Yangi davr pedagogik konsepsiyasining xususiyatlari va istiqbollari


II-BOB. PEDAGOGIK FIKR TARAQQIYOTINING TARIXIY ILDIZLARI


Download 440.72 Kb.
bet9/17
Sana18.06.2023
Hajmi440.72 Kb.
#1593544
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   17
Bog'liq
MDI 2023 M.M.

II-BOB. PEDAGOGIK FIKR TARAQQIYOTINING TARIXIY ILDIZLARI.
2.1. Pedagogik fikrlarning tadrijiy rivojlanish bosqichlari va xususiyatlari

Ta’lim tarbiyaga doir fikrlarning paydo bo‘lishi insoniyat sivilizatsiyasining eng qadimgi davrlariga borib taqaladi. Tarbiya dastlab odamlarning yashash tarzi bilan bog‘liq bo‘lib, tabiiy holda paydo bo‘lgan bo‘lsa, ta’limga doir fikrlar esa, keyinroq, geometriya, astronomiya va boshqa fanlarga doir fikrlar bilan birga paydo bo‘lgan.


Pedagogik fikrlarning paydo bo’lishi va rivojlanish bosqichlari.

  1. Eng qadimgi davrlarda pedagogik fikrlarning paydo bo’lishi va rivojlanishi.

  2. VII asr islom dinining kirib kelishi va uning ta’lim-tarbiyaga ta’siri.

  3. Sharq uyg’onish davrida ta’lim-tarbiya va maktab masalalari mazmuni.

  4. XIV – XVIII asrlarda ta’lim – tarbiya va pedagogik fikrlar.

  5. XIX - XX asrlarda ta’lim – tarbiya va pedagogik fikrlar

  6. XXI asrda pedagogik fikrlar taraqqiyoti.

Ma’lumki, barcha fanlar bo‘yicha fikrlar, tasavvurlar hayot talabi asosida yaratilgan. Shu jumladan, ta’lim-tarbiyaga doir dastlabki tasavvurlar ham yosh avlodni hayotga, turmushga tayyorlashga ehtiyoj jarayonida paydo bo‘lgan. Qadimgi rivojlangan davlatlar-Xitoy, Hindiston, Misr, Yunonistonda tarbiyaning o‘ziga xos tizimi paydo bo‘lib, ayniqsa Yunonistonda alohida tarbiya usullari tarkib topgan edi. Suqrot, Platon, Aristotel, Demokritlar pedagogik fikrlarning rivojlanishida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan mutafakkirlardir. Ular o‘z ta’limotlarida inson tarbiyasi, uning shaxs sifatida shakllanishida go‘daklikdan yetuklikka erishgunicha bo‘lgan davrning ma’lum tarbiya tizimini yaratganlar. Lekin, ta’lim-tarbiyaga doir fikrlar dastlab xalq pedagogikasida o‘z ifodasini topgan. Buni xalq pedagogikasiga doir ilmiy tadqiqotlardan ham ko‘rsak bo‘ladi. Xalqning tarbiyaga doir tajribalarini o‘rganish hamma davrlarda ham mutafakkirlarda qiziqish uyg‘otgan. Masalan, chex olimi Ya.A.Komenskiy “Onalar maktabi” ni aynan xalq pedagogikasiga tayanib asoslagan. Shveysariyalik olim G.Pestalotsi “Onalar uchun kitob” ini ham shved xalq pedagogikasi asosida yaratgan. Buyuk rus pedagog olimi K.D.Ushinskiy xalq pedagogikasining tarbiyaviy kuchiga katta ahamiyat bergan.40
Ayniqsa, G.N.Volkovning XX asrning 60-70 yillarida Chuvash xalq pedagogikasiga doir tadqiqotlari o‘z respubliksi doirasidan tashqariga chiqib, pedagogika sohasida muhim yo‘nalish kasb etdi. U oila, xalq, millatning tarbiyaga doir tajribalari hamda qarashlarining o‘ziga xos xususiyatlarini tahlil etar ekan, “Etnopedagogika” tushunchasini birinchi marta pedagogika fani iste’moliga kiritdi (1958 yil).41
O‘zbekiston xalq pedagogikasi istoriografiyasiga doir tadqiqot ishi olib borgan A.R.Sohibov buni ikki davrga – ya’ni, O‘zbekistonda mustaqillikkacha bo‘lgan davrda olib borilgan tadqiqotlar va O‘zbekistonda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan tadqiqot ishlariga ajratadi.
Zero, xalq pedagogikasidan eng yirik fundamental tadqiqot ishi Z.Mirtursunov tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, u o‘zining “O‘zbek xalq pedagogikasi” nomli monografiyasida o‘zbek xalqining qudratli ta’lim-tarbiya vositasi sanalgan xalq pedagogikasi, uning yosh avlod tarbiyasidagi tutgan o‘rni, ta’lim-tarbiya shakl va metodlarini ilmiy-amaliy jihatdan tahlil etib borgan. Z.Mirtursunov tadqiqot ishida quyidagi muammolarni hal etishga harakat qilgan:
1. O‘zbek xalq pedagogikasini o‘rganishda xalq poetik ijodining tutgan o‘rni (tadqiqot xalq og‘zaki ijodi misolida amalga oshiriladi), xalq og‘zaki ijodida mushtarak pedagogik qarashlarining qaror topishi.
2. Xalq og‘zaki ijodida farzand ko‘rish va farzandsizlik oqibatlarining ifodalanishi. Bola tarbiyasida ota-ona burchi.
3. Xalq og‘zaki ijodida bolalarni dastlabki odob qoidalariga odatlantirish, insoniy fazilatlar va vatanparvarlikni shakllantirish shakl va metodlari, vositalari.
4. Xalq og‘zaki ijodida mehnat tarbiyasi.
5. Xalq og‘zaki ijodida jamoa, o‘rtoqlik va do‘stlikning ifodalanishi, uni tarbiyalash metod va shakllari, vositalari.
6. Ta’lim muassasalarida xalq pedagogikasidan foydalanish shakl va metodlari.42
Z. Mirtursunov bu muammolarni maqsadga muvofiq hal etdi. Shuningdek, bu borada ilmiy ish olib borgan barcha tadqiqotchilarning fikrlarini yakunlagan holda xalq pedagogikasiga quyidagicha ta’rif beradi:
“Mehnatkash xalq va xalq donishmandlarining zamona yoshlarini kutilgan maqsadga muvofiq kishilar qilib yetishtirishdagi tarbiyaning maqsad va vazifalariga bo‘lgan qarashlar hamda xalq ommasi tomonida ta’lim-tarbiya ishlarini amalga oshirish bobida qo‘llanib kelingan usul, vosita, ko‘nikma va malakalar birligini ifodalovchi tajribalar asosida to‘plangan bilim va ma’lumotlar yig‘indisidir. Boshqacha qilib aytganda, xalq pedagogikasi xalq ommasining og‘zaki tarzda yaratgan va avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan tarbiya haqidagi ma’lumotlar- pedagogik ijodlari yig‘indisidir”,-deydi va u pedagogika fanini yaratilishi hamda rivojlanishining asosi bo‘lib xizmat qiladi, deb to‘g‘ri ta’kidlaydi. Olim xalq og‘zaki ijodi misolida ilgari surilgan g‘oyalar, fikrlar asosida yosh avlodni barkamol shaxs sifatida tarbiyalashning eng samarali shakl, metod va vositalarini aniqlab, ta’lim jarayoniga tadbiq etish yo‘llarini ham tavsiya etadi.
Mustaqillik yillarida milliy qadriyatlarni tiklashga keng yo‘l ochilishi munosabati bilan xalq pedagogikasi muammolariga doir qator ilmiy tadqiqotlar amalga oshirildi.
Ma’lumki xalq pedagogikasi qonuniyatlarini o‘rganmasdan, pedagogika fanini rivojlantirish mumkin emas. Mamlakatimizda mustaqillik qaror topgach, xalq pedagogikasi muammolari bilan shug‘ullanish birmuncha ortdi. O‘zbek xalq pedagogikasining turli muammolarini o‘rganish bo‘yicha qator tadqiqotlar olib borildi. Ularda o‘zbek xalq pedagogikasining tabiati, vujudga kelishi, taraqqiyoti kabi masalalar tadqiq etildi. Biroq, xalq pedagogikasiga oid qarashlarni umumlashtirish, tahlil qilish va ilmiy tizimga solish dolzarb masala bo‘lib qolgan edi. Ana shundan kelib chiqib, A.Sohibov “O‘zbek xalq pedagogikasi istoriografikasining ilmiy-nazariy muammolari” mavzusida tadqiqot olib bordi.43
Tadqiqotchi xalq pedagogikasiga quyidagicha ilmiy ta’rif beradi: “Xalq pedagogikasi ta’lim-tarbiya haqidagi qarashlar yig‘indisi emas, balki hayot jarayonida amal qilinishi majburiy bo‘lgan va bajarilishi ko‘pchilik tomonidan o‘z-o‘zidan nazorat qilinadigan xulqiy ko‘nikmalar, odatlar, maishiy turmush etikalari majmuidir”. Shuningdek, u xalq pedagogikasi taraqqiyotini quyidagi bosqichlarga bo‘ladi.:
- tashqi ta’sirlar davri o‘zbek xalq pedagogikasi;
- istiqlol davridagi o‘zbek xalq pedagogikasi.
Tadqiqotchi o‘z ishida o‘zbek xalq pedagogikasi istoriografiyasining nazariy muammolarini, uning shakllanishi, taraqqiyot bosqichlari va yetakchi yo‘nalishlarini yangilangan ilmiy tafakkur va o‘zbek xalq pedagogikasini o‘rganishning hozirgi boqichiga xos xususiyatlarini, o‘zbek xalq pedagogikasi istoriografiyasi taraqqiyoti yangi bosqichining yetakchi tamoyillari va milliy ma’naviyatini shakllantirishda etnopedagogikaning o‘rnini belgilab beradi.
Xalq pedagogikasida xalqning oilaga munosabati masalasi, ota va ona dastlabki tarbiyachi sifatida, shuningdek xalq tarbiyachilari mahalliy oqsoqollar, bobo va buvilar, aka-opa, yaqin qarindoshlarning tarbiyada tutgan o‘rnini yoritishga ham katta ahamiyat beriladi. Shuningdek, tadqiqot ishida xalqning bolalarga munosabati masalasi tarbiya ob’ekti va sub’ekti sifatida qaraladi: bolalarning dunyoga kelishi, ularga muhabbat, o‘z farzandi va o‘zga bolalarga munosabat masalalari, o‘g‘il va qiz bolalar tarbiyasi to‘g‘risida ham katta pedagogik qiziqish uyg‘otadi.
Xalq pedagogikasida tarbiya metodlari ham xilma-xil. Unda olim shaxsiy namuna, ishontirish, o‘rgatish, talabchanlik, iltimos, maslahat, ma’qullash, rag‘batlantirish, muhokama qilish, jazolash kabi metodlarni ham alohida ko‘rsatadi. Shuningdek, tadqiqot ishida xalq pedagogikasida ta’lim va tarbiya mazmuni ham yoritilib, unda aqliy tafakkurni rivojlantirish, mehnat tarbiyasi, uning shakl va mazmuni, metodlari ham ilmiy tahlilga tortiladi. Ahloqiy tarbiya masalalai esa oilaning ahloqiy kodeksi sifatida qaraladi. Xalq tushunchasida shaxsning axloqiy sifatlariga Vatanga muhabbat, jamoaviy his-tuyg‘ular, xalqiga sadoqat, to‘g‘rilik, rostgo‘ylik, tartiblilik, kamtarlik kabi fazilatlar kiritiladi. Ayniqsa, yoshlarning jismoniy va estetik tarbiyasiga doir xalq pedagogikasi tajribalarini yoritishga katta ahamiyat beriladi. Bularning barchasi O‘rta Osiyo va Qozog‘iston xalqi an’analari misolida ko‘rsatiladi.
Olim xalq pedagogikasida ta’lim-tarbiyaga doir barcha fikrlar empirik yo‘l bilan tarkib topadi, degan xulosaga keladi. Ishda barcha fikrlar ilmiy pedagogika nuqtai nazaridan tahlil etilib, so‘ng ilmiy-amaliy tavsiyalar ham beriladi.
Yuqoridagi tahlildan ma’lumki, xalq pedagogikasida jiddiy tadqiqotlar olib borilgan va ta’lim-tarbiyaga doir muhim xulosalar chiqarilgan. Lekin, xalq pedagogikasining tarkibiy qismlari keng qamrovli bo‘lib, u quyidagi manbalarni tashkil etadi:
• O‘zbek xalq og‘zaki ijodi (folklor);
• Milliy urf-odatlar, an’analar, marosimlar;
• Xalq o‘yinlari, va o‘yinchoqlari;
• Diniy ta’limotlar;
• Xalq amaliy san’ati va hunarmandchiligi;
• Milliy musiqa va qo‘shiqchilik san’ati, musiqa asboblari;
• Tasviriy san’at;
• Xalq raqs san’ati (xoreografiya);
• Xalq tabobati.44
Pedagogik fikrlar taraqqiyotiga ta’lim-tarbiyaga doir yozma manbalar ham asos bo‘ldi. Ana shunday manbalardan biri “Avesto”dir.
Zardushtiylikning asosiy ahloqiy tamoyillariga binoan ahloqiylikining eng asosiy belgisi insonning ma’naviy pokligi sanalgan. Bu borada esa tarbiya manbai sifatida “Avesto” muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, “Avesto”da insonning so‘zi, fikri, va amaliy faoliyati muhim sanaladi.45
Mazkur bitiktoshlar – O‘rxon-Enasoy yozma yodgorliklari garchi bevosita ta’lim –tarbiyaga bag‘ishlanmagan bo‘lsa-da, ular hoqonlar va ular muzofotidagi alplarga xos jangovarlik, vatanparvarlik, birdamlik, hamjihatlik, mardlik, jasorat, samimiylik, insonparvarlik, ezgulik va adolat kabi insoniy xislatlar yoshlar tarbiyasida va vatan ravnaqi uchun kurashda muhim ahamiyatga ega.
Pedagogik fikrlar taraqqiyotida ayniqsa, Sharq Uyg‘onish davrida yaratilgan ta’limiy-axloqiy (didaktik) asarlar muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Xorazm shohi Ma’mun ibn Ma’mun XI asrda Xorazmda ilm-fan taraqqiyotiga katta hissa qo‘shib, o‘sha davrda uning homiyligida tashkil etilgan “Baytul-hikma” - Donishmandlar uyi tarixda “Ma’mun akademiyasi” nomi bilan mashhur bo‘ldi. “Ma’mun akademiyasi”ning mashhur bo‘lishida qomusiy olimlar Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino tarixchi Miskavayx, riyoziyotchi Abu Nasr ibn Iroq, faylasuf Abu Sahl al Masihiy, tabib Abdul Xayr Hammorlar ilmiy tadqiqot ishlarini olib borganlar. Shunisi muhimki, Xorazm “Ma’mun akademiyasi”da qator olimlar ma’rifiy-axloqiy qarashlari bilan o‘ziga xos ahloq kodeksini yaratdilar. Bular Abu Sahl Al Masixiy, Abu Abdulloh ibn Hamid al Xorazmiy, Abu Mansur as Saalabiy, Abdul Xayr Hammor, Abu Ali ibn Miskavayxlar bo‘lib, ta’limiy-ahloqiy asarlarida ma’rifiy ahloqiy g‘oyalarini ilgari surgan. Ibn Miskavayxning “Xalq tajribalari haqida kitob”, “Abadiy tafakkur” kitoblari , As Saalabiyning “Qiziqarli xabarlar”, “Notiqlik sirlari”, “Mirzalar kitobi” kabi asarlarini tahlil qilish orqali shaxsning bilimi, ma’naviy va jismoniy pokligi, ma’naviy turmush tarzi, ahloqiy-ma’naviy munosabatlari, ahloqiy madaniyati haqidagi g‘oyalari aniqlanadi va ilmiy pedagogik jihatdan asoslanadi. 46
Sharq Uyg‘onish davrida ta’lim tarbiyaga doir fikrlar taraqqiyoti tahlil qilinar ekan, shu davrgacha olimlar ilm-fan taraqqiyoti ikki yo‘nalishda rivojlanganligini qayd etadilar:

  • birinchi yo‘nalish matematik, tibbiyot yo‘nalishidagi fanlar bo‘lib, ularga matematika, astronomiya, kimyo, geografiya, geodeziya, minerologiya, tibbiyot, farmakologiyaga doir va shularga turdosh fanlar kiritiladi.

  • ikkinchi yo‘nalish esa ijtimoiy-falsafiy yo‘nalish bo‘lib, unga falsafa, tarix, mantiq, fiqx, ruhshunoslik, notiqlik va boshqa sohalar kiritiladi.

Sharq Uyg‘onish davrida ilmiy bilishga asoslangan metod, shakllanadi. Bu metodni Al-Xorazmiy va Al-Farobiylar asoslab berdilar. Shu bilan birga ta’limiy-ahloqiy asarlarda zehnni tarbiyalash, ahloqiy kamolot yo‘llari, bilimlarning asl mohiyatini yoritishga harakat qildilar.
Qomusiy olimlar o‘z ilmiy me’rosida va ta’limiy-ahloqiy asarlarida insonning, aqliy, ahloqiy, estetik va jismoniy kamol topishiga doir ilgari surgan g‘oyalari pedagogik fikr taraqqiyotida katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Shunday qilib, Sharq Uyg‘onish davrida sof ta’limiy-ahloqiy asarlar yaratib, barkamol shaxs tarbiyasiga doir benazir meros qoldirgan tarbiyashunos olimlar ham maydonga chiqdi.
Yuqorida biz Sharq Uyg‘onish davrida ta’limiy-ahloqiy yo‘nalish muhim ahamiyat kasb etganligi haqida fikr yuritgan edik. Mazkur davrda ijtimoiy-siyosiy hayotdagi o‘zgarishlar paydo bo‘lgan mustaqil davlatlarning idora usuli, siyosati, qonunlari, tarbiya tamoyillari ifodalangan “Nizom”noma zarur edi. Ana shu zaruratlar tufayli didaktik-ta’limiy-ahloqiy risolalar paydo bo‘lib, ahloqning ham nazariy, ham amaliy masalalariga e’tibor berila boshlandi.
Yusuf Xos Xojibning “Qutadg‘u bilig”, Kaykovusning “Qobusnoma”, Ahmad Yugnakiyning “Hibbat ul-haqoyiq”, Nasriddin Tusiyning “Ahloqi Nosiriy”, Sa’diyning “Guliston” va “Bo‘ston”, Abdurahmon Jomiyning “Silsilat-uz-zahob”, “Bahoriston”, Dovoniyning “Ahloqi Jaloliy”, Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub”, Husayn Voiz Koshifiyning “Ahloqi Muhsiniy” va boshqa asarlar insonni ahloqiy shakllantirish sohasida yaratilgan sof pedagogik asarlar sifatida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Qoraxoniylar hukmronligi davrida yaratilgan ta’limiy-ahloqiy asarlardan yana biri Ahmad Yugnakiyning “Hibbat ul-haqoyiq” (“Haqiqatlar sovg‘asi”) dir. Mazkur asarda bilimning ahamiyati, jaholatning zararli oqibati, til odobi, dunyoning foniyligi, sahovat va baxillik, kamtarlik va ahloqlilikning belgilari ta’riflanadi.47
XI asrdan buyon xalqni, ayniqsa, yoshlarni hayotga, amaliy faoliyatga tayyorlashda dasturul amal bo‘lib kelayotgan Kaykovusning “Qobusnoma” asari o‘sha davrda yaratilgan pandnomalar kabi Sharq pedagogik fikr taraqqiyotida barkamol shaxsni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Unda Sharq pandnomalaridagi an’analarga binoan, X asrda paydo bo‘lgan javonmardlik tarbiyasi haqida fikr yuritiladi. Asarda javonmardlar egallashi zarur bo‘lgan xislatlar to‘rt yo‘nalishda bayon etiladi.
Bular:
• Yoshlarni bilim olishga undash;
• Hunar va turli kasblarni egallash;
• Xulq-odob qoidalari haqida;
• Jismoniy yetuklik haqida.48
Sa’diyning “Guliston” asari ana shu o‘tish davrida, ya’ni mo‘g‘ul istibdodiga qarshi kurashish avj olgan va u yemirilayotgan davrga to‘g‘ri keladi.49
Mazkur davrda va keyinroq – “Uyg‘onish” ning ikkinchi bosqichida yaratilgan Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Dovoniy, Husayn Voiz Koshifiylarning ta’limiy-ahloqiy asarlarida komil inson tarbiyasining mazmuni, shakllari, yo‘l va usullari bayon etiladi.
Komillikka yetishish yo‘llarida:
• Insonning aqliy kamoloti-bilim va zakovat, uquvga ega bo‘lishi;
• Ahloqiy kamolot;
• Jismoniy yetuklik;
• Go‘zallikni his etish kabilarga e’tibor beriladi.50
Abdurahmon Jomiy ham insonning kamolot darajasiga yetishida uning asosiy mezonlari bilimlilik, ahloqiy kamolot, ahloqiy-ma’naviy yuksaklikka yetishish kabilarga katta e’tibor bergan “Silsilat-uz-zahob” dostonida kamolot darajasining “oltin tizimi” ni bayon etadi.51
Husayn Voiz Koshifiy esa “Futuvvatnoma-i Sultoniy” asarida javonmardlik ilmining qoida-nizomlarini bayon etadi.
Kaykovusning “Qobusnoma” asarida javonmardlik ta’limoti nazariy asoslangan bo‘lsa, Husayn Voiz Koshifiy “Futuvvatnoma-i Sultoniy” asarida esa javonmardlikning amaliyotini yoritib beradi. Unda turmush odobiga doir barcha xulq-odob qoidalari ta’riflangan.52
Futuvvat (javonmardlik) X asrdan boshlab keng yoyila boshlangan. Uning o‘z qoida-nizomlari, piru-ustozlari yig‘iladigan joylari bo‘lgan. Abu Muslim, Yakub ibn Lays, Mahmud Tarobiy kabi xalq qahramonlari ham javonmard bo‘lishgan.
Yuqorida biz nomlarini keltirgan va boshqa ta’limiy-ahloqiy asarlarida ahloqiy xislatlar bilan birga yoshlarni tarbiyalash yo‘llari, metod va usullari ham bayon etilgan. Ularda asosan, o‘sha davrda keng tarqalgan o‘git-nasihat uslubi qo‘llanilgan, hayotiy dalillarga e’tibor berilgan, ezgulik bilan yomonlik qiyoslangan. Allomalar kishilarga munosabatda o‘rtamiyona yo‘l tutishni maslahat beradilar.53
Ta’lim-tarbiyada, ayniqsa, muammolarni yechishga keng e’tibor berilgan. Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarida bu metod va usullarning barchasini ko‘ramiz.54
Muslihiddin Sa’diyning “Guliston” asaridagi hikmatlarida tarbiyada qattiqlik va yumshoqlik o‘z o‘rnida qo‘llanilishi kerakligini, ilm olishda munozara uslubini ma’qullaydi.55
Alisher Navoiy esa har bir inson o‘z ilmini hayotga tadbiq etishi zarurligini, tarbiyada namuna metodini ma’qullaydi va bolalarni jazo bilan emas, xushmuomalalik bilan tarbiyalashni, lekin bunda me’yorga rioya etishni tavsiya qiladi. Alisher Navoiy hatto ta’lim tizimini ham belgilab beradi. U o‘z davrida ta’lim tizimini maktab, madrasada o‘qish yoki san’atkor, olim, hunarmandlarga shogird tushib mustaqil bilim olishni tavsiya etadi. Bolalarga bilim beradigan ustoz-murabbiylarning o‘zlari ham bilimli bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi.
Xulosa qilib aytganda, barcha ta’limiy-ahloqiy asarlar ilgari surgan insoniy fazilatlarni tarkib toptirishga doir tarbiya mazmuni, shakl va metodlari Sharq pedagogikasining qimmatli manbai bo‘lib hisoblanadi.
Eng qadimgi davrlardan boshlab insonning ilm va bilim olish, kasb-hunarga ega bo‘lishi, yuksak ahloqiylik, jismoniy barkamol bo‘lib yetishishi diqqat markazida bo‘lgan. Aqliy tarbiyada sog‘lom fikr, yuqori iste’dod, salohiyatni tarbiyalash talab etilgan. Ahloqlilikning tarkibiy qismi sifatida insonparvarlik, adolatlilik, jasorat, sabr-qanoat, do‘stlik va muhabbat kabilar belgilangan. Kattalarga hurmat, to‘g‘rilik, samimiylik, sahiylik va kamtarlik, g‘amxo‘rlik ulug‘langan. Yoshlarning nafosat va dilovarlik (jasurlik) tarbiyasi ham diqqat markazda bo‘lgan.
Bularning barchasi hozirgi davr pedagogikasida tarbiya mazmuni, shakl va metodlarini milliy tarbiya tajribalari bilan boyitishda xalq pedagogikasi, qadimgi og‘zaki va yozma manbalar, ta’limiy-ahloqiy asarlarda ilgari surilgan eng ilg‘or g‘oyalardan foydalanish maqsadga muvofiqligini ko‘rsatadi.

Download 440.72 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   17




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling