Xiii bob klassik davrdagi grek madaniyati k. Marks va F. Engels grek madaniyati haqida


Arxitektura, haykaltaroshlik, rassomlik


Download 137 Kb.
bet3/9
Sana18.06.2023
Hajmi137 Kb.
#1581915
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
1.13-14 Q. Mirjalol. Yunoniston XIII-XIV boblar

Arxitektura, haykaltaroshlik, rassomlik. Qadimgi grek arxitekturasi va umuman tasviriy san’ati, qadnmgi grek madaniyatining boshqa elementlari singari, undan keyingi zamonlarning badiiy taraqqiyotiga ajralmas qism bo‘lib mahkam kirib oldi. Ularning elementlari hozirgi vaqtda ham yashamoqda.
Klassik davrda Gresiyada ibodatxonalar, teatrlar, majlis binolari –bulevteriyalar yetakchi arxitektura inshootlari edi. Eramizdan avvalgi V asrda shaharlarni planlashtirish paydo bo‘ladi. Lekin ibodatxona hamon asosiy arxitektura inshooti bo‘lib qola beradi. Grek me’morlari binoning ko‘taruvchi va ko‘tariluvchi qismlarining muvofiq kelishining qattiq tartibini ishlab chiqqanlar. Bu tartib ibodatxona binolarida ayniqsa yaqqol ko‘rsatilgan. Bu tartibni yoki orderni arxaik davrdayoq ko‘rish mumkin. Dastlabki vaqtlarda ibodatxonalar yog‘ochdan yasalgan. Ular to‘g‘ri burchak shaklida bo‘lgan. Tom ma’lum masofada ustunlar ustida o‘rnatilgan. Keyinchalik ibodatxonalar toshdan yasaladi- gan bo‘lgan. Yog‘och ustunlar o‘rnini tosh ustunlar egallagan. Yomg‘ir suvlari oqib tushadigan vertikal tarnovlar – kannelyurlar ilgari qanday yog‘och ustunga o‘yilgan bo‘lsa, endi xuddi o‘sha tarzda tosh ustunga o‘yilgan. Kannelyurlar tikka qatorlashib ketgan tosh ustunlarni yaqqol namoyish qilganlar.
Eng erta paydo bo‘lgan order yoki uslub doriy uslubi edi. Doriycha uslubda qurilgan binolar juda oddiy bo‘lgan. Doriycha ustunlar toshdan yasalgan maxsus tagkursi ustiga emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri polda o‘rnatilgan. Ustunlarning tepa qismi, ya’ni kapiteli juda sodda bo‘lib, chetdan qaraganda trapesiya shaklida ko‘ringan. Doriycha tosh ustunlarning o‘zi yo‘g‘on va baquvvat bo‘lgan.
Eramizdan avvalgi V asrda boshqa bir uslub – ioniycha uslub rasm bo‘ladi. Bu uslubda qurilgan binolar doriycha uslubdagiga nisbatan ixchamroq, ustunlari ingichkaroq va kelishganroq bo‘lgan. Ustunlar endi pol ustiga qo‘yilmasdan, balki tosh tagkursi – baza ustiga qo‘yilgan, ustunlarning qoshi – kapiteli endi ikki gajakli naqshlar – volyutlar bilan bezatilgan. Ioniycha uslubda qurilgan binolar doriycha uslubdagiga qaraganda murakkabroq naqshlar bilan bezatilgan. Eramizdan avvalgi IV asrda korinfcha uslub rasm bo‘la boshlagan. Uning ioniycha uslubdan farqi shuki, uning ustunlari uzunroq (orderga mutanosib ravishda), tagkursisi va qoshi ancha murakkab bo‘lib, akanf o‘simligi yaproqlari bilan bezatilgan.
Bizning zamonimizgacha Afina akropolida saqlanib qolgan Parfenon va Erexteyon ibodatxonalari grek arxitekturasining eng mashhur namunalaridir. Ajoyib Parfenon ibodatxonasi ma’buda Afinaga bag‘ishlangan. Hozirga qadar ham u jahon arxitekturasinnng durdonasi hisoblanadi. Parfenonning ustunlari doriycha uslubda bo‘lsada, lekin butun binoning tarz-tarovati ioniycha uslubdadir. Parfenon qarshisida turgan Erexteyon ham grek arxitekturasining mashhur yodgorligidir. Bu bino sof ioniycha uslubda qurilgan. Uning ustunlari nihoyatda kelishgan va nafisdir. Qariatidalar deb atalmish qiz haykallari ham ajoyibdir, ular ustunlar o‘rnida ibodatxona devori oldidagi kichkina peshayvonning tomini saqlab turishadi.
Eramizdan avvalgi IV asrda qadimgi Afina markazida afinalik grajdan Lisikratga qo‘yilgan yodgorlik haykalini ham korinfcha uslubning namunasi hisoblash mumkin. U ham bizning zamonamizgacha saqlanib qolgan.
Grek haykaltaroshligi dastlabki vaqtlarda, eramizdan avvalgi VII asrda, qadimgi Sharq haykaltaroshligidan ancha orqada qolgan bo‘lib, juda primitiv shaklda edi. Eramizdan avvalgi VI asrda Gresiyada odamning figurasini va yuzini haykal shaklida tasvirlash takomillashadi-yu, lekin figuralar harakatsiz bo‘ladi. Faqat eramizdan avvalgi V asrdan e’tiboran grek haykaltaroshligining ravnaqi boshlanadi. Haykaltaroshlik endi odamning figurasi va yuzini to‘g‘ri tasvirlabgina qolmasdan, harakatni ham aks ettiradigan bo‘ladi. Eramizdan avvalgi V asrda Miron, Poliklet va Fidiy ayniqsa mashhur haykaltaroshlar edilar.
Miron diskobolni haykaltaroshlik san’ati bilan tasvirlash avtoridir. Haykaltarosh harakatni shu qadar jonli tasvirlaganki, bamisoli tomoshabin yosh yigitning tez burilib diskni irg‘itayotganini ko‘rgandek bo‘ladi. Mironning «Afina bilan Marsiy» degan haykallar gruppasida ham har ikkala figura xuddi harakat qilayotgandek his etiladi. Marsiy ikkinchi darajali o‘rmon ma’budi bo‘lib, u ma’bud Afinaning jahlini chiqargan. Haykallar gruppasi ana shu manzarani tasvirlab ko‘rsatadi.
Argos haykaltaroshi Poliklet asosan go‘zal yosh o‘smirlarni–ideal grajdanlarni tasvirlagan. Uning «Nayzabardor» va «Diodumen» (yosh o‘smir boshiga boylangan bintni to‘g‘rilab turgan bo‘ladi) haykallari ayniqsa mashhurdir. Musobaqada g‘olib chiqqan yosh yigitchalarni tasvirlovchi bu ikkala haykal g‘oyat nafis va quvvat ifodasidir.
Poliklet san’atda faqat amaliyotchi emas, balki nazariyotchi ham edi. U greklar eramizdan avvalgi V asrda tasavvur qilgan ideal odam gavdasini yasash qonun-qoidalarini yaratgan edi.
Periklning do‘stlaridai biri eng yirik grek haykaltaroshi Fidiy edi. Uning asarlari go‘zal va ulug‘vordir. Uning Parfenonda turgan, oltin, yog‘och va fil suyagidan yasalgan ma’buda Afina haykali eng mashhurdir. Bu haykalning balandligi 12,5 metr. Olimpiyada Fidiy Zevs Olimpiyning taxtda o‘tirgan vaziyatdagi haykalini yasagan. Bu haykal ham g‘oyat ulkan bo‘lib, o‘sha usulda yasalgan. Bundan tashqari, Fidiy asarlari bilan Parfenon bezatilgan.
Akropolning o‘rtasida Afina Promaxosning (ya’ni oldinda turib jang qilayotgan Afinaning) haykali turardi. Bu ma’buda boshida dubulg‘a, qo‘lida baland ko‘tarilgan nayza. Nayzaning o‘tkir uchidagi zarhal yaraqlab turardi. Haykal baland tagkursi ustiga qo‘yilgan. Pireydan bir necha kilometr narida dengizda kemalarda suzib borayotgan kishilar bu nayzani baralla ko‘rardilar. Fidiy ma’budlar va ma’budalarni tasvirlar ekan, ularning barkamolligini va hashamatini bo‘rttirib ko‘rsatardi.
Bu genial haykaltaroshlarning asarlaridan tashqari, nomlari noma’lum bo‘lgan boshqa ko‘p asarlar ham bor. 15–16yoshda bo‘lib, olimpiya o‘yinlarida g‘olib chiqqan yuguruvchi qizning haykali ayniqsa chiroyli.
Eramizdan avvalgi IV asrda qadimgi grek haykaltaroshligining xarakteri o‘zgargan. Bu narsa yangi ijtimoiy sharoitlar, polisning krizisga uchrashi, aholi o‘rtasida mulkiy tabaqalanishning yanada kuchayishi, o‘sha davrning alg‘ov-dalg‘ov voqealari bilan bog‘liq edi.
Eramizdan avvalgi IV asrning ulug‘ haykaltaroshi Praksitel bo‘lib, u asosan ma’budlar va ma’budalarni chiroyli, latofatli yigitlar va yosh juvonlar shaklida tasvirlagan. Uning go‘dak Dionis bilan o‘ynab turgan yosh ma’bud «Germes» asari ayniqsa dong taratgan. Uning Knidlik Afrodita haykali ham mashhurdir. Fidiyning ulug‘vor ma’budlaridan farqli o‘laroq, Praksitel yaratgan ma’budlar beparvo nozik bo‘lib, ular garchi qalblarni larzaga solmasalar-da, hozirga qadar ham san’at muxlislarini hayratda qoldirib kelmoqda. Eramizdan avvalgi IV asrga qadar haykaltaroshlar ayollarni faqat kiyim bilan tasvirlagan bo‘lsalar, Praksitel birinchi marta ma’buda Afroditani yalang‘och xolda aks ettirdi. Praksitelning ijodi, bir tomondan boylarning, ya’ni aholining o‘ziga to‘q tabaqalarining ideologiyasini aks ettirgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan polis dinining an’anaviy qarashlariga putur yetkaza boshlagan edi.
Eramizdan avvalgi IV asrda yashagan Skopas grek haykaltaroshligida alohida o‘rin tutadi. U odamlarning jismoniy va ruhiy azoblarini tasvirlagan. Uning jon holatda yugurib ketayotgan Menada haykali hamda Tegeydagi fronton gruppasiga oid yarador jangchilarning ma’yusboshlari mashhurdir. Afsuski, bu haykallar yaxshi sahlanmagan. Skopasning haykallari keng ommaning og‘ir ahvolini, eramizdan avvalgi IV asrda grek huldorlik polislarining krizisi vaqtida azob-uqubatlarga, urush-talashlarga to‘lgan og‘ir ahvolni aks ettirgan.
Klassik davr bilan ellinistik davr chegarasida, eramizdan avvalgi IV asrning o‘rtasi va oxirida yashab ijod hilgan mashhur haykaltarosh Lisipp edi. U jismoniy va irodasi kuchli kishilarni tasvirlagan. Uning «Gerakl»i va o‘z badanini qashlag‘ich bilan tozalovchi «Apoksiomen» ana shunday pahlavon kishilardir. Lisipp yaxshi portretist bo‘lgan, u Aleksandr Makedonskiy haykalining avtoridir.
Lisipp Aleksandr Makedonskiy davrini va uning istilolarini aks ettirgan. Poliklet singari, u ham san’at nazariyotchisi bo‘lgan. Poliklet eramizdan avvalgi V asrda chorpahil kishilarning tasviri uchun rasm qilgan qonun-qoidalar eramizdan avvalgi IV asrdagi greklarni qanoatlantirmay qo‘ygan. Lisipp o‘z pahlavonlarini (atletlarini) qaddi-qomati balandroq va Praksiteldan farqli o‘laroq, serg‘ayrat va serharakat tarzda tasvirlagan.
Polisning tanglikka uchrashi va individualizmning rivojlanishi haykaltaroshlik portretida o‘z aksini topgan. Eramizdan avvalgi V asrda polis grajdanlarining portretlari asliga monaidligiga hali unchalik ahamiyat bermaganlar. Bu holni eramizdan avvalgi V asrning birinchi yarmidan saqlanib qolgan haykaltaroshlik portretlarida ayniqsa yaqqol ko‘rish mumkin. Ularning hammasi bir-biriga o‘xshashdir. Biroq eramizdan avvalgi IV asrda haykaltaroshlar o‘z qahramonlari va buyurtmachilarining individual belgilarini aks ettirishga harakat qila boshlaganlar.
Qadimgi Gretsiyada rassomlik keng tarqalgan, lekin afsuski, bizning zamonimizgacha uning namunalari deyarli saqlanib qolmagan. Grek rassomlarining freska va mozaikalari uchun odatda mifologiyaning ayrim manzaralari syujet bo‘lgan, lekin zamon voqealarini va greklarning turmushini aks ettiruvchi kartinalar ham bo‘lgan. Italiyaning janubida va SSSRning janubida arxeologlar tomonidan topilgan sag‘analardagi freskalar, bizgacha ko‘plab yetib kelgan qizil figurali va qora figurali guldor vazalar monumental va stanokli grek rassomligi haqida hozirgi vaqtda bizga tasavvur beradi. Ertaroq davrda pishirilgan gilvataning qizg‘ishroq tabiiy fonidagi qora figurali vazalar syujetlarni qora figuralarda aks ettirganlar. Birmuncha keyinroq qizil figurali vazalar yasay boshla- ganlar va ulardagi qora fonni pishirilgan gilvataning tabiiy rangidagi ochiq pushti figuralar o‘rab turgan. Vazalarga naqsh soluvchi rassomlar shu tariqa syujetni batafsilroq aks ettira olganlar. Keyinroq davrga oid ayrim freska-mozaikalar maq-baralarda saqlanib qolgan. Yaqindagina Italiyaning janubida grek maqbaralarida klassik davrga oid freskalar topilgan.
Din grek klassik madaniyatining muhim tarkibiy qismi bo‘lgan. Din arxitekturaning, tasviriy san’atning, adabiyotning ajoyib yodgorliklarida qam o‘z aksini topgan. Qadimgi grek dinining asosiy formalari arxaik davrdayoq tarkib topgan, uning ildizlari esa eng qadimgi krit-mikena davriga va qadimgi sharq ta’sirlariga borib taqaladi. Qabilalararo va polislararo aloqalarning kengayishi na-tijasida greklar o‘z qo‘shnilarining ma’budlari bilan va yiroq joylarning ma’budlari bilan tanishganlar. Qo‘pincha ma’budlar bir xildagi vazifalarni bajarganlar, lekin ularning nomlari har xil bo‘lgan va aksincha. Asrlar o‘tib borishi bilan ma’budlar o‘zlarining eski xususiyatlarini yo‘qotganlar va yangi xususiyatlarga ega bo‘lganlar yoki yangi vazifalar eski vazifalar bilan qo‘shilib yura bergan. Ibtidoiy jamoadan sinfiy jamiyatga o‘tish davrida ma’budlar haqidagi tasavvurlar, ayniqsa ko‘p o‘zgarib ketgan. Ana shularning hammasi eramizdan avvalgi VIII–VII asrlarning chegarasidayoq ko‘pdan-ko‘p mahalliy va ozmi-ko‘pmi umumgrek ma’budlarini tekshirib chiqib, ularni tartibga solishga ehtiyoj tug‘dirgan. Diniy mifologiya Gesiod tomonidan tartibga solingan shaklidan to antik davrning oxirigacha greklarning tasavvurlarida asosan mavjud bo‘lib kelgan. Greklar uchinchi avlodga oid bosh ma’budalarni Fessaliya bilan Makedoniya chegarasida joilashgan birdan-bir qorli cho‘qqi bo‘lmish Olimp tog‘ida o‘rnashtirganlar. Klassik davrda esa so‘z samoviy Olimp ustida borgan. Bir qancha ma’budlar va ma’budalarning vazifalari ko‘pincha bir-birini takrorlagan. Tabiat kuchlari va kishilar faoliyatining hamma turlari o‘z homiy-ma’budlariga ega bo‘lganlar. Masalan, ma’bud Germes savdo-sotiqni boshqargan, muttahamlarning hamda xabarchilar va sayyohlarning homiysi bo‘lgan. O‘z asosiy belgilari jihatidan patriarxat va sinfiy jamiyatga o‘tish davrida, urug‘ aristokratiyasining hukmronligi davrida olimp dini bir qancha ibtidoiy jamoa belgilarini saqlab qolgan. Zevs go‘yo patriarxal ma’budlar urug‘ining boshlig‘i bo‘lib ular bilan Olimpda kengashgan, ammo qarorni yakka o‘zi qabul qilgan. Quldorlik jamiyati paydo bo‘lib, rivojlana borishi bilan ma’budlar sinfiy jamiyatning va davlatning homiylari bo‘lib qolganlar. Har bir polisning o‘z himoyachi ma’budi bo‘lgan, grajdanlar shu ma’bud yoki ma’budaning davlat miqyosida sig‘inish marosimini ado etishga majbur bo‘lganlar. Afina polisining homiysi ma’bud Afina bo‘lib, Korinfning himoyachisi Apollon bo‘lgan va hokazo.
Grek dinida totemizm qoldiqlari bo‘lgan, ya’ni har bir ma’bud yoki ma’budaga biron hayvon yoki qush atalgan. Asosiy ma’budlardan tashqari, greklar yana ko‘pdan-ko‘p ikkinchi darajali ma’budlarga: nimfalarga, kentavrlarga topin-ganlar. Ma’budlariing oddiy ayollar bilan aloqasidan tug‘ilgan yarim ma’budlarni greklar qahramonlar deb ataganlar. Qahramonlar o‘zlari tug‘ilgan polislarni hi- moya qilganlar, odamlarning baxt-saodati uchun biror xil topshiriqlarni ado etganlar. Zamon o‘tib borishi bilan ma’budlar haqidagi tasavvurlar o‘zgargan, eski diniy e’tiqodlar keyingi avlodlarni qanoatlantirmay qo‘ygan, eski din tanglikka uchragan, ma’budlarga yangi munosabatlar paydo bo‘lgan, ularga yangi mazmun berilgan, odamlarning tasavvurlarida o‘zgargan ijtimoiy munosabatlarga ko‘proq muvofiq keladigan yangi ma’budlar paydo bo‘lgan. Polis dini eski diniy tasavvurlarining ana shunday tanglikka uchraganligi haqida eramizdan avvalgi IV asrdan daraklar yetib kelgan. Bu daraklar o‘sha zamonning adabiyotida, san’atida va falsafiy qarashlarida o‘z aksini topgan.


XIV BOB
ERAMIZDAN AVVALGI IV ASRDA GRETSIYA
Bolqon, orol, Kichik Osiyo Gresiyasining ko‘p rayonlarini xonavayron qilgan Peloponnes urushini keltirib chiqargan sotsial-iqtisodiy taraqqiyot urush tamom bo‘lgandan keyin ham davom etgan. Grek dunyosining ichki ishlariga aralashib, spartaliklarga yordam berib kelgan Eron Sparta bilan Afina o‘rtasida sulh tuzilgandan keyin ham o‘zining aralashuv siyosatini davom ettirgan. Gretsiyaning yangi gegemoni Sparta grek dunyosida o‘z rahbarlik rolini amalga oshirishda mag‘lubiyatga uchragan Afina ega bo‘lgan darajada sotsial-iqtisodiy va siyosiy tajribaga ega emas edi. Eramizdan avvalgi IV asrning birinchi yarmidagi ichki va xalqaro vaziyat esa eramizdan avvalgi V asrning o‘rtalari va ikkiichi yarmidagi vaziyatdan murakkabroq edi. Bu davrda grek hayotini belgilab beruvchi asosiy faktorlar quldorlik tovar xo‘jaligining yanada o‘sishidan va bu o‘sishning natijasi sifatida ilg‘or, iqtisodiy jihatdan taraqqiy qilgan polislarda erkin aholining tabaqalanishidan hamda Bolqon Gretsiyasining janubiy, g‘arbiy va shimoliy qismida ilgari qoloq bo‘lgan rayonlarda ekonomikaning rivojlanishidan iborat. Bu faktorlar qadimgi grek jamiyatida sinfiy kurashni keskinlashtirdi va tovarlar sotishni qiyinlashtirdi. Zaif polis davlatlari esa buning ustiga tag‘in quldorlarni xonavayron qilingan xalq ommasining g‘azabidan amin saqlashga ojiz ham edilar.
Manbalar. Gretsiyaning eramizdan avvalgi IV asrning birinchi yarmidagi tarixi tarixiy manbalarda garchi bir tekisda bo‘lmasa-da, umuman qoniqarli aks ettirilgan. Hatto Gretsiyaning Ksenofont tomonidan yozilgan umumiy tarixi ham mavjuddir. Ksenofont tomonidan boshqa asarlar ham yozilgan bo‘lib, bu asarlarda o‘sha zamondagi Gretsiya hayotining turli tomonlarini oydinlashtiruvchi boy material to‘plangan. Uning ma’lumotlarini eramizdan avvalgi IV asrda yashagan boshqa avtorlarning: Aristotel, Lisiy va qisman Demosfen asarlari yordamnda to‘l-
dirish va anchagina darajada tekshirib ko‘rish mumkin. Aristofan komediyalarida va badiiy adabiyotning boshqa asarlarida ham qimmatli material bor. Ko‘pchiligi bizga yetib kelmagan asarlar asosida uzoq o‘tmish haqida asarlar yozgan keyingi avtorlardan Diodot bilan Plutarxni ko‘rsatish mumkin. Obidalardagi yozuvlar va tanga-chaqalar ham bizning bu davr to‘g‘risidagi bilimlarimizni aniqlashga yordam beradi.

Download 137 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling