469-modda. Vaxta usulida ishlash chog‘ida mehnat va dam olish rejimlari
Hisobga olish davri doirasida ish vaqti va dam olish vaqti ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan va amalga kiritilguniga qadar ikki oydan kechiktirmay xodimlar e’tiboriga yetkaziladigan jadval bilan tartibga solinadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan jadvalda quyidagilar nazarda tutiladi:
hisobga olish davrining davomiyligi;
xodimlarni vaxtaga olib borish va u erdan qaytarib olib kelish uchun zarur bo‘lgan vaqt. Ish joyiga borish va u erdan qaytib kelish chog‘ida yo‘lda bo‘lish kunlari ish vaqtiga kiritilmaydi hamda vaxtalar o‘rtasidagi dam olish kunlariga to‘g‘ri kelishi mumkin;
xodimning vaxtada bo‘lgan davrida har kunlik ishning davomiyligi. Bunda shunday ishning cheklangan davomiyligi o‘n ikki soatdan oshmasligi kerak;
vaxtada dam olish vaqti, bu xodimga quyidagilarni taqdim etishni o‘z ichiga oladi: ish kuni davomida dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus (agar kunlik ishning (smenaning) davomiyligi sakkiz soatdan oshsa, ikkita tanaffus), ishlab chiqarish sharoitlariga ko‘ra bunday tanaffusning imkoni bo‘lmagan hollarda esa ish vaqtida xodimlarning ovqatlanish vaqtini belgilash va tashkil etish; har kunlik (smenalar o‘rtasidagi) dam olish, uning davomiyligi dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusni hisobga olgan holda kamida o‘n ikki soatni tashkil etishi kerak; vaxta davrida haftalik dam olish kunlari, agar ishlab chiqarish sharoitlariga ko‘ra buning imkoni bo‘lsa;
vaxta oralig‘idagi dam olish vaqti, bunga jadvalda nazarda tutilgan ish vaqti normasidan ortiq ishlaganlik uchun otgul kunlari va bu davrga to‘g‘ri keladigan dam olish kunlari kiradi. Otgul kunlari soni xodimning vaxtada bo‘lgan davrida jadvalga muvofiq ortiqcha ishlangan umumiy soatlar sonini ish kuni davomiyligining belgilangan normasiga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi.
Vaxtadagi ish jadvali doirasida to‘liq ish kuniga yetmaydigan ish vaqtining ortiqcha ishlangan soatlari kalendar yil mobaynida yig‘ilib borishi va to‘liq ish kunlarigacha jamlanib, keyinchalik vaxta oralig‘idagi qo‘shimcha dam olish kunlari berilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |