Toshkent davlat yuridik universiteti
1.6. Oldi-sotdi shartnomasining mazmuni
Download 5.5 Mb. Pdf ko'rish
|
Fuqarolik huquqi II-qism
17 1.6. Oldi-sotdi shartnomasining mazmuni Oldi-sotdi shartnomasining mazmunini taraflarning huquq va burchlari tashkil etadi. Sotuvchining asosiy burchi va huquqi sotilgan ashyoni shartnomaga muvofiq oluvchining ixtiyoriga topshirishdan va buning uchun tegishli haqni olishdan iborat. Oluvchining asosiy huquqi va burchi sotilgan tovarni qabul qilib olish va buning uchun belgilangan haqni to`lashdan, agar sotilgan tovar o`ziga shartnoma shartlariga muvofiq topshirilmagan bo`lsa, uni o`ziga topshirishni talab qilishdan iborat bo`ladi. Oldi-sotdi shartnomasini ijro etish yuzasidan qilinadigan harakatlarni, ya’ni tovarni topshirish va haqini to`lash, agar qonun yoki shartnomada boshqacha holat belgilanmagan bo`lsa, darhol amalga oshirish lozim. FKning 419-moddasi, 1- qismiga asosan xaridor tovar haqini sotuvchi tomonidan ushbu tovarni yoki ushbu tovarni tasarruf qilish hujjatlarini berganidan so`ng kechiktirmasdan to`lashi lozim. Qonun ayni vaqtda taraflar zimmasiga yana bir qator qo`shimcha majburiyatlar ham yuklaydi. Sotuvchi sotilgan mol-mulkni (tovarni) to u topshirishigacha saqlashi shart. Bu qoida FK 391-moddasida mustaxkamlangan. Mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq mol-mulkni topshirishdan oldin sotib oluvchiga o`tgan hollarda sotuvchi mol-mulkning yomonlashuviga yo`l qo`ymay, uni topshirgunga qadar saqlashi shart. Bunda qilingan chiqimlar xaridor zimmasiga yuklatiladi. Sotuvchi zimmasiga yana bir majburiyat FKning 393-moddasida belgilab qo`yilgan. Sotuvchi tovarni sotib oluvchiga uchinchi shaxslarning har qanday huquqlaridan ozod holda topshirishi shart, sotib oluvchi shaxslarning huquqlari bo`lgan tovarni (ijaraga berilgan, garovga qo`yilgan, tekin foydalanishga berilgan tovarni) qabul qilishga rozilik bergan hollar bundan mustasno. Sotuvchi ushbu majburiyatni bajarmagan hollarda xaridor tovar bahosini kamaytirishni yoki shartnomani bekor qilib, ko`rilgan zararlar qoplanishini talab qilishga haqli (sotib oluvchi bu tovarga uchinchi shaxslarning huquqlari borligini bilgan yoki bilishi lozim bo`lgani isbotlanadigan hollar bundan mustasno). Yuqoridagi qoidalar tovarni sotib oluvchiga topshirish paytida unga uchinchi shaxslarning da’volari borligi sotuvchiga ma’lum hollarda (masalan, uchinchi shaxs sotilayotgan tovar o`zining mulki ekanligi haqida sotuvchiga aytgan va uning o`ziga kaytarilishini talab etib, da’vo qilayotgan hollarda) ham, agar bu da’volar keyinchalik belgilangan tartibda qonuniy deb tan olingan bo`lsa, tegishli ravishda qo`llanadi. Agar uchinchi shaxs oldi-sotdi shartnomasi bajarilgunga qadar vujudga kelgan asos bo`yicha tovarni olib qo`yish to`g’risida sotib oluvchiga da’vo qilsa (eviksiya), sotib oluvchi sotuvchini ishda qatnashishga jalb qilishga haqli, sotuvchi ham bu ishda sotib oluvchi tarafida qatnashishi shart. Masalan, A. ismli shaxs B. ismli shaxsga sigir sotadi. Oradan ko`p o`tmay, D. ismli shaxs ushbu sigir uning mulki ekanligi va undan o`g’irlab ketishganini bildirib, sigirni o`ziga qaytarish haqida sudga vindikatsion da’vo bilan murojaat qiladi. Bunday holda D. B.ga nisbatan da’vo qiladi. Ayni vaqtda B. ushbu ishga A.ni jalb etishi lozim. 18 Agarda sotuvchi ishda qatnashganida sotilgan tovar sotib oluvchidan olib qo`yishlikning oldini olgan bo`lishi mumkinligini isbotlab bersa, sotib oluvchi sotuvchini ishda qatnashishga jalb qilmasligi sotuvchini sotib oluvchi oldida javobgarlikdan ozod qiladi. Sotib oluvchi tomonidan ishda qatnashishga jalb qilingan, biroq unda qatnashmagan sotuvchi (agarda, masalan, tovar uchinchi shaxs tomonidan da’vo qo`zg’atish asosida sotib oluvchidan olib qo`yilgan bo`lsa) sotib oluvchining ishni noto`g’ri yuritganligini isbotlash huquqidan mahrum bo`ladi. FKning 395-moddasida sotib oluvchidan tovar olib qo`yilganda sotuvchining javobgarligi belgilab qo`yilgan. Agar yuqoridagi misolga murojaat qilsak D.ning B.ga nisbatan da’vosi qanoatlantirilgan, ya’ni sigir undan olinib, D.ga berilgan taqdirda A. B.ning barcha zararlarini qoplashi lozim. (B. sigirning o`g’irlangan ekanligini va A. uni sotishga haqli emasligini bilgan hollar bundan mustasno). Olingan tovar uchinchi shaxslar tomonidan sotib oluvchidan talab kilib olinadigan hollarda taraflarning sotuvchini javobgarlikdan ozod qilish yoki uning javobgarligini cheklash to`g’risidagi kelishuvi haqiqiy emas. Oldi-sotdi shartnomasi bo`yicha sotuvchi tovarni xaridorga mulk sifatida topshirishi shartnoma real ijrosining belgisi ekanligi sababli sotib oluvchi qachondan boshlab sotilgan tovarga nisbatan mulkdor bo`lib hisoblanishi muhim amaliy ahamiyat kasb etadi. Bu masalani to`g’ri hal etish qator huquqiy oqibatlar bilan bog’liq jumladan, tovarning tasodifan shikastlanishi yoki nobud bo`lish xavf- xatari kimning zimmasiga tushadi, sotilayotgan tovarga nisbatan u yoki bu taraf kreditorlarining haq undirish haqidagi talablariga qaratish mumkin yoki mumkin emasligi, xaridorga ushbu mol-mulkka nisbatan egallash, foydalanish, tasarruf qilish bo`yicha vakolatlarning real amalga oshirish imkoniyatlari vujudga kelishi mana shunday holatlardan hisoblanadi. Masalan, V. ismli shaxs D. ismli shaxsdan engil mashina sotib oldi. Shartnoma tuzilib, notarial guvohlantirildi, DANda ro`yxatdan o`tkazildi. Shartnoma bo`yicha V. shartnoma ro`yxatidan o`tkazilgan kunning ertasiga D.ga pulni to`lab, mashinani olib ketishi kerak edi. Biroq o`sha kuni tunda garajga yashin tushib, mashina yonib ketdi. Savol tug’iladi: V. D.ga pulni to`lashi kerakmi yoki yo`qmi? Bu masalaning echimi mashina yongan vaqtda kimning mulki ekanligi bilan bog’liq. FKning 185-moddasiga muvofiq, shartnoma asosida mol-mulk oluvchida mulk huquqi agar qonunda yoki shartnomada boshqacha belgilanmagan bo`lsa, ashyo topshirilgan paytdan boshlab vujudga keladi. Agar bunday shartnoma davlat ro`yxatidan o`tkazilishi yoxud notarial tasdiqlanishi kerak bo`lsa, tegishli harakat sodir etilgandan boshlab, agar shartnomani ham notarial tasdiqlash, ham davlat ro`yxatidan o`tkazish zarur bo`lganida esa, ro`yxatdan o`tkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi. FKning 390-moddasida sotuvchining tovarni topshirish majburiyatini bajarish payti belgilab qo`yilgan. Bunga asosan, basharti oldi-sotdi shartnomasida boshqacha hol nazarda tutilgan bo`lmasa, sotuvchining sotib oluvchiga tovarni topshirish vazifasi quyidagi paytlarda bajarilgan hisoblanadi: agar shartnomada tovarni yetkazib berish majburiyati nazarda tutilgan bo`lsa, 19 tovarni sotib oluvchiga yoki u ko`rsatgan shaxsga topshirish paytida; agar tovar sotib oluvchiga tovar turgan erda berilishi lozim bo`lsa, tovarni sotib oluvchi ixtiyoriga topshirish paytida; shartnomada nazarda tutilgan muddatda tovar tegishli erda sotib oluvchiga topshirish uchun tayyor bo`lgan va sotib oluvchi shartnoma shartlariga muvofiq tovar topshirishga tayyor ekanligidan xabardor qilingan vaqtda tovar sotib oluvchi ixtiyoriga topshirilgan deb hisoblanadi. Agar tovarning shartnoma maqsadlariga mosligi tamg’alash yoki boshqa yo`l bilan tasdiqdangan bo`lmasa, tovar topshirish uchun tayyor deb hisoblanmaydi. Oldi-sotdi shartnomasidan sotuvchining tovarni sotib oluvchiga yetkazib berish yoki tovarni turgan erida sotib oluvchiga topshirish majburiyati kelib chiqmaydigan hollarda, agarda shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo`lmasa, tovarni sotib oluvchiga yetkazib berish uchun tashuvchiga (transport tashkilotiga), aloqa tashkilotiga topshirish paytida sotuvchining tovarni topshirish majburiyati bajarilgan hisoblanadi. Umumiy qoida bo`yicha sotuvchi sotib oluvchiga ashyoni berish bilan bir vaqtda unga mansub ashyolarni, shuningdek, qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan ashyoga aloqador hujjatlar (texnik pasport, sifat sertifikati, foydalanish uchun yo`riqnoma va h.k.)ni ham topshirishi lozim. Sotuvchining tovarni xaridorga topshirish majburiyatini bajarish muddati oldi-sotdi shartnomasida belgilanadi, agar shartnomada bunday shart mavjud bo`lmasa, FKning 242-moddasi qoidalari qo`llaniladi. Belgilangan muddat buzilgan taqdirda xaridorda shartnomani bajarishga qiziqish yo`qolishi shartnomadan aniq bilinib tursa, masalan, archa bezaklarini xaridorga 29 dekabrgacha topshirish haqidagi shart, oldi-sotdi shartnomasi uni qat’iy belgilangan muddatda bajarish sharti bilan tuzilgan hisoblanadi. Sotuvchi bunday shartnomani unda belgilangan muddatdan oldin yoki bu muddat tugagandan so`ng xaridorning roziligisiz bajarishga haqli emas. FKning 392-moddasida ko`rsatilishicha, agarda oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo`lmasa, tovarning tasodifan nobud bo`lish yoki shikastlanish xavf-xatari sotuvchi tovarni sotib oluvchiga topshirishi bo`yicha o`z majburiyatlarini qonun yoki shartnomaga muvofiq bajargan deb hisoblangan paytdan boshlab sotib oluvchiga o`tadi. Agarda taraflar kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo`lmasa, yo`lda bo`lgan paytida sotilgan tovarning tasodifan shikastlanish yoki nobud bo`lish xavfi shartnoma tuzilgan paytdan boshlab sotib oluvchiga o`tadi. Oldi-sotdi shartnomasining tovar tasodifan nobud bo`lishi yoki shikastlanishi xavfi u birinchi tashuvchiga topshirilgan vaqtdan boshlab sotib oluvchiga o`tishi haqdaagi sharti, agar shartnoma tuzilgan vaqtida sotuvchi tovar yo`qolgani va shikastlanganini bilgan yoki bilishi lozim bo`lgan bo`lsa va bu hakda sotib oluvchiga ma’lum qilmagan bo`lsa, sotib oluvchi talabiga ko`ra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Agar tovarni topshirish sotuvchi tomonidan kechiktirilsa yoki xaridor tomonidan tovarni qabul qilib olish kechiktirilgan bo`lsa, tovarning tasodifan nobud bo`lish yoki shikastlanish xavf-xatari kechiktirgan taraf zimmasiga yuklanadi. 20 Xususiy belgili ashyolarning oldi-sotdi shartnomasida FK 331-moddasida belgilangan qoidalar qo`llaniladi. Xaridor zimmasidagi asosiy majburiyat tovar haqini qonun yoki shartnomaga muvofiq muddatda va miqdorda to`lash hisoblanadi. Umumiy qoida bo`yicha xaridor sotuvchi unga tovarni yoki tovarni tasarruf qilish hujjatlarini berganidan so`ng uning haqini kechiktirmasdan to`lashi lozim. Agarda shartnomada haqni bo`lib-bo`lib to`lash nazarda tutilgan bo`lmasa, haq tovarning to`liq bahosi miqdorida to`lanishi lozim. Agap haq to`lash xaridor tomonidan kechiktirilsa, sotuvchi kechiktirilgan davr uchun foizlar talab qilishga haqli. FKning 420-moddasida tovar haqini oldindan to`lash 421-moddada nasiyaga sotilgan tovarlar haqini to`lash, 422-moddada esa tovar haqini bo`lib-bo`lib to`lash qoidalari va tartibi belgilab qo`yilgan. Yuqorida sotib oluvchiga sotib olgan tovar unga topshirilishi bilan mulk huquqi o`tishi aytib o`tilgan edi. Qonunda yoki shartnomada ushbu umumiy qoidadan istisnolar nazarda tutilishi mumkin. Masalan, tovar xaridorga topshirilmasdan unga nisbatan mulk huquqi vujudga kelishi mumkin. Ba’zan esa buning aksi bo`lishi ham mumkin. Masalan, tovar nasiyaga sotilganda yoxud uning haqi bo`lib-bo`lib to`lanishi hollarida tovar haqi to`langunga qadar, garchi tovar xaridorga topshirilgan bo`lsa ham mulk huquqi sotuvchida saqlanib qolishi mumkin. Bunday hollarda agarda tovarning vazifasidan yoki uning xususiyatlaridan kelib chiqmasa xaridor mulk huquqi o`ziga o`tguncha tovarni birovga berishga yoki boshqacha tarzda tasarruf qilishga haqli emas (FK 424- moddasi). Download 5.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling