Toshkent davlat yuridik universiteti
§. Intellektual mulk huquqi to’g’risida ilmiy nazariyalar tavsifi
Download 5.5 Mb. Pdf ko'rish
|
Fuqarolik huquqi II-qism
2 §. Intellektual mulk huquqi to’g’risida ilmiy nazariyalar tavsifi
Mulk huquqi har doim nafaqat fuqarolik huquqining balki har qanday huquq tizimining eng asosiy, markaziy institutlaridan biri hisoblanadi. Shu sababli Qadimgi Rim huquqida, undan keyinroq vujudga kelgan musulmon huquqida ham unga alohida o’rin ajratilgan. Biroq XVII asrlarga kelib mulk huquqi barcha mol- mulklar va mulkiy huquqlarni fuqarolik muomalasida bo’lishini tegishli va zarur darajada tartibga sola olmasligi ma’lum bo’ldi. Gap kitob bosishni ixtiro qilish va ixtirolarni sanoatda keng qo’llashni boshlash bilan vujudga kelgan inson ijodiy faoliyati natijalariga nisbatan mulkiy huquqlar ustida bormoqda. Ularga nisbatan odatdagi, an’anaviy mulk huquqi normalarini qo’llash, mulkdor huquqlarini samarali himoya qilish mumkin emas edi. Xuddi shu sababli ham mulk huquqi bag’ridan intellektual mulk huquqini ajralib chiqishi uchun obyektiv zarurat vujudga keldi. Biroq intellektual mulk huquqi birdaniga osongina shakllanmadi. U to hozirgi ko’rinishdagi doktrinalar holiga yetguncha murakkab va ziddiyatli jarayonlarni boshdan kechirdi va turli tuman ilmiy nazariyalar shaklida rivojlanib bordi. A.P.Sergeevning ko’rsatishicha o’rta asrlarda hukmdorlar ayrim noshirlar va texnik yangiliklar ixtiro qilgan manufaktura egalariga alohida imtiyozlar berishgan. Keyinchalik esa qonunlarda asarlar va texnik yangiliklardan foydalanishda ularning egalariga muayyan cheklangan muddatga mutlaq huquqlar berish rasm bo’lgan 97 . Xuddi shu sababli ham intellektual mulk huquqining dastlabki kurtaklari huquq normalarida o’z mujassamini topishi garchi qandaydir nazariyada o’z ifodasini topmagan bo’lsa ham, uni o’ziga xos nazariy asoslari mavjud deb hisoblash mumkin. Uni shartli ravishda "imtiyozli mulkdorlar nazariyasi" deb atash o’rinli bo’lur edi. Ushbu nazariya amal qilgan davrlarda 1623 yilda Angliyada qirol Yakov Styuart tomonidan "Monopoliyalar haqida Statut" qabul qilindi. Bunda texnik yangilikni ishlab chiqqan va qo’llagan shaxsga 14 yillik muddatga ushbu yangilikka nisbatan mutlaq huquq belgilandi. 1710 yilda "qirolicha Anna Statutlari" chiqarildi va adabiy asarlarga nisbatan ular yaratilgan vaqtdan boshlab 14 yil o’z asarini e’lon qilishga nisbatan mutlaq huquq belgilandi (ushbu muddat muallif hayotlik davrida yana 14 yilga uzaytirilishi mumkin edi). Ushbu qonunlarda imtiyozlar o’ziga xos ko’rinishga, yuqoriroq bosqichga ko’tarildi, ya’ni monopoliya (yakka hokimlik) shakliga o’tdi, hozirgi mutlaq huquqlarning ilk kurtaklari unda o’z ifodasini topdi. XVIII asr oxirlarida intellektual mulk huquqini izohlovchi ilk ilmiy nazariya – tabiiy huquqlar nazariyasi vujudga keldi. Ushbu nazariya asosida ijodkor shaxsning huquqlari inson va fuqaroning tabiiy huquqlarini ajralmas qismidir, uning ma’naviy ijodining natijasidir degan asosli xulosa yotadi. Ushbu huquq tabiiy huquq bo’lib, u davlat uni tan olishi, e’tirof etishidan qat’i nazar mavjud bo’ladi. Davlat uni faqat himoya qilishga ko’maklashishi mumkin, uchinchi 97 Сергеев А.П. Право интеллектуальной собственности РФ. –М.: Проспект, 2000. 11-б. 476 shaxslar tajovuzidan ushbu huquqlarni muhofaza qilish mumkin xolos. Ushbu nazariya ijodiy faoliyat natijalariga nisbatan mulk huquqini e’tirof etishga, ularni bozorda xaridor topilsa, sotishga imkon beruvchi huquqiy asoslarni vujudga keltirdi. Keyinchalik proprietor (mulk ma’nosini anglatadi) nazariyasi vujudga keldi va XIX asrda keng tarqaldi. Uning asosida insonning har qanday mehnati mulk yaratadi, demak, ijodkor inson aqliy mehnati ixtirolar, asarlar va boshqa nomoddiy (vujudsiz, jismsiz) obyektlarni yaratadi degan g’oya yotadi. Ushbu nazariya YYevropa ning roman huquq tizimi amal qilgan davlatlarida keng tarqaldi. Ushbu mamlakatlarda ijodiy yutuqlar yaratuvchilarining huquqlari mulk huquqiga tenglashtirildi, ba’zan esa ijodiy faoliyat mahsullari bevosita ko’char mol- mulklarga mansub deb belgilab qo’yildi. Mulk nazariyasi bilan bog’liq ravishda sanoat mulki, adabiy-badiiy mulk, intellektual mulk iboralari muomalaga kiritildi va ular xalqaro hujjatlarda o’zining legal ifodasini topdi (1883 yilda amalga kiritilgan sanoat mulkini muhofaza qilish bo’yich Parij Konvensiyasi, 1886 yilda adabiy – badiiy asarlarni muhofaza qilish bo’yicha Bern Konvensiyasi ishlab chiqildi, 1967 yilda Stokgolmda Butunjahon intellektual mulk Tashkiloti (BIMT) ni ta’sis etish to’g’risida Konvensiya tuzildi va h.k.). Garchi intellektual mulk nazariyasi ijodkor insonlar huquqlarini e’tirof etish, amalga oshirish va himoya qilishda ijobiy natijalar berganiga qaramasdan uning zaif nuqtalari ham mavjud edi. Bu mulk huquqi to’g’risidagi barcha normalarni intellektual mulk obyektlariga nisbatan bevosita qo’llab bo’lmaslikda o’z ifodasini topadi. Paullet, P.Rozenberg kabi olimlar intellektual mulk uning nomoddiy ekanligi sababli maxsus tartibga solishni talab etuvchi alohida turdagi mulk, patentlar egalari, mualliflik huquqi va tovar belgilari subyektlari mulk huquqining obyektlari bo’lib ko’rinmas va vujudsiz ashyolar hisoblanadi deb ushbu zaif nuqtalarni bartaraf etishga urindilar. Intellektual mulk huquqini tabiatini izohlashda intellektual huquqlar nazariyasi ham o’ziga xos o’rin egallaydi. 1879 yilda belgiyalik yurist E.Pikar "intellektual huquqlar" iborasini muomalaga kiritdi. Ushbu nazariyaga mualliflar, patent egalari huquqlari sui generis ya’ni fuqarolik huquqlarini an’anaviy ravishda ashayoviy, majburiyat, shaxsiy huquqlarga bo’lish doirasiga kirmaydigan alohida turdagi huquqlar sifatida qarash lozim degan g’oya asos bo’ldi. Bunday huquqlar ashyoga nisbatan mulk huquqidan amal qilish vaqti va hududi (makon va zamon), muhofaza hajmi, foydalanish xususiyatlari bilan farq qiladi. Maxsus intellektual huquqlar nazariyasi tarafdorlarining ko’pchiligi "intellektual mulk" iborasini qo’llashga qarshidirlar. Keyinchalik Y.Koller tomonidan nomoddiylik haqidagi nazariya (immaterial nazariya) ishlab chiqildi va V.Eremenkoning fikricha u mualliflik va patent huquqini rivojida muhim va jiddiy ta’sir qiladi 98 . Ushbu nazariya mazmunida mulk huquqidan farqli ravishda mualliflik va ixtirochilik huquqlari shaxsiy (nomoddiy) huquqlar va mulkiy huquqlarni birikmasidan (kombinatsiyasidan) iborat degan g’oya yotadi. 98 Еременко В.И. ГК РФ и интеллектуальная собственность. Государство и право. 2003. №1, 4-бет. 477 Rossiyalik taniqli svilist olim A.P.Sergeev ham ushbu nazariyaga o’xshash mulohazalarni bayon etadi: "Hozirgi vaqtda mualliflik va ixtirochilik huquqlarini ikki yoqlama tabiatini amalda hech kim shubha ostiga olmaydi. Bir tomonda ijodiy natija yaratuvchisiga undan foydalanish huquqi tegishlidir. Ushbu huquq mutlaq xarakterga ega va erkin ravishda boshqa shaxsga o’tkazilishi mumkin. Ushbu huquq mulkiy huquqqa mansub va o’zining qator belgilariga ko’ra haqiqatan ham mulk huquqi bilan o’xshashdir. Boshqa tomondan, muallif mualliflik huquqi, mualliflik nomiga bo’lgan huquq va shu kabi shaxsiy nomulkiy huquqlar majmuining sohibidir. Ushbu huquqlar o’z tabiatiga ko’ra uning sohibidan begonalashtirilishi mumkin emas. Ayni vaqtda mulkiy va shaxsiy huquqlar o’rtasida o’tib bo’lmas chegara yo’q, ular mustahkam tarzda o’zaro bog’liq, o’zaro chatishib ketgan va shunday holatda uzviy birlikni tashkil etadi" 99 . Shaxs nazariyasi O.Girke asarlarida o’zining ifodasini topgan. Ushbu nazariyaga ko’ra ijodkorning huquqi uning shaxsining tarkibiy qismi, uning ijodiy faoliyatining natijasidir. Ushbu huquq nomga bo’lgan huquq, yashashga bo’lgan huquqqa o’xshashdir. Hatto muallif o’z asarini chop ettirganda, ixtirochi patent olgan taqdirda ham u o’zining ichki mohiyatiga ko’ra shaxsning yagona huquqi bo’lib qoladi deb ko’rsatadilar – ushbu nazariya tarafdorlari. Ushbu nazariya intellektual mulkning faqat bir jihatinigina qamrab oladi, biroq intellektual mulk obyektlarini fuqarolik muomalasida harakatda bo’lishini ta’minlay olmaydi. Tabiiy huquqlar, sanoat mulki, intellektual huquqlar, nomoddiylik, shaxs nazariyalari M.Kuznetsovning ko’rsatishicha xususiy-huquqiy nazariyalar turkumiga kiradi 100 . Intellektual mulk mohiyatini tushuntirishga harakat qiluvchi nazariyalarning ikkinchi turkumi ommaviy – huquqiy nazariyalardir. Ular ichida eng mashhurlari – shartnomaviy nazariya va mutlaq (mustasno) huquqlar nazariyalaridir. Shartnomaviy nazariyaga ko’ra ijodkor siyosiy hokimiyat bilan, davlat bilan o’ziga xos shartnomaviy munosabatda bo’ladi. Masalan, E.Bogatix, V.Levchenkoning fikricha, patentni shartnoma sifatida tushunish patent-huquqiy institutlar mazmuniga jiddiy ta’sir ko’rsatib kelmoqda. Ixtirochi omma uchun o’z ixtirosining mazmunini ochib beradi, buning evaziga davlat ixtirochining muayyan huquqlar bilan ta’minlaydi va ularni muayyan muddat muhofaza qiladi. Ushbu muddat tugagach ixtiro umuminsoniy boylikka aylanadi. Ushbu shartnoma har ikkala taraf uchun ham foydali, o’zaro manfaatga asoslanadi 101 . Biroq V.Eremenko ushbu nazariyaning bir zaif nuqtasiga ahamiyat beradi: agar patent shartnoma bo’lsa, u holda davlat shartnomalar erkinligi tamoyiliga asosan bunday shartnomani tuzmasligi ham mumkin, biroq amalda bunday emas. Umumiy qoidaga ko’ra davlat qonunda belgilangan talablarga javob beradigan barcha ixtirolarga patent berishi shart 102 . Shunday qilib ushbu nazariya ham intellektual mulk mohiyatini to’la ochib bera olmaydi, individuallashtirish 99 Сергеев А.П. Право интеллектуальной собственности РФ. –М., Проспект, 2000. 13-14-б. 100 Кузнецов М.К. Охрана результатов творческой деятельности в международном частном праве. –М., 1988. 59-б. 101 Богатих Е.А., Левченко В.И. Патентное право капиталистических и развивающихся государств. –М., 1978. 16-18-б. 102 Еременко В.И. ГК РФ и интеллектуальная собственность. Государство и право. 2003. №1, 36-бет. 478 vositalari va oshkor etilmagan axborotlarga nisbatan esa ularni aslo qo’llab bo’lmaydi. Keng tarqalgan nazariyalardan yana biri bu mutlaq (mustasno) huquqlar nazariyasi hisoblanadi. Ushbu nazariya XIX asr oxirlarida vujudga keldi. Uning tarafdorlaridan biri A.Pilenko quyidagicha yozadi: "Patent huquqining mohiyati shundaki uning sohibi barcha uchinchi shaxslarga quyidagilarni taqiqlab qo’yishi mumkin: 1) patentlangan ixtironi o’zlashtirib olishni; 2) aynan o’shanday ixtironi qaytadan ixtiro qilishni; 3) huddi shunday ixtironi patentlashni so’rab murojaat qilishni. Ushbu vakolatlar patent berilgandan keyingina vujudga keladi 103 . E.P.Gavrilov ham mutlaq huquq mazmunini shunday sharxlaydi: "mutlaq huquq shundan iboratki, uning sohibi ushbu huquqdan foydalanishni har qanday uchinchi shaxslarga taqiqlab qo’yishga haqlidir. Ayni vaqtda mutlaq huquqlar sohibi ko’p hollarda o’ziga tegishli bo’lgan mutlaq huquqlardan foydalanishni qisman yoki to’liq uchinchi shaxslarga ham topshirishga haqli" 104 . Ushbu nazariyaning afzalligi shundaki, u mutlaq huquqlarni obyektdan muayyan doiradagi shaxslar foydalanishi uchun real imkoniyat bo’lgan holda amalga oshirilishini ta’minlaydi. Garchi V.Eremenko uning zaifligi mutlaq huquqni tasarruf qilish imkoniyatini chegaralanganida 105 deb hisoblasa ham aslo unday emas. Uning zaifligi asosiy e’tiborni mutlaq huquqlarga qaratib shaxsiy huquqlarni nazardan qochirganida namoyon bo’ladi. XX asr o’rtalarida klientela nazariyasi ilgari surildi (muallifi – fransuz olimi P.Rube). Unga ko’ra patent huquqi tarkibi doimiy ravishda o’zgarib turadigan va mutlaqo boshqacha qonunlar ta’sirida bo’lgan muayyan doiradagi iste’molchilar huquqidir 106 . Intellektual mulk huquqi bo’yicha hozirda keng amal qilayotgan doktrina uning qo’shaloq negizga ega ekanligiga asoslanadi. Ushbu qo’shaloq negiz mulkiy va shaxsiy huquqlardan iborat. Ushbu doktrinani asoslab berishda fransuz olimi R.Dyumaning xizmati katta. Ushbu nazariya mazmuni dunyoning ko’pgina mamlakatlarining intellektual mulkka bag’ishlangan normalarida o’z ifodasini topgan. O’zbekiston Respublikasi FKning IV bo’limi ham shular jumlasiga kiradi. Biroq hech qaysi nazariya intellektual mulk mohiyatini to’la ochib bera olmaydi. Shu sababli ba’zi adabiyotlarda intellektual mulkka nisbatan o’ziga xos ilmiy nazariy asos qidirish davom etmoqda. Keyingi vaqtlarda Rossiyalik svilist olim V.Eremenko ham bunga urinib ko’rdi. Uning fikricha nomoddiy ne’matlarga nisbatan huquqlar mohiyatiga nisbatan har tomonlama, kompleks yondashuv bo’lmagani sababli hozirga qadar bunga muvaffaq bo’linmagan. Shu sababli ham olim o’zining asosiy e’tiborini mutlaq huquqlarga qaratadi. Intellektual mulk 103 Пиленко А. Право изобретателя. Т.1. С-Пб. 1902. 288-б. 104 Гаврилов Э. Право на интеллектуальную собственность в новом ГК РФ. // Государство и право. 1995. №11. 63-64-бетлар. 105 Еременко В.И. Ўша асар. 37-б. 106 Еременко В.И. Ўша асар. 37-б. 479 obyektlariga nisbatan davlat tomonidan berilgan maxsus muhofaza mutlaq huquqlar shaklini oladi. Odatda tovarlarga nisbatan intellektual mulk obyektlari anchayin nozik hisoblanadi: keng ommaga uning mohiyati ma’lum bo’lishi bilan intellektual mulkdor maxsus himoyaga muhtoj bo’lib qoladi. Agar davlat himoya qilmasa, ushbu obyekt undan daromad olish maqsadida foydalanish uchun zarur vositalarga ega bo’lgan har kimsa tomonidan o’zlashtirilishi mumkin. Kafolatlangan huquqiy muhofaza mavjud bo’lmasa, intellektual mulk obyektlarini ishlab chiqishga muayyan mablag’lar sarflagan shaxs o’z xarajatlarini ham chiqarib ola olmaydi va oqibatda bunday turdagi faoliyatdan manfaatdor bo’lmagani tufayli unga qiziqishi yo’qoladi. Demak, deb xulosa chiqaradi V.Eremenko, mutlaq huquq jamiyatda badiiy ijodiyotni va ilmiy-texnika taraqqiyotini rivojlantirishni rag’batlantiradi 107 . V.Eremenko mutlaq huquq mazmunini tahlil qilar ekan, patent egasining mutlaq huquqi davlatning ommaviy-huquqiy hujjati asosida beriladigan legal monopoliya (qonuniy yakka hokimlik) shaklida namoyon bo’ladi – deb ko’rsatadi 108 . Shuni e’tirof etish lozimki, muallif muayyan ma’noda haq. Agar modomiki, intellektual mulkning aksariyat ko’pchilik obyektlari mohiyati mutlaq huquq bilan bog’liq ekan, u holda mutlaq huquqni asosiy tushuncha sifatida bo’rttirib ko’rsatish maqsadga muvofiq bo’lar. Biroq mutlaq huquqlar iborasini "intellektual mulk" o’rniga qo’llash o’rinli bo’larmikan? V.Eremenko asos sifatida ko’rsatadiki, AQSh, Yaponiya, Germaniya, Avstriya, Skandinaviya mamlakatlari va shu kabi davlatlarda "sanoat mulki", "intellektual mulk" iboralari faqat xalqaro shartnomalarda, Konvensiyalarda, xalqaro tashkilotlar nomlarida, patent idoralari nomlarida qo’llaniladi. Ixtirolarga nisbatan esa "mutlaq huquqlar" iborasi qo’llanadi. Shu sababli ham, uning fikricha MDH davlatlari ham "intellektual mulk" iborasidan voz kechib "mutlaq (mustasno) huquq" yoxud "mutlaq (nomoddiy) huquq" iborasini qo’llashlari lozim. Muallifning (ixtirochining) mutlaq (nomoddiy) huquqi – bu absolyut xarakterga va ikki yoqlama tabiatga ega (shaxsiy axloqiy) va mulkiy huquqlarni uzviy bog’lovchi subyektiv fuqarolik huquqidir. Ushbu huquqning mutlaqligi (mustasnoligi) uning egasining shaxsi bilan bog’liqligida ham, huquq egasiga har qanday shaxs qarshi turishi mumkinligida ham namoyon bo’ladi. Mutlaq huquqning mulkiy qismi tarkibida antimonopol qonunchilikka aslo zid kelmaydigan, davlat tomonidan tegishli muhofaza hujjati berish asosida tasdiqlanadigan legal monopoliya yotadi. Legal monopoliyani pozitiv funksiyasini amalga oshirishda mulk huquqi yuridik konstruksiyasi ba’zi elementlari, xususan, muhofaza qilinayotgan obyektlarni tasarruf qilish vakolatlaridan foydalanish mumkin. Mutlaq (nomoddiy) huquqning absolut xarakteri uning negativ funksiyasini, ya’ni uchinchi shaxslarga muhofaza qilinayotgan obyektlardan foydalanishni taqiqlash bo’yicha vakolatlarni belgilab beradi 109 . Qozog’istonlik olim T.Kaudirov intellektual mulkning holatini normativ tushunish bo’yicha to’rt xil konstruksiya mavjud deb hisoblaydi: 107 Еременко В.И. ГК РФ и интеллектуальная собственность. Государство и право. 2003. №1, 38-бет. 108 Ўша асар. 39-б. 109 Еременко В. Ўша асар 41-б. 480 A) mol-mulkning o’ziga xos turi, mulk huquqi obyekti; B) ijod mahsuli va individuallashtirish vositasi; V) fuqarolik huquq layoqati elementi; G) muayyan subyektga tegishli bo’lgan mutlaq huquq. U intellektual mulkni mutlaq huquq bilan ayniylashtirishga qarshi, chunki obyektni ifodalanish xususiyatlari kuchiga ko’ra "intellektual mulk huquqi" huquqqa bo’lgan huquqdan boshqa narsa emas. Eng asosiysi, u intellektual mulk huquqiga shunday ta’rif berishni taklif etadi: "intellektual mulk huquqi ijodiy intellektual faoliyatning obyektivlashtirilgan natijalariga va ularga tenglashtirilgan yuridik shaxslarning individullashtirish vositalari, jismoniy yoxud yuridik shaxs mahsulotlari, ular ko’rsatadigan xizmatlar, bajaradigan ishlarning individuallashtirish vositalariga nisbatan shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlar majmui ko’rinishidagi muhofazalanadigan axborotlarga bo’lgan huquqning bir turidir" 110 . Yuqorida intellektual mulk bo’yicha ilmiy nazariyalar umumiy tarzda ko’rib chiqildi. Ushbu nazariyalarning har biri stivilistika fani rivojida muayyan ahamiyatga ega va o’z davrida intellektual mulk mohiyati, o’ziga xos xususiyatlarining ayrim qirralarini ochib berdi va huquqiy tartibga solishda muayyan normalarni vujudga keltirdi. Ushbu nazariyalarning qay biri to’g’riroq degan savol qo’yish va bunga hakamlik qilish noo’rin bo’lur edi. Ilmiy texnika taraqqiyoti olg’a qarab borgan sari, ijtimoiy hayot rivojlanib borgan sari yangidan yangi obyektlar vujudga keladi va hatto aytish mumkin, ularning ba’zilari mavjud ilmiy nazariyalar doirasiga sig’masligi mumkin. U holda ularni izohlash uchun yangi ilmiy nazariyalar ishlab chiqishga zarurat tug’iladi. Bu jarayon tabiiy va shu sababli har qanday davrga, har qanday obyektga hozirjavob ilmiy nazariya yaratishga urinish istiqbolga ega emas. Biroq hozircha FKda o’z mujassamini topgan intellektual mulk konstruksiyasi mavjud reallik ehtiyojlariga qoniqarli javob beradi va shu sababli undan voz kechib, uni qandaydir "huquqlar majmui" bilan almashtirish oqilona bo’lmagan bo’lur edi. Download 5.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling