Xi-bob. Korxonaning investitsion faoliyati
Investitsion loyihalarning samaradorligini
Download 1.24 Mb. Pdf ko'rish
|
11.3. Investitsion loyihalarning samaradorligini
baholashning uslubiy asoslari Investitsiyalarning iqtisodiy samaradorligini baholash. Umuman olganda samaradorlik muayyan natijalarga erishishni anglatadi. U sarflangan xarajatlar va olingan natijalar nisbati asosida aniqlanadi. Xarajatlar qanchalik kam va natijalar qanchalik ko‘p bo‘lsa, samaradorlik ham shunchalik yuqori bo‘ladi. Investitsiyalarning iqtisodiy samaradorligi butun ishlab chiqarish samaradorligining tarkibiy qismidir. Turli darajadagi xo‘jalik faoliyatida investitsiyalarning iloji boricha ko‘proq foyda, qaytim keltirishi asosiy vazifa qilib belgilanadi. Bu qoidadan chetga chiqish resurslarni yo‘qotish, jamiyatning ilgarigi va hozirgi mehnatini yo‘qqa chiqarishga olib kelishi mumkin. Investitsiyalarning iqtisodiy samaradorligini baholash zarurati, qo‘shimcha kapital qo‘yilmalar kiritilishini talab qiluvchi yangi qurilish, mavjud ishlab chiqarishni kengaytirish, qayta tiklash va texnik jihatdan qayta qurollantirish, ishlab chiqarishni zamonaviylashtirish va tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni ishlab chiqish kabi barcha hollarda yuzaga keladi. Ba’zan mahsulotlarning yangi turini ishlab chiqarish ham investitsiya va boshqa mablag‘lar kiritilishini, demak, xarajat va natijalar nisbatini avvaldan baholashni talab qiladi. Investitsiyalarning iqtisodiy samaradorligini baholashda korxonalar ikkita vazifani hal qilishlari lozim: birinchisi - kapital qo‘yilmalarning qoplanish muddati va daromadliligi nuqtai nazaridan, eng maqbul variant tanlash imkoniyatini yaratuvchi investitsion loyiha samaradorligini baholash; ikkinchisi - mavjud ishlab chiqarishga ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini yaxshilash maqsadida kiritiluvchi investitsiyalar samaradorligini baholash (qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarish, tannarxni kamaytirish, foydani oshirish va hokazo). Birinchi vazifaning yechimi mos keluvchi marketing tadqiqotlarini amalga oshirishni ko‘zda tutib, bu tadqiqot davomida talab va undan kelib chiquvchi taklif, bozor segmentatsiyasi, bahoni shakllantirish strategiyasi, moliyalashtirish manbalari va boshqalar aniqlanishi lozim. Investitsion loyihani muqobillik asosida tanlagandan so‘ng birlamchi-ruxsat beruvchi hujjatlarni, texnik va boshqa qarorlarni, jumladan, muhandislik ta’minoti, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlar tayyorlashishlari amalga oshiriladi. Investitsion loyihani tayyorlash va shunga mos ravishda investitsiyalar samaradorligini baholash zarurati ko‘p hollarda yangi korxona, sexlar qurish yoki mavjud ishlab chiqarishni qayta tiklash va kengaytirish bilan bog‘liq bo‘ladi. Bularning barchasi nafaqat makonda, ya’ni ma’lum bir hududda, yer maydonida, balki vaqtida amalga oshirilishi sababli, vaqt muddati loyihani amalga oshirish, jumladan, korxonani tashkil qilish (qayta tiklash, kengaytirish) hamda ekspluatatsiya qilish va tugatish muddatidan kelib chiqqan holda hisoblanadi. Investitsion loyihaning samaradorligi ko‘rsatkichlari loyiha qarorlarini texnikaviy, texnologik va tashkiliy nuqtai nazaridan tavsiflab beradi. Loyiha samaradorligi loyihaning jalb etiladigan hamkorlar uchun jozibadorligini aniqlash va moliyalash manbalarini qidirish hamda keyinchalik monitoringini olib borish maqsadida baholanadi. Investitsiyalar samaradorligini baholash investitsion qarorlar qabul qilish jarayonidagi mas’uliyati eng yuqori bo‘lgan bosqichlardan biridir. Shuni aytib o‘tish kerakki, oldingi paytda mamlakatimizda kapital qo‘yilmalar samaradorligini baholash usullarini unchalik qoniqarli deb hisoblab bo‘lmasdi. Bu maqsadda qo‘llanuvchi ikkala ko‘rsatkich samaradorlik koeffitsiyenti (o‘rtacha yillik foyda miqdorining kapital qo‘yilmalar hajmiga nisbati) va o‘zini qoplash muddati (unga teskari ko‘rsatkich) bir qator jiddiy kamchiliklarga ega bo‘lib, ular real investitsiyalar samaradorligini baholashda ob’yektiv ma’lumot olishga imkon bermaydi. Bu kamchiliklar nimalardan iborat? Ulardan biri sanab o‘tilgan ko‘rsatkichlarning har bittasini hisob-kitob qilishda vaqt omili hisobga olinmasligidadir – foyda va investitsiya mablag‘lari hajmi haqiqiy qiymatga keltirilmaydi. Demak, hisob-kitob jarayonida oldindan solishtirib bo‘lmaydigan ko‘rsatkichlar – investitsiyalar summasi hozirgi qiymatda va foyda summasi kelajakdagi qiymatda beriladi. Yana bir kamchilikka ko‘ra investitsiya qilingan kapitalni qaytarish ko‘rsatkichi sifatida faqat foyda qabul qilingan. Biroq amalda investitsiyalar sof foyda va amortizatsiya ajratmalaridan iborat pul oqimi ko‘rinishida qaytariladi. Demak, investitsiyalar samaradorligini faqat foyda asosida baholash hisob-kitob natijalarini juda o‘zgartirib yuboradi. Va nihoyat, uchinchi kamchilik shundan iboratki, ko‘rib chiqilayotgan ko‘rsatkichlar investitsiya loyihasi to‘g‘risida faqat bir tomonlama baho olishga imkon beradi, chunki ularning ikkalasi ham bir xil boshlang‘ich ma’lumotlardan foydalanishga asoslanadi. Real investitsiyalar samaradorligini baholashda xorijda amal qiluvchi, so‘nggi paytlarda O‘zbekistonda ham qo‘llana boshlagan asosiy tamoyil va uslubiy yondashuvlarni ko‘rib chiqamiz. Bunday tamoyillardan birinchisi investitsiya qilingan kapitalning pul oqimi ko‘rsatkichi (cash flow) asosida qaytarilishiga bog‘liq bo‘lib, investitsiya loyihasini ekspluatatsiya qilish davomida amortizatsiya ajratmalari va sof foyda hisobiga shakllantiriladi. Bunda pul oqimi ko‘rsatkichi investitsiya loyihasining har bir yili bo‘yicha alohida yok i o‘rtacha yillik ko‘rsatkich sifatida baholanishi lozim. Baholashning ikkinchi tamoyili investitsiya qilinuvchi kapitalni ham, pul oqimlari miqdorini ham pul mablag‘larining hozirgi qiymatiga keltirishdir. Bir qarashda investitsiya qilinuvchi mablag‘lar doimo hozirgi qiymatida aks ettirilgan bo‘ladi, chunki pul oqimlari shaklida ularni qaytarish muddatidan ancha oldin kiritiladi. Haqiqatda esa bunday emas – investitsiyalash jarayoni ko‘p hollarda bir vaqtning o‘zida emas, balki bir nechta bosqichda amalga oshiriladi. Shu sababli birinchi bosqichdan tashqari kelgusida investitsiya qilinuvchi barcha summalar pul mablag‘larining hozirgi qiymatiga keltirilishi lozim bo‘ladi. Xuddi shu tarzda pul mablag‘lari oqimi ham hozirgi qiymatga keltiriladi. Baholashning uchinchi tamoyili turli investitsiya loyihalari uchun pul oqimlarini diskontlash jarayonida differensiyalangan foiz stavkasini (diskont stavkasini) tanlash hisoblanadi. Yuqorida aytib o‘tilganidek, investitsiyalardan olinuvchi daromad hajmi (real investitsiyalashda bunday daromad vazifasini pul oqimlari bajaradi) quyidagi to‘rt omil asosida shakllantiriladi: o‘rtacha real depozit stavkasi; inflyatsiya sur’ati (yoki inflyatsiya mukofoti); tavakkalchilik mukofoti; past likvidlik uchun mukofot. Shu sababli tavakkalchilik darajasi turlicha bo‘lgan ikkita investitsiya loyihasini taqqoslashda turlicha foiz stavkali diskontlash qo‘llanishi lozim (yuqori foiz stavkasidan tavakkalchilik darajasi yuqori bo‘lgan loyihalarda foydalanish lozim). Xuddi shu tarzda umumiy investitsiyalash davri (investitsiyalar likvidligi) har xil bo‘lgan investitsiya loyihalari uchun yuqori foiz stavkasi amalga oshirish muddati uzoqroq bo‘lgan loyihalarda qo‘llanishi kerak. Baholashning to‘rtinchi tamoyili baholash maqsadlaridan kelib chiqqan holda diskontlash uchun foydalaniluvchi foiz stavkalari variantsiyasi hisoblanadi. Investitsiyalar samaradorligining turli ko‘rsatkichlarini hisoblashda diskontlash uchun tanlab olinuvchi foiz stavkasi sifatida quyidagilardan foydalanish mumkin: o‘rtacha depozit yoki kredit stavkasi; inflyatsiya darajasi, tavakkalchilik darajasi va investitsiyalar likvidligini hisobga olgan holda investitsiyalar daromadliligining individual normasi; boshqa investitsiya turlari bo‘yicha daromadlilikning muqobil normasi; joriy xo‘jalik faoliyati bo‘yicha daromad normasi. Iqtisodiy o‘sishga xizmat qiluvchi investitsion muhitni tahlil qilish va baholashda asosiy omillar sifatida quyidagilar hisobga olinishi lozim: tabiiy resurslar va ekologik xolat; ishchi kuchining sifati; infratuzilma ob’yektlarining rivojlanish darajasi va ochiqligi; siyosiy barqarorlik, fors-major holatlarning yuzaga kelish extimolligi va ularni oldini olish imkoniyatlari; qonunchilikning mukammalligi, sifatliligi va amaliyligi, shuningdek iqtisodiyotning erkinlik darajasi; huquq-tartibot va qonunchilikka rioya qilish darajasi, shuningdek mulkiy huquqlarni himoya qilinishi; soliq tizimining sifati va soliq yukining darajasi; moliya-kredit institutlari faoliyatining sifati, shuningdek, kredit olishning osonlik darajasi; iqtisodiyotning ochiqligi, shuningdek, chet el mamlakatlari bilan savdo qilish qoidalari; iqtisodiyotdagi monopoliya darajasi, bozorga kirib borish va investitsiyalash oldida turgan xavf-xatar (tavakkalchilik) va to‘siqlar. O‘zbekistonda investitsion muhit avvalo jamiyatdagi siyosiy vaziyatning barqarorligi, sog‘lom iqtisodiy rivojlanish, davlat tasarrufidan chiqarish jarayonlari va nodavlat sektorining o‘sishi, o‘tkazilayotgan islohotlarning ketma-ketligi, tabiiy resurslar va respublika aholisining mehnatsevarligi bilan to‘ldiriluvchi bozor infrastrukturasining shakllanishini tavsiflaydi. Investitsion muhit shuningdek, investitsiyalarning davlat tomonidan kafolatlanishidan tashqari investorlarning, ayniqsa chet el investorlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish chora- tadbirlarini belgilab beruvchi qonunchilik hujjatlari hisobiga ham ta’minlanadi. Shu jihatdan “Xususiy mulk to‘g‘risida”gi, “Investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi, “Chet el investitsiyalari to‘g‘risida”gi, “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Tadbirkorlik va tadbirkorlik faoliyati kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Xususiy korxonalar to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlarni esga olib o‘tish joiz. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 11 apreldagi “To‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni investitsion faollikning o‘sishiga yangi kuch baxshida qildi. O‘zbekistonda yaratilgan investitsion muhit iqtisodiyotning yanada rivojlanishi va barqaror turmush darajasini ta’minlashdan tashqari respublikaning xorijiy kapitalni jalb qilish uchun raqobat qilishiga ham imkon beradi. Matbuotda e’lon qilingan fikrlarga ko‘ra, “yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda nufuzli xalqaro moliyaviy tashkilot va institutlarning ishtirok etishi respublikadagi investitsion muhitning jozibadorligidan yana bir bor dalolat beradi”. O‘zbekistonda amal qilayotgan qonunchilikka asosan respublika hududida chet ellik investorlar o‘zlarining investitsiya faoliyatini quyidagi yo‘llar bilan amalga oshirishlari mumkin: O‘zbekiston Respublikasi yuridik va jismoniy shaxslar bilan birgalikda tuzilgan xo‘jalik ob’yektlari va shirkatlar, banklar, sug‘urta tashkilotlari va boshqa korxonalarning nizom jamg‘armasi va boshqa mulklarida o‘z ulushi bilan ishtirok etishi; to‘laligicha chet ellik investorlarga tegishli bo‘lgan xo‘jalik obyektlari va o‘rtoqchiliklar, banklar, sug‘urta tashkilotlari va boshqa korxonalarni tashkil etish va ularni rivojlantirish; mulk, aksiya va boshqa qimmatli qog‘ozlarni xarid qilish; savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi ob’yektlari mulkiga, turar-joy binolari va ular joylashgan yer maydonlariga, shuningdek, tabiiy resurslar va yer maydonlariga (jumladan, ijara asosida) egalik qilish va ulardan foydalanish huquqini sotib olish intellektual mulk, jumladan, mualliflik huquqi, patent va hokazolarni himoya qilishga mablag‘ kiritish. Bugungi kundagi investitsion muhit va uning shakllanish omillarini quyidagi sxema ko‘rinishida aks ettirish mumkin (11.3-rasm). |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling