Spot kurs (spot rate) – valyuta oldi-sotdi bitimini tuzish paytida belgilangan, valyuta bozoridagi talab va taklif asosida shakllangan, joriy valyuta kursi bo‘lib, bu kurs bo‘yicha tuzilgan bitimlarda uning ishtirokchilari kelishilgan valyutalarni qisqa vaqt (bitim tuzilgan kundan boshlab 2 ish kuni) ichida etkazib berishni o‘z zimmalariga oladilar.
Forvard (muddatli) valyuta kursi (forward rate) – kelajakda, odatda, 2 ish kunidan ortiq muddatda valyutalarni o‘zaro ayirboshlash uchun foydalaniladigan, joriy valyuta kursi asosida belgilangan muddat uchun taxminiy hisoblangan valyuta kursidir. Shartnomada belgilangan muddat kelganda, bitimda ko‘rsatilgan kursdan joriy kurs farq qilsa, bundan bir tomon foyda oladi, boshqa tomon esa, zarar ko‘radi.
Valyutalar bilan tuziladigan bitimlardan ikkita maqsad ko‘zlangan bo‘lishi mumkin, ya’ni:
bitim ishtirokchilarini katta zarar ko‘rishidan himoyalash, yoki sug‘urtalash;
valyuta kurslari (forvard va spot kurslari) farqidan spekulyativ foyda olish.
Hozirgi kunda barcha turdagi halqaro hisob-kitoblar bevosita banklar orqali amalga oshiriladi. Xalqaro hisob-kitob operatsiyalari bank daromadlarini oshirish manbalaridan biri hisoblanib, banklar o‘z mijozlariga valyutalarni sotish yoki ulardan sotib olishda, 2 turli valyuta kurslarini belgilashadi, ya’ni ular valyutalarni sotish va sotib olish kurslaridir. Bankning valyutalarni sotish va sotib olish kurslari o‘rtasidagi farq marja yoki spred deb nomlanadi va ushbu farq bankning valyuta operatsiyalari bilan bog‘lik operatsion xarajatlarini qoplashi hamda unga foyda keltirishi lozim. Valyuta kurslari bo‘yicha spred hajmi banklarda turli valyutalar va mijozlar bo‘yicha bitim hajmiga qarab turlicha bo‘lishi mumkin.
Xalqaro biznes natijalari nafaqat tegishli mamlakatlar valyuta kurslari, balki milliy va xorijiy bozorlardagi aniq bir mahsulot va xizmatlar turining narxi bilan ham eksport va import operatsiyalari hajmi qiymati aniqlanib, o‘zaro taqqoslanadi. Shu jihatdan, valyuta kurslarining ikki turi, ya’ni real va nominal valyuta kurslari farqlanadi.
Valyuta kurslari o‘zgarishining erkinlik darajasiga ko‘ra valyuta kurslari qatiy belgilangan, chegaralangan egiluvchan, suzuvchi valyuta kurslariga bo‘linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |