Xankeldiyeva G. Sh., Muminova E. A., Mirzayev A. T., Asraqulov A. S global iqtisodiy rivojlanish (darslik)


XX asr boshlarida jahon iqtisodiyoti globallashuvi nazariyalarining transformatsiyalashuvi va xususiyatlari


Download 1.08 Mb.
bet36/176
Sana27.10.2023
Hajmi1.08 Mb.
#1728474
1   ...   32   33   34   35   36   37   38   39   ...   176
Bog'liq
Global iqtisodiy rivojlanish-hozir.org (1)

2.5. XX asr boshlarida jahon iqtisodiyoti globallashuvi nazariyalarining transformatsiyalashuvi va xususiyatlari
Zamonaviy dunyo noaniqliklarga to‘la. Turli qit’alardagi atmosfera haroratining ko‘tarilishi va boshqa anomaliyalar bilan kuzatilayotgan tabiiy ofatlar ob-havo tizimining keskin o‘zgarayotganligini ko‘rsatadi. Bunday o‘zgarishlar chegaralari endi yil fasllariga qarab odatiy tebranishlarni o‘z ichiga olmaydi, uning ichida oldindan bashorat qilinmagan yangi jarayonlar yuzaga kelmoqdaki, bu mavjud tizimning odatdagi tuzilmalari o‘zgarayotganligini va ularni tushuntiruvchi nazariyalar eskirayotganini ko‘rsatadi. Tabiiy o‘zgarishlar bilan birga siyosiy hamda iqtisodiy o‘zgarishlar qonuniyatlarida ham yuqoridagi kabi tizim o‘zgarishlari yuz berayotganligini ko‘rish mumkin.

Shunisi xarakterliki, so‘nggi yillarda iqtisodiy globallashuvning salbiy jihatlarini tanqidiy baholash kuchaydi va bu jarayondagi ziddiyatlarni tahlil qilish g‘arb olimlari, shuningdek, o‘z hukumatlari va nufuzli xalqaro tashkilotlarda muhim lavozimlarni egallagan amaliy siyosatchilar tomonidan ham avj oldi. Ana shunday tanqidchilarning yorqin misoli sifatida 2001 yilda asimmetrik axborotli bozorlar yo‘nalishidagi tadqiqotlari uchun Nobel mukofoti sovrindori bo‘lgan J.Stiglitsni ko‘rsatish mumkin. J.Stiglits iqtisodiy fanlarning yangi tarmog‘i hisoblanuvchi “axborot iqtisodiyoti” fanining asoschisi hisoblanadi. J.Stiglits tomonidan “nomaqbul tanlash” va “axloqiy xatar” konsepsiyalari ishlab chiqilgan. U matematik usullardan foydalanib, bozor agentlarining to‘liqsiz, noaniq va asimetrik axborotlar va nomukammal raqobat sharoitida umumiy bozor muvozanatiga erisha olmasligini isbotlagan.


J.Stiglits J.Keyns va F.Ruzveltning davlatning iqtisodiyotdagi faol rolini qo‘llab-quvvatlash borasidagi g‘oyalari izdoshi bo‘lib, zamonaviy kapitalizmni yaxshilash va takomillashtirish kerak, deb hisoblaydi.
Iqtisodiy globallashuv jarayoniga haqiqiy baho bergan holda, u o‘zining “Globalizatsiya va uning nomutanosibliklari” nomli monografiyasida shunday deydi: “Men globalizatsiya ya’ni erkin savdo va milliy iqtisodiyotlarning yaqinroq integratsiyalashuvi yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlash yo‘lidagi kuch bo‘lishi mumkin, deb hisoblayman va u yer yuzidagi barcha odamlarning hayotini yaxshilash mumkin bo‘lgan rivojlanish salohiyatiga ega. Globallashuvning salbiy ta’siri rivojlanayotgan mamlakatlarga mafkuraviy siyosat tufayli yetkazilgan zarardan emas, balki global savdo tizimiga xos adolatsizliklardan xabardorlik hamdir. Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarning ikkiyuzlamachiligi, adolatsizligi ayon bo‘lib qoldi, bu – o‘z bozorlarini yopiq qoldirgan holda, turli yordamlar bahonasida rivojlanayotgan mamlakatlarni o‘z mahsulotlari uchun bozorlarni ochishga majbur qilishda ko‘rinadi. Hozirgi vaqtda bu ikkiyuzlamachi siyosatni faqat tor egoistik monopol manfaatlari rivojlangan mamlakatlarning yopiq bozorlariga bog‘liq bo‘lgan kishilargina oqlaydilar. Bunday siyosat boylarni boyitib, kambag‘allarni yanada kambag‘allashtirishi va o‘sib borayotgan norozilikni yanada kuchaytirishi ko‘pchilikka ayon bo‘lib bormoqda”.
Tabiiy o‘zgarishlar jamiyat haqidagi oldingi bilimlarning haqiqatligini shubha ostiga oladigan chuqur ijtimoiy o‘zgarishlar bilan birga keladi. XXI asrda o‘zgarishlarning jadal yuz berishi ijtimoiy taraqqiyot haqidagi avvalgi adolatli deb hisoblangan barqaror g‘oyalarni o‘zgartiruvchi bog‘liq bo‘lmagan, tasodifiy jarayon va hodisalarning tartibsiz majmui sifatida namoyon bo‘ladi. Terrorizm, ekstremizm, milliy va irqiy dushmanlikning keng tarqalishi va ularga hamroh bo‘lgan mahalliy qurolli mojarolar hamda ommaviy migratsiya kabi jahon siyosatidagi jarayon va hodisalar ijtimoiy munosabatlar va ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarning nazoratsiz tabiatini ifodalaydi. Zamonaviy dunyo tartibini tasvirlashda “turbulentlik” atamasining tobora ko‘proq qo‘llanilayotganligi jahon siyosatidagi xalqaro jarayonlarning oldindan aytib bo‘lmasligini juda aniq aks ettirayotgani tasodifiy emas.
Turbulentlik (lotincha “turbulentus” – turbulent, tartibsiz) – suyuqliklar va gazlarga xos hodisa bo‘lib, ularning oqimlarida turli kattalikdagi ko‘plab quyunlar hosil bo‘ladi, natijada ularning gidrodinamik va termodinamik xususiyatlari odatdagi ko‘rsatkichlardan tashqariga chiqadigan tebranishlarni boshdan kechiradi24. Bu atama jismoniy va ijtimoiy muhitda yuz berayotgan tasodifiy o‘zgarishlarni tavsiflash uchun ishlatiladi.
Jahon siyosatida turbulentlik tushunchasini globallashuvning transformatsion nazariyasi asoschilaridan biri – amerikalik siyosatshunos J.Rozenau taklif etgan bo‘lib, u 1990 yilda ko‘rib o‘tilayotgan holatni keng yorituvchi “Jahon siyosatida turbulentlik: o‘zgarishlar va davomiylik nazariyasi” asarini nashr etdi25. Bu tushunchaga ko‘ra, jahon tizimi keskin o‘zgarishlar natijasida yuqori tanglikni boshdan kechirmoqda, bu esa jahon siyosatini qo‘llab-quvvatlovchi tuzilmalar va jarayonlarni beqaror holga keltirib, ularni qayta tashkil etmoqda. Tizimning odatiy o‘zgarishlari anomaliyalar bilan almashtiriladi, tashkil etilgan tuzilmalar tarqalib ketadi, yangi jarayonlar ishlab chiqiladi, natijalar qisqa umr ko‘radi va tizim uzoq beqarorlik davriga kiradi.
Turbulent siyosatning asosiy xususiyati noaniqlik bo‘lib, qonuniyatlar yetishmasligi bilan xarakterlanadi. Jahon siyosati oldindan belgilangan qoidalar yoki chegaralarga ega bo‘lmagan bosqichga kiradi, chunki dunyoda keskinlik kuchayadi, munosabatlar o‘zgaradi va asosiy siyosatchilar tomonidan siyosiy rivojlanishi falajlanadi. Ushbu jarayonda ilgari barqaror bo‘lgan va uning o‘zgaruvchan tarkibiy qismlarining tebranishini cheklab qo‘ygan jahon siyosatining parametrlari yo‘q bo‘lmoqda.
J.Rozenau joriy siyosiy tizim parametrlarini o‘zgartiradigan beshta asosiy sababni ajratib ko‘rsatadi:
- texnologiyalarning rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan industrial jahon tartibidan postindustrial jahon tartibiga o‘tish;
- transmilliy xarakterga ega bo‘lgan atmosferaning ifloslanishi, terrorizm, narkotrafik, valyuta inqirozlari va OITS kabi hodisalarning paydo bo‘lishi;
- davlatlarning tobora yirik xalqaro masalalar bilan uzviy bog‘ligi ortishi natijasida o‘z vakolati doirasida yirik siyosiy masalalarni samarali hal eta olmasligi;
- barcha tashkiliy darajalarda markazdan qochish tendensiyalarining keng tarqalishi;
- dunyoni idrok qilishning o‘zgarishi va dunyo aholisi tahliliy qobiliyatining ortishi.
Nemis siyosatshunosi Xanns Maull turbulentlikni quyidagi uchta keng qamrovli tendensiya ta’siridagi xalqaro munosabatlarning globallashuvi oqibatlari sifatida tavsiflaydi:
- geosiyosatning geoiqtisodiyot ustidan hukmronligi;
- davlatlararo munosabatlardan jamiyat va transmilliy sohaga tobora ko‘proq o‘tayotgan global xavfsizlik muammosining mutatsiyalari;
- turli qadriyatlar tizimi va mafkuralar o‘rtasidagi ziddiyatlar intensivligining ortib borishi26.
Uning fikricha, yuqori o‘zaro bog‘liqlik bilan belgilangan tizimlardagi global o‘zaro ta’sirlar dinamikasi siyosiy nazoratning murakkabligini ko‘rsatadi, bu esa mavjud tizimning qulashiga olib kelishi mumkin.
Shunday qilib, tadqiqotchilar va siyosatchilar ijtimoiy va siyosiy hayotning tartibsiz tabiatini dunyodagi global o‘zgarishlar bilan bog‘laydilar. Shu asosda jismoniy va ijtimoiy sohalar o‘rtasidagi bog‘liqliklar, shuningdek, mavjud dunyo tartibining belgilangan qoidalar doirasida ishlamayotganligi tushuntiriladi J.Rozenau turbulentlik sababini tartibga solishning murakkabligi, global makonni egallash vakolatlariga egalik qilishga harakatlarda ko‘radi27.
XX asr oxirida jahon siyosiy tizimida yagona kuch uсhun mavqega ega bo‘lgan iyerarxiya vujudga keldi. Biroq, ushbu yagona kuchning jahon miqyosida tartibni saqlash va maqsadlariga erishish imkoniyatlari cheklangan. Masalan, AQSh imkoniyatlari turli sohalarni tobe uchun yetarli harbiy kuchga ega, biroq yuz berayotgan vaziyatlarning aksariyatini harbiy kuch bilan barqarorlashtirib bo‘lmaydi.
Global jarayonlarining murakkablashib borishi sharoitida jahon miqyosida hokimiyatni jamlash masalasi dolzarb bo‘lib qoladi. Shu bois muayyan muammolarni hal etishga qaratilgan xalqaro tuzilmalar oldingi o‘ringa chiqadi va ularning hamkorligi jahon siyosatida yuzaga kelayotgan tahdid va qiyinchiliklarni bartaraf etishga samarali ta’sir ko‘rsatadi.
Siyosiy turbulentlikka avval belgilangan tartib va madaniy an’analar qarshilik ko‘rsatadi. Mavjud tartibni saqlovchi kuchlar va transformatsiyaga intiluvchi kuchlar o‘rtasidagi kurash natijalarini bashorat qilish uchun turbulentlik tushunchasi ichidagi mavjud tendensiyalarni aniqlash va tahlil qilish kerak. Turbulentlik tadqiqotlari jahon siyosatini o‘zgartirishga hissa qo‘shuvchi turli harakatlantiruvchi kuchlarni tahlil qilish bilan bog‘liq bo‘lib, natijada yangi qoida va tartiblar tan olindi.
Axborot qarama-qarshiliklari elementlarining ta’siri ortib borishi voqelikni idrok etishni o‘zgartiruvchi yangi texnologiyalarning paydo bo‘lishiga yordam beradi. Masalan, Oksford lug‘atini tuzuvchilarning fikriga ko‘ra, 2016 yil “haqiqatdan keyingi” (“post-haqiqat”) davr deb ataladi. Bu atama XXI asrning boshlarida hozirgi zamonga tegishli har qanday tushuncha, voqeaning o‘rinsizligini ifodalash uchun qo‘llaniladi28.
“Post-haqiqat” tushunchasi jamoatchilik fikrini shakllantirishda ob’ektiv faktlar hissiyotlar va shaxsiy e’tiqodlarga murojaat qilishdan ko‘ra kamroq ahamiyatga egaligini bildiradi.
“Post-haqiqat” ko‘pincha real narsadan ko‘ra ko‘proq mashhur bo‘luvchi “soxta yangiliklar” (“fake news”)ga asoslanadi. Collins English Dictionary mualliflari 2017 yildagi eng mashhur so‘z sifatida “soxta yangiliklar” (“fake news”) so‘zini e’lon qilishgan. Collins “soxta yangiliklar”ni “yangiliklar niqobi ostida tarqalgan yolg‘on, shov-shuvli ma’lumotlar” deb ataydi29. Collins ning ma’lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda dunyo ommaviy axborot vositalarida “soxta yangiliklar” dan foydalanish 365 % ga oshdi.
“Soxta yangiliklar”ning xavfliligi shundaki, axborot makonidagi shov-shuvli xabarlar sifatida buzilgan, yolg‘on, soxta yangiliklar ustunlik qila boshlaydi va ular real muammolarning muhokama markazidan chetlashtiradi.
Jahon iqtisodiyoti globallashuvi nazariyalari XX asrning oxiri va XXI asr boshlarida mantiqiy va sifat jihatidan tobora yangilanib, o‘zgarib bormoqdaki, buning natijasida globallashuv sharoitidagi iqtisodiy jarayonlar yangicha talqin va xususiyatlarni kasb etmoqda.



Download 1.08 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   32   33   34   35   36   37   38   39   ...   176




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling