– Kambagʻalchilik oʻlsin! Xotin bu gapni shikoyat tarzida aytdi, ammo Turobjop buni taʼna deb tushundi. – Nima, men seni olganimda kambagʻalligimni yashirganmidim? Erkaboyga oʻxshab chimildiqqa birovning toʻni, kavush-mahsisini kiyib kirganmidim? Bunday armoning boʻlsa hali ham serpulroq odamga teg. – Ikkita anor uchun xotiniigizni serpul odamga oshirgani uyaling! Bu gap Turobjonning hamiyatiga tegdi. “Jigarlaring ezilib ketsin” degani xotiniga qancha alam qilgan boʻlsa, bu gap Turobjonga shuncha alam qildi. – E, hoy, anor olib bermadimmi? – dedi Turobjon mayin tovush bilan, ammo bu mayin tovushdan qoʻrqqulik edi, – sira anor olib kelmadimmi? – Yoʻq! – dedi xotini birdan boshini burib. Turobjonnipg boshi gʻovlab, koʻzi tindi. – Oʻtgan bozor kuni yegan anoringni oʻynashing olib kelganmidi?! – Oʻynashim olib kelgan edi! Turobjon bilolmay qoldi: xotinining yelkasiga tepib, soʻngra oʻrnidan turdimi, yo turib keyin tepdimi; oʻzini obrezning oldida koʻrdi. Xotin, rangi oppoq, koʻzlarini katta-katta ochib unga vahimali nazar bilan qarar va boshini chayqab pichirlar edi: Turobjon bilolmay qoldi: xotinining yelkasiga tepib, soʻngra oʻrnidan turdimi, yo turib keyin tepdimi; oʻzini obrezning oldida koʻrdi. Xotin, rangi oppoq, koʻzlarini katta-katta ochib unga vahimali nazar bilan qarar va boshini chayqab pichirlar edi: – Qoʻying… Qoʻying… Turobjon uydan chiqib ketdi. Birpasdan keyin koʻcha eshigi ochilib-yopildi. Xotin uzoq yigʻladi, eriga qattiq gapirganiga pushaymon boʻldi, oʻzini qargʻadi, oʻlim tiladi; yigʻidan tolib tashqariga chiqdi. Qorongʻi, uzoq-yaqinda itlar hurar edi. Koʻcha eshigini ochib u yoq-bu yoqqa qaradi – jimjit. Guzar tomonda faqat bitta chiroq miltillar edi. Samovarlar yotgan. Qaytib uyga kirdi. Tom orqasida xoʻroz qanot qoqib qichqirdi. Koʻcha eshigi ochildi. Xotin to burilib qaraguncha Turobjon katta bir tugunni orqalab kirib keldi. U tugunni uyning oʻrtasiga tashladi. Bir choyshab anor har tomonga yumalab ketdi, bir nechasi obrezga tushdi. Turobjon xotiniga qaradi. Uning rangini koʻrib xotin qoʻrqib ketdi – bu qadar oqargan! Turobjon oʻtirib peshonasini ushladi. Xotini yugurib oldiga keldi va yelkasiga qoʻlini qoʻydi. – Qayoqqa bordingiz? – dedi entikib. – Nima qildingiz? Turobjon javob bermadi. Uning vujudi titrar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |