Toshkent davlat yuridik universiteti
§. Mutlaq huquq tushunchasi va uning mazmuni
Download 5.5 Mb. Pdf ko'rish
|
Fuqarolik huquqi II-qism
5 §. Mutlaq huquq tushunchasi va uning mazmuni
Fuqarolik huquqi nazariyasida mutlaq huquqlar deyilganda bunday huquq sohiblari (egalari)ni turli harakatlar sodir etish (ijodiy faoliyat mahsulidan foydalanish, uni tasarruf etish va sh.k.) bo’yicha haqdorligi, vakolatliligini va ayni vaqtning o’zida boshqa har qanday shaxslarga bunday yuqorida ko’rsatilgan harakatlarni sodir etishning taqiqlanishini ta’minlovchi subyektiv mutlaq huquq tushuniladi. 111 Mutlaq huquqlar huquqiy mexanizmi odatdagidek egallab turishi mumkin bo’lmagan, bir vaqtning o’zida nomuayyan doiradagi shaxslar foydalana olishi mumkin bo’lgan obyektlarga nisbatan huquq sohibi mulkiy huquqlarining amalga oshirilishini ta’minlovchi muhim vositadir, biroq mulk huquqi va mutlaq huquqlar aslo ayniy tushunchalar emas, ularning farqlari haqida yuqorida mufassal to’xtab o’tilgan edi. Intellektual faoliyat natijasiga yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositaga nisbatan mulkiy huquqlar egasiga ana shu intellektual mulk obyektidan o’z xohishiga ko’ra har qanday shaklda, har qanday usulda mutlaq qonuniy foydalanish huquqi tegishli bo’ladi. Ushbu mutlaq huquqlar o’z xarakteri va mazmuniga ko’ra mulkiy huquq hisoblanadi. Intellektual mulk obyektidan o’z xohishiga ko’ra foydalanish deyilganda huquq sohibining o’z erki, irodasi bilan, hech qanday majburlashsiz, tazyiqlarsiz foydalanish tushuniladi. Obyektlardan har qanday shaklda va har qanday usulda foydalanish deyilganda undan turli obyektiv shaklda — qo’lyozma, bosma asar, apparat, qurilma, etiketka, har xil yorliqlar, maket, inshootlar, haykallar va shu kabilarda hamda turli vositalar yordamida qo’lyozma shaklida tarqatish, nashr etish, og’zaki o’qish, reklama prospektlariga joylashtirish, qurilishlarda mujassamlashtirish va hokazo usullarda ekspluatatsiya qilish, foydalanish tushuniladi. Obyektdan foydalanish shakllari va usullari qonun yo’l qo’ygan asoslarga to’la muvofiq bo’lishi shart. Buning uchun mutlaq huquq sohibi belgilangan talablarga rioya qilmog’i shart. Masalan, yangi ixtiro asosida avtomobil yasagan ixtirochi bu avtomobilni tegishli davlat idoralarida (masalan, Davlat avtomobil inspeksiyasida) qayd ettirgan bo’lishi shart. Spirtli ichimliklar, tamaki mahsulot- lariga nisbatan tovar belgilari bolalar muassasalarida reklama prospektlari orqali joylashtirilishi mumkin emas. Yangi dori-darmonlar yaratgan shifokor undan foydalanishda qonunda belgilangan talablarga rioya qilishi shart. Aks holda intellektual mulk obyektidan bunday foydalanish qonuniy foydalanish 111 Гражданское право. –М.: Бек, 1994. Т.1, 314-бет. 487 hisoblanmaydi. Huquq egasiga mutlaq huquq asosida tegishli bo’lgan intellektual mulk obyektlaridan boshqa shaxslarning foydalanishiga faqat huquq egasi roziligi bilan yo’l qo’yiladi. Agarda mutlaq huquq bir necha shaxsga tegishli bo’lsa (masalan, mualliflarga) uchinchi shaxslar mutlaq obyektdan foydalanish uchun barcha huquq sohiblaridan ruxsat olmog’i shart. Mutlaq huquq sohibidan olinadigan uchinchi shaxslarning obyektdan foydalanishga roziligi ochiq-yaqqol ifodalangan bo’lishi, tegishli huquqiy shaklda rasmiylashtirilgan bo’lishi shart. Indamaslik, sukut rozilik alomati hisoblanmaydi. Intellektual mulkning ko’pgina obyektlaridan bir vaqtning o’zida cheksiz doiradagi uchinchi shaxslarning foydalanishi imkoniyati mavjud bo’ladi, biroq uchinchi shaxslar bunday imkoniyatdan har doim faqat mutlaq huquq sohibining ruxsati asosidagina foydalanishlari shart. Intellektual mulk obyektidan mutlaq huquq egasi ruxsatini olmasdan foydalangan uchinchi shaxslar tegishli fuqarolik-huquqiy tartibda javobgar bo’ladilar. Huquq egasi o’z huquqlarini sud tartibida himoya qilishga, uchinchi shaxslardan huquq buzilish harakatlarini to’xtatishga, keltirilgan hamma zararni, shu jumladan, ma’naviy zarar qoplanishini uchinchi shaxslar huquqbuzarlik natijasida olgan barcha daromad va foydalarni o’ziga undirib berilishini talab qilishga haqli. Intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq huquq egasi bu huquqni boshqa shaxsga to’liq yoki qisman o’tkazishga, intellektual mulk obyektidan boshqa shaxs foydalanishiga ruxsat berishga haqli va agar FK hamda boshqa qonunlarning qoidalariga zid bo’lmasa, ularni boshqacha tarzda tasarruf etishga haqli. Umumiy qoidaga ko’ra, intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq huquq mulkiy huquq sifatida fuqarolik muomalasida faol harakatda bo’ladi. U turli bitimlar va shartnomalar predmeti bo’lishi mumkin. Binobarin, intellektual mulk obyektiga bo’lgan mutlaq huquq egasi bu huquqni haq evaziga yoki tekin holda boshqa shaxslarga to’liq yoki qisman o’tkazish (sotish, hadya qilish, ma’lum cheklangan qoidada foydalanishga ruxsat berish va hokazo) ga haqli. Mutlaq huquq to’liq o’tkazilganda huquq egasi mutlaq huquqni to’liq hajmda uchinchi shaxsga o’tkazadi, demak, bu huquqni o’zidan to’la begonalashtiradi, natijada uchinchi shaxs mutlaq huquq egasi hisoblanadi. Mutlaq huquq qisman o’tkazilganda huquq egasi o’z huquqining ma’lum qismini o’zida saqlab qolgan holda, qolgan qismini uchinchi shaxslarga o’tkazadi. Mutlaq huquqlarni boshqa shaxslarga to’liq yoki qisman o’tkazishni huquqiy rasmiylashtirish shartlari va tartibi FKning 1035-moddasida belgilab qo’yilgan. Intellektual mulk obyektidan boshqa shaxslarning foydalanishiga ruxsat berish bu obyektga nisbatan mutlaq huquq sohibining vakolatiga kiradi. Obyektdan foydalanishga ruxsat berishda mutlaq huquq shu huquq sohibining o’zida qoladi, undan begonalashtirilmaydi, bunda uchinchi shaxslarda obyektdan foydalanish huquqigina vujudga keladi. Foydalanish shartlari va tartibi mutlaq huquq va foydalanuvchi o’rtasidagi kelishuv asosida belgilanadi. Intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq huquqlar egasi o’z huquqini FK 488 va amaldagi qonunlarga zid bo’lmagan har qanday tarzda tasarruf etishga haqli. Masalan, mutlaq huquqlar egasi bu huquqlarni o’z majburiyati yoki uchinchi shaxslar majburiyatlarining bajarilishini ta’minlash usuli sifatida garovga qo’yishi mumkin. Intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq huquq sohibi o’z huquqini qonunda man etilgan tarzda tasarruf qilishga haqli emas. Huquqni tasarruf etishning qonun man etgan usuli FKda yoki amaldagi qonunlarda bevosita ko’zda tutiladi. Masalan, konstitutsiyaviy tuzumga qarshi, urush, millatlararo adovat, behayolikni targ’ib etuvchi asarlarni tarqatish (haq evaziga yoki tekin) qonunga asosan man qilinadi. Yuridik shaxs qayta tashkil etilmagan yoki boshqa shaxsga o’tkazilmagan hollardan tashqari, yuridik shaxsning firma nomiga bo’lgan mutlaq huquqi boshqalarga o’tkazilishiga ruxsat berilmaydi. Mutlaq huquqlarni cheklashga, shu jumladan, intellektual mulk obyektidan boshqa shaxslar foydalanishiga imkoniyat berish yo’li bilan cheklashga, bu huquqlarni haqiqiy emas deb topishiga va ularni tugatishga (bekor qilishga) FKda va boshqa qonunlarda belgilangan hollarda, doiralarda va tartibda yo’l qo’yiladi. Quyidagi intellektual mulk obyektlariga nisbatan huquq sohibining mutlaq huquqlarini cheklash hollari, tartibi qonunlarda nazarda tutilgan: - ixtiro, foydali model, sanoat namunasiga nisbatan («Ixti-rolar, foydali modellar va sanoat namunalari to’g’risida»gi Qonunning 12-moddasi); - seleksiya yutuqlaridan («Seleksiya yutuqlari to’g’risida»gi Qonunning 31- moddasi); EHM uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalaridan («EHM uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalarini huquqiy muhofaza qilish to’g’risida »gi Qonunning 12- moddasi); - mualliflik huquqi obyektlaridan (FKning 1058—1061-moddalari). Mutlaq huquqlar intellektual mulk obyektidan boshqa shaxslarning foydalanishiga imkoniyat berish orqali qonunlarda nazarda tutilgan hollarda cheklanishi mumkin. Bunday holatlar quyidagi obyektlarga nisbatan mavjud: - sanoat mulki obyektlaridan «Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalar to’g’risida» gi Qonunning 11-moddasida belgilangan hollarda va tartibda uchinchi shaxslar foydalanishi uchun majburiy listenstiya berish tartibida; - sanoat mulki obyektlaridan avvaldan foydalanib keluvchi shaxslarga («Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to’g’risida»gi Qonunning 31- moddasi); - oshkor etilmagan axborotlardan foydalanish (FKning 1086-moddasi 4- qismida belgilangan hollarda); - mualliflik huquqi obyektlaridan («Mualliflik va turdosh huquqlar to’g’risida»gi Qonunning 24-32-moddalari). Firma nomi, tovar (xizmat ko’rsatish) belgisiga nisbatan mutlaq huquqlarni cheklash qonunlarda nazarda tutilmagan. Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlarni haqiqiy emas deb topish asoslari ham amaldagi qonunlarda aniq belgilab qo’yilgan: - sanoat mulki obyektlariga nisbatan berilgan huquqiy muhofaza yorliqlari huquqiy muhofaza qilish talablariga javob bermaydigan obyektlarga nisbatan yoki 489 huquqiy muhofaza yorlig’i olishga haqli bo’lmagan shaxs nomiga berilgan hollarda; - seleksiya yutuqlariga nisbatan mutlaq huquq «Seleksiya yutuqlari to’g’risida»gi Qonunning 35-moddasida ko’rsatilgan hollarda; - tovar (xizmat ko’rsatish) belgisiga nisbatan «Tovar belgilari, xizmat ko’rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to’g’risida»gi Qonunning 24-moddasida belgilangan hollarda va tartibda; - boshqalarning asarlarini o’zlashtirish orqali ushbu asarlarga nisbatan mutlaq huquqqa ega bo’lgan shaxslarning bunday o’zlashtirishi natijasida olgan huquqi ham haqiqiy hisoblanmaydi. Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlarni haqiqiy emas deb topish bunday huquqlarning vujudga kelishi uchun asos bo’lgan huquqiy muhofaza yorlig’i bergan vakolatli davlat organi, Apellastiya kengashlari yoki sud tomonidan (mualliflik huquqi obyektlariga nisbatan) amalga oshiriladi. Bunda mutlaq huquq avval boshdan (qaror chiqarilgan paytdan emas) haqiqiy sanalmaydi. Binobarin, mutlaq huquqi haqiqiy emas deb topilgan shaxsning bunday huquqdan foydalanish natijasida olgan barcha daromadlari mutlaq huquqning haqiqiy egasi foydasiga undirilishi mumkin. Ba’zi intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlar boshqa asoslarda muddatdan oldin bekor bo’lishi ham mumkin: masalan, - seleksiya yutuqlariga nisbatan («Seleksiya yutuqlari to’g’risida»gi Qonunning 35-moddasi); - ixtiro, foydali model, sanoat namunasiga nisbatan («Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to’g’risida»gi Qonunning 28-moddasi 1-qismi 2— 3-bandlari); - tovar (xizmat) belgilariga nisbatan Tovar belgilari, xizmat ko’rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to’g’risida»gi qonunning 25-moddasi 1-qismi, 2-qismining 2,4,5,6-bandlari). - mualliflik huquqlari obyektlariga nisbatan mutlaq huquq egasi bu huquqdan ixtiyoriy voz kechgan hollarda; - oshkor etilmagan axborotlar ularning huquqiy muhofaza qilinishi shartlaridan (FKning 98-moddasi) biri mavjud bo’lmay qolgan hollarda unga nisbatan mutlaq huquqlar ham bekor bo’ladi. Mutlaq huquqni haqiqiy emas deb topishda mutlaq huquq ilgaridan mavjud emas deb hisoblanadi. Mutlaq huquq muddatidan oddin bekor bo’lganda esa u bekor qilingunga qadar mavjudliga tan olinadi va faqat keyingi davr uchun huquqiy oqibatlar vujudga keltirmaydi. Mutlaq huquqlarni cheklashga bunday cheklash intellektual mulk obyektidan normal foydalanishga zarar yetkazmagan va huquq egalarining qonuniy manfaatlarini kamsitmagan hollarda yo’l qo’yiladi. Qonunlar intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlarni cheklash, eng avvalo, ijtimoiy va davlat manfaatlarini nazarda tutib belgilangan. Lekin bu cheklashlar qonunda qat’iy belgilangan hollarda, shartlarda va tartibda amalga oshiriladi. Bunday cheklashlar natijasida uchinchi shaxslar intellektual mulk obyektidan vaqtinchalik, qisman va ma’lum bir maqsadlardagina 490 foydalanishga haqli bo’ladilar (ba’zi holatlarda faqat haq evaziga). Bunday cheklashlar asosida uchinchi shaxslarda mutlaq huquq aslo vujudga kelmaydi. Intellektual mulk obyektidan normal foydalanishga zarar yetkazish, eng avvalo, mutlaq huquq sohibining bu obyektdan foydalanish imkoniyatlari cheklanishida, turli to’sqinliklarda namoyon bo’ladi. Intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq huquqlar egasining qonuniy manfaatlari kamsitilishi uning obyektidan kelayotgan yoki oladigan daromadlarining kamayishida, shaxsiy huquqlarining buzilishida namoyon bo’ladi. Agar mutlaq huquqni cheklashlar yuqoridagi oqibatlarga olib kelsa, huquq egasi o’z huquqining sud orqali himoya etilishini talab qilishga haqli. Intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq huquqlar egasiga tegishli mulkiy huquqlar, agar FKda yoki boshqa qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo’lsa, huquq egasi tomonidan shartnoma bo’yicha boshqa shaxsga to’liq yoki qisman o’tkazilishi mumkin, shuningdek, bu mutlaq huquqlar meros bo’lib va yuridik shaxs huquq egasi qayta tashkil etilganda huquqiy vorislik tartibida o’tadi. Ushbu belgilangan qoidaga intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq huquqlar egasiga tegishli mulkiy huquqlar huquq egasi tomonidan shartnoma bo’yicha boshqa shaxsga to’liq yoki qisman o’tkazilishi mumkin. Bunda nazarda tutilgan huquqlar faqat mulkiy tusga ega bo’ladi, shaxsiy huquqlarga nisbatan ushbu qoida taalluqli emas. O’tkazilayotgan mulkiy huquqlar mutlaq huquqlardan kelib chiqishi va faqat huquq egasiga tegishli bo’lishi shart. Mulkiy huquqlar deganda intellektual mulk obyektidan shaxsan foydalanish yoki uni haq evaziga foydalanishga berish bo’yicha huquq egasiga tegishli vakolatlar tushuniladi. Mulkiy huquq to’liq o’tkazilganda huquq egasi bu huquqlardan mahrum bo’ladi va bunday huquq uchinchi shaxslarda vujudga keladi. Mulkiy huquq qisman o’tkazilganda huquq egasi uning ma’lum qismini o’zida saqlab qolib, qolgan qismini o’tkazadi. Mulkiy huquqlar faqat shartnoma asosida o’tkaziladi. Shartnoma mulkiy huquq egasi va huquq to’liq yoki qisman o’tkazilayotgan shaxs o’rtasida tuziladi. Bunday shartnomalarga nisbatan agarda qonunlarda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo’lsa, FKning 26-bobi (Shartnoma tushunchasi va shartlari), 28-bobi (Shartnoma shartlarini o’zgartirish va shartnomaning bekor bo’lishi)da belgilangan qoidalar qo’llaniladi. Shartnoma tuzuvchi taraflar — intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq huquq egasi va mutlaq huquqdan vujudga keluvchi mulkiy huquqlar o’ziga o’tkazilayotgan shaxs nomlari, agar mutlaq huquq vakolatli davlat organi tomonidan intellektual mulk obyektiga nisbatan berilgan huquqiy muhofaza yorlig’i asosida vujudga kelgan bo’lsa, ushbu yorliqnoma va qayd ro’yxati raqami, uning amal qilish muddati, o’tkazilayotgan mulkiy huquq mazmuni va hajmi, undan foydalanish shartlari, muddati, agar shartnoma haq baravariga tuzilayotgan bo’lsa, to’lanadigan haq miqdori va to’lash tartibi, mulkiy huquq qisman o’tkazilganda undan foydalanish ustidan huquq egasining nazorat qilish bo’yicha vakolatlari, taraflarning boshqa huquq va majburiyatlari, shartnoma shartlarini buzganlik uchun taraflarning javobgarligi va hokazolar ko’rsatilishi lozim. Shartnoma taraflar tomonidan imzolanib, tegishli shaklda rasmiylashtirilishi shart. 491 Shartnoma shakli turli intellektual mulk huquqi obyektlari uchun turlicha bo’lishi qonunlarda belgilab qo’yilgan. Mualliflik huquqi obyektlariga nisbatan mulkiy huquqlar o’tkazilganda, shartnoma yozma ravishda tuzilib, notarial guvohlantirilishi lozim. Mutlaq huquq vakolatli davlat organi tomonidan intellektual mulk huquqi obyektiga nisbatan berilgan huquqiy muhofaza yorlig’i (patent, guvohnoma) asosida vujudga kelgan bo’lsa, bunda mulkiy huquqni o’tkazish haqidagi shartnoma yozma tuzilib, notarial guvohlantirilib, vakolatli davlat idorasining ro’yxatidan o’tkazilishi lozim. Ushbu qoida nou-xauga nisbatan ham amal qiladi. Aks holda shartnoma haqiqiy sanalmaydi. FKda va amaldagi qonunlarda ayrim intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlardan kelib chiquvchi mulkiy huquqlarning huquq egasi tomonidan boshqa shaxslarga o’tkazish masalasida yuqoridagi qoidalardan istisnolar mavjud. Masalan, FK 1110-moddasi 2-qismiga asosan, tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqining huquq egasi tomonidan boshqa shaxsga o’tkazishga yo’l qo’yilmaydi va mabodo shunday shartnoma tuzilgan bo’lsa, u haqiqiy sanalmaydi. FKning 1101-moddasida firma nomiga bo’lgan huquqni boshqa shaxsga o’tkazish tartibi va shartlari belgilangan bo’lib, u yuqoridagi umumiy qoidalardan farq qiladi. FKning 1105-moddasi 2-qismiga asosan, tovar belgisiga bo’lgan huquqni, basharti u tovar yoki uning tayyorlovchisi haqida chalg’ishga sabab bo’lishi mumkin bo’lsa, boshqa shaxsga berilishiga yo’l qo’yilmaydi. Intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq huquqlar huquq egasi vafotidan keyin meros tartibida qonuniy merosxo’rlarga yoki vasiyat asosida boshqa shaxslarga o’tadi. Bunda vujudga keladigan munosabatlarga nisbatan FKning V bo’limida vorislik haqidagi belgilangan normalar qo’llaniladi. Intellektual mulk obyektlariga mutlaq huquqlar egasi yuridik shaxs bo’lsa, bunday yuridik shaxs qayta tashkil etilgan hollarda (uni boshqa bir yuridik shaxs bilan qo’shib yuborish, qo’shib olish, bo’lish, ajratib chiqarish, o’zgartirish – FKning 49-moddasi) mutlaq huquq vorislik tartibida yangi tashkil etilgan yuridik shaxsga o’tadi. Qayta tashkil etishning bo’lish, ajratib chiqarish, o’zgartirish hollarida yangi vujudga kelgan yuridik shaxslarning qaysi biriga mutlaq huquq o’tishi ularning o’zaro kelishuvi asosida, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda sud tomonidan belgilanadi. Meros tartibida va huquqiy vorislik tartibida mutlaq huquqlarning o’tish fakti notarius tomonidan berilgan meros guvohnomasi, huquqiy muhofaza yorlig’i mavjud bo’lsa, ushbu yorliqni mutlaq huquqni yangi egasi nomiga rasmiylashtirish haqida vakolatli davlat idorasining tegishli hujjati olinishi va u davlat ro’yxatidan o’tkazilishi shart. Mulkiy huquqlarning shartnoma bo’yicha o’tkazilishi yoxud ularning universal huquqiy vorislik tartibida o’tishi mualliflik huquqlarining va boshqa begonalashtirilmaydigan hamda o’zgaga o’tkazilmaydigan mutlaq huquqlarning o’tkazilishiga yoki cheklanishiga sabab bo’lmaydi. Bunday huquqlar o’tkazilishi yoki cheklanishi to’g’risidagi shartnoma shartlari haqiqiy emas. Ushbu qoida ijodiy faoliyat natijasining yaratuvchisi bo’lgan muallifning bu natijalarga nisbatan mutlaq huquqlarga ega bo’lgan holatiga taalluqlidir. Bunday holda agarda muallif mutlaq huquqdan kelib chiquvchi mulkiy huquqlarni shartnoma asosida boshqa, uchinchi shaxslarga o’tkazsa yoki muallif vafoti tufayli 492 bunday mulkiy huquqlar universal vorislik tartibida huquqlar vorislariga o’tsa, muallif shaxsiy huquqlari, boshqa mutlaq huquqlar (uning o’zidan begonalashtirilmaydigan va boshqa birovga o’tkazilmaydigan) aslo bekor bo’lmaydi, cheklanmaydi yoki ularning ham shartnoma asosida uchinchi shaxslarga yoki vorislarga o’tishiga olib kelmaydi. Hatto mutlaq huquq sohibi muallifning o’zi bo’lmay, boshqa shaxs bo’lgan taqdirda ham, mutlaq huquqlardan kelib chiquvchi boshqa mulkiy huquqlar bu huquqlar egasi tomonidan shartnoma asosida uchinchi shaxsga yoki universal vorislik tartibida vorislarga o’tgan taqdirda ham bu holat muallifning huquqini hamda boshqa o’tkazilmaydigan va begonalashtirilmaydigan huquqlarining o’tishiga, bekor bo’lishiga yoxud cheklanishiga olib kelmaydi. Ijodiy faoliyat natijasi yaratuvchisi bo’lgan muallifning faqat o’zigagina tegishli bo’lgan, boshqa birovga o’tkazilmaydigan va begonalashtirilmaydigan mutlaq huquqlari doirasi, turlari va mazmuni FKning 1033-moddasida belgilab qo’yilgan. Bunday huquqlarning o’tkazilishi yoki cheklanishi haqidagi shartlar ko’zda tutilgan shartnoma muallifning o’zi bilan uchinchi shaxs o’rtasida yoki intellektual mulk obyektining yaratuvchisi bo’lmagan mutlaq huquq sohibi va uchinchi shaxs o’rtasida tuzilganligidan qat’i nazar, shartnomaning o’sha shartlari nazarda tutilgan qismi haqiqiy sanalmaydi va hech qanday huquqiy obyekt vujudga keltirmaydi. Bunday shartnoma o’z-o’zicha haqiqiy sanalmaydi va unga nisbatan FKning 113- moddasi 3-qismi qoidalari qo’llanadi. Shartnomaning yuqoridagi shartlarini haqiqiy emas deb topish haqida sud tomonidan qaror chiqarilishi talab etilmaydi. Intellektual mulk obyektiga nisbatan mualliflik huquqlari bu obyektga nisbatan mutlaq huquqlar fuqarolik muomalasida qancha shaxslarga o’tkazish orqali harakatda bo’lganidan qat’i nazar, muallifning o’zida saqlanib qoladi. Boshqacha aytganda, obyektga nisbatan mutlaq huquqlar necha martalab boshqa uchinchi shaxslarga o’tganligi fakti muallifning o’ziga tegishli bo’lgan va undan begonalashtirilishi mumkin bo’lmagan huquqlarining amal qilishiga biron-bir darajada to’sqinlik qilmaydi. Shartnoma bo’yicha o’tkaziladigan mutlaq huquqlar unda aniqlab qo’yilishi lozim. Shartnomalarda boshqa shaxsga o’tkaziladigan huquq sifatida ko’rsatilmagan huquqlar, agar boshqacha hol isbotlanmagan bo’lsa, o’tkazilmagan hisoblanadi. Ma’lumki, mutlaq huquq mulkiy huquqlar majmui sifatida huquq egasi intellektual mulk obyekti bo’yicha o’zi sodir etishga haqli bo’lgan, boshqalarga sodir etishga ruxsat bera oladigan yoki sodir etishni taqiqlab qo’ya olishga haqli bo’lgan xilma-xil vakolatlarni o’z ichiga oladi. Shu sababli ham mutlaq huquqlar shartnoma asosida huquq egasi tomonidan boshqa shaxsga o’tkazilganda aynan qanday huquq (masalan, ma’lum hudud doirasida shaxsan tanho foydalanish, boshqa foydatanuvchilar ham mavjud bo’lgan asosda foydalanish, boshqa hudud doirasida bu huquqni amalga oshirishga taalluqliligi yoki taalluqli emasligi) o’tkazilayotganligi va bu huquqdan kelib chiquvchi vakolatlarni aniq belgilab, shartnomada aks ettirish lozim. Shartnomada nazarda tutilmagan barcha huquqlar 493 (mutlaq huquqqa oid) toki buning aksi isbotlanmaguncha shartnoma bo’yicha o’tkazilmagan deb hisoblanadi, degan prezumpsiya amal qiladi. Buning ma’nosi shundan iboratki, agar shartnoma asosida mutlaq huquqlardan bir qismini o’ziga olgan shaxs bu huquqlarga oid qo’shimcha boshqa huquqlarni ham amalga oshirsa, bu holda o’sha qo’shimcha huquqlardan mutlaq huquqlar egasi roziligi yoki ruxsati asosida amalga oshirganligini tegishli dalil bilan isbotlab bermog’i shart. Aks holda, u qo’shimcha huquqlarni o’zlashtirib olgan hisoblanadi. Qo’shimcha huquqlar mutlaq huquqlar egasi roziligi yoki ruxsati asosida olganligini isbotlash majburiyati faqat uchinchi shaxs zimmasida bo’ladi. Masalan, ixtiroga nisbatan mutlaq huquqlar egasi yengil mashinalar ishlab chiqaruvchi korxonaga ma’lum markadagi engil mashinani ishlab chiqarishda foydalanish uchun shartnoma asosida ixtirodan foydalanish huquqini o’tkazgan bo’lsa, korxona boshqa markadagi yengil avtomobillarga nisbatan ushbu ixtironi qo’llay olmaydi (agar bu to’g’rida mutlaq huquqlar sohibining maxsus ruxsatini olmagan bo’lsa). Mutlaq huquqni uni amal qilish davri bo’yicha cheklangan muddatlarda foydalanish uchun boshqa shaxsga berishni nazarda tutuvchi shartnomaga nisbatan litsenziya shartnomasi to’g’risidagi qoidalar qo’llaniladi. Buning ma’nosi shundan iboratki, FKning 1035-moddasi 1-3-qismlarida ko’zda tutilgan qoidalar mutlaq huquqlar shartnoma asosida yoki universal vorislik tartibida bunday mutlaq huquqlar amal qilishning barcha qolgan muddati bo’yicha uchinchi shaxsga o’tishga nazarda tutilgan hollarga nisbatan taalluqlidir. Agar mutlaq huquqlar egasi bu huquqlarni boshqa shaxslarga vaqtinchalik o’tkazsa (ma’lum chegaralangan muddat davomida), u holda bunday shartnoma litsenziya shartnomasi hisoblanadi. Download 5.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling