munosabati bilan ma'lumotlar almashishining elektron vositalar orqali sudlarga murojaat qilish imkoniyatining berilishi taraflarning o‘z huquqlarini sud orqali himoya qilishi uchun qulayliklar yaratadi.
O'zbekiston Respublikasining 2013-yil 30-apreldagi “O'zbekison Respublikasi ayrim qonun hujjatlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ - 352-son Qonuni bilan sudlarga murojaat va unga ilova qilinadigan hujjatlar axborot tizimi orqali elektron shaklda yuborilishini, da'vo arizalari va arizalar bilan murojaat qilgan shaxslarning telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzillari ham ko'rsatilishi mumkinligini nazarda tutuvchi normalar kiritilganligini alohida ta’kidlash lozimdir. Bu kiritilgan qoidalar huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash bilan bog‘liq bo‘lgan murojaatlarda ham to‘liq qo‘llaniladi.
Qonun hujjatlariga muvofiq, huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi arizada boshqa ma’lumotlar ham ko‘rsatilishi mumkin.
IPKning 219-moddasida nazarda tutilgan talablarni buzgan holda berilgan huquqiy ta'sir chorasini qo'llash to'g'risidagi ariza ushbu Kodeksning 155- moddasida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha arizachiga qaytariladi.
Shuni alohida e'tiborga olish kerakki, huquqiy ta'sir choralarini qo'llash bilan bog'liq arizalar yozma shaklda sudlovga tegishlilikning umumiy qoidalari bo‘yicha javobgar-tadbirkorlik subyekti joylashgan hududdagi xo‘jalik sudiga beriladi va unda shu sudning nomi ko'rsatiladi. Agarda tadbirkorlik subyekti yakka tartibdagi tadbirkor fuqaro bo‘lsa, arizada tadbirkor fuqaro yashaydigan joydagi iqtisodiy sudning nomi ko‘rsatiladi. Shu bilan birga umumiy qoidalardan istisno tariqasida yuridik shaxsga nisbatan uning alohida bo‘linmasi faoliyatidan kelib chiqadigan arizalar berilgan hollarda arizada alohida bo'linma joylashgan joydagi iqtisodiy sud nomi ko‘rsatiladi.
Nizolashuvchi taraflarning nomlari va manzillarini arizada aniq ko‘rsatish mas’uliyati arizachi-nazorat qiluvchi organ zimmasiga yuklatilgandir.
Huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi arizalarda taraflarning nomlari aniq ko‘rsatilishi lozim. Arizachi nazorat qiluvchi organning nomi uning qaysi davlat idorasiga taalluqliligidan kelib ko'rsatilsa (masalan, Sergeli tuman davlat soliq inspeksiyasi, O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi va h.k.), javobgarning nomi esa uning tashkiliy huquqiy shaklidan kelib chiqib to'liq nomlanishi (masalan, “Kafolat” Mas'uliyati cheklangan jamiyati yoki “Ozod agro impeks” Aksiyadorlik jamiyati va h.k.) hamda ularning aloqa manzillari ko'rsatilishi kerak.
Agarda ishda ishtirok etuvchi shaxs-javobgar yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lsa yoki jismoniy shaxslar bo‘lsa, u holda arizada ularning familiyasi, ismi, sharifi va pochta manzili ko‘rsatiladi. Huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi arizalarda sodir etilgan huquqbuzarlikni aniqlagan davlat nazorat qiluvchi organining nomi aniq qilib ko‘rsatiladi. Qonunning bu talabi nafaqat arizaning shakli va mazmuniga qo‘yilgan talab, balki nazorat qiluvchi organ tomonidan o'tkazilgan tekshirish yakuni bo'yicha aniqlangan huquqbuzarlikda javobgarning aybi va uning darajasiga baho berish, sodir etilgan huquqbuzarlikni sud jarayonida isbotlash uchun ham muhimdir. Chunki IPKning 68- moddasiga ko‘ra tashkilotlar va fuqarolarga nisbatan huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqilayotganda, huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos bo‘lgan holatlarni isbotlash majburiyati nazorat qiluvchi organ zimmasiga yuklatilgandir.
Huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi arizada sodir etilgan huquqbuzarlik uchun qo‘yilgan talabni asoslovchi holatlarni batafsil aks ettirilishi lozim. Jumladan kirim qilinmagan tovarlarni saqlash, bundan ularning qonuniy kelib chiqishi tasdiqlangan hollar mustasno, yoxud tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan tushgan tushumlarni yashirish (kamaytirib ko'rsatish), buxgalteriya hisobining yo'qligi yoki buxgalteriya hisobining belgilangan tartibini buzgan holda yuritganlik, hisoblanishi lozim bo'lgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar summasini aniqlab bo‘lmasligiga olib kelganda, soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni to'lash muddatlarini buzish, “litsenziat”ning “litsenziyalovchi organ” tomonidan ruxsat berilgan tibbiy xizmat hajmi (turi) va yo'nalishlari (ixtisoslik) doirasida o‘z faoliyatini litsenziya talablari hamda shartlariga rioya etgan holda amalga oshirish majburiyatini bajarmaganligi, sanitariya qonunlari buzilgan taqdirda ishlab chiqarish obyektlarida, madaniy-maishiy binolardan foydalanishda, umumiy ovqatlanish va savdo korxonalarining, ta’lim, davolash-profilaktika hamda sanatoriya-kurort muassasalarining faoliyatida sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlari buzilishiga yo‘l qo‘yilishi kabi holatlar aks ettirilishi lozim.
Ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs iqtisodiy sud jarayonlarida o‘z talab va e'tirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak. Shu sababli huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi arizada arizaga asos bo‘lgan har bir holatni tasdiqlovchi yozma (ma’lumotlar, guvohlarning ko‘rsatmalari) yoki boshqa ashyoviy dalillarni (muddati o'tgan yoki sifatsiz mahsulot) keltirilishi lozim. Bunda IPKning 66, 71, 73-moddalarida belgilangan qoidalarga rioya qilib, bu turkum nizolarning o'ziga xosligini e'tiborga olish kerak.
Huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi arizada tadbirkorlik subyektining faoliyatini tekshirishni amalga oshirish uchun asos bo'lgan nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan tekshirish reja-jadvalidan ko'chirma, tekshirish maqsadi, muddati va tekshiruv o'tkazuvchi mansabdor shaxslarning tarkibi ko'rsatilgan buyruq, nazorat qiluvchi organning tekshirish reja-jadvali asosida chiqargan buyrug'i yoxud maxsus vakolatli organning rejadan tashqari tekshirish, shu jumladan taftish o'tkazish to'g'risidagi hamda tekshirish maqsadi, tekshiruv o'tkazuvchi mansabdor shaxslarning tarkibi va tekshiruvni o'tkazish muddatlari ko'rsatilgan qarori, agar tekshirish jinoyat ishi doirasida o'tkazilgan bo'lsa, jinoyat ishi qo‘zg‘atish haqidagi qaror dalil sifatida ko‘rsatilishi lozim.
Avvalambor, shuni ta’kidlash lozimki, umumiy qoidaga ko‘ra nazorat qiluvchi organ arizaga IPKning 151-moddasida ko‘rsatilgan hujjatlarni va sodir etilgan huquqbuzarlikni isbotlovchi dalil sifatida IPKning 219-moddasida ko‘rsatilgan ro‘yxatdagi hujjatlarni qo‘shimcha ravishda ilova qilishi lozim. Umumiy qoidadan farqli o‘laroq, nazorat qiluvchi organlar iqtisodiy sudlarga ariza berishda Soliq kodeksining 330-moddasiga ko'ra davlat boji to'lashdan ozod etilganligi sababli belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji to‘laganligini tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilmaydilar.
Huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi arizada ilova qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar ro‘yxatiga e’tibor qilsak, faoliyatni tugatish, faoliyatni cheklash, to'xtatib turish va taqiqlash, atrof tabiiy muhitga zararli ta'sir ko‘rsatayotgan obyektlar faoliyatini tugatish va (yoki) qayta ixtisoslashtirish to‘g‘risidagi arizaga ilova qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar tarkibi bir-biriga o‘xshashligini ko‘ramiz. Ularga ta’sis hujjatlarining va davlat ro‘yxatidan o'tkazilganlik to'g'risidagi guvohnomaning tegishli tarzda tasdiqlangan ko‘chirma nusxalari; tashkilot yoki fuqaro tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar talablarining faoliyatni tugatish, tashkilot yoki fuqaro tomonidan normativ- huquqiy hujjjatlar talablarining faoliyatni cheklash, to'xtatib turish va taqiqlash, atrof tabiiy muhitga zararli ta’sir ko‘rsatayotgan obyektlar faoliyatini tugatish va (yoki) qayta ixtisoslashtirish uchun asos bo‘ladigan tarzda buzilganligini tasdiqlovchi dalillarni ilova qilish nazarda tutilgan bo'lsa, faoliyatni cheklash, to‘xtatib turish va taqiqlash to‘g‘risidagi arizaga ta’sis hujjatlarining va davlat ro'yxatidan o'tkazilganlik to'g'risidagi guvohnomaning tegishli tarzda tasdiqlangan ko‘chirma nusxalari; tashkilot yoki fuqaro tomonidan normativ- huquqiy hujjatlar talablarining faoliyatni cheklash, to'xtatib turish va taqiqlash uchun asos bo‘ladigan tarzda buzilganligini tasdiqlovchi dalillar ilova qilinishi nazarda tutiladi.
Huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi arizada nazorat qiluvchi organ tomonidan tadbirkorlik subyektining harakat yoki harakatsizligi oqibatida qoidalari buzilgan qonun va qonunosti hujjatlari nomlari va sodir etilgan huquqbuzarlik uchun sud oldiga hal etish bo‘yicha qo‘yilgan talab batafsil ko'rsatilishi kerak.
Ayrim qonun hujjatlarida nazorat qiluvchi organ tomonidan sudga huquqiy ta'sir choralarini qo'llash to'g'risidagi ariza berishdan oldin albatta tadbirkorlik subyektiga nisbatan nizoni sudgacha hal etish tartibiga rioya etilishi nazarda tutilgan. Jumladan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 14 iyundagi “Tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF - 3619 sonli Farmoni mazmun jihatidan moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash masalasini sudgacha hal qilish tartibini belgilaydi. Shu munosabat bilan nazorat qiluvchi organ sudga murojaat qilgunga qadar moliyaviy sanksiya qo‘llanilayotgan shaxsga uni ixtiyoriy ravishda to‘lash to‘g‘risidagi talabni hamda qo‘llaniladigan jarima summasi ko‘rsatilgan hisobni topshiradi yoki topshirilishi ma’lum qilinadigan buyurtma xat bilan yuboradi.
Agar tadbirkorlik subyekti tomonidan talab u qabul qilinganidan keyin 10 kun mobaynida qanoatlantirilmasa, nazorat qiluvchi organ sudga murojaat qilishga haqli. Ushbu tartibning nazorat qiluvchi organ tomonidan bajarilmasligi sud tomonidan arizani qaytarish uchun asos bo‘ladi.
Arizada albatta unga ilova qilinayotgan hujjatlarning ro‘yxati ham ko‘rsatilishi lozim.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, nazorat qiluvchi organ tomonidan huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi arizada IPKning 151, 219- moddalarida qayd etilgan ma’lumotlardan tashqari nizoni to‘g‘ri hal qilish uchun zarur bo‘lsa, boshqa ma’lumotlarni ham ko‘rsatishi mumkin.


  1. Download 464.55 Kb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   238   239   240   241   242   243   244   245   ...   306




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling