Toshkent davlat yuridik universiteti
Nizoli ashyolarni saqlash (sekvestr)
Download 5.5 Mb. Pdf ko'rish
|
Fuqarolik huquqi II-qism
2.6. Nizoli ashyolarni saqlash (sekvestr)
Omonat saqlashning yana bir turi sekvestr to’g’risidagi shartnomadir. Sekvestr to’g’risidagi shartnoma bo’yicha ashyoga egalik qilish xususida oralarida nizo chiqqan ikki yoki bir necha shaxs nizoli ashyoni uchinchi shaxsga beradilar. Uchinchi shaxs nizo hal bo’lgach, ashyoni sud qarori bilan yoki nizolashayotgan hamma shaxslarning kelishuviga muvofiq kimga tegishli bo’lsa, o’sha shaxsga qaytarib berish majburiyatini oladi (shartnoma sekvestri). Nizoli ashyo sudning qaroriga ko’ra sekvestr tartibida saqlash uchun topshirilishi mumkin (sud sekvestri). Sud tomonidan tayinlangan shaxs ham, shuningdek bahslashayotgan taraflarning o’zaro kelishuviga muvofiq belgilanadigan shaxs ham sud sekvestri bo’yicha omonat saqlovchi bo’lishi mumkin. Har ikkala holda ham, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo’lmasa, omonat saqlovchining roziligi talab qilinadi (FKning 900- moddasi). Shartnomaga berilgan ta’rifga ko’ra sekvestrning ikki turi mavjud: 1) shartnoma sekvestri; 2) sud sekvestri. Nizoli ashyoni saqlashning birinchi turida nizolashayotgan taraflar bir tomondan va ikkinchi tomondan saqlovchi bilan nizo predmetini saqlash bo’yicha sekvestr to’g’risida shartnoma tuziladi. Nizo subyektlari sifatida yuk topshiruvchilar bo’lishi mumkin. Mazkur shartnomada saqlovchi nizo hal bo’lgandan so’ng, nizolashayotgan shaxslarning hammasining kelishuviga ko’ra yoki kelishuv mavjud bo’lmagan taqdirda sudning qaroriga muvofiq ashyo kimga tegishi lozim bo’lsa, o’sha shaxsga topshirish majburiyatini oladi. Sud sekvestri bo’yicha nizo predmetini saqlash uchun sud qaroriga asosan topshiriladi. Ashyoni saqlanishini ta’minlovchi shaxs sud tomonidan belgilanishi yoki nizolashayotgan taraflarning o’zaro kelishuvidan aniqlanishi mumkin. Ikkala holatda ham qonunda boshqacha nazarda tutilmagan bo’lsa, omonat saqlovchining roziligi talab etiladi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 8 maydagi 132-son qarori bilan tasdiqlangan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etishda xatlangan va olib qo’yilgan mol-mulkni saqlash tartibi hamda shartlari to’g’risida”gi Nizomga ko’ra sud sekvestri amalga oshiriladi. Sekvestr tartibida saqlashga ko’char mulklar ham, shuningdek ko’chmas mulklar ham topshirilishi mumkin. Download 5.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling