2 §. Sug’urta munosabatlarining huquqiy asoslari va sug’urta bozori
professional ishtirokchilarining huquqiy maqomi
Sug’urta munosabatlarini huquqiy tartibga solish tizimi ham ommaviy, ham
fuqarolik huquqiy asoslarga ega. Sug’urta faoliyatini litsenziyalash tartibi, sug’urta
faoliyati ustidan davlat nazorati, sug’urta tashkilotlariga qo’yiladigan talablar
ommaviy huquqiy normalar ta’siri ostida bo’ladi.
Sug’urta faoliyati bo’yicha shartnomaviy munosabatlar O’zbekiston
Respublikasining Fuqarolik kodeksi, “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish
to’g’risida”gi Qonuni bilan tartibga solinadi. Sug’urta faoliyatini amalga
oshirishning o’ziga xos xususiyatlari va sug’urta bozori professional
ishtirokchilarining huquqiy maqomi 2002 yil 05 apreldagi “Sug’urta faoliyati
to’g’risida”gi Qonuni asosida belgilanadi. Bundan tashqari, ijtimoiy hayotning
muayyan sohalari bo’yicha majburiy sug’urta amal qiladi. Jumladan, transport
vositalari egalarining fuqarolik huquqiy javobgarligining majburiy sug’urtasi, ish
beruvchining fuqarolik huquqiy javobgarligining majburiy sug’urtasi,
tashuvchining fuqarolik huquqiy javobgarligining majburiy sug’urtasi.
Sug’urta faoliyatini tartibga soluvchi qonun osti hujjatlar tizimi mavjud.
Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sug’urta xizmatlari bozorini
yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 2007 yilda 10
apreldagi Qarori, O’zbekiston Respublikasi moliya vazirining “Sug’urtalovchilar
tomonidan yillik moliyaviy hisobotni e’lon qilish tartibi to’g’risidagi nizomni
tasdiqlash haqida” buyrug’i va boshqalar.
Sug’urta faoliyati professional ishtirokchilari bo’lib sug’urtalovchi, sug’urta
agenti, sug’urta brokeri, qayta sug’urta brokeri, sug’urta agenti, adjaster, aktuar
tashkilot, aktuariy, sug’urta suyurveyeri, assistans hisoblanadi.
Sug’urtalovchi - tegishli turdagi sug’urtani amalga oshirish uchun
litsenziyaga ega bo’lgan va sug’urta shartnomasiga muvofiq sug’urta tovoni
(sug’urta puli) to’lovini amalga oshirish majburiyatini oluvchi tijorat tashkiloti
bo’lgan yuridik shaxs sug’urtalovchi deb e’tirof etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |