Yillar hikoyanavisligida yangi badiiy tamoyillar


I.2. Xurshid Do’stmuhammad qahramon yaratish san’ati


Download 294 Kb.
bet4/9
Sana03.02.2023
Hajmi294 Kb.
#1154014
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
70-80 yillar hikoyanavisligida yangi badiiy tamoyillar (XAYRIDDIN SULTON HIKOYALARI MISOLIDA)

I.2. Xurshid Do’stmuhammad qahramon yaratish san’ati
Hikoyada obraz yaratish masalasi haqida gap borar ekan, uning boshqa epik janrlardan, avvalo, hajm nuqtai nazaridan ham farq qilishi e’tiborga olinishi lozim. Chunki hikoyada, qissa yoki romanlardagidek, qahramon obrazini turli vaziyat, turlicha sharoitlardan kelib chiqib har tomonlama, mukammal ochib berish imkoni yо‘q. Hikoyada kichik bir detal, holat, badiiy lavha yoki qahramon nutqi orqali ham obrazning xarakterli jihatlari namoyon bо‘lishi mumkin. Demak, obraz yaratishda xarakter, ayniqsa, muhim о‘rin tutadi. Shu bois badiiy asarda xarakter masalasiga katta e’tibor beriladi. Qahramonning xatti-harakati, yurish-turishi, biror ishni qay yо‘sin amalga oshirishi, gap-sо‘zi va qiziqishlari asarda tasvirlanayotgan hayotiy manzaraga mos kelishi, ya’ni mantiqiy izchillik muhim ahamiyatga ega. Bularning barchasi qahramon xarakterini oydinlashtirish, uning ichki dunyosini tabiiy tarzda ochishga yordam beradi. Shuningdek, bu borada xarakterni yuzaga chiqaradigan vaziyatning ham ahamiyati katta. Chunki u qahramonning ichki olami, xarakter qirralari ochilishiga ma’lum ma’noda imkon yaratadi.
80-yillar badiiy adabiyoti uchun xarakterli xususiyatlar «asarlarda gumanistik pafos doirasining kengayishi, inson konsepsiyasining chuqurlashuvi, insonni tushunish teranlashib borayotgani, inson shaxsi, tabiati va qalbining murakkab, sirli-sehrli tomonlarini anglashga, kashf etishga intilish ortayotgani» bilan belgilanadi. Shu ma’noda X.Sulton ham xarakter yaratar ekan, inson qalbini bor murakkabliklari, nozikliklari bilan (A.Chexovning Olenkasi singari) aks ettirishga intiladi.
Adabiyotshunos U.Normatov ta’kidlaganidek, bir vaqtlar nazardan chetda qolgan, aslida esa asrash, ardoqlashga munosib odat va tamoyillarimizni kо‘z-kо‘z qilishga, shu tamoyillarimizni о‘zida mujassam etuvchi kishilar obrazlarini adabiyotga olib kirishga mayl ortdi. X.Sulton о‘z hikoyalarida bir toifa qahramonlar yaratdiki, ular tabiatida ana shu sifatlarni kuzatish mumkin. Ularning bugungi shiddatli hayotni anglashi, unga kо‘nikishi qiyin kechadi. Chunonchi, «G‘ulomgardish» hikoyasidagi Sanoqul bobo, «Bir oqshom ertagi»dagi Qori, «Dо‘stim Esonboy»dagi Esonboy obrazlari xarakter xususiyatlari bilan mumtoz shoirimiz Abdulla Oripovning «Noma’lum odam» she’ri qahramonini esga soladi. Ma’lumki, rus adabiyotida «kichkina odam» («malenkiy chelovek») degan tushuncha bor. Yuqoridagi obrazlar ham aslida «kichkina odam», jamiyat uchun «ortiqcha»dek. Ularning har biri gо‘yoki kechagi hayot, kechagi mezonlar bilan bugungi hayot va taraqqiyotga baho bermoqchi bо‘ladi. Bunday obrazlar mohiyatini adabiyotshunos Murtazo Qarshiboy «Noma’lum odam kim edi» maqolasida atroflicha ochib bergan.
«G‘ulomgardish» hikoyasi qahramoni Sanoqul bobo davri о‘tganini, boshqa zamonlar kelganini sira tan olishni xohlamaydi, о‘tmish haqida gapirganida, «Kechagina bо‘lgan gaplar-da bari, tо‘ram», deydi. Hamqishloqlari ham uni tentak hisoblaydi: Dadamatov otasidan Sanoqul bobo tо‘g‘risida sо‘raganida, «Qaysi Sano? Sano tentakmi?» deydi chol. Sanoqul boboning ota-bobolari bir vaqtlar Dadamatovning ota-bobolariga qaram bо‘lgan. Yillar о‘tsa-da, Sanoqul boboning ongida ana shu qullik hissi saqlanib qolgan. Boboning Dadamatovni kо‘rganida qо‘l qovushtirib salom berishi, «tо‘ram-tо‘ram»lab hol-ahvol sо‘raganida xokisor termilishlari, uning ongida hanuz ota-bobolariga xos mutelik, yangi zamon kо‘tarmaydigan aqidalar saqlanib qolganini kо‘rsatadi. Yangi zamon odami bо‘lgani uchun Dadamatovga boboning «iltifot»lari xush kelmaydi. U choldan «tо‘ram» demay, ismini aytishini yoki «о‘g‘lim» deyishini sо‘raydi. Ammo Sanoqul bobo bunga aslo kо‘nmaydi, uning aytishicha, «ayb bо‘ladi», «Qozi boboning arvohi-chi?!» Shu tariqa Dadamatovning bobosi о‘tmishda kim bо‘lganini esga soladi. О‘tmishidan uzilib qolgan, uni eslashdan ham chо‘chiydigan Dadamatov uchun esa bu yana bir zarba...
Xullas, Sanoqul bobo shunday qaysar, e’tiqodini о‘zgartirmaydiganlar toifasidan. U bir zamonlar о‘zi qarol bо‘lgan Dadamat qoziga sadoqati boqiyligi sabab «tо‘ra»sining hatto kо‘rmagan nabirasini ham «tо‘ram»lab ardoqlaydi, shu yо‘sin e’tiqodini namoyish qiladi. Buni u hech bir ta’masiz, soddadillik bilan ado etadi. U ota-bobolari ruhidan, о‘tmish tuyg‘usidan, tarixiy xotiradan uzilmagan. Shu jihati bilan Dadamatovdan ustun turadi.
Sanoqul boboning gap-sо‘zlari, qiliqlari bir qarashda beixtiyor kulgi uyg‘otishi mumkin. Lekin yozuvchi bu obraz orqali avlodlar va ajdodlar о‘rtasidagi vorisiylik barham topib borayotgani, zamon kishilari о‘z tarixi va milliy an’analaridan uzoqlashib ketayotganiga e’tiborni qaratadi. Sanoqul bobo va Dadamatov timsolida butun bir avlod fojiasini tasvirlaydi.
X.Sultonning ayrim qahramonlari о‘zini himoya etolmaydigan, bunga hatto ehtiyoj ham sezmaydigan, nihoyat darajada xokisor odamlar. Bu kabi obrazlar yaratish orqali har qanday odam e’tiborga loyiq ekani, asar qahramoni bо‘la olishi isbotlanadi. «Bir oqshom ertagi»da hatto asl ismini hech kim bilmaydigan, kо‘pchilik orqavarotdan «Kо‘r Qori» deb atasa ham, «kо‘cha-kо‘yda tuproqqa qorishib yuradigan ishtonchan gо‘daklar ortidan: «Qoraka, Qoraka, bugun kino qanaqa?» deya mazax qilib qochishsa ham xafa bо‘lmay, kulib qо‘yaqoladigan beozor odam obrazi yaratilgan. Qorini tasvirlar ekan, yozuvchi insonning tashqi qiyofasidan kо‘ra ichki olami tasviriga kо‘proq о‘rin berib, uning qalbida о‘zgacha dunyo yashayotganini kо‘rsatishga harakat qiladi.
Qorining portreti quyidagicha tasvirlanadi: «Xullas, past bо‘yli, ozg‘in yelkalari turtib chiqqan, yuzi irg‘ay hassasidek chо‘tir bu kishi barchaga barobar beozor ermak — «Qori aka», vassalom. Kо‘z о‘rnida — tuksiz qoshlar tagida yiltiraydigan ikkita kо‘kimtir soqqa; egnida qishin-yozin qora trinkadan kamzul-shim; oyog‘ida ukasi bir zamonda harbiydan kiyib qaytgan qо‘pol botinka; labida — ...qо‘shiq!» Bu obrazli tasvir, ayniqsa, «labida qо‘shiq» iborasi kо‘z о‘ngimizda Qorining qiyofasini aniq jonlantiradi. Bir zamonlar qishloq shо‘rosining raisi uni idorasiga chaqirib: «Qori, pensadaman, deb uzun kekirib yotavermang, miltiqning о‘qidek ovozingiz bor ekan, yurtning xizmatini qilib turing, kam bо‘lmaysiz», deganidan buyon hech kim chaqirmasa ham tо‘ylarga borib qо‘shiq aytishi uning juda sodda, omi odam ekanidan dalolat beradi. Qorini tо‘ylarda ochiq mazax qilishsa ham, «mahalliy xushovoz xonanda», «Yashang, Qora aka, sizdan boshqa hech kim о‘lmasin!», «Og‘zini qara, og‘zini! Xuddi kolxozning bog‘iga о‘xshaydi, vah-ha-ha!», «E, jо‘natvor, tо‘rtta qatlamasini berib!» deya kamsitishsa ham u birovdan ranjimaydi, odamlar orasida bо‘lishni xohlaydi.
Qori obrazi bir qarashda bechora, uvolgina odam kishida achinish, rahm-shafqat uyg‘otsa-da, uning о‘z ma’naviy boyligi — nozik kо‘ngli bor. Shu jihatdan u tо‘ydagi mast-alast, о‘zligini unutgan manqurtsifat yoshlardan ustun turadi. Garchi u kо‘r-ojiz bо‘lsa ham, qalb kо‘zi ochiq, gо‘zallikni his qila oladi, qadr-qiymatini biladi.
Adibning yuqorida tilga olingan «Dо‘stim Esonboy» hikoyasi sof hikoya-xarakter yо‘nalishidagi asardir. Unda asosiy e’tibor Esonboy xarakterini chizishga qaratilgan. Esonboy soddaligi, samimiyligi bilan kо‘ngilga qandaydir bir iliqlik olib kiradi. Uning xarakteri muayyan bir vaqtda, holatda, atrofidagilarga munosabatida, muammolarga duch kelganida о‘zini tutishi orqali oydinlashadi. Esonboy — oddiy, kamsuqum, soddadil, yuvosh odam. Shunga qaramay, dо‘stlari muammoyu mojarolarini hal etishda kо‘pincha unga murojaat qilishadi va u bu ishni uddalaydi. Esonboy har qanday vaziyatda ham og‘ir-bosiqlik bilan ish tutadi. Hatto о‘zini ranjitganlarga ham qattiq gapirmaydi. Esonboy «hammamiz bir odam» degan gapni kо‘p qaytaradi. Birgina mana shu gapi uning qanday odam ekanini, xarakterini aniq ifodalaydi. Esonboy bu gapni anchayin aytib qо‘yaqolmaydi, aslida ham u hammani teng kо‘radi. Deyarli hayotiy e’tiqodiga aylangan bu narsa Esonboyning ma’nan baquvvatligidan darak beradi. О‘zining muammoyu tashvishlari bо‘laturib boshqalarning tashvishini chekadi (dо‘stining yо‘qolgan telegrammasi topilgan-topilmaganini sо‘rash uchun atay uning ishxonasiga kirishi, Bodomtepaga, generalnikiga Ilhom akaning «Volga»sini plani tо‘lmagani uchun! — kira qilib borishi kabi). Bunday odamlar gap-sо‘zi, о‘zini tutishi, goho sodda-laqmaligi bilan, qisqasi, g‘alatiroq fe’l-atvori sababli hayotda kо‘p qoqiladi, ba’zan murakkab, ba’zan kulgili vaziyatlarga tushib qoladi. Har uchala hikoya qahramonlari — Sanoqul bobo, Qori va Esonboyning tabiatidagi soddalik, lakalovlik ularni bir-biriga yaqinlashtiradi. Ularni xalq «afandi» deb ataydigan odamlar yoki g‘aroyib tabiatli kishilar sirasiga ham kiritish mumkin bо‘lsa-da, yozuvchi Said Ahmad ta’kidlaganidek, «Esonboy singari insonlarga ishonish, ularga suyanish» ba’zan zarurat bо‘lib qoladi. Shu jihati bilan ham ular milliy qahramonlardir. О‘rni kelganda ta’kidlash kerakki, yozuvchi Erkin A’zamning Ramazon («Anoyining jaydari olmasi»), Kо‘kaldosh («Bog‘bololik Kо‘kaldosh») kabi qahramonlari ham shu toifa obrazlardandir.
Kuzatishlarimizdan ma’lum bо‘ldiki, yozuvchi odatda qahramonning tashqi qiyofasi — portreti, kiyinishi va yurish-turishiga e’tibor qaratavermaydi, kо‘proq uning gap-sо‘zi, atrofidagilar bilan munosabat-muomalasi, о‘y-fikrlarini tasvirlash orqali xarakter yaratadi. Yozuvchini qahramonning ichki dunyosi, qalbini tahlil etish kо‘proq qiziqtiradi.
Ma’lumki, janr tabiatiga kо‘ra aksariyat hikoyalarda muayyan bir voqea tasvirlanadi. Undagi qahramon asar boshidayoq shakllanib ulgurgan xarakter bо‘lishi mumkin. X.Sulton ayrim hikoyalarida qahramonni asar boshida tayyor xarakter sifatida kо‘rsatadi. Ammo keyin ma’lum bir sabab, ta’sir natijasida uning xarakteri dinamik tarzda о‘zgarib borishi kuzatiladi. Qahramon ongida rо‘y bergan ziddiyatlar oqibatida hikoya sо‘ngida u mutlaqo teskari evrilib ketishi ham mumkin. Muallif kо‘pincha asosiy e’tiborni qahramonning voqea tasvirlanayotgan paytdagi ruhiy olamini tadqiq etishga qaratadi. Buni «Qog‘oz gullar»da Omon G‘aniyevich, «Yo, Jamshid!»da О‘rinboy, «Grajdan mudofaasi»da Hikmat, «Yо‘qchilik va tо‘qchilik»da Rahmatulla kabi qahramonlar timsolida kuzatish mumkin.
Misol tariqasida «Grajdan mudofaasi» hikoyasi qahramoni — Hikmat obraziga tо‘xtalib о‘tamiz. Asar uning xarakteriga oid chizgilar bilan boshlanadi: «Gо‘dakning oddiy xarxashasi ham unga Shekspir tragediyalaridan kо‘ra kuchliroq ta’sir qilardi» tarzidagi bir oz mubolag‘ali ta’rif Hikmatning tabiatan nihoyatda ta’sirchan, kо‘ngilchanligidan darak beradi. Farzand kо‘rgach esa u batamom tinchini yо‘qotadi — endi uning hayotidan xavotirga tushadi. Hikmatning bu fe’li о‘zi tо‘qnash kelgan har qanday hodisaning xunuk oqibatlarini tasavvur qilishi, xayolan ularni boshdan kechirishi, farzandi va yaqinlariga zarar yetkazishi mumkinligini о‘ylab siqilishiga sabab bо‘ladi. Uning shu holatini yozuvchi andak mutoyiba aralash bunday ta’riflaydi: «Chinor kavagida — kaptar, kaptar qornida — tuxum, tuxum ichida — devning joni, deya chо‘pchaklarda naql qilinganidek, u ham mitti zurriyodining jonu jahoni о‘zining kо‘ksida, kо‘zida, lablariyu tomirlarida nihon ekanini qariyb jismoniy og‘riq bilan his etardi» . Muallif qahramonning bu holatga tushishini avvaldan dalillab keladi. Hikmat ruhan xavotirga tayyor. U mudom ana shunday kayfiyatda yashaydi, bu uning har bir xatti-harakatida kо‘rinadi. Grajdan mudofaasi mashg‘ulotlari, buning ustiga, xalqaro ahvolning tahlikali ekani haqidagi televideniye va matbuot ma’lumotlari uning qо‘rquv kо‘zlarini battar ochib yuboradi. Hikmat timsolida hayotning faqat mudhish, qorong‘i tomonlarini о‘ylab о‘z-о‘zini qiynayotgan inson obrazi namoyon bо‘ladi: «Ey, yorug‘ dunyo, ey, bebaho olam! Bunchalar gо‘zal, bunchalar g‘ofilsan! Nahot seni hududsiz mozoristonga aylantirmoq shunchalar oson?! E, parivash sanamlar, e, о‘ktam yigitlar, buncha g‘ofil, buncha beg‘amsiz?!» Shu о‘rinda Hikmatning xiyla romantikligi ham kо‘zga tashlanadi.
Qahramonning о‘zini tutishi, har bir harakatlariga nisbatan yozuvchining bir oz kinoyali, bir oz dramatik tarzdagi munosabati seziladi. (Har qanday hodisadan katta fojia yasaydigan, shu barobari, о‘z hayotini ham fojiaga aylantirish darajasiga yetgan odam kо‘z о‘ngimizga keladi.) Bu jihatdan muallifning obraz yaratishda A.Chexov va A.Qahhor tajribalaridan bahramand bо‘lgani kо‘rinadi. Odatdagi maishiy hayot hodisalarida umuminsoniy ahamiyatga molik jihatlarni kо‘ra bilish, qahramon obrazini uning ziddiyat va iztiroblarga tо‘la ruhiy olamini tasvirlash orqali aks ettirish — X.Sultonga xos xususiyat. Yozuvchi qahramonning telbalikka aylanayozgan xatti-harakatlarini tabiiy voqealar silsilasida kuzatadi. Hikoya sо‘ngida qahramon beixtiyor о‘zidan, qilayotgan ishlaridan uyaladi: «Chindan ham temir qо‘rg‘on bitdi, deylik, ichiga kirib olishga ulgurdi ham deylik, ammo atrofda na bir tirik jon, na bir giyoh bо‘lmasa, bunday hayot...» Hikmatning ongi о‘zini, harakatlarini tahlil qilish, nafaqat tahlil, balki tanqid qilish darajasida uyg‘onadi. Mana shu jihati bilan Hikmat yangi obrazdir.
Hikmat shu narsani anglab yetadiki, chinakam inson faqat о‘zi, yaqinlari haqidagina emas, balki butun insoniyat haqida qayg‘urishi kerak, chunki u yakka о‘zi hech kim emas. Hikoyadagi asosiy g‘oya qahramonning ana shu haqiqatni anglab yetishi orqali ma’lum bо‘ladi. Muallif insoniyatning urushga bо‘lgan nafratini, hamjihatlik esa tinchlikning asosiy omili ekanini shu yо‘sinda ifodalaydi.
«Yo, Jamshid!» hikoyasida adibning obraz yaratishdagi mahoratini kuzatish imkoniyati birmuncha keng. Asosiy voqea О‘rinboy bilan bog‘liq bо‘lsa-da, hikoyada uning akasi Islomboy xarakterini ham ancha chuqur tahlil etish mumkin. Bu obraz haqida professor U.Normatov: «Islomboyda cheksiz nafrat bor-u, muruvvat, himmat tuyg‘usi yо‘q... О‘sha damda talabchan, prinsipial yо‘l tutgan bu odam nihoyatda hissiz, tuban kimsa sifatida kо‘rinadi kо‘zimizga» , deb yozadi. Munaqqid Islomboy xarakteriga qat’iy baho bermagan bо‘lsa-da, uning fikrlari munozarali. Chunki, Islomboy —murakkab obraz. Binobarin, bir qarashda, uning qanday inson ekanini bilish qiyin. Shu bois uning xarakterini biryoqlama baholab bо‘lmaydi. Bir qarashda, ziqna, subutsiz, hissiz bо‘lib tuyulgan Islomboyning ayni paytdagi holatini, tutgan yо‘lini oqlaydigan biror sabab topishga urinib kо‘ramiz. Deylik, Islomboy hikoyadagi boshqa qahramonlarga nisbatan hayotga realroq qaraydi — ukasining tuzalmasligi, tо‘g‘ri yо‘lga qaytmasligiga kо‘zi yetadi. Chunki О‘rinboy bunday vaziyatga birinchi marta tushayotgani yо‘q. Shunday ekan, Islomboy nimaga pulini bekorga sovurishi kerak? Bu uning baribir odam bо‘lmaydigan qimorboz ukaning tashvishidan kо‘ra, о‘ziga yetadigan moddiy zarar haqida kо‘proq о‘ylashi, vaziyatni tо‘g‘ri baholashga intilishini ham kо‘rsatadi. Islomboyning nazarida, oxir-oqibat О‘rinboyga ishonib pul bergan qarindoshlari ham uning qilmishga sherik. Ular О‘rinboyni gо‘yoki yana qimorbozlikka rag‘batlantiradi. Mantiqan bu tо‘g‘ri baho. Ammo, xalqimizga xos mehr-oqibat, qondoshlik «qonuni» nuqtai nazaridan qaralsa, qarindoshlar tо‘g‘ri yо‘l tutgan. Vaziyat nihoyatda qaltis. О‘rinboy qimorboz, subutsiz bо‘lsa ham, yaqinlari ayni damda uning joni omon qolishini о‘ylaydi.
Islomboyni umuman mehrsiz deb ham bо‘lmaydi. U ukasiga achinadi. Bu tuyg‘u bir lahzagina uni band etadi-yu, yana ukasining qimorbozligi, bir kunda yigirma mingni (о‘sha davr nuqtai nazarida katta pul) shamolga sovurganini о‘ylab, ham g‘azablanadi, ham hayratga tushadi. Chunki Islomboy har qanday vaziyatda, har qanday masalaga о‘z manfaatini kо‘zlagan holda yondashadi. Bir sо‘z bilan aytganda, unda xudbinlik ustun. U «qoziqning boshi ham, uchi ham bо‘lmaslik »ni ma’qul kо‘radi.
О‘rinboyning ammasi Salomat, amakilari Zarif nayza, Orif baqiroq — har qaysisi о‘ziga xos xarakter egasi. Ayniqsa, Salomat amma sal chapani va laqmaroq. «Yutqazishni bilgan errayim, tо‘lashniyam о‘ylasin», deb о‘tirgan amma vaziyatning qanchalik qaltisligini bilgach, ayolligiga boradi — kо‘ngli yumshaydi. Ammo u ishning oqibati haqida о‘ylamaydi. Salomat amma jiyanini qutqarib olib, ehtimolki ertaga shu «jasorati» bilan maqtanib yurishi ham mumkin.
Muallifning obraz yaratishda kо‘proq botiniy olam: his-tuyg‘u va kechinmalar, ichki ziddiyatlarga e’tibor qaratishi, ya’ni psixologik tahlil usulidan samarali foydalanishi shu hikoyada, ayniqsa, yaqqol kо‘rinadi.
Ma’lumki, psixologik tahlilda turli usullardan foydalaniladi. U muallifning bevosita mulohaza-mushohadalari tarzida yoki qahramonlarning ichki kechinmalari, yoxud bilvosita — ularning muallif tomonidan oldindan «tayyorlab» borilgan kitobxon tahliliy tadqiq eta biladigan xatti-harakatlari, qiliqlari orqali yuzaga keladi. Bu kabi barcha tahlil usullari orasida personajlarning tashqi va ichki nutqi alohida о‘rin tutadi... Adabiyotshunos L.Y.Ginzburg ta’kidlaganidek, «Qahramonlarning bevosita nutqida ularning ruhiy holatini nisbatan aniq, rо‘y-rost aks ettirish imkoniyati mavjud. Personajning gap-sо‘zida uning xarakteri, kechinmalari, maqsad-xohishi, qolaversa, obrazning badiiy talqiniga doir asosiy mohiyat о‘ta muxtasar tarzda ifoda topishi mumkin. Biroq sо‘zning bunday imkoniyatlariga uzoq taraqqiyot jarayoni, kо‘plab buyuk sо‘z san’atkorlarining izlanishlari tufayli erishilgan» .
«Yo, Jamshid!» hikoyasida muallif hayot haqiqatidan chekinmagan holda, har qaysi obrazning ichki olamini uning nutqi orqali ochib berishga harakat qiladi. Ularning har qaysisi о‘ziga xos bir jihati bilan esda qoladi: ona — xokisor, farzand uchun umrini bag‘ishlagan mushtipar ayol; Anzirat — oilam, bola-chaqam deb yashayotgan sodda uy bekasi; Salomat — shartaki, shaddod, mehr-oqibatli, shu bilan birga tez о‘zgaradigan, hukmfarmo ayol; Zarif nayza — har sо‘zini о‘ylab gapiradigan bosiq va vazmin kishi; Orif baqiroq — bir oz nasihatgо‘y, lanjroq odam.
О‘rinboy ham ziddiyatli, murakkab qahramon. U akasi Islomboy о‘ylaganidek о‘ta beburd va qasamxо‘r bо‘lmasa-da, irodasi sust, qat’iyatsiz, aqlini yig‘ib ololmagan. Akasi Islomboyga о‘zining kimligini kо‘rsatib qо‘yish, qasos о‘ti uni tavakkal qilishga undaydi. Uning bu xatti-harakatlari «Daydi tо‘tining qaytishi» multfilmidagi Keshaning chiranishlarini yodga soladi. Tо‘tiqо‘sh hech bir ishda omadi kelavermagach, «Porloq hayot» sovxoziga borib о‘zini kо‘rsatmoqchi — traktorda yer haydab, urug‘ ekmoqchi, yuksak natijalarni qо‘lga kiritmoqchi bо‘ladi. Lekin uquvsizligi oqibatida traktorni daryoga g‘arq etadi. Umuman, bu multfilmda kommunistik tuzum davridagi manmanlik va maqtanchoqlik ustidan kulinadi. Aslida, manmanlik, birovga achchiq qilish bilan biron narsaga erishib bо‘lmaydi. О‘rinboyning jon achchig‘idagi sо‘nggi qilmishini ham manmanlik, deyish mumkin.
Adibning «Olis «Artek» haqida xotiralar» hikoyasida talqin etilgan qahramon — A’lochi bola obraziga о‘xshash, uning taqdiriga hamohang tafsilotlar bayoni adabiyotda kо‘p uchraydi.
Yozuvchi ijodida qariyalar obraziga kо‘p bor murojaat etadi. Ulardan ba’zilari yoshlarga yо‘l-yо‘riq kо‘rsatish, maslahat berishni yoqtiradigan nasihatgо‘y keksalar timsolida kо‘rinsa, boshqalari hech kimga yomonlikni istamaydigan, birovning dilini og‘ritishdan chо‘chiydigan beozor odamlar sifatida tasvirlanadi. Adibning dastlabki hikoyalaridan biri «Mirkarim chol» dagi qariya yoshlarning zamonaviylik bahonasida har narsaga haddan ziyod taqlid qilishi — kiyinishi, soch о‘stirishi, umuman, yurish-turishiyu о‘zini tutishidan norozi. Ularni koyiydi, tanqid qiladi, shu tariqa о‘zicha tо‘g‘ri yо‘lga solmoqchi bо‘ladi. Tabiiyki, hayotning achchiq-chuchugini xо‘b tatigan odam nasihatgо‘ylikka moyil bо‘ladi. Lekin Mirkarim ota quruq nasihatgо‘y emas. Uning «Bundoq odam bо‘lib tо‘yga aralashmasang! Ma’rakaga yurmasang! Qanaqa yigitsan о‘zi?! Man sani odam bо‘lgin, deyman. Koyisam, shuning uchun koyiyman...», degan gaplari bu nasihatgо‘ylikning, kuyinchaklikning asl sababini kо‘rsatadi. Otani bezovta qiladigan insoniy dard axloqiy aqidalar bilan bog‘liq. Holbuki, Mirkarim cholga о‘xshagan qariyalarning yoshlarni bunday koyib-tergab turishi zamirida «yoshlar asli kimligini unutib qо‘ymasin», degan tashvish mujassam. Uni, bir qarashda, Erkin Vo-hidovning «Hozirgi yoshlar» she’ri lirik qahramonining nasrdagi muvaffaqiyatli talqini deyish mumkin. Uning harakterida bir oz tajanglik sezilsa-da, yoshlarga nisbatan munosabati beg‘araz va samimiy.
«Chollar palatasi» hikoyasida turli tabiat, fe’l-atvorga ega besh qariya obrazi tasvirlangan. Ular shu palataga tushib qolgan talaba yigit Muhammadning nazari bilan tasvirlanadi. Odatda keksalarning yoshlardan nolishi, ularni tergab turishi, pand-nasihat berishi yoshlarga yoqmaydi. Hikoya qahramoni Muhammad ham shunday «xususiyat»dan xoli emas. Dastlab hamxonalarining suhbati asosan «hozirgi yoshlar noziklashib ketdi», «hozirgi yoshlar quruq, betgachopar bо‘lib ketdi» qabilida ekanidan uning g‘ashi keladi, «Nima, yoshlar bularning arpasini xom о‘rganmi?» deya ensasi qotadi. Chollar bilan bir palataga tushib qolganidan norozi Muhammadning keyinroq har biri bir olam bо‘lgan bu insonlarni yoqtirib qolishi ham ulardagi oddiylik, tо‘g‘rilik, beg‘arazlik tufayli ekani ayon bо‘ladi. Chollar bilan yaqinroq muloqotda bо‘lib, har birining hayotiga doir tafsilotlarni о‘z og‘zidan eshitgach esa, ularga munosabati о‘zgaradi — kо‘nglida mehr uyg‘onadi. Ayniqsa, chо‘rtkesar Ergash mо‘ylovning tо‘g‘risо‘zligi unga yoqib qoladi. Hikoyada har bir qariyaning hayotiga doir qiziqarli voqealar ularning о‘z og‘zidan bayon etilishi (masalan, Ergash mо‘ylovning front xotirasi — qorli kunda kо‘chada olti-yetti yashar qizchani kо‘rib qolib, uni mashinasida uyigacha olib borib, sovuqdan, ochlikdan sillasi qurib, shishib ketgan qizchaning onasi va buvisiga о‘zining oxirgi nonini bergani; О‘sar buvaning kо‘richagini oddiy hamshira Maryam opa operatsiya qilib о‘limdan asrab qolgani; Fayziqulning Novosibirskka yong‘oq sotgani borishi va u yerda «obixiyes»ga tutilib, bor narsasidan mahrum bо‘lishi haqidagi kiritma voqealar) xarakterlarning yanada yorqinroq ochilishiga, ular haqida kengroq mushohada yuritishga yordam beradi.
Chо‘rtkesar, tо‘g‘risо‘z Ergash mо‘ylovning о‘limi bir-biriga tasalli berib, hazil-mutoyiba qilib yotadigan qariyalarni ham, Muhammadni ham chuqur qayg‘uga soladi.
Ergash mо‘ylov qaysi bir jihatlari bilan Mirkarim cholga yaqin. U duch kelgan odamni tо‘xtatib olib, nasihat о‘qimaydi-yu, lekin yoshlarning qiyinchilikka chidamsiz, «kun kо‘rmagan bargdan battar nozik»ligi, hatto milliy о‘yin — kurashda ham mard bо‘lib maydonga tushadigani qolmaganidan noliydi. О‘zi azaldan shunday, qariyalar bamisoli hayot muvozanatini nazorat qilib turishga mas’ul!
Ikkala chol ham olamdan о‘tadi. Bu hodisa odamning odamga g‘animatligini, ayniqsa, qariyalarga tirikligida yetarlicha hurmat-e’tibor kо‘rsatish lozimligini, о‘lim kutilmaganda kelishini yana bir bor eslatib qо‘yadi gо‘yo. Aslida har ikkala qariyaning bezovtaligi ma’naviy-ma’rifiy jihatdan о‘rinli. Ular yoshlarning milliy о‘zlikni, an’anayu urf-odatlarni unutib yuborayotganidan xavotirda.
«Chayladagi tо‘rt erkak» hikoyasidagi Asom buva qarigan chog‘ida kolxoz kartoshkasini tezroq yig‘ib olish maqsadida kimsasiz dalada, og‘ir bir sharoitda yotib ishlashga majbur. Bunga yakkayu yolg‘iz о‘g‘lining betayinligi ham sabab — chol uni uylantiraman deb olgan qarzining bir qismidan hali qutulmagan. Demak, ishlab pul topishi zarur. Asom buva doim nimadandir norozi bо‘lib, g‘ashlanib yuradi, lekin birovga ozori yо‘q, kimsaning dilini og‘ritmaydi. Unga hatto radiodan beriladigan ob-havo ma’lumoti ham, qо‘shiqlar ham yoqmaydi. Chunki kunda bir xil gap qaytarilavergach, qizig‘i yо‘q-da. Ortiqcha tajangligiga taajjub bildirgan Tо‘lavoyga: «Buni eshitaversang, san ham nervinniy bо‘pqolasan. Qiztaloqlar, hatto ob-havoni rost aytmaydi-yu!..» deyishi Asom buvaning anchagina chapani, chо‘rtkesar insonligidan dalolat. U vaziyatga tanqidiy munosabatda bо‘ladi, ammo biron narsani о‘zgartirishga harakat qilmaydi, zero, bunga qodir ham emas. Asom buva hayotdagi nohaqliklardan, yolg‘on-yashiqlardan charchagan: «E, о‘t tushib ketmaydimi manga desa kolxozning karchikasiga! О‘lamanmi endi! Oyog‘im sinib ketay deyapti, jonim о‘zimga kerak... Ketmaysanlarmi? Bilganingni qillaring!..»
Obraz yaratish, uning xarakter belgilarini tasvirlashda ba’zan yozuvchi qahramonning tashqi qiyofasi, ya’ni portretini chizishdan ham foydalanadi. Ma’lumki, portret tasviri orqali personajlarning tashqi qiyofasi, hayotiy qarashlari, tabiatiyu odob-axloqi, yoshi va boshqa xususiyatlari ham oydinlashadi. Ammo, yuqorida zikr etilganidek, adib hech qachon qahramonlari portretini bir boshdan, mukammal tasvirlamaydi. Aksincha, yо‘l-yо‘lakay matn ichida, о‘rni kelganda yo biror vaziyatdagi holatini ifodalay turib qahramon portretini ham uch-tо‘rt og‘iz sо‘z bilan, ammo aniq chizib ketadi. Masalan, «Nomus» hikoyasi qahramonining holati tasviri orqali uning portreti ham kо‘z о‘ngimizda namoyon bо‘ladi: «Chо‘g‘i о‘chib qolgan muzdek tanchada yonboshlagan kо‘yi pinakka ketgan chuvak yuz, mallarang soqol-mо‘ylovi anchadan beri kuzalmagan ushoqqina chol chо‘chib kо‘zini ochdi»
Hikoyada bir oyog‘ini urushda qoldirib kelgan ana shu yarimjon qariyaga bolalikdan birga о‘sgan, qiyomatli og‘aynisi bо‘lmasa-da, bir mahallada tuproq changitib katta bо‘lgan tengdoshi Nishonxо‘jani kontrast qо‘yish orqali uning xarakteri ochiladi. Chol oriyatli, nomusni har narsadan ustun qо‘yadigan odam. Nishonxо‘ja esa iymonini sotgan, qо‘rqoq, vijdonsiz kimsa. Yozuvchi qahramonining tashqi qiyofasini tasvirlay turib, uning xarakteriga baho ham beradi. Chunki badiiy asarda portret hamma vaqt faqat tasvir vositasigina emas, balki baholovchi xususiyatga ham ega bо‘lishi mumkin 2. Quyidagi jumlada cholning nigohi orqali Nishonxо‘ja portretiga oid ba’zi chizgilar beriladi: «Chol qayrilib qaradi-da, pastak paxsa devor osha mо‘ralab turgan kо‘k sallali, siyrak soqol, quv basharaga kо‘zi tushdi». Aynan shu tashqi belgilar tasviridanoq cholning Nishonxо‘jaga munosabati ham oydinlashadi. Chol uni yomon kо‘radi. Buni yashirmaydi ham. «Iya! —dedi u kishi (Nishonxо‘ja — Sh.S.) yalpoq yuziga kulgi yoyilib. Yumuq о‘ng kо‘zini negadir silab qо‘ydi. — Ha, taqsir, yо‘l bо‘lsin?» yoki «Nima?! — dedi sog‘ kо‘zining paxtasi chiqib ketayozgan Nishonxо‘ja devorga tirsaklab olib» kabi jumlalardan Nishonxо‘janing bir kо‘zi kо‘rmasligi anglashiladi. Shundan sо‘nggina cholning xotirasi orqali Nishonxо‘janing hiyla ishlatib frontdan qolgani — kо‘ziga qalampir surtib о‘zini kо‘rlikka solgani, tinchlik zamonida esa ishi ancha yurishgani, kunduzlari bozorda dallollik qilishi, kechqurunlari masjidga chiqishi, juma kunlari о‘g‘lining mashinasida shaharga tushib, Hasti Imomda namoz о‘qib qaytishi bayon etiladi. Chol ana shularni hazm qilolmaydi.
Chol och ma’rab yotgan qо‘ylar bahonasida bolasini urib-qarg‘ayotgan (aslida bu koyishlar о‘ziga qaratilganini bilsa-da) kelinidan ham xafa bо‘lmaydi. «U ham yaqinda og‘ir kasaldan turdi, hali yosh, esini yig‘ib olar», deya о‘ziga taskin beradi. Hadeb uyda yeb-ichib yotaverishga vijdoni qо‘ymay, о‘t о‘rib kelgani dalaga jо‘naydi. Vaholanki, о‘zi yarimjon — о‘tni-ku bir amallab о‘rar, ammo uni eshakka ortish-chi?! Chol bularni о‘ylamaydi.
Devordan mо‘ralab turgan Nishonxо‘ja uning о‘tga borayotganini eshitib, kо‘zi olayib ketadi. О‘zini achingan kо‘rsatib: «О‘zingiz ham hech tinib-tinchimadingiz-da. Bu dunyoning ishi о‘lganda bitadi... Axir bundan buyon og‘iz bilan ish bitiradigan paytingiz. Tashlab qо‘ying bola-chaqaga, kerak bо‘lsa qilib olsin. Nima, siz bilan biz bu dunyoni gо‘rga olib ketarmidik?» deya aql о‘rgatgan Nishonxо‘janing о‘zi bu gaplarga amal qilmaydi — hamma narsasi yetarli bо‘lsa-da, bozorda dallollik qilishni kanda etmaydi. Chol, albatta, Nishonxо‘janing gaplariga e’tibor bermaydi.
Yozuvchi cholni shunday tasvirlaydi: «U tabiatan halimday yumshoq, beozor, ammo jahli chiqqan kezlarda tutganini kesadigan «kо‘r о‘jar»ga aylanar edi» . Uning bu fe’lini yozuvchi aniq vaziyatda kо‘rsatadi. Buni dalada о‘rgan о‘tini katta-katta bog‘lam qilib, eshakka ortishga urinayotganida kuzatish mumkin: eshak yurib ketadi, bog‘lam chuqurlikka ag‘anaydi. Chol bog‘lamlarni olib chiqib, yana eshakka ortmoqchi bо‘ladi, u yana yurib ketadi. Bu safar о‘zi ham chalqancha yiqiladi. Xullas, bunday ovoragarchilik bir necha bor takrorlanadi. Bog‘lam yechilib, о‘t sochilib ketadi. Chol esa sabr-bardosh bilan ularni qaytadan yig‘ib, bog‘laydi. Nihoyat, о‘tni ming bir azob bilan eshakka ortadi. Ungacha kun kech bо‘ladi.
Qartayib qolgan, buning ustiga yarimjon odamga shu tashvishlar zarurmi? Axir, uni hech kim bu ishga majbur qilmaydi. Qо‘l siltab uyga qaytsa, birov undan norozi bо‘larmidi? Ammo cholning oriyati bunga yо‘l bermaydi. Daladan quruq qaytish, tomoshatalab Nishonxо‘janing kо‘zi oldidan о‘tish, uyda javrab qolgan keliniga kо‘rinishga cholning nomusi chidamaydi. U qari bо‘lsa ham, chо‘loq bо‘lsa ham, о‘zining ojiz, notavon emasligini, hali bir ishni uddalashga qurbi yetishini kо‘rsatib qо‘yishni xohlaydi va bunga erishadi ham.
Asardagi chol bilan Nishonxо‘ja о‘rtasidagi ziddiyatga о‘xshash holatni Shukur Xolmirzayevning «Tabassum» hikoyasidagi Jalil ota va Mо‘min munosabatlarida ham kuzatish mumkin. Ikkala hikoyada ham qariyalar о‘rtasidagi kelishmovchilik ularning yoshlik vaqtida rо‘y bergan. Chol Nishonxо‘jani hiyla bilan urushdan qolgani uchun yomon kо‘rsa, Jalil ota Mо‘minni nayrangbozligi — о‘zini qahramon qilib kо‘rsatgani uchun yomon kо‘radi. Ikkala qariya ham, oradan necha zamonlar о‘tib ketsa-da, raqiblarining kirdikorini birovga aytmaydi. Chol Nishonxо‘janing kulgisiga qolishdan nomus qilsa, Jalil ota Mо‘min bilan quda bо‘lishdan kо‘ra о‘limni afzal biladi. Har ikkala hikoya qahramonlarida ham g‘urur, or-nomus ustun keladi.
Yozuvchining ba’zi hikoyalarida qariyalar obrazi yetakchi о‘rin tutsa, boshqalarida ular faqat kichik epizodlarda kо‘rinadi. Masalan, «Yо‘qchilik va tо‘qchilik» hikoyasida uy tо‘yiga kelgan ota ketar chog‘ida о‘g‘li Rahmatullaga kо‘nglidagini aytadi. Uni faqat shu о‘rinda uchratamiz. «Zerikdim, о‘g‘lim. Uying xuddi magazinga о‘xshab qopti. Qandoq yashaysizlar bunda?» deydi u soddadillik bilan. О‘g‘lida boylikka, hashamatga havas uyg‘ona boshlaganidan ota xavotirda: «Hozir zamon tо‘qchilik, hamma narsa bor. Sizlar yо‘qchilikni kо‘rmagansizlar, iloyo kо‘rmanglar. Lekin yо‘qchilikka dosh bersa bо‘ladi-yu, tо‘qchilikka... Bilmadim-da, bolam».
Boshdan о‘tkazgan tabib — chol yо‘qchilikni ham, og‘ir kunlarni ham kо‘rgan, yaxshi kunlar kelishiga, tо‘qchilik bо‘lishiga umid qilgan sabr-qanoatli insonlardan. U о‘g‘lini nafs yо‘liga kirgach, undan qutulish mushkulligidan ogoh etadi.
«Yo, Jamshid!» hikoyasida Orif baqiroq va Zarif nayza — «soqol-mо‘ylovi tekis kuzalgan, bir-biriga nihoyatda о‘xshagan ikkita chol» obrazi tasvirlangan. Jiyanlari qimorda yutqazib, tang ahvolda qolganda chollar maslahatga chaqiriladi. Ulardan yoshi kattasi — Orif baqiroq jiyaniga nasihat qilib, uni insofga keltirmoqchi bо‘ladi. Ammo, tabiiyki, qimorboz О‘rinboyga bu gaplar befoyda. Zarif nayza esa vaziyatni tо‘g‘ri baholaydi, ayni damda jiyanining qulog‘iga gap kirmasligini, faqat amaliy yordam bilangina muammoni hal etish mumkinligini aytadi. Har bir gapini maqol-matal bilan isbotlab turish uning odati: «E, aka, — dedi Zarif nayza, — bu gaplardan foyda yо‘q, dedim-ku. Bо‘ladigan ishni aytinglar. Bu shо‘rlikning hozir ming joyiga pichoq ursangiz, bir tomchi qon chiqmaydi-yu, nima qilamiz hadeb ezg‘ilayverib?»
X.Sulton qahramonlari obrazini tiniq, mukammal tasvirlashga moyil. Yuqorida tilga olingan hikoyalardagi qariyalar obrazi, xoh bosh qahramon, xoh kichik bir personaj bо‘lsin, nimasi bilandir esda qoladi. Hatto qahramon tо‘g‘risida uch-tо‘rt og‘izgina gap aytilganda ham, u haqda yetarli tasavvurga ega bо‘lasiz. Chunki u hayotiy va ishonarli tarzda kо‘rsatilgan.
Xulosa tariqasida shuni ta’kidlash kerakki, hikoyachilikdagi ijodiy izlanishlar, tabiiyki, yangi qahramonlarning tug‘ilishini ham taqozo etadi. Shu ma’noda, Xayriddin Sulton hikoyalarida har biri о‘zicha bir olam bо‘lgan qahramonlar anchagina.
Yozuvchining qahramon yaratish borasidagi izlanishlari quyidagi xususiyatlarda kо‘rinadi:
— X.Sultonni inson qalbi, ruhiyati, bir sо‘z bilan ayganda, ichki olami kо‘proq qiziqtiradi. U inson qalbining tub-tubidagi ezgulik, poklik va samimiyat tuyg‘ularini shoirona bir yо‘sinda ifodalashni yoqtiradi. Ba’zan birgina ixcham va lо‘nda tasvir, kichik detal orqali xarakterni yorqin ochib beradi (masalan, «Olis «Artek» haqida xotiralar» hikoyasida A’lochi bolaning Sabriye xolaga uyidan bо‘sh shishaga suv tо‘ldirib olib chiqib berishi).
— X. Sultonning obraz yaratishda insonga mehri va samimiyati (goh oshkor, goh yashirin bо‘lsa-da) mudom aks etib turadi, uning har xarakterdan avvalo о‘zi zavqlanishi seziladi. Yozuvchi ijodidagi bu xususiyatlar, bunday ruhiyat A.Qodiriydan ta’sirlanish natijasi ekanini his etish qiyin emas (masalan, Qori, Esonboy, Sanoqul bobo singari qahramonlar obrazi).
— X.Sulton qariyalar obraziga bot-bot murojaat qilishining muhim bir axloqiy jihati bor. Adib hikoyalarida qariyalar hayoti kо‘pincha ma’naviy-ma’rifiy ibrat hamda milliylik, vorisiylik, an’ana va qadriyatlar ramzi bо‘lib xizmat qiladi. Shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, qariyalar obrazi yaratish borasidagi (hikoya janridagi) izlanishlari samarasi о‘laroq X.Sulton ijodida insonning tashqi va ichki dunyosi bor murakkabliklari bilan tasvirlangan yorqin obraz — Adash Karvon kashf etildi.
Umuman olganda, yozuvchi hikoyalarida о‘taketgan razil, xudbin kimsalar obrazi deyarli uchramaydi. Bundan, u faqat hayotning ijobiy tomonlarini, yaxshi insonlarnigina tasvirlar ekan, degan fikr kelib chiqmasligi kerak. Buni, avvalo, adib ijodidagi tabiiylik bilan izohlash mumkin. U qahramonlarni real hayotdan tanlab oladi. Inson mukammal etib yaratilmagan. Bir haqiqatni tan olishimiz kerak: hayotda, ayniqsa, xalqimiz orasida bir umr razillik yoki yovuzlik bilan shug‘ullanadigan kimsalar deyarli yо‘q. Bu hol xalqimiz mentalitetiga yot. Ammo har qanday odam yaxshi xislatlar bilan birga о‘ziga yashara kamchiliklardan ham xoli emas. Yoki adashgan, boshi berk kо‘chaga kirib qolgan, kо‘pchilik nazarida xudbin bо‘lib kо‘ringan odamda ham qalb, ruhiyat, hech bо‘lmaganda о‘z oilasi, bola-chaqasiga nisbatan mehr bо‘ladi. Masalan, «Yo, Jamshid!» hikoyasida О‘rinboy — adashgan kimsa (qadr-qiymatiga kuyinadi), «Qog‘oz gullar»dagi Omon G‘aniyevich — qilmishlaridan pushaymon (uni о‘z hayotidan qoniqmaslik, о‘tgan umriga achinish hissi qiynaydi). X.Sulton uchun aynan shu kabi holatlarni tadqiq etish, insonni inson sifatida, xom sut emgan osiy banda sifatida kо‘rsatish xosdir.
Asarga bosh qahramon qilib kimni tanlash yozuvchining inon-ixtiyori, qolaversa, uning badiiy g‘oyasi, niyatiga ham bog‘liq. X.Sulton ba’zan qahramonlariga xayrixohdek tuyulsa-da, meyorga amal qilishi (yuqorida aytganimiz samimiyat masalasida ham), umuman, qahramonlariga nisbatan munosabatda muvozanatni buzmasligini ta’kidlamoqchimiz. Shu bois ham uning adabiy qahramonlari, rus yozuvchisi V.Rasputin ta’kidlaganidek, qо‘g‘irchoq kabi jonsiz qiyofalar emas, balki tirik insonlardir .
Atoqli adabiyotshunos Izzat Sulton uslubning о‘ziga xos xususiyatlarini qayd etib, bunday yozgan edi: «Yozuvchi shaxsiyati о‘ziga xos bir qancha xususiyatlarga (masalan, hayotni boshqalar bilmagan yoki kam bilgan tomondan bilishi, о‘quvchini hayajonga soladigan asar yozishning о‘ziga xos usullarini ijod etish va mavjud usullarni mukammallashtira borish kabi) ega bо‘lsagina, asar muvaffaqiyatli chiqadi. Yozuvchi hatto bir asarida qо‘llagan vosita va usullarni boshqa asarlarida ishlatish imkoniyatiga har vaqt ham ega bо‘lavermaydi. Yangi hayotiy material kо‘pincha yangi vositalar topishni zarur qilib qо‘yadi. Shunday sabablarga kо‘ra, badiiy ijod xilma-xil izlanishlar maydonidir» .

Download 294 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling