Toshkent davlat yuridik universiteti jinoyat protsessual huquqi kafedrasi tosheva munisxon voxid qizi
-§. Jinoyat protsessida taftish tayinlash tushunchasi va yuridik tabiati
Download 95.72 Kb.
|
18.05.2023 bmi
1.2-§. Jinoyat protsessida taftish tayinlash tushunchasi va yuridik tabiati
Bugungi kunga kelib yer yuzida bir qator omillar sabab jinoyatchilikka qarshi kurash tobora murakkablashmoqda. Mazkur omillarga sodir etilayotgan jinoyatlarning ko‘pchiligi turli elektron tizimlardan foydalanib sodir etilayotganligi, zamonaviy vositalar orqali anʼanaviy jinoyatlarning xarakteri o‘zgarganligini, baʼzi hollarda jinoyatlarga qarshi kurashishning shakli, darajasi takomillashtirish jinoyatlardan orqada qolayotganligini keltirish mumkin. Bu esa jinoyat protsessual huquqida isbotlash predmeti har doim o‘rganish, takomillashtirish va rivojlantirib borish lozimligini anglatadi. Xususan, birgina iqtisodiyot sohasida sodir etiladigan jinoyatlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, bu sohada sodir etilayotgan jinoyatlarning aksariyati firibgarlik, qalbakilashtirish, soxta tadbirkorlik, soxta bankrotlik kabi jinoyatlar birgalikda sodir etilmoqda va davlat tomonidan o‘rnatilgan kredit talablari, monitoringi, moliyaviy nazorat shartlari buzilib, davlat iqtisodiyotiga zarar yetkazish, davlat mulkini rastrata qilish, turli noqonuniy yo‘llar bilan o‘zlashtirib yuborish, talon-taroj qilish hamda jinoyatlarni qalbaki hujjatlar, hisobotlar bilan yashirishga bo‘lgan harakatlar ko‘paymoqda. Bu esa o‘z navbatida, mazkur sohadagi jinoyatlarni tergov qilish, mol-mulk hujjatli tekshiruvi, taftish o‘tkazish jarayonlarida maxsus bilimlardan foydalanishni zaruratga aylantirmoqda. Biroq taftishning jinoyat protsessida dalillarni to‘plash usuli sifatida kam tadbiq etilganligi va “yosh” tergov harakatlaridan biri ekanligi bilan izohlash mumkin, shu sababli ham qonunchilikda to‘liq tartibga solish va o‘rganishlarga muhtojdir. Taftish jinoyat protsessual kodeksiga 221-bob sifatida 2016 yilda kiritilgan bo‘lib, tergovga qadar tekshiruv organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi asosida tayinlanishi mumkin bo‘lgan tergov harakati hisoblanadi. Taftish JPK ning 329-moddasiga ko‘ra jinoyat ishi qo‘zg‘atilgunga qadar ham, jinoyat ishi qo‘zg‘atilganidan keyin ham tayinlash mumkin bo‘lgan tergov harakatlari qatorida keltirib o‘tilgan. Sudgacha bo‘lgan bosqichda ariza va xabarlarga tayangan holda iqtisodiy jinoyatlarni aniqlash va uning sodir etilganligini isbotlovchi dalillarni topish va tekshirishga qaratilgan dastlabki tekshirish taftish hisoblanadi1. Statistik maʼlumotlarga eʼtibor qaratadigan bo‘lsak, Soliq qo‘mitasi tomonidan 2012 yilda 5861 ta, 2013 yilda 5361 ta, 2014 yilda 4902 ta, 2015 yilda 4406 ta, 2016 yilda 3435 ta, 2017 yilda 1763 ta, 2018 yilda 121692 ta taftish tayinlangan2. Mazkur statistik maʼlumotdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish amaliyotida tergov organlari tomonidan taftish tayinlash holatlari oxirgi yillarda ko‘paygani va bu jinoyatlarni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Ammo taftish tayinlashda ehtiyot bo‘lish lozim bo‘lgan qator jihatlar ham mavjud bo‘lib, jumladan taftish natijasida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni boshqa vositalar, harakatlar bilan aniqlashning juda mushkulligidir. Jinoyat protsessual qonunchiligimizda “Hujjatli taftish” o‘rniga ko‘proq “Idoraviy tekshiruv”dan foydalanilgan. JPKning 172-moddasiga muvofiq, ekspertiza o‘tkazish zaruratini istisno etmaydigan holatlar kelitib o‘tilgan. Jumladan, taftish hujjatlari, idoraviy tekshiruv xulosasi, mutaxassislar maslahatining ishda mavjudligi ekspertiza o‘tkazmaslikka asos bo‘la olmaydi. Ammo bizning protsessual qonunchilikda idoraviy tekshiruv natijalarini dalil sifatida tan olishi masalasi aniq belgilab o‘tilmagan bo‘lib, shu sababli ham mazkur masala hozirgi kunga qadar olimlar o‘rtasida turli baxs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, L.G.Demurchev idoraviy tekshiruvni jinoyat-protsessual qonunchilik tartibga solmaganligi sababli u maʼmuriy huquq instituti hisoblanishini aytib o‘tgan. I.E.Bixovskiy mazkur tartibni jinoyat-protsessual qonunchilikda aniq byelgilash kerakligini aytib o‘tgan. Mazkur masalada amaldagi qonun va qonunosti hujjatlar tahliliga qaraydigan bo‘lsak, quyidagicha tartib belgilab o‘tilgan: xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish quyidagi yo‘llar bilan amalga oshiriladi: tekshirish, shu jumladan taftish, nazorat tartibida tekshirish; statistika axborotlarini va boshqa axborotlarni tahlil qilish; idora qaramog‘idagi organlarni tekshirishdan o‘tkazish. “Tergovga qadar tekshirishlar chog‘ida va qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari bo‘yicha moliya-xo‘jalik faoliyati tekshiruvlarini o‘tkazish tartibi jinoyat-protsessual qonunchiligi bilan tartibga solinadi”, - deb belgilab o‘tilgan mazkur qonunning 3-moddasida. Bundan bilishimiz mumkinki, JPKda nazarda tutilgan taftish tergov harakati bu qonunda “moliya-xo‘jalik faoliyati tekshiruvi” sifatida aytib o‘tilgan bo‘lib, moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishni (taftish qilish) — soliq va valyuta to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida xo‘jalik yurituvchi subyektlarning buxgalteriya, moliya, statistika, bank hamda boshqa hujjatlarini o‘rganish va taqqoslash bilan tushuntiradi. Qonunchilikda mavjud bu ikki tushunchaning aniq farqi va chegaralari aniq belgilab, ajratib berilmagan. Shu tufayli ham ularni farqlovchi mezonlar ham mavjud emas. Ularning maqsadi bitta – subyektlar tomonidan faoliyatida qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat. Baʼzi olimlar taftishni tekshirishning bir turi sifatida talqin qilishgan. Bizningcha, ularning asosiy farqi tekshiruv harakatlarining salmog‘i bilan bog‘liq, chunki qonun tekshiruvni muayyan muassasaning bir martalik o‘rganilishini, taftishda esa kompleks o‘rganilishini nazarda tutgan. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, bugungi kunda tadbirkorlik subyektlarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga turli noqonuniy aralashuvlarni oldini olish va ularning erkinligi, huquqlarini yanada kengaytirishga qaratilgan qator huquqiy, maʼmuriy va tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligi ayni haqiqatdir. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish amaliyotida surishtiruvchi, tergovchining maxsus iqtisodiy bilimlarga egaligi, tergovga qadar tekshiruv, dastlabki tergov harakatlarini o‘tkazish vosqichlarida muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan iqtisodiy bilimlar talab qilinishi taftishning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, iqtisodiyot yo‘nalishidagi jinoyatlar asosan buxgalteriya hujjatlarida iz qoldiradi. Yaʼni, jinoyatni isbot qilish uchun dalil sifatida buxgalteriya hujjatlari muhum sanaladi. Shu sababli tergov harakatlarining to‘g‘ri olib borilishi, dalil sifatida muhim ahamiyatga ega hujjatlarning yo‘q qilinishining oldini olinishi uchun ham maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanish, ularni o‘z o‘rnida va o‘z vaqtida qo‘llash lozim. Taftish tayinlashda eʼtibor qaratish lozim bo‘lgan masala shuki, ko‘p hollarda jinoyatni yashirish uchun o‘rnatilgan tartibdagi buxgalteriya hujjatlaridan foydalanilishi va jinoyatni rasmiy hujjatlar yordamida niqoblanishi hisoblanadi. Shu sababli ham qonunbuzilishi holatlari mavjudligini aniqlash, bu yo‘nalishdagi jinoyatlarni tergov qilish alohida eʼtibor va bilim talab qiladi, maxsus bilimlardan foydalanmasdan turib, ishni to‘g‘ri hal etib bo‘lmaydi. Bu haqida olimlar ilmiy asarlarda firk va mulohazalarini bildirib o‘tishgan bo‘lib, jumladan, taftish tayinlovchi organlarning taftishning tekshirish tizimi haqidagi bilimlari yetarli bo‘lmaganligi bois, uning imkoniyatlaridan jinoyatlarni tergov qilish jarayonida to‘liq hajmda foydalana olmasligiga sabab bo‘lishi aytib o‘tilgan1. JPK ning qator moddalarida taftish quyidagicha belgilab o‘tilgan bo‘lib, 87-moddada dalillar ekspertiza va taftish tayinlash yo‘li bilan to‘planishi, 78-moddada materiallari ishning qo‘zg‘atilishiga asos bo‘lgan taftish yoki o‘zga idoraviy tekshiruv o‘tkazgan shaxs ushbu ishda ekspert yoki mutaxassis sifatida ishtirok etishga haqli emasligi, 172-moddada idoraviy tekshiruv xulosasi, taftish hujjatlari, mutaxassislar maslahati ekspertiza o‘tkazish zaruratini istisno etmasligi, 201-moddada korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslari surishtiruvchi, tergovchi yoki sudning talabiga ko‘ra o‘z vakolatlari doirasida hujjatli taftish yoki boshqa xizmat tekshiruvini o‘tkazishlari va taftish yoki tekshiruv dalolatnomasini barcha ilovalari bilan birga belgilangan muddatda taqdim qilishlari shartligi, 329-moddada taftish tayinlanishi tergovga qadar tekshiruv muddatini bir oygacha uzaytirilishi uchun asoslardan biri sifatida belgilangan. Aksariyat hollarda taftish o‘tkazish vazifasi yuklatilgan taftishchi taftish o‘tkazish jarayonida jinoyat ishi materiallari bilan tanishish imkoniyatidan foydalanmaydi, shu sababli ayrim vaziyatlarda taftish o‘tkazishni tayinlagan organ mansabdor shaxslari taftishchining bergan yakuniy xulosasidan qoniqishmaydi, yaʼni ishonchliligi, to‘g‘riligiga shubha bilan qarashadi. Bu esa qo‘shimcha taftish o‘tkazish yoki baʼzi hisobotlar bo‘yicha ekspertiza tayinlash zaruratini vujudga keltiradi. Taftish tayinlash usuliga ko‘ra ikki turga ajratish mumkin. Bular: 1) taftish o‘tkazilishi rejalashtirilgan tashkilotga bevosita talablarni yuborish orqali; 2) huquqni muhofaza qiluvchi organlarning talablarini bevosita bajarish yo‘li bilan. O.G.Grigorev fikricha, qariyb har qanday savdo tashkiloti surishtiruvchining, tergovchining taftish tayinlash to‘g‘risidagi talablarini bajarish imkoniyatiga ega bo‘ladi va bu topshiriqni o‘zining taftish komissiyasiga yoki maʼlum bir auditorni chaqirishi mumkin sanaladi1. I.I.Belozerova “jinoyat ishini tergov qilayotgan shaxs taftish o‘zida nima ifoda etishi hamda ekspertiza tayinlashdan farqli tomonlari nimadaligini hamda bir material bo‘yicha qaysi holatlarda taftish tayinlash lozimligini aniq anglashi talab qilinadi”2. Taftish tayinlash iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilishda muhim tergov harakatlaridan biri hisoblansada, uni o‘tkazishdan oldin jinoyat ishida shu tergov harakatini o‘tkazish qanday holatlarga oydinlik kiritishi, jinoyat ishidagi savollarga taftish o‘tkazmasdan ham aniqlash mumkin yoki yo‘qligi kabi masalalar tergovchi, surishtiruvchi yoki jinoyat ishini qo‘zg‘atish vakolatiga ega boshqa mansabdor shaxslar tomonidan chuqur o‘ylab ko‘rilishi, lozim topilgan hollardagina taftish o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilish, taftishchiga o‘rganilishi lozim bo‘lgan masalalar doirasini aniq belgilab berish lozim. Taftish tayinlashda eʼtibordan chetda qolmasligi lozim bo‘lgan yaʼna bir masala shuki, taftish tayinlash va uni o‘tkazish yetarlicha vaqtni talab qiladi. Bu vaqt davomida esa manfaatdor shaxslar tomonidan dalillarning yo‘q qilishini, surishtiruvchi, tergovchi tomonidan majburlov choralari yoki ehtiyot choralarining vaqtida qo‘llanilmasligiga taʼsir o‘tkazadi. Shuningdek, taftish odatda, xizmat binolarida o‘tkaziladi. Bunda o‘rganilayotgan tashkilotning kotibiyatidagi, buxgalteriya, arxiv, omborxona va raxbarning xizmat xonasidagi va boshqa tuzilmalardagi rasmiy hujjatlar taftish qilinadi. Shuning uchun yakka tadbirkor va tashkilotni tekshirish dalolatnomasida aynan o‘rganilgan rasmiy hujjatlar natijalari aks etadi. Lekin tergov amaliyoti ko‘rsatishicha, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, o‘zining moliya-xo‘jalik faoliyatini niqoblash maqsadida masʼul shaxs rasmiy hisobotdan (tekshiruvchilar uchun) tashqari, norasmiy hisobot ham yuritishadi. Mazkur turdagi hisobot daftar, jurnali yoki elektron ko‘rinishda kompyuterlarda saqlanishi mumkin. Ular rekvizitlarga, imzolarga ega emas va xech qayerda ro‘yxatdan o‘tmagan. Bu hujjatlar juda muhim bo‘lib, rasmiy hisobot yo‘qolgan yoki umuman yuritilmagan taqdirda xam holat to‘g‘risida real tasavvurga ega bo‘lish imkonini beradi . Mana shu kabi ish uchun muhum ahamiyatga ega hujjatlar tintuv yo‘li bilan topilib olib qo‘yilishi maqsadga muvofiq hisoblaymiz. Sud-buxgalteriya ekspertizasining natijasi ham bevosita ekspertga taqdim etilgan hujjatlar ko‘lami, sifatiga bog‘liq. Shuning uchun taftish tayinlashdan oldin surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror jinoyat sodir etilganligini tasdiqlashi mumkin bo‘lgan barcha hujjatlarni olishga qaratilagan tergov harakatlari yoki tezkor-qidiruv tadbirlarini to‘liq o‘tkazishi talab etiladi. Yuqoridagilarga asosan taftish tayinlash va uning yuridik tabiatiga xulosa qiladigan bo‘lsak: Taftish bank, moliya, soliq, buxgaltiriya sohasidagi jinoyatlarni ochishda tergov organlari tomonidan tayinlanadigan, moliyaviy nazorat shaklining bir ko‘rinishi hisoblanadi. O‘g‘rilik, qotillik jinoyatlarida voqea joyini ko‘zdan kechirish tergov harakati qanchalik muhim ahamiyat kasb etsa, iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarni ochishda taftish xuddi shunday ahamiyatga ega. Taftishni o‘tkazishda yana bir eʼtiborli tomon shundaki, aksariyat hollarda jinoiy harakatlar sodir etgan yoki etayotgan subyektlarda hisobotlar, dalolatnomalar, kirim-chiqim hujjatlari ikki nusxada yuritiladi. Mana shunday ish uchun muhim bo‘lgan hujjatlarni tergov harakatlari orqali olish va taftishchi ixtiyoriga berilishi taftish orqali aniqlanishi lozim bo‘lgan vaziyatlarga oydinlik kiritishda katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Agar tashkilotda yuritilgan hujjatlar yo‘q qilingan, yo‘qotilgan bo‘lsa, taftishchi vaziyatni aniqlashda qonunchilikda belgilanganidek, “tashqi manbaalar” (korxonalar bilan oldi-sotdi shartnomalari, ishlab chiqargan mahsuloti, to‘lagan soliq to‘lovlar va boshqalar) orqali aniqlashi ham mumkin. Ammo bu baʼzi hollarda taftishchi tomonidan real holatni aniqlashda noaniqliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Buni quyidagicha izohlash mumkin: taftish o‘tkazish belgilangan subyektning mansabdor shaxslari yoki vakillari tomonidan ish uchun zarur hujjatlar taqdim etilmaganda, taftishchi tekshiruvni tashqi manbaalar asosida o‘tkazishga majbur bo‘ladi, ammo tekshiruv yakunida tuziladigan dalolatnomada xulosa sifatida keltirib o‘tilgan maʼlumotlarda “ish uchun ahamiyatli boshqa hujjatlar taqdim etilganda o‘zgartirilishi mumkin”ligi ham keltirib o‘tiladi. Mana shu holat esa tergovchida jinoyat ishi yuzasidan yakuniy qaror qabul qilish uchun turli ikkilanishlarga sabab bo‘ladi. Shu tufayli ham mazkur holatni oldini olish uchun taftish o‘tkazadigan tashkilotlar tomonidan korxona, tashkilotlarni taftish haqida xabardor qilish va ulardan imkon qadar hujjatlarni talab qilib olish masalasiga jiddiy eʼtibor qaratish, lozim topilganda vakolatli tashkilotlardan tintuv va olib qo‘yish tergov harakatlarini o‘tkazishni so‘rab murojaat qilish, taftish tayinlagan shaxslar bilan o‘zaro aloqada bo‘lish, jinoyat ishiga oid hujjatlar bilan tanishish, tekshiruv o‘tkazishda ekspert-kriminalist bilan birgalikda tashkilotdagi kompyuter va boshqa axborot saqlash vositalarini ham nazardan chetda qoldirmaslik lozim. Chunki raqamli qurilmalarda ham ishning natijasiga, jinoyat ishida ayblilik masalasiga taʼsir o‘tkazadigan hujjatlar bo‘lishi mumkin. Download 95.72 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling