26-modda. Jamiyatning foydasini jamiyat ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlashdagi
cheklashlar. Jamiyatning foydasini jamiyat ishtirokchilariga to‘lashdagi cheklashlar
Jamiyat quyidagi hollarda o‘z foydasini jamiyat ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlash
to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli emas:
jamiyatning butun ustav fondi (ustav kapitali) to‘liq to‘langunga qadar;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda jamiyat ishtirokchisi ulushining (ulushi bir
qismining) haqiqiy qiymati to‘langunga qadar;
agar bunday qarorni qabul qilish paytida jamiyat qonunga muvofiq bankrotlik
belgilariga javob bersa yoki agar mazkur belgilar jamiyatda shunday qaror qabul qilinishi
natijasida paydo bo‘lsa;
agar shunday qarorni qabul qilish paytida jamiyat sof aktivlarining qiymati uning ustav
fondidan (ustav kapitalidan) va zaxira fondidan kam bo‘lsa yoki shunday qaror qabul qilinishi
natijasida ularning miqdoridan kamroq bo‘lib qolsa;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Jamiyat o‘z ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlanishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan
quyidagi hollarda jamiyat ishtirokchilariga foydani to‘lashga haqli emas:
agar to‘lash paytida jamiyat qonunga muvofiq bankrotlik belgilariga javob bersa yoki
agar mazkur belgilar jamiyatda to‘lov natijasida paydo bo‘lsa;
agar to‘lash paytida jamiyatning sof aktivlari qiymati uning ustav fondidan (ustav
kapitalidan) va zaxira fondidan kam bo‘lsa yoki to‘lash natijasida ularning miqdoridan kamroq
bo‘lib qolsa;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan holatlar tugaganidan keyin jamiyat o‘z
ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlanishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan foydani to‘lashi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |