409-modda. Ixtiyoriy ravishda soliqni hisoblab chiqarish va to‘lashning o‘ziga xos
xususiyatlari
Oldingi
tahrirga qarang.
Qonunchilikka muvofiq soliqni hisoblab chiqarish va ushlab qolish majburiyati zimmasiga
yuklatilmagan ish beruvchidan daromadlar oluvchi jismoniy shaxslar soliqni jami yillik daromad
to‘g‘risidagi deklaratsiyada ko‘rsatilgan mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar
summasidan kelib chiqqan holda, soliqni ixtiyoriy ravishda to‘lash haqida jami yillik daromad
to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish bilan bir vaqtda beriladigan ariza asosida ixtiyoriy asosda
to‘laydi.
(409-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli
Qonuni
tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ushbu moddaning
birinchi qismida
ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan soliqni to‘lash jami
yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya ma’lumotlari bo‘yicha soliq organlari tomonidan
hisoblab chiqariladigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash muddatlarida
amalga oshiriladi.
XV BO‘LIM.
MOL-MULK SOLIG‘I
59-bob. Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq
410-modda. Soliq to‘lovchilar
Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqning soliq to‘lovchilari (bundan buyon
ushbu bobda soliq to‘lovchilar deb yuritiladi) deb quyidagilar e’tirof etiladi:
1) O‘zbekiston Respublikasi hududida ushbu Kodeksning
411-moddasiga
muvofiq soliq
solish obyekti hisoblanuvchi mol-mulkka ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari;
2) O‘zbekiston Respublikasi hududida ko‘chmas mulkka ega bo‘lgan O‘zbekiston
Respublikasining norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar.
Agar ko‘chmas mulk mulkdorining joylashgan erini aniqlashning imkoni bo‘lmasa, ushbu
mulkka egalik qiluvchi va (yoki) undan foydalanuvchi shaxs soliq to‘lovchi hisoblanadi.
Agar yuridik shaxs ko‘chmas mulkni moliyaviy ijaraga (lizing) olgan bo‘lsa, u ham soliq
to‘lovchi deb e’tirof etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |