– Hali tugʻilmagan bolani yer yutkur deding-a, – dedi Turobjon borgan sayin tutaqib. Xotin indamay dasturxonni yigʻishtirib oldi, qozonga suv quyayotib, eshitilar-yeshitilmas dedi: – Oʻsha asalning puliga anor ham berar edi. – Berar edi! – dedi Turobjon zaharxanda qilib. – Anor olmay asal oldim! – Albatta berar edi! Albatta anor olmay, asal olgansiz! Mana shunday vaqtlarda til qotib ogʻizda aylanmay qoladi, mabodo aylansa, mushtning xizmatini qiladi. – Ajab qildim, – dedi Turobjon titrab, – jigarlaring ezilib ketsin! Bu soʻz unga qanday taʼsir qilganini faqat boshqorongʻi xotingina biladi. Turobjon bu gapni aytdi-yu, xotinining ahvolini koʻrib achchigʻidan tushdi, agar izzat-nafs qoʻysa hozir borib uning boshini silar va: “Qoʻy, xafa boʻlma, jahl ustida aytdim”, der edi. – Kishining yuragini qon qilib yuborasan, – dedi anchadan keyin. – Nainki men asal olsam! Asal otliqqa yoʻq, hali biz piyoda-ku! Xoʻjayinga bir oshnasi sovgʻa qilib kelgan ekan, bildirmasdan… oʻzidan soʻrab ozrogʻini oldim… Oʻzi berdi. Tansiq narsa, xursand boʻlarmikansan debman. Yo tansiq emasmi? Umringda necha marta asal yegansan? Oʻzim umrimda bir marta yeganman: Shokirxoʻja qandolatchi asal qiyom qildirayotganda qozoniga ammamning joʻjasi tushib ketgandi, shu joʻjani yalaganman… Turobjonning bu soʻzlari xotinining qulogʻiga notayin bir gʻuldirash boʻlib kirar edi. Uning Turobjon bilan uy qilganiga uch yil boʻlib kelayotir, nazarida, bu odam shu uch yildan beri gʻuldirab kelgan, hozirgisi shuning davomiday edi. Ittifoqo, bu kun, nima boʻldi-yu, uch soʻzni ravshanroq aytdi: “Jigarlaring ezilib ketsin”, dedi. Olamda uning suyangani eri, birdan bir orzusi – anor edi, birdaniga har ikkisi ham yoʻqqa chiqdi. Xotin uyga kirib ketdi. Anchadan keyin darchadan xira shuʼla tushdi. Turobjon ham kirdi. Xotin darcha yonida, bir tizzasiga boshini qoʻygan, qoramtir – kul-rang osmonga qarab oʻtirar edi. Turobjon tikka turib qoldi. Tokchadagi beshinchi chiroq pixillab yonar, uning atrofida katta bir parvona aylanar edi. Turobjon ham darcha yoniga oʻtirdi. Shiftning qayeridir “qirs” etdi, qayerdadir kaltakesak chirqilladi, Turobjonning qulogʻi jingʻilladi. U ham osmonga – xira yulduzlarga qaradi. Masjiddagi keksa baqaterak orqasidan koʻtarilgan qizgʻish oʻt koʻkka olovli iz qoldirib juda yuqoriladi va goʻyo osmonga urilganday chilparchin boʻlib, “poʻp” etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |