Toshkent davlat yuridik universiteti sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va advokatura kafedrasi


Download 116.44 Kb.
bet7/18
Sana18.06.2023
Hajmi116.44 Kb.
#1564508
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   18
Bog'liq
19.05.2023 Nabiyev Bobur bitiruv malakaviy ishi

I bob bo‘yicha xulosa

Birinchidan, sudyalik lavozimiga saylanadigan, tayinlanadigan nomzodlarga qo‘yiladigan talablar alohida normativ-huquqiy hujjatda belgilanmasdan, ularni bitta hujjatda jamlash maqsadga muvofiq.


Ikkinchidan, “benuqson obro‘-e’tibor” jumlasi orqali aynan nimalar nazarda tutilayotganligi qonunchilikda aniq belgilab berilishi o‘rinli.
Uchinchidan, sudyalik lavozimiga saylanadigan, tayinlanadigan shaxslarga qo‘yiladigan talab sifatida “davlat tilini bilish”ni ham kiritish zarur.
To‘rtinchidan, Sudyalar oliy maktabining magistratura bosqichini tamomlamagan, yuqori bo‘g‘in sudlari sudyalik lavozimi uchun nomzodlarga “Sudyalar oliy maktabining malaka oshirish kursida o‘qiganlik va kurs yakuni bo‘yicha sertifikat olganlik” talabini ham qo‘yish o‘rinli.
Beshinchidan, shaxsni ilk bor sudyalik lavozimiga 5 yil muddatga tayinlashdan avval uni lavozimga 3 oylik muddatga tayinlab, buni “sinov muddati” deb belgilash va bu muddat davomida bo‘lajak sudyaning ham huquqiy bilimini, ham axloqiy jihatlarini o‘rganish muhim.
Oltinchidan, nomzodning axloqiy fazilatlarini bilish uchun uning ish joyi, o‘qishni tamomlagan muassasadan, yashash manzilidagi mahalladan va boshqa uning faoliyati bilan bog‘liq markazlardan uning axloqiy fazilatlari va sudya uchun muhim bo‘lgan boshqa jihatlari haqida tavsifnomalar olinishi ham mumkin.


II BOB. SUDYALIK LAVOZIMIGA SAYLANADIGAN, TAYINLANADIGAN SHAXSLARGA QO‘YILADIGAN
TALABLARNI TAKOMILLASHTIRISH MASALALARI

2.1. Fuqarolik va oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lish sudyalik lavozimiga saylanadigan, tayinlanadigan shaxslarga qo‘yiladigan talablar sifatida


Milliy sud qonunchiligimizda sudyalik lavozimiga saylanadigan, tayinlanadigan barcha shaxslardan birdek talab qilinadigan talablardan biri oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lish hisoblanadi. “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunda oliy yuridik ma’lumot talabi belgilangan bo‘lib, unda nomzoddan aynan yuridik ma’lumotni bakalavriat ta’lim bosqichida ham olgan bo‘lishi talab qilinyaptimi yoki yo‘qmi anglashilmaydi. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, amaldagi milliy qonunchiligimizda islohotlar natijasida, “yurisprudensiya”dan boshqa mutaxassisliklarda tayanch oliy ta’lim olgan shaxslar ham “yurisprudensiya”ning magistratura bosqichida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Fikrimizning tasdig‘i o‘laroq, 2022-2023-o‘quv yili uchun magistraturaga qabul bo‘yicha mos va turdosh oliy ta’lim yo‘nalishlarining ro‘yxati61 tasdiqlangan. Ushbu ro‘yxatda belgilanganidek, masalan, Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasi “Biznes huquqi” mutaxassisligiga tayanch oliy ta’limning “Iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha)”mutaxassisligini tugatgan shaxs ham o‘qishga kirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Endilikda bu shaxs Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasini bitirgach, oliy yuridik ma’lumotga ega hisoblanib, sudyalik lavozimiga nomzod bo‘la oladimi yoki nomzod bo‘la olmaydimi, degan o‘rinli masalaga milliy sud qonunchiligimizda aniq yechim berishimiz kerak.


Bu borada xorijiy davlatlar tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, masalan, Rossiya Federatsiyasi “Rossiya Federatsiyasida sudyalarning maqomi to‘g‘risida”gi Qonuni 4-moddasi 1-bandiga asosan sudya bo‘lish uchun nomzodda quyidagi 2 ta talabdan biri bo‘lishi kerak:
1) “yurisprudensiya” mutaxassisligi bo‘yicha oliy yuridik ma’lumot. Bunda bakalavriat bosqichi nazarda tutilgan;
2) “yurisprudensiya” tayyorlov mutaxassisligi bo‘yicha ham bakalavriat, ham magistratura bosqichlari diplomi kerak. Nega bunday 2 xil talab mavjud va ular orqali nima nazarda tutilgan? Birinchi talabga to‘xtaladigan bo‘lsak, V.A.Teleginaning fikricha, huquqiy normalarning bunday tartibda mustahkamlanib qo‘yilishi “Rossiya Federatsiyasida oliy yuridik maʼlumot olgan hamda amaldagi mutaxassis va magistratura standartlari boʻyicha taʼlim olgan fuqarolarning huquqlarini hurmat qilish, shuningdek, qonun hujjatlaridagi ziddiyatlarni bartaraf etish imkonini beradi” 62. Ya’ni Rossiya Federatsiyasida “yurisprudensiya” mutaxassisligi bo‘yicha oliy yuridik ma’lumot olish imkoni bo‘lgan va bu ma’lumotni bakalavriat ta’lim bosqichida olingan. Shundan so‘ng, magistraturada ham o‘qish shart bo‘lmagan. Lekin keyin vaziyat o‘zgargan, ya’ni K.N.Serguning fikriga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, u: “Hozirgi vaqtda “yurisprudensiya” mutaxassisligi bo‘yicha bitiruvchi mutaxassis malakasini olishning iloji yo‘q, chunki oliy ta’lim muassasalarida 2 bosqichli ta’lim tizimiga o‘tilishi bilan bunday o‘qishga qabul qilish to‘xtatilgan”63, - deydi. Shu bilan birga, V.A.Telegina o‘z ilmiy izlanishida oliy ta’limning yangi tayyorlov mutaxassisliklari bo‘lgan “Milliy xavfsizlikni huquqiy ta’minlash”, “Huquqni muhofaza qilish organlari”, “Sud va prokuratura faoliyati” yo‘nalishi bo‘yicha qonunchilikda yangi bo‘lgan “yurist” malaka toifalari berilishini alohida ta’kidlaydi 64. Rossiya Federatsiyasi olimlarining yuqoridagi ma’lumotlari va Rossiya Federatsiyasi qonunchiligi tahlili asosida quyidagi fikrga keldik: “Sud va prokuratura faoliyati” mutaxassisligi kabilarni tugatgan shaxs sudyalikka nomzod bo‘la olmaydi, chunki bu kabi mutaxassisliklar nomzodlarga qo‘yilgan quyidagi bandga mos bo‘ladi: “yurisprudensiya” tayyorlov mutaxassisligi bo‘yicha ham bakalavriat, ham magistratura bosqichlari diplomi kerak. Aksincha, agar shaxs “Milliy xavfsizlikni huquqiy ta’minlash” kabi yangi tayyorlov mutaxassisliklarida o‘qimasdan, undan oldingi davrda ta’lim tizimi faqat bir bosqichli bo‘lgan “yurisprudensiya” mutaxassisligi bo‘yicha oliy yuridik ma’lumotni olgan bo‘lsa, undan magistratura bosqichida ham o‘qish talab qilinmaydi. Ushbu tahlil shuni ko‘rsatmoqdaki, Rossiya Federatsiyasida qanday oliy ta’limga ega bo‘lish talabi ta’lim tizimidagi o‘zgarishlarga mos ravishda aniq belgilab berilgan.
Litva Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuni 51-moddasida oliy ta’lim talabi bo‘yicha quyidagi 2 variantdan birining bo‘lishi yetarli hisoblanadi:
1) huquqshunoslikning bakalavriat va magistratura bosqichini tugatganlik;
2) huquqshunoslik bakalavriati darajasini tugatgalik va yuristning kasbiy malaka darajasiga ega bo‘lish.
Belarus Respublikasining Sud tuzilmasi va sudyalarning maqomi to‘g‘risidagi kodeksi 73-76-moddalari tahlilidan kelib chiqqan holda, ma’lumot beradigan bo‘lsak, Belarus Respublikasida oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan, huquq sohasida yuqori malakali mutaxassis bo‘lgan, ilmiy darajaga ega bo‘lgan fuqaro Konstitutsiyaviy sudga, “Yurist” va (yoki) “Iqtisodiy bilimga ega yurist” malakasiga ega oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan fuqaro umumiy yurisdiksiya sudlariga nomzod bo‘la oladi. Belarus Respublikasi Oliy sudi intellektual mulk ishlari bo‘yicha sudyalar kollegiyasining sudyasi bo‘lish uchun esa nomzodda quyidagi talablardan biri bo‘lishi kerak:
1) oliy yuridik ma’lumot va kamida 5 yillik sudyalik ish staji yoki patent fanlari sohasida kamida 5 yillik ish staji;
2) oliy texnik ma’lumot va patent fanlari sohasida kamida 5 yillik ish staji;
3) oliy tabiiy fanlar bo‘yicha ma’lumot va patent fanlari sohasida kamida
5 yillik ish staji. Demak, sudlar qaysi ixtisoslik bo‘yicha bo‘linganligiga qarab, nomzodning ma’lumotiga bo‘lgan talab ham Belarus Respublikasida o‘zgaradi.
Moldova Respublikasining “Sudyalarning maqomi haqida”gi Qonuni
6-moddasi 1-qismi “b” bandida sudya bo‘lish uchun nomzodga litsentsiat huquq diplomi bo‘lishi talabi qo‘yilgan. Litsentsiat diplom nima? Moldova Respublikasining Ta’lim to‘g‘risidagi kodeksi65 12-moddasiga ko‘ra, ta’lim tizimi ta’limning xalqaro standart tasnifiga muvofiq darajalar va bosqichlarga ajratilgan bo‘lib, oliy ma’lumot 3 bosqichga bo‘lingan:
1-bosqich – litsentsiatura;
2-bosqich – magistratura;
3-bosqich – doktorantura. Demak, litsentsiat huquq diplomi bo‘lishi talabi deganda 1-bosqichni tushunishimiz kerak ekan. Bu O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bo‘yicha bakalavriatga to‘g‘ri keladi va Moldova Respublikasida nomzoddan magistratura diplomi talab qilinmaydi.
Tojikiston Respublikasida esa nomzoddan “Tojikiston Respublikasi sudlari to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonuni66 12-moddasiga asosan oliy yuridik ma’lumot talab qilinadi. Oliy o‘quv yurtidan keyingi kasb-hunar ta’limiga: magistratura, internatura, rezidentura, aspirantura, mutaxassislik bo‘yicha doktorlik (PhD) – kasb bo‘yicha doktor), doktorantura kabilar kirishi Tojikiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunida67 belgilangan va oliy kasbiy ta’lim bakalavriat bosqichidan iborat. Demak, Tojikiston Respublikasida oliy yuridik ma’lumot deganda, faqat bakalavriat bosqichi tushuniladi.
Sudyalik lavozimiga nomzodlardan talab qilinadigan ta’lim darajasi masalasida, ko‘plab olimlar o‘z fikrlarini bildirishgan, xususan Rossiyadagi yuqorida biz tahlil qilgan “Sud va prokuratura faoliyati” kabi mutaxassisliklar bo‘yicha Y.I.Shigurova, A.V.Shigurovlar ham o‘z munosabatini bildirishib, quyidagi taklifni berishgan: “Murosa sudyalari lavozimlariga nomzodlar uchun “Huquqni muhofaza qilish organlari” kabi mutaxassislik diplomlari ushbu sohadagi bakalavriat darajasidagi “Yurisprudensiya” yo‘nalishiga tenglashtirilishi kerak68. Bunday o‘zgartirish kiritish orqali, masalan, “Sud va prokuratura faoliyati” mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim olgan shaxslarning sudyalik lavozimiga nomzod bo‘lishlari uchun yo‘l ochilsada, bunday yo‘nalishlar “Yurisprudensiya” yo‘nalishiga tenglasholmaydi, deb hisoblaymiz. Chunki “Yurisprudensiya” yo‘nalishida fundamental huquqiy bilimlar o‘zlashtiriladi, unda nafaqat bir soha bo‘yicha, balki barcha huquq sohalari bo‘yicha zarur bilimlarni egallash mumkin.
Y.V.Ginzburg esa oliy yuridik ma’lumot tarixi haqida to‘xtalib, qiziq bir fikrni ilgari suradi: “1980-yillarning oxirigacha sudyalik lavozimini egallash uchun oliy yuridik maʼlumot Sovet hokimiyatida talab qilinmas edi. Yuridik ma’lumotga ega bo‘lish talabi qonuniy ravishda belgilangan vaqtga kelib, sudyalarning yuz foizi bunga ega bo‘ldi69”. Ushbu fikrlar orqali Y.V.Ginzburg qonunchilikda sudyalikka nomzod uchun qanday talab qo‘yilsa, shunga amal qilinishini va bunday amal qilish hatto “100 foiz”ni tashkil qilishini bildiradi. Bu shuni anglatadiki, agar davlat o‘z qonunchiligida sudyadan faqat bakalavriat bosqichini tamomlaganlik bo‘yicha diplom talab qilsa, nomzod shunday diplomga ega bo‘ladi, magistr darajasini talab qilsa, nomzod magistr darajasida bo‘ladi va hokazo. N.K.Jukokova “Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston Respublikasida sudyalarni tanlashning qiyosiy-huquqiy tavsiflari” nomli maqolasida Rossiya va Qozog‘iston qonun chiqaruvchilari sudyalik lavozimiga da’vogarning “Yurisprudensiya magistri” ilmiy darajasiga ega bo‘lishi talabini ta’minlashi zarur ekanligini bildiradi70. O‘zining bu fikrini olim “Sudyalarning tayyorlanishi va malakasini oshirishda: Rossiya, Qozog‘iston va Belarus qonunchiliklarining qiyosiy tahlili” nomli maqolasida ham to‘ldirib, shunday deydi: “Bo‘lajak sudyalarni tayyorlashda 1-o‘rinda jiddiy ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘yish zarur, chunki ularga tor mutaxassislik emas, balki huquq sohasida keng ta’lim va chuqur nazariy bilimlar zarur bo‘lib, ular murakkab masalalarni hal etishda ishonchli tayanch bo‘lib xizmat qiladi71”. N.K.Jukokovaning sudyalarda tor mutaxassislik bo‘lmasligi kerak, degan fikriga qo‘shilamiz. Agar davlatda mavjud bakalavriat ta’lim bosqichi faqat ma’lum bir huquq sohalarini qamrab olgan bo‘lsa va magistraturada o‘qish orqali nisbatan ko‘proq huquq sohasini o‘rganish mumkin bo‘lsa, albatta, qancha ko‘p bilimga ega bo‘lsa, shuncha yaxshi, deb hisoblaymiz. Konstitutsiyaviy sud sudyaligiga nomzod uchun “Huquq sohasida tan olingan yuqori malakaga ega bo‘lish” talabi Rossiya Federatsiyasining “Rossiya Federatsiya Konstitutsiyaviy sudi haqida”gi Federal Konstitutsiyaviy Qonun72ning
8-moddassida belgilab qo‘yilgan bo‘lib, buning ma’nosini Y.V.Marina o‘z ilmiy tahlilida “huquq fanlari doktori bo‘lish”, deb izohlaydi73. Magistratura bosqichida o‘qishning ahamiyati haqida N.K.Jalilov ham alohida to‘xtaladi va uning fikricha, “Sudyaning faoliyati keng miqyosdagi huquqiy hujjatlarni qo‘llash va ularning mohiyatiga yetish, sharh berish bilan bog‘liq. U har qanday huquqiy nizoni ko‘rishga tayyor turishi lozim. Bunday imkoniyatga esa oliy ta’limning 1-bosqichida ega bo‘lish dargumon”74. N.K.Jalilovning fikriga qo‘shilgan holda, shuni aytish o‘rinliki, milliy sud qonunchiligimizda Sudyalar oliy maktabida o‘qish tartibi mavjud ekan va u magistratura bosqichiga tenglashtirilgan ekan, barcha sudyalikka nomzodlar yuqoridagi tahlilda ko‘pchilik olimlar ta’kidlaganlaridek, magistratura bosqichida ham ta’lim olishadi. Bunda qonunchiligimizdagi “oliy yuridik ma’lumot” talabini “tayanch oliy yuridik ma’lumot” talabiga o‘zgartirish o‘rinli, chunki shu tayanch oliy yuridik ma’lumotdan so‘ng, Sudyalar oliy maktabida magistratura ta’lim bosqichi davom ettiriladi.
Davlat fuqarosi bo‘lish milliy sud qonunchiligimizda sudyalik lavozimiga saylanadigan, tayinlanadigan barcha shaxslardan birdek talab qilinadigan talablardan yana biri sanaladi. Sudyalikka nomzod faqat O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lishi mumkin. Milliy qonunchiligimizda fuqarolik masalasi faqat sudyalardangina talab qilinmaydi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 29-avgustdagi “Prokuratura to‘g‘risida”gi 257-II-son Qonuni7543-moddasi 1-qismida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari prokuratura organlarida prokurorlar, tergovchilar, surishtiruvchilar va ish o‘rganuvchilar lavozimiga tayinlanishi mumkinligi belgilangan. 2002-yil
12-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi 432-II-son Konstitutsiyaviy Qonun76ning 6-moddasi 1-qismida Senat a’zosi bo‘lish uchun hamda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi 434-II-son O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni77ning 6-moddasi 1-qismida Qonunchilik palatasining deputati bo‘lish uchun O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lish talabi mavjud. Umuman olganda, ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyatining tizimida O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lish talabi ustunlik qiladi.
Xorijiy davlatlar tajribasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, “Rossiya Federatsiyasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi Federal Qonuni78 6-moddasi 2-qismida Rossiya Federatsiyasi fuqarosining boshqa fuqarolikni olishi Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini tugatishga olib kelmaydi, deyilgan. Demak, Rossiya Federatsiyasida boshqa davlat fuqaroligini olish ham mumkin va yagona fuqarolik o‘rnatilmagan, lekin davlatning sud qonunchiligiga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasiyasida xorijiy davlatning fuqaroligi bo‘lmagan va Rossiya Federatsiyasi fuqarosigina sudya bo‘lishi mumkin. Ushbu davlat amaliyotidan misol keltiradigan bo‘lsak, S.Belovning xabar berishicha “2019-yilda R.Nabiyev Kletskiy sudida 6 yillik raislikdan so‘ng o‘z vakolatlarini uzaytirishga qaror qilgan. Ammo hakamning ozarbayjonlik ekanligini payqab qolishgan, Ozarbayjon Davlat migratsiya xizmati R.Nabiyevning fuqarolikka ega ekanligini tan olgan. Natijada sudya nafaqat tavsiyanoma olmagan, balki chet davlat fuqaroligi borligi sababli mantiyasidan, ya’ni rasmiy sudyalik libosidan ham mahrum bo‘lgan”79. Demak, Rossiya Federatsiyasi uchun fuqarolik masalasining naqadar muhimligini 6 yil sudya bo‘lib, o‘z vazifasini davom ettirolmagan, hattoki mantiyasidan ham mahrum bo‘lgan yuqoridagi amaliy misol orqali bilishimiz mumkin.
Tojikiston, Qozog‘iston, Belarus, Gruziya, Litva, Moldova kabi davlatlarda esa 2 fuqarolik mavjud emas80 va ularning sud tizimi bo‘yicha qonunchiligida sudyalik lavozimiga nomzoddan davlat fuqarosi bo‘lish talabi qo‘yilgan. Ushbu davlatlarda ham Rossiya Federatsiyasida bo‘lgani kabi boshqa davlat fuqarosi bo‘lish sudyalikka nomzod bo‘lish imkonini yo‘qqa chiqaradi. Nega faqat bir davlat fuqasi bo‘lish yoki xorijiy davlat fuqarosi bo‘lmaslik sudyalikka nomzod uchun muhim sanaladi? Bu borada Y.V.Polonskayaning fikriga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, u sudyalarda 2 fuqarolik bo‘lishining muammolariga to‘xtalib, quyidagilarni ta’kidlaydi: “Sudyaning bir vaqtning o‘zida ikki millatga xizmat qilishi, o‘z xatti-harakatlarini, masalan, Belarus Respublikasining ham, boshqa biron bir davlatning ham asosiy qonuni ustunligi tamoyiliga asoslashi mumkin emas. Ayniqsa, sudyalar lavozimga kirishgandan so‘ng, xalq oldida o‘z vazifalarini halol va vijdonan bajarishga, faqat davlat Konstitutsiyasiga bo‘ysungan holda odil sudlovni amalga oshirishga tantanali ravishda qasamyod qiladilar81”. Albatta, sudya har 2 davlatga birday xizmat qilolmaydi. Bir davlat xalqi oldida o‘z vazifalarini halol va vijdonan bajarishga qasamyod qilgandan keyin, yana boshqa bir davlatning manfaatlariga xizmat qilib o‘z vazifasini bajarishi imkonsiz. Shuningdek, davlat sirlari bilan bog‘liq ishlar sudlarda ko‘rilganda bir davlat fuqarosining boshqa davlatga tegishli ma’lumotlarni bilib olishi ham mantiqan xato hisoblanadi, chunki uning “davlat siri” ekanligidan ma’no qolmaydi. Bundan tashqari, sudya qonunchilikda bo‘layotgan o‘zgarishlarni doimiy ravishda o‘rganib borishi kerak: uning sudyalik lavozimini bajarayotgan davlatdagi qonunlarni juda yaxshi bilishiga, boshqa davlatdagi o‘z huquqlari, majburiyatlari bilan bog‘liq normalarni ham bilishiga to‘g‘ri keladi va bu unga qiyinchilik tug‘diradi. Shuningdek, obyektiv jihatdan bu lavozimni bajarishga to‘sqinlik qiladigan davlatlarning huquqni qo‘llashdagi o‘ziga xosligi mavjud. Masalan, yuqorida ko‘rib o‘tganimiz Rossiya Federatsiyasida 2 fuqarolikka ruxsat beriladi, lekin boshqa davlatda bunday norma mavjud bo‘lmasligi mumkin. Rossiya fuqarosi, masalan, Tojikiston Respublikasining ham fuqaroligini olishi mumkin va Rossiya qonunchiligi bo‘yicha bunda qonun buzilishi yo‘q, lekin ushbu fuqaro Tojikiston Respublikasida sudyalikka nomzod bo‘la olmaydi, chunki u Tojikiston Respublikasining qonunchiligi talabiga javob bera olmay qolgan bo‘ladi. Demak, har qanday davlat uchun o‘z fuqarosining sudyalikka nomzod bo‘lishi va u fuqaroning boshqa davlat fuqaroligiga ega bo‘lmasligi o‘rinli talab hisoblanadi.
Xorijiy davlatlar qonunchiligi, olimlarning fikrlarini tahlil qilish natijasida quyidagi to‘htamga kelish mumkin:
Birinchidan, nomzodlar uchun taʼlim darajasiga talabni milliy qonunchilikda aniq ko‘rsatish lozim. Bunda, nomzod tayanch oliy yuridik maʼlumotga ega bo‘lgan taqdirda kelgusida sudyalik lavozimiga nomzod bo‘lish huquqini berish zarur. Mazkur ijobiy tajribani, masalan, Moldova davlatining qonunchiligida ko‘rish mumkin.
Ikkinchidan, bir davlat xalqi oldida o‘z vazifalarini halol va vijdonan bajarish orqali sudyaning faqat bir davlat fuqaroligiga ega bo‘lishi o‘rinli. Sudyalik lavozimiga nomzoddan faqat bir fuqarolik talab qilinishi nafaqat milliy sud qonunchiligimizda, shuningdek Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Qozog‘iston, Belarus, Gruziya, Litva, Moldova kabi davlatlar qonunchiligida ham belgilab qo‘yilgan.



Download 116.44 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   18




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling