Toshkent davlat yuridik universiteti
Download 5.5 Mb. Pdf ko'rish
|
Fuqarolik huquqi II-qism
Nazorat uchun savollar: 1. Faktoring shartnomasi tushunchasi va huquqiy belgilarini tahlil qiling? 2. Faktoring shartnomasi bo`yicha taraflarining huquq va majburiyatlarini tavsiflang? 3. Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasi bo`yicha mijoz va moliya agenti o`rtasida voz kechilgan huquqlar borasida qarzdorning roziligisiz talab qilish huquqi boshqa shaxsga o`tkazilganligi borasi nizo kelib chiqdi. Ushbu nizoda moliya agentining huquqlari qanday himoya qilinadi? 43-BOB. BANK OMONATI ShARTNOMASI Bank omonati shartnomasi bankning mijozlarga xizmat ko`rsatishining o`ziga xos ko`rinishi bo`lib, bu shartnoma orqali fuqarolar va yuridik shaxslarning bo`sh turgan pul mablag’lari iqtisodiyotga va fuqarolik muomalasiga jalb qilinadi. Bank omonati shartnomasi bo`yicha birinchi tarafdan (omonatchidan) qabul qilib olgan yoki uning nomiga kelgan pul summasini (omonatni) qabul qilib olgan ikkinchi taraf (bank) shartnomada nazarda tutilgan shartlar asosida va tartibda omonat summasini qaytarish va unga foizlar to`lash majburiyatini oladi. Bank omonati shartnomasi o`zining huquqiy belgilariga ko`ra, bir tomonlama shartnomalar toifasiga kiradi. Chunki, shartnoma tuzilgach omonatchida faqatgina omant summasini foizlari bilan qaytarish huquqi mavjud bo`ladi. Bank omonati shartnomasi omonat summasi bankka kelib tushgan kundan boshlab tuzilgan hisoblanadi. Ushbu jihati bilan bank omonati shartnomasi real shartnoma hisoblanadi. Omonatga qo`yilgan pul summasi uchun bank foiz to`lash majburiyatini oladi va shu sababli bank omonati shartnomasi haq evaziga tuziladigan shartnomalar jumlasiga kiradi. Fuqaro omonatchi bo`lgan bank omonati shartnomasi ommaviy shartnoma deb hisoblanadi. Chunki bank ommaviy oferta e’lon qilgach, shartnoma tuzish istagini bildirgan har bir fuqaro bilash shartnoma tuzishga majburdir. Omonat saqlash shartnomasining subyektlari bo`lib, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda litsenziya berilgan banklar va omonatchi fuqarolar va yuridik shaxslar hisoblanadilar. 53 Ўзбекистон Республикаси фуқаролик кодексига шарҳ: Профессионал шарҳлар. Т 2. / Ўзбекистон Республикаси Адлия вазирлиги. – Тошкент: Baktria press, 2013. – 683 б. 266 Pul mablag’larini omonatlarga jalb qilish huquqiga huquqqa ega bo`lmagan shaxs fuqarodan omonat qabul qilgan taqdirda, omonatchi darhol omonat summasini qaytarib berishni, shuningdek bu summaga FKning 327-moddasida nazarda tutilgan foizlarni to`lashni hamda foiz summalaridan tashqari omonatchiga etkazilgan hamma zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega bo`ladi. Agar bunday shaxs bank omonati shartnomasi shartlari asosida yuridik shaxsning pul mablag’larini qabul qilgan bo`lsa, FKning bitimlar haqiqiy bo`lmasligining asoslari va oqibatlariga doir tegishli qoidalari qo`llanadi. Qonun hujjatlarida boshqacha tartib belgilangan bo`lmasa, FK 760- moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan oqibatlar, kim bo`lishidan qat’i nazar, fuqarolar va yuridik shaxslarning pul mablag’larini: - omonat saqlovchilarga omonatni talab qilishi bilanoq olish va omonatchining ushbu bob qoidalarida ko`zda tutilgan boshqa huquqlarini amalga oshirish imkoniyatini bermaydigan veksellar yoki boshqa qimmatli qog’ozlar berish; - ularga g’ayriqonuniy chiqarilgan deb topilgan akstiyalar va boshqa qimmatli qog’ozlarni sotish yo`li bilan omonatlarga jalb qilish hollariga nisbatan qo`llanadi. Bank omonati shartnomasi yozma shaklda tuzilgan bo`lishi kerak. Agar omonatning qo`yilganligi omonat daftarchasi, jamg’arma (depozit) sertifikati yoki bank tomonidan omonatchiga berilgan, qonunda, qonunga muvofiq belgilangan bank qoidalarida va bank amaliyotida qo`llaniladigan ish muomalasi odatlarida bunday hujjatlar uchun nazarda tutilgan talablarga javob beradigan boshqa hujjat bilan tasdiqlangan bo`lsa, bank omonati shartnomasining yozma shakliga rioya qilingan hisoblanadi. Bank omonati shartnomasining yozma shakliga rioya qilmaslik bunday shartnomaning haqiqiy bo`lmasligiga olib keladi. Bunday shartnoma o`z-o`zidan haqiqiy emas. Bank omonati shartnomasi omonatni talab qilinishi bilanoq berish (talab qilinguncha saqlanadigan omonat) yoki omonatni shartnomada belgilangan muddat tugaganidan keyin qaytarish (muddatli omonat) sharti bilan tuziladi. Bank omonati shartnomasida qaytarib berishning qonun hujjatlariga zid bo`lmagan boshqa shartlari asosida omonatlar qo`yish ham nazarda tutilishi mumkin. Bank omonati shartnomasi bo`yicha, omonatning turidan qat’i nazar, bank omonatchining talabi bilan omonat summasini yoki uning bir qismini berishi shart, yuridik shaxslar tomonidan qaytarib berishning shartnomada nazarda tutilgan boshqa shartlari asosida qo`yilgan omonatlar bundan mustasno. Bank omonati shartnomasining fuqaro omonatni talab qilishi bilanoq olish huquqidan, muddatli yoki boshqa omonatni esa xabardor etishning qonun hujjatlarida belgilangan muddati o`tganidan keyin olish huquqidan voz kechish haqidagi sharti o`z-o`zidan haqiqiy emas. Agar omonatchi muddatli yoki boshqa omonatni, talab qilib olinguncha saqlanadigan omonat bundan mustasno, muddat tugagunga qadar yoxud bank omonati shartnomasida ko`rsatilgan boshqa holatlar yuz bergunga qadar qaytarib berishni talab qilish niyatida bo`lsa, u o`zining bu niyatidan bankni omonatni olishni mo`ljallayotgan sanadan kamida bir oy oldin xabardor qilishi lozim. 267 Muddatli yoki boshqa omonat, talab qilib olinguncha saqlanadigan omonat bundan mustasno, muddat tugagunga qadar yoxud bank omonati shartnomasida ko`rsatilgan boshqa holatlar yuz bergunga qadar omonatchining talabi bilan unga qaytarilgan hollarda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo`lmasa, omonat yuzasidan foizlar to`lanmaydi. Omonatchi muddatli omonat summasini muddat tugaganidan keyin yoki qaytarishning boshqa shartlari bilan qo`yilgan omonat summasini bank omonati shartnomasida nazarda tutilgan holatlar vujudga kelganidan keyin qaytarib berishni talab qilmagan hollarda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo`lmasa, shartnoma omonatni talab qilib olguncha omonat saqlash shartlari asosida uzaytirilgan deb hisoblanadi. Bank omonatchiga omonat summasi uchun bank omonati shartnomasida belgilanadigan miqdorda foizlar to`laydi. Bank omonati shartnomasida to`lanadigan foizlar miqdori haqida shart bo`lmagan taqdirda, bank talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlarga to`lanadigan miqdorda foizlar to`lashi shart. Agar bank omonati shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo`lmasa, bank talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlarga to`lanadigan foizlar miqdorini o`zgartirishi mumkin. Bank foizlar miqdorini kamaytirgan taqdirda, foizlarning yangi miqdori foizlar kamaytirilganligi haqida omonatchilarga xabar berilganidan keyin qo`yilgan omonatlarga nisbatan qo`llanadi. Agar bank omonati shartnomasida boshqa muddat nazarda tutilgan bo`lmasa, ushbu xabarga qadar qo`yilgan omonatlarga nisbatan kamaytirilgan foizlar miqdori tegishli xabar berilgan paytdan bir oy o`tganidan keyin qo`llanadi. Omonatni muayyan muddat o`tgach yoki shartnomada nazarda tutilgan vaziyatlar yuz berganidan keyin qaytarish sharti bilan qo`yilgan omonat yuzasidan bank omonati shartnomasida belgilangan foizlar miqdori, agar shartnomada boshqacha tartib belgilangan bo`lmasa, bank tomonidan bir tomonlama kamaytirilishi mumkin emas. Bank omonati summasiga foizlar omonat bankka tushgan kunning ertasidan boshlab, to u omonatchiga qaytarilgan yoki boshqa asoslarga ko`ra omonatchining hisobvarag’idan o`chirilgan kundan oldingi kungacha yoziladi. Omonatchining hisobvarag’i xatlanganligi oqibatida bank ushbu hisobvaraqdagi pul mablag’laridan foydalana olmagan davr uchun foizlar yozilmaydi. Agar bank omonati shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo`lmasa, bank omonati summasiga foizlar har bir oy o`tganidan keyin uning talabi bilan omonat summasidan alohida to`lanadi, bu muddatda talab qilib olinmagan foizlar esa foizlar yoziladigan omonat summasiga qo`shilib boradi. Omonat qaytarilganida shu paytgacha yozilgan hamma foizlar to`lanadi. Bank qabul qilib olgan omonatlarning qaytarilishini ta’minlash uchun foydalanishi shart bo`lgan vositalar va usullar qonun bilan va bank omonati shartnomasi bilan belgilanadi. Bank omonatchining talabiga muvofiq omonatning qaytarilishi ta’minlanganligi to`g’risida axborot berishi lozim. Bank omonatning qaytarilishini ta’minlash bo`yicha majburiyatlarini bajarmagan, shuningdek ta’minotni yo`qotgan yoki uning shartlarini yomonlashtirgan taqdirda, omonatchi bankdan omonat summasini darhol qaytarib berishni, FKning 327-moddasiga muvofiq unga foizlar to`lashni hamda o`ziga etkazilgan zararni qoplashni talab 268 qilishi mumkin. Bank omonatchining omonatni yoki uning bir qismini qaytarish haqidagi talabini FKning 762-moddasida nazarda tutilgan muddatlarda bajarmagan taqdirda, FKning 327-moddasiga muvofiq bank omonatga foizlar to`lashdan qat’i nazar, keltirilgan zararni to`lashi lozim. Agar bank omonati shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo`lmasa, omonatga uchinchi shaxslardan omonatchining hisobvarag’i to`g’risidagi zarur ma’lumotlarni ko`rsatgan holda tushgan pul mablag’lari kiritib qo`yiladi. Bunda omonatchi bunday shaxslarga omonat bo`yicha hisobvaraq to`g’risidagi zarur ma’lumotlarni berish bilan ulardan pul mablag’larini olishga rozi bo`lgan deb hisoblanadi. Omonat bankka muayyan uchinchi shaxs foydasiga qo`yilishi mumkin. Nomiga omonat qo`yilayotgan fuqaroning ismini yoki yuridik shaxsning nomini ko`rsatish bank omonati to`g’risidagi tegishli shartnomaning muhim shartidir. Shuningdek shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo`lmasa, nomiga omonat qo`yilgan uchinchi shaxs pul o`z hisobvarag’iga kelib tushgan paytdan boshlab omonatchi huquqlarini qo`lga kiritadi. Nomiga omonat qo`yilgan uchinchi shaxs undan voz kechgan hollarda uchinchi shaxs nomiga bank omonati shartnomasi tuzgan shaxs omonatni qaytarib berishni talab qilishga yoki uni o`z nomiga o`tkazishi mumkin. Bank omonati shartnomasi tuzilganligini tasdiqlash maqsadida fuqarolarga omonat daftarchasi beriladi. Taraflarning kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo`lmasa, fuqaro bilan bank omonati shartnomasi tuzish hamda uning hisobvarag’iga omonat bo`yicha pul mablag’larini kiritib qo`yish omonat daftarchasi bilan tasdiqlanadi. Omonat daftarchasida bankning yoki uning tegishli filialining nomi, uning joylashgan manzili hamda omonat bo`yicha hisobvaraq nomeri, shuningdek hisobvaraqqa kiritilgan hamma pul mablag’lari summasi, hisobvaraqdan o`chirilgan hamma pul mablag’lari summasi va omonat daftarchasi bankka taqdim etilgan paytda hisobvaraqdagi pul mablag’larining qoldig’i ko`rsatilgan va tasdiqlangan bo`lishi shart. Agar omonatning boshqa holati isbot qilingan bo`lmasa, omonat to`g’risida omonat daftarchasida ko`rsatilgan ma’lumotlar bank bilan omonatchi o`rtasida omonat bo`yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun asos bo`ladi. Bank omonati shartnomasida omonatchining nomi yozilgan omonat daftarchasi yoki taqdim etuvchiga pul to`lanadigan omonat daftarchasi berish nazarda tutilishi mumkin. Taqdim etuvchiga pul to`lanadigan omonat daftarchasi qimmatli qog’oz hisoblanadi. Bank omonat daftarchasi taqdim etilganida omonatni beradi, unga foizlar to`laydi hamda omonatchining omonat bo`yicha hisobvaraqdagi pul mablag’larini boshqa shaxslarga o`tkazish haqidagi topshirig’ini bajaradi. Agar egasining nomi yozilgan omonat daftarchasi yo`qotilgan bo`lsa yoki taqdim etish uchun yaroqsiz holga keltirilgan bo`lsa, bank omonatchining arizasiga muvofiq unga yangi omonat daftarchasi beradi. Ko`rsatuvchiga pul to`lanadigan omonat daftarchasi yo`qotilganida, u bo`yicha huquqlarni tiklash ko`rsatuvchiga pul to`lanadigan qimmatli qog’ozlar 269 uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Omonat (depozit) sertifikati qimmatli qog’oz bo`lib, bankka qo`yilgan omonat summasini ham, omonatchining (sertifikat saqlovchining) belgilangan muddat tamom bo`lganidan keyin sertifikatni bergan bankda yoki ushbu bankning istalgan filialida omonat summasini va sertifikatda ko`rsatib qo`yilgan foizlarni olish huquqini ham tasdiqlaydi. Omonat (depozit) sertifikatlari taqdim etuvchiga pul to`lanadigan yoki egasining nomi yozilgan bo`lishi mumkin. Omonat (depozit) sertifikati pul to`lash uchun muddatidan oldin taqdim etilgan taqdirda bank, agar sertifikatning shartlarida foizlarning boshqacha miqdori belgilab qo`yilgan bo`lmasa, omonat summasini va talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlar bo`yicha to`lanadigan foizlarni to`laydi. Download 5.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling