Toshkent davlat yuridik universiteti jinoyat protsessual huquqi kafedrasi tosheva munisxon voxid qizi


Bitiruv malakaviy ishining tuzilishi va hajmi


Download 95.72 Kb.
bet6/15
Sana18.06.2023
Hajmi95.72 Kb.
#1557378
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15
Bog'liq
18.05.2023 bmi

Bitiruv malakaviy ishining tuzilishi va hajmi.
Bitiruv malakaviy ishi kirish, oltita paragrafni o‘z ichiga olgan uch bob, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati va ilovadan iborat.


I BOB. JINOYAT PROTSESSIDA TAFTISH O‘TKAZISHNING NAZARIY-HUQUQIY TAVSIFI
1.1-§. Jinoyat ishlarini yuritishda iqtisodiy bilimlardan foydalanishning ahamiyati va shakllari
Bugungi kunda fan va texnikaning jadal rivojlanishi natijasida insonlar keng imkoniyatlarga ega bo‘lib, ular o‘rtasida yangidan yangi ijtimoiy munosabatlar vujudga kelmoqda. Buning natijasida jamiyatning turmush tarzi, duniyoqarashi ham o‘zgarib bormoqda. Insonlar hayotiga ko‘plab qulayliklarni olib kelgan ilm-fan taraqqiyotidan baʼzi odamlar jamiyatda farovon hayot yaratish yo‘lida foydalanayotgan bo‘lsa, ayrimlar o‘zining g‘araz niyatlarini amalga oshirish vositasi sifatida foydalanib kelmoqda. Zamon talabidan kelib chiqqan holda jinoyatchilikning oldin maʼlum bo‘lmagan turlari yuzaga kelmoqda (kiberjinoyat) yoki avvaldan mavjud bo‘lgan an’anaviy jinoyatlarni (o‘g‘rilik, talonchilik, odam o‘ldirish) sodir etish usullari o‘zganmoqda. Jumladan, huquqni qo‘llash amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, 2021-yilda O‘zbekiston Respeblikasida kompyuter texnikasidan foydalangan holda ro‘yxatga olingan barcha jinoyatlardan o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish (Jinoyat kodeksining 167-moddasi) – 7%, firibgarlik (Jinoyat kodeksining 168-moddasi) – 68%, o‘g‘irlik (Jinoyat kodeksining 169-moddasi) – 24%, kompyuter axbarotidan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish (Jinoyat kodeksining 2782-moddasi) – 1% tashkil qiladi.1
Hozirgi kunda sud-tergov amaliyoti tahlillari shuni ko‘rsatadiki, jinoyat ishini qo‘zg‘atish va tergov qilish vakolatiga ega bo‘lgan organ xodimlarida jinoyat ishi uchun ahamiyatli bo‘lgan holatlarni aniqlash, ularni isbot qilish jarayonida “maxsus bilimlar”dan foydalanishga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Shu o‘rinda “maxsus bilim” tushunchasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, tadqiqotchi olimlarning fikrlariga ko‘ra «maxsus bilim» tushunchasiga quyidagicha taʼrif berilgan: «Maxsus bilim – bu jinoyat ishini qo‘zg‘atish, dastlabki tergov va sud muhokamasi maqsadlari uchun qo‘llaniladigan va jinoyatga aloqador faktik maʼlumotlar, dalillarni zamonaviy tadqiqot usullari orqali topish, to‘plash, baholashni amalga oshirishda foydalaniladigan fan, texnika, kasb-hunar sohasidagi tor yo‘nalishdagi professional билимдир»1.
Jumladan, raqamli dasturlar orqali sodir etilayotgan kiberjinoyatlarni tergov qilish va oldini olish uchun ekspertizaning yangi turlariga ehtiyoj sezilayotganligi, moliya, bank, lizng, kredit, sug‘urta kabi iqtisodiyot sohasidagi rastrata, davlat mulkini noqonuniy talon-taroj qilinishini oldini olish va jinoyatlarni aniqlashda taftish tergov harakatining aniq belgilangan tartibini ishlab chiqish kabi masalalar bugungi kun tergov amaliyotida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Bugungi kunda aksariyat toifadagi jinoyat ishlari yuzasidan maxsus bilimlarni qo‘llamasdan ayblanuvchi shaxslar doirasini aniqlash, tergovga qadar tekshiruv, dastlabki tergov harakatlarini olib borishnnig imkoni yo‘q. Mana shunday jinoyatlar qatorida turli iqtisodiy munosabatlarni amalga oshirish jarayonlarida kelib chiqadigan jinoyatlar, qurilishda bajarilgan ishlar hajmini oshirib ko‘rsatish yo‘li bilan o‘zlashtirish, mehnat muhofazasi, texnika xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish, davlat tomonidan ajratilayotgan maqsadli kreditlarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish kabi jinoyatlarni kiritish mumkin.
Maxsus bilimlardan foydalanish nafaqat surishtiruv, tergov jarayonlarining samarali olib borilishida, balki jinoyatchilikka qarshi kurashda ham alohida ahamiyat kasb etadi. S.M. Garisov hamda YE.A. Zaysevaning surishtiruvchi va tergovchining jinoyatlarni tergov qilishda maxsus bilimlardan to‘g‘ri va oqilona foydalanishi jinoyatlarni ochishda muhim ahamiyatga egaligini aytib o‘tgan2. Umuman olganda maxsus bilimlar bu – jinoyat protsessining turli bosqichlarida mavjud vaziyatdan kelib chiqqan holda, haqiqatni aniqlash maqsadida dalilarni topish, maqbulliligini tekshirish va baho berish jarayonida protsessual va noprotsessual shakllarda foydalaniladigan bilimlardir.
Tergov amaliyotini o‘rganish shuni ko‘rsatmoqdaki, maxsus bilim va malakaning yetishmasligi oqibatida jinoiy ishlarni yuritish vakolatiga ega organ xodimlarining iqtisodiy jinoyatlarni o‘z vaqtida aniqlash va ochishi jarayonini qiyinlashtirmoqda, buning natijasida dalillarni to‘plash va tekshirish, aybdor shaxslar doirasini aniqlash, taftishning predmetini belgilash, ekspertiza muassasasi va obyektlari, ekspertning yechimiga qo‘yiladigan savollarning hajmi, predmeti va yo‘nalishi, ekspertizani to‘liq va malakali o‘tkazilganligini baholash bilan bog‘liq turli muammolar yuzaga kelmoqda. O‘z navbatida yuzaga kelgan mazkur muammolar dalillarni to‘plashning zamonaviy usullarini o‘rganish, har bir muammoli holatga xorijiy davlatlar tajribasini tadqiq qilib, yechim topish, dalil to‘plashning mavjud usullarni takomillashtirib, doimiy ravishda o‘rganib borish lozimligini ko‘rsatadi. Zero, jinoyatchilikka qarshi kurash jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar isbotlashning mavjud imkoniyatlarini, tergov harakatlari tizimini va turlarini takomillashtirishni yoki yangi tergov harakatlarining shakllanishi va amaldagi qonunchilikka kiritilishini obyektiv zaruratga aylantiradi.
Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarni tergov qilish amaliyoti tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, huquqni muhofaza qiluvchi organlar sohasida faoliyat olib borayotgan xodimlarning aksariyati, qanday hollarda auditorlik tekshiruvi yoki taftish o‘tkazish lozimligi, qaysi vaziyatda iqtisodiy ekspertiza yoki boshqa turdagi ekspertizalarni tayinlash, ularning olidiga qo‘yiladigan savollar masalasida turli qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Buni hal qilishda taftishning sud-buxgalteriya ekspertizasidan farqli xususiyatlari, aniqlash lozim bo‘lgan masalalarning mohiyati, muammoga faktik nazoratning boshqa turlarini qo‘llash orqali aniqlik kiritish mumkinligi, tadqiqot predmeti kabi bir qator jihatlarni inobatga olish lozim bo‘ladi.
Maxsus bilimlarning institutlaridan biri taftish hisoblanadi. Moliyaviy nazorat usulining bir ko‘rinishi bo‘lgan taftish JPK dagi maxsus bilim talab qiladigan tergov harakatlaridan biri.
Moliyaviy nazorat usullari deganda – moliyaviy nazorat funksiyalarini amalga oshirish jarayonida qo‘llaniladigan muayyan usul va vositalar majmui tushuniladi1. Moliyaviy nazorat turlariga kuzatuv, o‘rganish, tahlil qilish, tekshiruv, taftish, iqtisodiy-moliyaviy ekspertiza, monitoring va boshqalar kiradi2.
Jinoyat ishlarini yuritishda mazkur moliyaviy usullaridan foydalanishda tergov organlari xodimlaridan ularning mazmun-mohiyati, predmeti va obyekti, bir-biridan farqini bilishni talab qiladi. Ammo JPK da moliyaviy nazorat turi sifatida faqatgina taftish keltirilganligi esa iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish amaliyotini murakkablashtirib, tergovchida kichik bir holatga oydinlik kiritish masalasida ham taftish tayinlashga majbur etadi.
Moliyaviy nazorat shakllarining bir-biridan farqli jihatlari turli olimlar tomonidan o‘rganilgan bo‘lib, jumladan L.A.Savina “taftish hujjatli tekshirishga nisbatan kengroq va har tomonlama tekshirish usuli hisoblanadi”,3- degan fikrlarni bildirgan bo‘lsa, Yu.A.Danilevskiy, L.N.Ovsyannikovlar “....taftishdan tekshirish farqlanib, unga ko‘ra tekshirish tanlab o‘tkaziladi, yaʼniki maʼlum bir obyektlar tekshirish doirasiga kiritilmaydi, bu holat tekshirilayotgan subyekt faoliyatining maʼlum bir yo‘nalishlarini tekshirish bilan cheklanadi”,4 - degan qarashni aytib o‘tishgan.
Bizning fikrimizcha ham, taftish va tekshirishdan ko‘zlangan maqsad bir, yaʼni moliya, buxgalteriya, soliq sohasidagi qonun buzilishi holatlarini aniqlash bo‘lsada, ularning o‘rganish predmeti taftishda kengroq, tekshiruvda esa nisbatan torroq hisoblanadi. Taftish dalil to‘plash usuli sifatida jinoyatga aloqador maʼlumotlarni yuridik shaxslar yoki tadbirkorlik subyektlarining moliya, soliq, buxgalteriya hisobotlari, bank hujjatlarini o‘rganish natijasida taqqoslab ko‘rish yo‘li bilan olishni nazarda tutadi. Tekshirishda esa tekshiruv subyeklari tomonidan faoliyatida amal qilishi lozim bo‘lgan qonunlarning rioya qilinishi nazorat qilinadi.
Amaldagi protsessual qonunchiligimizga ko‘ra taftish jinoyat ishi qo‘zg‘atilgunga qadar ham, jinoyat ishi qo‘zg‘atilganidan keyin ham o‘tkaziladigan tergov harakatlaridan hisoblanadi. Taftish deganda – “bo‘lib o‘tgan ish, hodisa va boshqa yuzasidan yoki haqiqiy ahvolni aniqlash maqsadida o‘tkaziladigan tekshiruv, shuningdek korxona, kompaniya, tashkilot, muassasalar moliya-xo‘jalik faoliyatini, mansabdor shaxslarning xizmat faoliyatini, hujjatlar, budjet muassasalarida budjetdan ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi; buxgalteriya yozuvlarining to‘g‘ri yuritilishini tekshirish tushuniladi”1. Bundan kelib chiqadigan bo‘lsak, jinoyatlarni tergov qilish amaliyotida iqtisodiy bilimlardan foydalanishga ehtiyoj mavjud. Chunki iqtisodiyot sohasidagi jinoyat ishlarni yuritishda moliya-xo‘jalik faoliyatiga tushunadigan, shu sohaning mutaxassisisiz tergov qilishning imkoni yo‘q.
Iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi va ularning teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilganligi bozor iqtisodiyotining asosi bo‘lgan xususiy mulk ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan mustahkam huquqiy bazaning asosi bo‘lib xizmat qildi. Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning erkin va to‘siqlarsiz o‘z faoliyatini amalga oshirishi, mamlakat iqtisodiyotidagi o‘rni va rolini oshirishga qaratilgan yuzdan ortiq Qonun, Farmon va Qarorlar, shuning normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi jamiyatda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi. Ammo shu bilan birgalikda tadbirkorlik subyektlari tomonidan qonunni chetlab o‘tish, soliqlardan qochish, taqdim etilayotgan hisobotlarda asl holatni o‘zgartirish, kamaytirib yoki oshirib yozish orqali turli imtiyozlardan foydalanish, bir so‘z bilan aytganda “qonunni aylanib o‘tish” kabi salbiy holatlarning ham uchrab turganligi ayni haqiqatdir. Mana shunday holatlar esa muammoga qonuniy yechim topishni, sohadagi kamchiliklarni chuqur o‘rganishni taqazo etadi.
Jinoyat protsessualist olimlar tomonidan iqtisodiyot sohasidagi, jumladan, o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan mulkni talon-taroj qilish, firibgarlik kabi jinoyatlarini tergov qilishning nazariy-huquqiy jihatlari, tergov amaliyoti va undagi muammolar doimiy ravishda o‘rganilishi, tahlil qilinishiga qaramay mazkur sohagi jinoyatlarni tergov qilishda muhim hisoblangan taftish yuzasidan hali ko‘plab izlanishlar olib borilishi, tadqiqotlar o‘tkazilishiga “muhtojligi”, shu sababli ham amaliyotda qator muammolar vujudga kelayotganligi ayni haqiqatdir. Taftish o‘tkazish masalasida protsessualist rus olimi S.P.Golubyatnikov o‘zining ilmiy asarlarida “taftishni o‘rganilayotgan tashkilot tomonidan muayyan vaqt oralig‘idagi xo‘jalik va moliya operatsiyalar asosli va qonuniy o‘tkazilganligi, ularning buxgalteriya hisobotida to‘g‘ri aks etganligini aniqlash bo‘yicha majburiy nazorat xatti-harakatlar tizimi”1 sifatida aks ettirilgan.
S.P.Golubyatnikovning fikriga tayanib aytadigan bo‘lsak, taftish tayinlashdan ko‘zlangan maqsad amalga oshirib bo‘lingan moliyaviy operatsiyalarning qonuniy, asosli va ishonchli o‘tkazilganligini qayta, majburiy tartibda tekshirishdan iborat. Bunda tekshirish obyekti tadbirkorlik subyektining qonunchilikda belgilangan moliya intizomiga rioya qilinganligi, pul aylanmasi, moddiy qimmatliklar saqlanganligi va boshqa shu kabi masalalar yuzasidan buxgalteriya hisobining to‘g‘ri yuritilganligi bilan bog‘liq moliya-xo‘jalik faoliyat sohasi hisoblanadi. V.G.Tanasevich esa taftishning ahamiyati to‘g‘risida to‘xtalib, uni yashirin o‘zlashtirilgan qimmatliklarni aniqlash vositasi sifatida tahlil qilgan2 bo‘lsa, B.A.Mo‘minovga ko‘ra, taftish jinoyat-protsessidan tashqari huquqning boshqa tarmoqlari, jumladan maʼmuriy huquq, moliya huquqi, tadbirkorlik huquqida ham keng foydalaniladi va mazkur huquq tarmoqlari tomonidan tartibga solinadi. Bu esa taftishni faqatgina jinoyat-protsessual qonunchiligi asosida tartibga solishning imkoni yo‘qligini bildiradi.
Umuman olganda, taftish davlat tomonidan o‘rnatilgan moliyaviy nazoratning bir shakli hisoblanib, xo‘jalik sohasida sodir etilgan jinoyatlarni aniqlash, jinoyatlar sodir etilishini oldini olishda isbot qilish vositasi sanaladi. Shu boisdan ham tergov organlari o‘zlarining faoliyatida taftish natijalaridan doimiy ravishda foydalanishadi.
Iqtisod, moliya, kredit, lizng sohalaridagi qonunbuzarliklar ko‘p hollarda turli xo‘jalik operatsiyalarini bajarish davomida amalga oshiriladi. Shu sababli ham mazkur yo‘nalishidagi ekspertlik tadqiqotlari boshqa ekspertiza turlariga qaraganda keng ko‘lamli iqtisodiy bilimni talab qiladi va bir muncha murakkab hisoblanadi. Tergovchi yoki surishtiruvchi tomonidan ayni bir xo‘jalik operatsiyasi yoki iqtisodiy ko‘rsatkichlarga aniqlik kiritish lozim bo‘lgan hollarda, ekspert-iqtisodchiga mazkur masalaga aniqlik kiritish uchun beriladigan savollar turli iqtisodiy bilimlar majmuasini talab qilganligi sababli ko‘p hollarda ular savollarga to‘liq javob bera olmaydi.
Tergov, sud va ekspertlik amaliyoti taomili shuni ko‘rsatadiki, sud-iqtisodiy ekspertizasi tayinlashning asoslaridan biri vakolatli tashkilotning tekshiruv xulosasining to‘g‘riligi borasidagi shubhasidir. Mazkur jarayonda taftish bilan ekspertizaning farqini anglash, ularni vazifasini birinikini boshqasiga yuklab qo‘ymaslik lozim1. Chunki taftish bilan ekspertizaning o‘xshash jihatlari mavjud bo‘lib, bular sohaning umumiyligi, tadqiqot obyektlarining yagonaligi, tadqiq qilishning o‘xshash usullaridan foydalanishidir.
Jinoyat ishlarini yuritishni samarali tashkil etish, jinoyatlarni tez, to‘la, o‘z vaqtida ochish uchun taftish va sud-iqtisodiy ekspertizasining bir-biridan farqli jihatlarini bilib olish lozim. Jumladan, sud-iqtisodchi ekspert sifatida davlat sud-ekspertiza muassasasi eksperti, korxona, muassasa va tashkilot xodimi qatnashsa, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, davlat soliq xizmati, Moliya vazirligi va hududiy moliya organlarining mutaxassislari taftish o‘tkazish uchun tayinlanadigan shaxslar hisoblanadi. Ekspert o‘zi masʼul bo‘lgan ishga bila turib noto‘g‘ri xulosa bergani, surishtiruv yoki dastlabki tergov maʼlumotlarini surishtiruvchi, tergovchi yoxud prokurorning ruxsatisiz oshkor qilgani, shuningdek, uzrsiz sabablarga ko‘ra xulosa berishni rad etgani yoki bu ishdan bo‘yin tovlagani uchun jinoiy javobgar bo‘lishi Jinoyat-protsessual kodeksining 68-moddasida belgilangan bo‘lsa, taftish o‘tkazish uchun tayinlanadigan shaxslarning javobgarlik masalasi esa jinoyat-protssessual qonunchiligimizda alohida belgilanmagan.
JPKning 185-moddasiga muvofiq, agar ekspert qo‘yilgan savollarni uning maxsus bilimlari asosida hal qilish imkoni bo‘lmasligi, unga taqdim etilgan tekshirish obyektlarining yoxud materiallarning yaroqsizligi, xulosa berish uchun yetarli emasligi va ularni to‘ldirib bo‘lmasligi yoxud fan va sud-ekspertlik amaliyotining holati qo‘yilgan savollarga javob topish imkoniyatini bermasligiga ishonch hosil qilsa, u xulosa berishning iloji yo‘qligi to‘g‘risida asoslantirilgan hujjat tuzishi belgilangan. Shuningdek, ekspertni so‘roq qilish tartibi JPKning 186-moddasida belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra ekspert protsessning alohida ishtirokchisi sifatida so‘roq qilinadi. Ammo taftish o‘tkazgan shaxsni so‘roq qilish qonunchilikda alohida belgilanmaganligi sababli, taftishchi guvoh tariqasida so‘roq qilinadi.
Taftish va iqtisodiy-ekspertizaning yana bir farqini ularning tekshirish obyektida ham ko‘rish mumkin. Bilamizki, ko‘p hollarda jinoyat alomatlari mavjud korxona, tashkilotlarda ikki shaklda hisobot tuziladi yoki tergov harakatlari davomida asl hujjatlar yo‘q qilib yuboriladi. Mana shunday hollarda qarorda yoki ajrimda ko‘rsatilgan masalalarni taftishchi qonunchilikdagi sohaga oid belgilangan tartib-qoidaga muvofiq o‘tkazadi. Qisqa qilib aytganda, taftish xo‘jalik yurituvchi suyektlarning maʼlum bir davr oralig‘idagi faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq qayta tekshirishni ifodalaydi.
Ammo ekspert korxonaning barcha xo‘jalik faoliyati bo‘yicha tekshirishni amalga oshirmaydi, balki unga tadqiq qilish uchun berilgan hujjatlar yuzasidan tekshiruvni amalga oshiradi. Hujjatli tekshiruv davomida qonun hujjatlarining buzilishi mavjudligini aniqlash maqsadida korxonaning muayyan davrdagi butun moliviy-xo‘jalik faoliyati qamrab olinadi. Sud-iqtisodiy ekspertizasi hisob hujjatlari asosida moliyaviy xo‘jalik faoliyatining faqat ishning to‘g‘ri hal qilinishida ahamiyatli bo‘lgan holatlarini aniqlaydi. Bunda aniq holatlar tergov va sud tomonidan ekspert yechimiga savol qo‘yilishida belgilanadi.
Taftish tayinlashdan ko‘zlangan asosiy maqsad jinoyat alomatlari mavjud holatlarni tekshirish va aniqlash bo‘lsa, ekspertiza tayinlashdan maqsad – qo‘yilgan savollarga har tomonlama, to‘la aniqlik kiritish orqali javob topishdir. Ekspert-iqtisodchi tergov va sud jarayonida ko‘rilayotgan ish bo‘yicha o‘ziga yuklatilgan vazifani asoslantirilgan, imzosi bilan tasdiqlanadigan xulosa berish bilan tugatsa, taftishchi suiisteʼmol qilish, qoidabuzarlik holatlari mavjudligini tekshirib, o‘tkazilgan taftish natijalariga ko‘ra dalolatnoma tuzadi.
Taftish va iqtisodiy-ekspertizaning bir-biridan farqli tomonlari tushunmasdan taftish orqali hal etiladigan masalalarga iqtisodiy-ekspertiza tayinlash yoki ekspertiza orqali aniqlanadigan holatlar yuzasidan taftish tayinlash, tekshirish yo‘li bilan aniqlash mumkin bo‘lgan holatlarda taftish tayinlash, taftishchi, ekspert oldiga noto‘g‘ri savollar qo‘yish, tergov harakatlarining mohiyatini yo‘qolishiga, samaradorligini pasayishiga, ishning noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolishiga olib keladi. Shuni ham esda tutish lozimki, maxsus bilimlardan foydalanish, nafaqat iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilishda, balki, barcha turdagi jinoyat ishlari bo‘yicha quyidagi holatlarni aniqlash uchun maxsus iqtisodiy bilimlar qo‘llanishi mumkin:

  • Jinoiy daromad miqdorini aniqlash uchun;

  • Majburiyatlar bo‘yicha qarzdorlik miqdorini aniqlash uchun;

  • Mulk va moliyaviy operatsiyalar bilan bitimlarning qiymatini aniqlash uchun;

  • Yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlash uchun;

  • Olib qo‘yilgan, xatlangan mol-mulk qiymatini aniqlash uchun1.

Jinoyatlarni tergov qilishda maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanish amaliyotda keng qo‘llanilganligi sababli mazkur masalani protsessual tartibga solishga hamisha alohida eʼtibor qaratilgan.
Jumladan, Oliy sud plenumining “Soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi qonunlarning sudlar tomonidan qo‘llanilishi haqida” 31.05.2013-yildagi 8-sonli Qarori 15-bandiga ko‘ra “...sudlanuvchining harakatlarida jinoyat tarkibi bor-yo‘qligi bilan bog‘liq holatlar boshqa dalillar bilan bir qatorda ekspert xulosasi, soliq tekshiruvi dalolatnomasi, davlat soliq xizmati organining soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qarorlari asosida ham aniqlanishi mumkin. Sudlar, zarurat tug‘ilganda, sud majlisiga soliq solish sohasi bo‘yicha mutaxassislarni jalb qilishlari lozim”1.
Shu bilan birga maxsus iqtisodiy bilimlarni normativ-huquqiy tartibga solinishi bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan va normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinmagan foydalanish turlariga ham ajratish mumkin2.
O‘zbekiston Respeblikasining 2010-yil 1-iyundagi “Sud ekspertizasi to‘g‘risida” Qonunida sud ekspertizasi sohasidagi munosabatlar tartibga solingan bo‘lib, sud eksperti, uning huquq va majburiyatlari, sud ekspertiga qo‘yiladigan malakaga oid talablar, sud ekspertining mustaqilligi, tekshirishlarning xolisligi, har tomonlamaligi va to‘liqligi, tekshirish obyektlari, qo‘shimcha va qayta, komissiyaviy sud ekspertizasi yoki kompleks sud ekspertizasi, sud eksperti tekshirishlarni xolisona, qatʼiy ilmiy va amaliy asosda, tegishli ixtisoslik doirasida, har tomonlama va to‘liq hajmda o‘tkazishi, sud ekspertining xulosasi (xulosa) qilingan fikrlarning asosliligi va ishonchliligini umum eʼtirof etilgan ilmiy va amaliy maʼlumotlar bazasiga muvofiq tekshirish imkoniyatini beradigan qoidalarga asoslanishi lozimligi ko‘rsatilgan3.
Maxsus bilimlardan foydalanishning qonun bilan tartibga solinmagan, yaʼni noprotsessual shakllari ham mavjud bo‘lib, bu orqali jinoyatlarni tez va to‘la ochish, tergov jarayonlarining samarali olib borilishi, ishning to‘g‘ri hal etilishiga yordam beradi. Mana shunday holatlar qatoriga tezkor-qidiruv faoliyati subyektlari tomonidan moliya-xo‘jalik, bank, sanoat va ishlab chiqarish, shuningdek tadbirkorlikning turli tarmoqlari bo‘yicha mutaxassislarning yordami va maslahatidan foydalanish, moliyaviy nazorat, inventarizatsiya, auditorlik tekshiruvi, jamoatchilik nazorati davomida aniqlangan holatlardan jinoyat ishi yuzasidan tergov davomida foydalanish kabilarni keltirib o‘tish mumkin.
Ammo shuni ham yodda tutish lozimki, tezkor-qidiruv jarayonlarida ishga aloqador shaxslardan tushuntirish xati olinganida undagi ko‘rsatmalar uchun qonunchilikda hech qanday javobgarlikning mavjud emas. Bu esa tergovga qadar tekshiruv jarayonida maxsus iqtisodiy bilimlarni qo‘llash natijasida to‘plangan hujjatlardan tergov davomida JPKda belgilangan protsessual qoidalari asosida, tekshirilganidan so‘ng dalil sifatida foydalanish mumkinligini anglatadi.
Maxsus iqtisodiy bilimlarni o‘rganishdan asosiy maqsad iqtisodiy faoliyatda davlat tomonidan o‘rnatilgan, qonunchilikda belgilangan tartib-qoidalarni buzilish holatlariga barham berish hamda g‘ayriqonuniy harakatlarni o‘z vaqtida aniqlashdir. Maxsus iqtisodiy bilimlarni jinoyatchilikka qarshi kurashda va tergov harakatlarida qo‘llash orqali nafaqat qonun buzilishi holati aniqlanadi, shu bilan birga sodir etilgan jinoyatlarning umumiy jihatlarni aniqlanib, jamlangan holda o‘rganish imkonini beradi1. Iqtisodiy bilimlardan foydalanish tergov organlari tomonidan mustaqil ravishda mavjud vaziyat, ishining hajmi, xususiyati va isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar, surishtiruv va tergov muddatlari, isbotlash predmetidan kelib chiqib, aynan qaysi shakldagi maxsus iqtisodiy bilimlarni qo‘llash lozimligini aniqlash lozim. Maxsus iqtisodiy bilimlarni tergov harakatlari bilan uyg‘unlashtirish jinoyat ishi bo‘yicha dalillar to‘plashda, ularni tekshirishi hamda baholashda ham ijobiy samara beradi. Maxsus iqtisodiy bilimlarni qo‘llashning asosiy shartlaridan biri uni o‘z vaqtida qo‘llanishidir. Zero, taftish va faktik nazorat usullari, shu jumladan inventarizatsiyani o‘z vaqtida o‘tkazmaslik jinoyat izlarini va kamomadni yashirish, jinoyat izlari mavjud hujjatlarni yo‘q qilishga sababchi bo‘lishi mumkin.

Download 95.72 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling