Yillar hikoyanavisligida yangi badiiy tamoyillar


Bitiruv malakaviy ishning ilmiy yangiligi


Download 294 Kb.
bet3/9
Sana03.02.2023
Hajmi294 Kb.
#1154014
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
70-80 yillar hikoyanavisligida yangi badiiy tamoyillar (XAYRIDDIN SULTON HIKOYALARI MISOLIDA)

Bitiruv malakaviy ishning ilmiy yangiligi. X.Sulton hikoyalarining badiiy-uslubiy о‘ziga xosligi va umuman, yozuvchining hikoyanavislik mahorati mazkur bitiruv malakaviy ish ishida ilk bor maxsus monografik tadqiqot tarzida о‘rganilmoqda. X.Sultonning hikoyanavislik mahoratini baholash asnosida adib ijodiga xos quyidagi jihatlar yoritildi:
— muayyan davr nasrida badiiy tafakkurdagi о‘ziga xos siljish va uning X. Sulton ijodida aks etishi;
— yozuvchining qahramon yaratish, kompozitsiya, konflikt, personaj nutqi borasidagi badiiy-uslubiy izlanishlari;
— adib qahramonlarining ma’naviy-axloqiy olami; personajlar ruhiy dunyosi butun ziddiyat va murakkabliklari bilan tasvirlanishi;
— yozuvchi hikoyalarida aks etgan asosiy badiiy-estetik tamoyillar.
Bundan tashqari maktab, litsey, kollejlarda hikoya janri mavzusida tahlil qilinadigan ijodkorlar ijodi o’rganilishida mazkur bitiruv malakaviy ishdan foydalanish mumkin.
I.BOB
70-yillar oxiri — 80-yillar hikoyanavisligida yangi badiiy tamoyillar.
I.1. 70-80 yillar hikoyachiligida uslub va mahorat.
Xayriddin Sulton adabiyotga kirib kelgan о‘tgan asrning 70- yillarida, ijtimoiy hayotning barcha jabhalaridagi kabi, adabiyot va san’atda ham shо‘ro mafkurasi yakkahukmron edi. Adabiyot olamiga kirib keladigan har qanday yosh ijodkorga, uning asarlariga nisbatan bir qolipdagi siyosiy-mafkuraviy talablar qо‘yilardi: yozuvchining ijtimoiy kelib chiqishi qanday, asarlarida partiyaviylik, sinfiylik pozitsiyasi sezilarlimi, voqelikni revolyusion taraqqiyotda tasvirlaydimi-yо‘qmi, u partiyaning rahbarlik, yetakchilik rolini tо‘laqonli ochib bera oladimi, qahramonlari kommunistmi, oddiy ishchi yoki kolxozchimi? Xullas, hukmron kommunistik mafkura sotsialistik realizm metodi hayotni haqqoniy aks ettirishning birdan-bir tо‘g‘ri yо‘li, degan bahona bilan badiiy adabiyotning erkin rivojiga, ijod erkinligiga mutlaqo yо‘l bermas edi. Ammo 80-yillarga kelib bu metodning yaroqsizligi tobora kо‘proq ayon bо‘ladi. Shu bois bu davrda sotsialistik realizm metodi talablari bir oz susayib, tanqidiy realizm ruhidagi asarlar yaratila, ijodda yangicha uslub va yо‘nalishlar sinab kо‘rila boshlandi. Aynan shu davrda о‘zbek adabiyotiga bir guruh iste’dodli yosh ijodkorlarning kirib kelishi bilan badiiy tafakkurda о‘ziga xos siljish kо‘zga tashlanadi. Nasrda, xususan, kichik janrda ham ancha jonlanish rо‘y bergani — hikoyaning nafaqat soni ortgani, balki mavzu doirasi ham kengaygani, eng muhimi, uning badiiy-poetik jihatdan takomillashib borgani kuzatiladi. Ayniqsa, yosh nosirlar ijodida adabiyotning asl vazifasi voqelikni quruq bayon qilish, sotsialistik tuzumni ta’riflash emas, balki avvalo inson ruhiyati va kо‘ngil kechinmalarini tasvirlash, shu orqali davrning qiyofasini jonlantirish deb qaralishi, shuni amalda isbotlashga bо‘lgan intilish yaqqol kо‘rinadi. Bu jarayonning ildizlari о‘tgan asr ibtidosida yangi davr о‘zbek adabiyoti tamal toshini qо‘ygan Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Chо‘lpon, shu avlod an’analarini davom ettirishga harakat qilgan Oybek, Fafur Fulom, Abdulla Qahhor kabi mumtoz adiblar ijodiga borib taqaladi. Bu yozuvchilar realistik hikoya janrini milliy adabiyotimizga olib kirdi, mazkur janrning yuksak namunasi bо‘lib qolgan asarlarni yaratdi. О‘tgan asrning ikkinchi yarmida Asqad Muxtor, Said Ahmad, Odil Yoqubov, Saida Zunnunova, О‘lmas Umarbekov, Uchqun Nazarov, О‘tkir Hoshimov, Shukur Xolmirzayev singari yozuvchilar milliy hikoyachilik an’analarini davom ettirib, samarali ijod qildilar. XX asrning 80-yillariga kelib esa Erkin A’zam, Murod Muhammad Dо‘st, Xayriddin Sulton, Alisher Ibodinov, Nodir Normatov singari yosh adiblar hikoya janriga yangicha nafas olib kirishga harakat qildilar va bunga ozmi-kо‘pmi muvaffaq bо‘ldilar.
Modomiki, Xurshid Do’stmuhammad hikoyachilik mahoratini о‘rganar ekanmiz, u mansub bо‘lgan davr adabiy muhiti, hikoya janri va adabiy tanqidchilikning unga munosabati tо‘g‘risida ham tо‘xtalib о‘tishni lozim topdik. Chunki bu о‘rganayotgan obyektimizni xolis baholashga yordam beradi.
Holbuki, о‘sha vaqtda yirik asarlar yaratishga e’tibor kuchayib, hikoya janri bir oz oqsay boshlagan edi. Adabiyotshunos Umarali Normatov shu jarayonni sharhlab, hatto ijodini hikoya qoralashdan boshlagan, bu janrda ancha barakali ijod qilgan iste’dod egalari ham boshqa janrlarga (qissa, roman) о‘tib ketgani tо‘g‘risida yozgan edi. «Hikoya — ulkan hayot haqiqatini, shaxsning tub mohiyatini, xarakterini ixcham, siqiq shaklda ifodalash, ochib berish qudratiga ega. Hikoyani xalq tajribasining lо‘nda ifodasi sanalmish aforizmga, maqolga qiyos qilishlari tasodifiy emas, — deb izoh bergan edi olim. — Hikoya uchun doim mavzu, material topilaveradi, faqat unga e’tibor bilan qaralsa, bu janrga chinakam iste’dodlar murojaat etsa bas, e’tibor kо‘rsatilgan hamono u о‘zining samaralarini kо‘rsata qoladi» .
Adabiyotshunos Abdug‘afur Rasulov esa 80-yillar hikoyachiligi tо‘g‘risida fikr yuritar ekan, О‘.Hoshimov, SH.Xolmirzayev, О‘.Usmonov, S.Nurov, A.Ibodinov, X.Sulton kabi yozuvchilarning hikoyachilikdagi izlanishlari samarali bо‘lganini qayd etadi. Olim bu davr hikoyachiligida kо‘zga tashlangan ayrim kamchiliklar, shuningdek, yutuqlarni ham kо‘rsatib о‘tadi: «Yoshlar hikoyalarida samimiy, beg‘araz, nari borsa raqibidan arazlab ketadigan ijobiy tiplar kо‘payib bormoqda. ...X.Sultonovning «Qog‘oz gullar», A.A’zamning «Odamning olasi», N.Qobulning «Dо‘stmurod bobo», G‘.Hotamovning «Qilkо‘prik», M.Hazratqulovning «Momaqaldiroq», Z.A’lamning «Kiyik kо‘zlari», N.Qilichevning «Yugan» hikoyalari mahorat bilan yozilgan, kitobxon diqqatini jalb qiladi. Mazkur hikoyalarda ijobiy qahramonlarning samimiy kishilar, hayotning tirgagi ekanini his qilasiz» .
О‘sha davr adabiyotshunosligida biron-bir asar tahlil etilib, adabiy-estetik jihatdan baholanar ekan, avvalo uning mundarijasi, obrazlarning qaysi ijtimoiy toifaga mansubligi, qahramonning ijobiy yoxud salbiy ekaniga asosiy e’tibor qaratilar, hayotdagi dolzarb masalalar, yetakchi qahramonlar qalamga olinishi badiiy yuksaklikning muhim sharti deb hisoblanar edi.
Shu bois munaqqid A.Rasulov nazarida, hikoyachilikda о‘sha davrning muhim masalalari, yetakchi qahramonlarini tasvirlashdan chetlashish hollari ham seziladi, yaratilayotgan asarlarning aksariyatida kitobxon his-tuyg‘ulariga ta’sir etadigan, uni yig‘latadigan sentimental ruh kuchlilik qiladi: «Hikoyalarda tasvirlanayotgan hayvonu parrandalar ham yetarli g‘oyaviy vazifani bajarmayapti. Turmush ikir-chikirlariga о‘ralashib qolish hayotga yuzaki munosabatda bо‘lish natijasidir. San’atkor hayotga jiddiy munosabatda bо‘lib, zamondoshlar xarakterini chuqur tadqiq qilsagina yetuk hikoyalar, о‘lmas asarlar yaratishi tabiiy» .
Aynan shu masala xususida U.Normatovning fikri esa quyidagicha: «Biz — adabiy tanqidchilar yuksak chо‘qqilarni nishonga olib ish kо‘rish bilan barobar nihol shaklidagi adabiy yutuqlarimizni avaylash, qо‘llab-quvvatlashga burchlimiz. Shunday yutuqlar bugungi hikoyachiligimizda parranda-darrandalar, jondorlar obrazlarini yaratish bobida ham bor. E’tiborga molik tomoni shundaki, hikoyanavislarimiz parrandayu darrandalar obrazlari, ularning inson bilan munosabati, о‘ziga xos hayot tarzi, qismati ifodasi orqali hozirgi kunda hammamizni о‘ylantirayotgan ekologiya muammosiga о‘z munosabatini bildirmoqda; eng muhimi, inson hayotining murakkabliklarini kо‘rsatishga, muhim ijtimoiy, ma’naviy-axloqiy muammolarni о‘rtaga qо‘yishga, hayot haqiqati, uning chigalliklari xususidagi о‘y-mushohada va mulohazalarini ilgari surishga intilayotirlar» .
Aynan о‘sha yillari adabiyotga kirib kelgan yoshlar ijodi hikoya janrining mavzu doirasi kengayishi barobari har qanday voqea-hodisa, har qanday vaziyat unga asos qilib olinishi mumkinligini kо‘rsatadi. Chunonchi, turmush ikir-chikirlari, kundalik voqealardan badiiy ma’no axtarish, hayvonlaru parrandalar obrazi orqali jamiyatdagi, insonlar о‘rtasidagi munosabatlarni tasvirlashga tobora kо‘proq e’tibor qaratilgani ham bu davr hikoyachiligining muhim xususiyatidir. U.Normatov e’tirof etganidek, adabiy jarayonda buni tabiiy hol sifatida qabul qilish lozim. Ma’lumki, jahon va rus adabiyotida hayvonlar, parrandayu darrandalar asosiy obraz sifatida talqin etilgan mashhur asarlar mavjud. О‘zbek adabiyoti uchun ham bu mavzu yangi emas. Chunonchi, о‘rganilayotgan davrda bu borada SH.Xolmirzayevning «Qizilboy», «CHо‘loq turna», M.Muhammad Dо‘stning «Darvoza yonidagi it», X.Dо‘stmuhammadning «Qoyalardan balandda» hikoyasi kabi bir talay asarlar yaratilganki, ularning barchasi milliy hikoyachiligimizdagi izlanish va tajribalar natijasi sifatida baholansa maqsadga muvofiq bо‘lardi.
Adabiyotshunos H.Boltaboyev 80-yillar adabiy jarayoni, xususan, nasr janrida qalam tebratgan yosh adiblarning ijoddagi о‘ziga xosligi haqida fikr bildirar ekan, odatda uslub haqida sо‘z ochilganda kо‘proq ijodda, adabiyotda xiylagina tajriba orttirgan, ma’lum bir mavqega ega bо‘lgan ustoz adiblar, ularning ijodiy xususiyatlari tо‘g‘risida mulohaza yuritilishini ta’kidlaydi. Holbuki, adabiyot — jonli jarayon, bir joyda tо‘xtab turmaydi, qolaversa, uning maydoni keng, yangi-yangi ijodkorlar kirib kelaveradi. H.Boltaboyev boshqa tengqurlariga nisbatan uslub borasida ancha muvaffaqiyatli izlanishlarga erishgan adiblardan M.M.Dо‘st, E.A’zam, X.Sulton, A.Ibodinov kabi ijodkorlarni sanab о‘tadi.
H.Boltaboyev shu о‘rinda E.A’zam, X.Sulton, A.Ibodinovlar ijodida ma’lum darajada yaqinlik borligini, bu mushtaraklik qahramonlar tabiatida, asar kompozitsiyasining aksariyat ma’naviy-axloqiy muammolar asosiga qurilishi, yetakchi personajlarning hayotda uchraydigan soxtalik va loqaydliklarga qarshi oshkora kurashida namoyon bо‘lishini ta’kidlaydi. Munaqqid E.A’zam qahramonlari ruhiyatida kurashchanlik ochiq isyon tarzida ifoda etilishiga e’tiborni tortar ekan, «U (E.A’zam — SH.S.) kо‘pincha bosh qahramon nomidan gapiradi yoki hikoyachi-bayonchi uslubini qо‘llaydi. Lekin uning ba’zi hikoyalari eksperiment uchun yozilganday taassurot qoldiradi. Shu bilan birga, ularda tasvir ehtirosli bо‘lgani uchun kitobxon diqqatini tutib turadi» , degan fikrni bildiradiki, biz bu mulohazaga qо‘shilamiz. Ayni chog‘da shuni ham ta’kidlash kerakki, kitobxon diqqatini jalb etish uchun ehtirosli tasvirning о‘zigina yetarli emas. Bizning nazarimizda, E.A’zamning ham, ijodiy tamoyillari unga birmuncha yaqin bо‘lgan X.Sultonning ham asarlarida voqealarning jonli va hayotiy asosga ega ekani; qahramonlarning qandaydir favqulodda fazilat va xatti-harakatlari emas, balki о‘ziga xos fe’l-atvori, jaydari xarakteri kitobxonni kо‘proq jalb etadi.
Darhaqiqat, о‘sha davrda nasr janrida qalam tebratgan yosh ijodkorlar asarlarining hammasini ham badiiylik nuqtai nazardan talab darajasida deb bо‘lmasdi. Shu ma’noda, yuqorida keltirilgan — ustoz adabiyotshunoslarimizning hikoyachilikdagi kamchiliklar haqida bildirgan fikrlari bejiz emas edi. Bu davrda kо‘plab hikoyalar yaratildi-yu, lekin, taniqli adib Xurshid Dо‘stmuhammad aytganidek, «XX asr о‘zbek badiiy tafakkurining о‘lmas mulkiga aylangani unchalik kо‘p emas. Buning bosh sabablaridan biri badiiy sо‘z shо‘ro mafkurasining xizmatchisiga aylanib qolganida edi» .
Shunga qaramasdan, о‘tgan asrda о‘zbek adabiyotida hikoya eng sermahsul janrga aylandi, deyishga asosimiz bor. Ma’lumki, chinakam badiiy asarlar — «badiiy tafakkurning о‘lmas mulki» bо‘lgan hikoyalar ustoz A.Qodiriy, A.Qahhor, G‘.G‘ulomlar tomonidan yaratilgan. Ularning realistik hikoyachilikdagi an’analarini davom ettirgan ijodkorlar SH.Xolmirzayev, M.M.Dо‘st, E.A’zam, T.Murod, X.Sultonovlarning asarlari ham milliy hikoyachiligimizda yangilik bо‘ldi. Chunonchi, «Qaydasan, quvonch sadosi?», «Bir toychoqning xuni», «Soy bо‘yi, chimzor», «Kо‘k eshik», «Dunyoning siri», «YO, Jamshid!», «Nomus» kabi hikoyalar ham о‘sha davr mahsulidir. Yozuvchi X.Dо‘stmuhammadning fikricha, «Ayni shu asarlar adabiyotimizga xos bо‘lgan muammobozlik, zо‘rma-zо‘rakilik, nasihatbozlik, fikrga erk bermaslik an’anasini buzdi. Yanayam muhimi, oq-qora ibtidoiyligi ushbu asarlar misolida fosh bо‘ldi» . U tо‘g‘ri ta’kidlaganidek, bu yozuvchilar ijodida an’anaviy bayonchilik, nasihatbozlik usullaridan voz kechilgani, uning о‘rniga psixologik tahlilni kuchaytirish, xarakter yaratish yо‘lidagi izlanishlarga, voqeaviy syujetlardan kо‘ra uning mushohadasiga kо‘proq ahamiyat qaratilgani seziladi.
Albatta, о‘zbek adabiyotida hikoyaning mumtoz namunalarini, о‘lmas durdonalarini yaratgan, realistik hikoyachiligimizning asoschilaridan deya haqli ravishda tan olingan buyuk adib Abdulla Qahhordan keyin bu borada yangilik qilishga erishgan (sotsialistik realizm quyushqonlariga sig‘magan, mafkuraga bо‘ysunmagan hikoyalar yaratgan) ijodkor Shukur Xolmirzayev edi. Adibning voqealar tafsilotiga emas, psixologik tahlil, milliy xarakterlarga asoslangan hikoyalari adabiyotni asl vazifasiga — inson va uning taqdiri, kо‘nglini tadqiq etishga yо‘naltirish yо‘lidagi izlanishlar edi. Keyinroq bu janrda barakali mehnat qilib, uning yangi imkoniyatlarini ochishga uringan Murod Muhammad Dо‘st, Erkin A’zam, Xayriddin Sulton singari nosirlar ijodi ana shunday izlanishlardan oziqlandi. Bu adiblar adabiyot, avvalo, insonshunoslik ekanini isbotlashga harakat qildi. Zero, hikoyachilik ustasi SH.Xolmirzayev ta’kidlaganidek, «Muammolarning muammosi — odam. Badiiy asarda odamni chinakamiga aks ettirish orqali uning qilmish-qidirmishlaridan muammolar kelib chiqaveradi. Bu muammolarni hal qilish esa yozuvchining ishi emas. Uni hayot hal etadi. О‘sha hal etilish jarayoni esa yana adabiyotda о‘z aksini topishi mumkin» .
Tadqiqot obyektimiz bо‘lgan davr vakillari — yosh nosirlar hikoyalarida jamiyatdagi yirik ijtimoiy-siyosiy masalalar, yetakchi, faol qahramonlar hayoti qalamga olinmaydi. Ular uchun kundalik turmushdagi oddiy hodisa, biror odamning odatiy hayoti ham mavzu, о‘sha insonning о‘zi qahramon bо‘lishi mumkin. Ularning asosiy maqsadi — qahramonning yetakchilik faoliyati, namuna bо‘ladigan jihatlarini kо‘rsatishdan kо‘ra uning qalbiga chuqurroq kirish, kо‘ngil kechinmalarini teranroq ifoda etish.
Hayotdagi, jamiyatdagi har qanday hodisa va о‘zgarishlar, bir sо‘z bilan aytganda, ijtimoiy muhit, sharoit adabiyotga ta’sir etmay qolmaydi. Shu ma’noda, biz sо‘z yuritayotgan davr nasrini baholashda adabiyotshunos H.Boltaboyevning fikrlari diqqatga sazovor: «Hayot sharoitining о‘zi ma’naviy-axloqiy masalalarga har doimgidan kо‘ra izchilroq yondashishni, inson qalbini butun murakkabliklari, jarohat va iztiroblari bilan tadqiq etish, uning qatidagi gо‘zal va xunuk sifatlarni «yorib» kо‘rsatishni talab etmoqda» .
Umuman, о‘tgan asrning 70-yillari oxiri va 80-yillarida adabiyotda hayotni bor ziddiyat va murakkabliklari bilan kо‘rsatishga intilish kuchaydi. Jumladan, tezkor, hozirjavob janr — hikoyachilik orqali davrning ma’naviy-ruhiy muammolari badiiy aks ettirildi. Bizningcha, bu davr nasri, xususan, hikoyachiligiga xos asosiy xususiyatlar qо‘yidagilardan iborat:
— ijodkorni jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga molik dolzarb, yirik muammolar, kurashchan qahramonlar faoliyatidan kо‘ra aksariyat hollarda kо‘pchilik nazaridan chetda qolib kelgan kamtar, kamsuqum va jaydari, rindtabiat odamlar olami, ularning kо‘ngil kechinmalari, ruhiyati jalb eta boshladi;
— maishiy hayot ikir-chikirlarining butun tafsilotlari bilan aks ettirilishi, shuningdek, jonivorlar, parranda-darrandalar obrazidan foydalanish; oddiy turmush voqeligining umuminsoniy ahamiyatga daxldor jihatlarini kо‘rsatish, odamzod taqdiri bilan bog‘liq muammolar hech qachon birinchi yoki ikkinchi darajali bо‘lmasligini ta’kidlash tamoyili yetakchilik qiladi;
— muayyan voqeani bayon etishdan kо‘ra kо‘proq xarakter yaratishga e’tibor qaratish, ya’ni xarakter dinamikasi, xarakter talqinidan iborat hikoyalarning kо‘payishi;
— hayotdagi, jamiyatdagi ba’zi nohaqlik va kamchiliklarga nisbatan botiniy isyonkorlik va norozilik kayfiyatining ifodalanishi;
— obraz yaratishda didaktika, ya’ni nasihatbozlik о‘rniga badiiy tahlil usulidan samarali foydalanish; erkin bayon usulining faollashuvi, ya’ni voqelikka о‘z «men»i orqali yondashish, bunda yozuvchi-kitobxon muloqoti shaklining faol qо‘llanishi; qishloq mavzui keng yoritilishi, qahramonni tabiatga yaqinlashtirish; qahramonlar tafakkuridagi о‘sish va о‘zgarish, dinamikaning izchilligi, ularning voqea-hodisalarga aqlan yondashish orqali о‘z qadr-qiymatini anglab yetishi, intellektual qahramonlarning kо‘payishi.
Odatda havaskor yozuvchi ijodni hikoya qoralashdan boshlaydi. Chunki hikoya janri bо‘lajak yozuvchiga mashq qilish, malaka oshirish, ijodkor sifatida shakllanish, muayyan bir yо‘nalishga tushib olib, о‘ziga xos uslubga ega bо‘lish uchun har jihatdan qulay. Ammo bu janrning ham murakkab qonun-qoidalari, meyor-о‘lchovlari borki, ular yozuvchidan chuqur bilim, teran mushohada, sо‘zga e’tibor va talabchanlikni, fikrni aniq-ravshan va ravon ifodalashni, qisqasi, doimiy izlanishni talab etadi. Hikoyaning janr xususiyatlarini belgilaydigan asosiy jihatlar — qisqalik, aniq va lо‘nda fikr, teran tuyg‘ularni muxtasar ifodalash, shirali va ravon tilda bayon etishdan iborat. Shuningdek, hikoya — hozirjavob va tezkor janr. U tayin syujetsiz yoki falsafiy, yengil ohangli yoki g‘amgin, ba’zan esa yakunsiz ham bо‘lishi mumkin. Shu о‘rinda ta’kidlash joizki, nasrdagi izlanish va tajribalar samarasi о‘laroq bugungi kunda hikoyaning hajmi, mavzu doirasi, badiiy-estetik tasvir vositalari kengaydi. Romanga xos vazmin va keng kо‘lamli tasvirning hikoyaga kо‘chishi, ichki psixologik tahlilning kuchayishi, hozirgi murakkab fan va texnologiyalar zamonida inson dunyoqarashi, tuyg‘u va kechinmalari chigallashib borayotgani bunga sabab bо‘ldi.
Yuqorida ta’kidlab о‘tganimizdek, XX asrning 80-yillarida milliy adabiyotimizda sifat о‘zgarishi kо‘zga tashlana boshladi. Ijodkor endi, Abdulla Qahhor aytganidek, «partiyaning oddiy soldati emas, ongli a’zosi» ekanini anglab yetgan edi gо‘yo. Bu davr hikoyachiligida faqat partiya, shо‘roviy g‘oyalar tantanasini о‘ylab yashovchi mehnat zarbdorlari, «о‘z baxtini kolxozda mexanizator yoki sut sog‘uvchi bо‘lishdan topgan» qahramonlar taqdiri emas, haqiqiy jonli insonlar, ularning turmushi, ichki kechinmalari, ruhiyatini о‘zgacha bir samimiyat bilan tasvirlash tamoyili ustunlik qila boshladi. Bu hol bejiz emas edi.
Xayriddin Sulton samarali ijod qilgan (hikoya janri nazarda tutilmoqda) davr adabiy muhiti tо‘g‘risida adibning о‘zi quyidagicha fikr bildiradi: «О‘tgan asrning saksoninchi yillari о‘zbek adabiyotida qandaydir kо‘tarilish davri bо‘ldi. Adabiyot mafkuraviy kishanlardan qutulib, о‘zining haqiqiy о‘zaniga — hayotiylik, haqqoniylik, xalqchillik о‘zaniga qaytishga intila boshlagan edi. Shu bilan birga, о‘zbek prozasida shu davrda butun sovet prozasida bо‘lgani kabi, «tarixiy-revolyusion, ishlab chiqarish, agrosanoat, ishchilar temasi» kabi bozori chaqqon mavzularga javob beradigan katta-katta «adabiy g‘isht zavodlari» ham gurillab ishlab yotar edi.
Shunday bir vaziyatda milliy о‘zligini, adabiyotning asl mohiyatini anglashga intilgan yosh о‘zbek adiblarining bir qarashda oddiy bо‘lib kо‘rinadigan turmush ikir-chikirlaridan poetik ma’no axtarishi bejiz emas edi. Nafsilamrini aytganda, bu paytda men mansub bо‘lgan adiblar avlodi beshinchi sinfda adabiyot о‘qituvchim aytgan haqiqatga amal qila boshlagan, ya’ni faqat о‘zi yaxshi bilgan, о‘zi kо‘rib-yashab turgan hayotni bо‘yamay-bejamay yozishga kirishgan edi. О‘ylaymanki, kattami, kichikmi, lekin badiiy adabiyot nuqtai nazaridan bu tо‘g‘ri yо‘l edi» .
Aynan shu davrda dastlabki asarlari bilan kо‘rina boshlagan Xayriddin Sulton ijodida ham ma’naviy-maishiy mavzular asosiy о‘rin tutishi tabiiy edi. Milliy kayfiyat, til, tabiat, xalqimizning bir qarashda soddaroq tuyuladigan turmush tarzi, kundalik hayot tashvishlari; insonning taqdir sinov va zarbalariga duch kelishi, goh yengib, goho yengilib olg‘a borishi, jamiyatda о‘z о‘rni, qadr-qiymatini topishga intilib yashashi о‘z talqinini topib, X. Sulton hikoyalarining asosiy mundarijasini tashkil etdi.
Shu о‘rinda ta’kidlash joizki, X.Sulton о‘zi ustoz deb bilgan Abdulla Qodiriydek, asarlarida hamisha hayotdan о‘ziga xos bir «shoirona, darveshona ma’no» axtaradi. Va bunda teran hikmat borligini, hayot har qancha og‘ir, har qancha uqubatli bо‘lmasin, baribir gо‘zalligini, gо‘zallik esa — she’riyat, sof, yuksak insoniy xayol va orzu ekanini e’tirof etadi. «Kо‘p chalg‘igan va chalg‘itilgan bizning bugungi jafokash adabiyotimiz esa, afsuski, mana shu qudratli safarbar ruhdan — hayotdan shoirona, darveshona ma’nolar topa bilish va uni badiiy yо‘sinda ifodalay olish xislatidan tobora uzoqlashib borayotir. Aksariyat asarlarimiz kо‘ngil dardlari, inson ruhiyatining ming bir sirli jilvalaridan zarracha ham nishon kо‘rmaymiz» , deydi adib taassuf bilan.
Xulosa qilishimiz mumkinki, X.Sulton ijodi, xususan, u yaratgan hikoyalar 80-yillar adabiy muhitida nasr janrining о‘ziga xos xususiyatlarini belgilovchi ahamiyat ega bо‘ldi. Shuningdek, milliy hikoyachiligimiz rivojiga salmoqli hissa qо‘shdi. Ammo shuni ham aytib о‘tish lozimki, Xurshid Do’stmuhammad hamma hikoyalari birdek mukammal, yetuk, kamchiliklardan xoli emas. Tadqiqot ishimizda biz asosiy e’tiborni yozuvchi hikoyalarining fazilatlariga qaratdik. Bu bejiz emas — tahlilga tortilgan asarlarning aksariyat jihatlari shunga asos beradi. Qolaversa, ular nisbatan pishiq-puxta yozilgani bilan о‘sha davr hikoyachiligi manzarasida alohida ajralib turadi. Biroq, har tо‘kisda bir qusur, deganlaridek, adibning hikoyalarida zamon mafkurasi, sotsrealizm metodi ta’sirida yuzaga kelgan ayrim cheklanishlar ham kо‘zga tashlanadi. Chunonchi, voqelikka yondashuvda, xarakterlar tasvirida goho hayotning murakkab jihatlarini, davr nuqtai nazaridan qaltisroq tuyulgan muammolarni «maqsadga muvofiq» tarzda chetlab о‘tish, mahorat hisobiga ularni silliqlab yuborish hollari ham uchraydi. Deylik, «Dо‘stim Esonboy» hikoyasida qahramonning bag‘rikengligini, odamiyligini ta’rif-tavsif etish bilangina kifoyalanmay, mazkur xarakterga muayyan bir ijtimoiy salmoq ham yuklash mumkin edi, bunga asarda imkoniyat borligi seziladi. Yoki xiyla jiddiy hikoyalardan hisoblangan «Yо‘qchilik va tо‘qchilik»da qahramonning avtohalokatga uchrashi asar yechimini «oson»lashtirib qо‘ygan. Holbuki, hissiyotbozlik yо‘lidan bormay, mol-dunyo yig‘ishga ruju qо‘ygan haris odamning ma’naviy fojiasi kengroq ochib berilganda, bizningcha, asarning hayotiylik qiymati yanada oshgan bо‘lar edi.
Tahlil uchun tanlab olganimiz yuqoridagi hikoyalar asosida X.Sulton ijodiga xos quyidagi muhim jihatlarni ta’kidlab kо‘rsatishimiz mumkin:
— yozuvchi odatda о‘zi sevgan, kо‘ngliga yaqin mavzuga, о‘zini zavqlantirgan voqea va xarakterlarga murojaat etadi. U xoh zamonaviy hayotni, xoh tarixiy о‘tmishni aks ettirsin, hamisha mavzuga ruhiy-estetik ehtiyoj, ma’naviy zarurat asosida yondashadi;
— muallif о‘zi guvoh bо‘lgan, goho ishtirok etgan, boshidan kechirgan voqea-hodisalar tо‘g‘risida yozadi; g‘ayritabiiy, о‘quvchi hazm qilishi qiyin sanalgan xususiyatlar uning hikoyalarida deyarli uchramaydi; ularga asos bо‘lgan har qanday voqea-hodisa — hayotning, tiriklikning bir bо‘lagi;
— muayyan hikoya syujeti bir qarashda u qadar ahamiyatga ega bо‘lmagan, kundalik turmushda har qadamda uchraydigan oddiy voqeadek tasavvur tug‘diradi. Ammo muallifning muvaffaqiyati shundaki, ana shu oddiy hayot voqealaridan chuqur mantiqqa asoslangan ibratli badiiy xulosa chiqara biladi;
— adib qanday mavzuni yoritishga kirishmasin, badiiy mazmunni real voqelikdan oladi, avvalo insonni, uning kо‘nglini tadqiq etadi; aynan inson, inson taqdiri, qadr-qiymati masalasi hikoyalarida yetakchilik qiladi;
— uning barcha hikoyalarida milliy asos mustahkam;
— adib hikoyalariga kо‘pincha hayotdagi biror muhim voqea-hodisa yoki keskin burilishlarni asos qilib olmaydi. U butun e’tiborini insonning ichki olamiga, uning axloqiy-ma’naviy jihatlariga qaratadi, hayotning kо‘pchilik ahamiyat beravermaydigan nozik tomonlariga, inson yuragining tub-tubiga nazar soladi va dardli nuqtalarini topadi;
— aksariyat hikoyalari qat’iy xulosa bilan yakunlanmaydi, kitobxonni о‘ylashga, fikrlashga undaydi.
Badiiy ijodning murakkab, ayni damda muhim masalasi uslubdir. Yozuvchining «о‘z ovozi», ya’ni uslubi «uning о‘ziga xos boy hayotiy tajribasi, narsalarga, voqea-hodisalarga bо‘lgan о‘z qarashi, nuqtai nazari, gо‘zallik va xunuklikka nisbatan tushunchalari, simpatiya va antipatiyasi, ta’bi, didi va intilishlari» orqali namoyon bо‘ladi.
Yozuvchi uslubi haqida gap ketganda, bu masalaga uning hayotni kuzatishi va voqelikni anglashi, ijodiy his etishi hamda qо‘llagan ifoda usullari asosida yondashish muhim. Aynan shu jarayonda yozuvchining ziyrak nigohi kо‘rgan-kuzatganlari orasidan eng zarur deb hisoblagan voqealarni saralaydi va badiiy tahlil etadi. «Adabiyotda hammabop tayyor qolip yо‘q. Ijodkor har safar mavjud voqelikdan va о‘z tasavvuridan kelib chiqib, ana shu real voqelikning teranliklarini ochib beradigan insoniy munosabatlarning yangi shaklini kashf etishi kerak» , deganida mashhur yozuvchi Chingiz Aytmatov avvalo, ijodkor mahoratini, adabiy iqtidorini nazarda tutgan.
Xurshid Do’stmuhammad fikricha, о‘z uslubiga ega bо‘lish uchun yozuvchi shaxs sifatida shakllanishi zarur. «Uslub bu — insondir», degan mashhur ta’rif ham aynan shu fikrni ifodalaydi. Shuningdek, X.Sulton yozuvchining uslubi uning tabiati, fe’l-atvoridan, olgan insoniy va adabiy tarbiyasidan, mavjud badiiy an’analardan kelib chiqishini, qolaversa, yozayotganda qanday kitobxon kо‘zda tutilgani ham bu borada muhim ahamiyatga ega ekani, bundan tashqari, har qaysi asarning materiali о‘ziga xos uslubni talab qilishini ta’kidlaydi .
Uning fikri Asqad Muxtorning «Uslub doimiy narsa emas. Har bir kitob avtorni о‘zicha tо‘lqinlantirishi mumkin. Bir avtorning barcha kitoblari bir uslubda yozilsa, yaxshi bо‘lmasdi», degan mulohazalariga hamohang keladi.
Rus yozuvchisi Y.Kazakovning uslub haqidagi mulohazalari ham shunga yaqin. Uning fikricha, asar uchun tanlangan syujet uning uslubini ham belgilab beradi. Uslub muallifning nima haqda yozayotgani va о‘sha vaqtdagi holatidan ham kelib chiqadi .
Akademik Izzat Sultonning fikriga kо‘ra, uslub yozuvchining hayotiy tajribasi bilan uzviy bog‘liq hodisadir. Turli yozuvchilar tomonidan yozilgan asarlar, uningcha, turlicha hayotiy materialni, turlicha kishilarni adabiyotga olib kiradi; bu hayotiy material va qahramonlar esa о‘ziga xos tasvir vositalarini talab qiladiki, bu uslubning birinchi muhim belgisidir .
Demak, xulosa qilish mumkinki, uslub yozuvchi ijodida muntazam shakllanib, rivojlanib, mukammallik kasb etib boradi. Bu, tabiiyki, yozuvchining mudom yangilikka intilishini, izlanishda bо‘lishini taqozo etadi.
Ijodkor uslubini aniqlash tadqiqotchidan muayyan ijod qamragan g‘oya, mavzu, xarakter, syujet, kompozitsiya, til masalalaridan hech birini nazardan chetda qoldirmay yondashishni talab etadiki, bu ancha murakkab ishdir. Uslub tasvir vositalari ifoda etadigan poetik obrazlarda, ana shu poetik obrazlar orqali anglashiladigan ijodkor shaxsiyatida yaqqol namoyon bо‘lishi e’tiborda tutilsa, obrazlar tahliliga estetik hamda psixologik jihatdan yondashish muhimdir.



Download 294 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling