Yillar hikoyanavisligida yangi badiiy tamoyillar


II.2. Adib hikoyalarida muallif va qahramon nutqidagi individualliklar


Download 294 Kb.
bet7/9
Sana03.02.2023
Hajmi294 Kb.
#1154014
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
70-80 yillar hikoyanavisligida yangi badiiy tamoyillar (XAYRIDDIN SULTON HIKOYALARI MISOLIDA)

II.2. Adib hikoyalarida muallif va qahramon nutqidagi individualliklar
Badiiy nutq yozuvchi mahorati hamda uslubini namoyish etadigan asosiy masaladir. Yozuvchining hayotni badiiy idrok etish, uni butun murakkabliklari bilan kitobxonga yetkazish mahorati, uning о‘ziga xos badiiy olami avvalo til vositasida namoyon bо‘ladi.
«Mumtoz va hozirgi zamon adabiyotining qanday an’analariga amal qilasiz? Badiiy uslub yо‘nalishidagi qanday izlanishlar sizga ma’qul?» degan savolga Yuriy Kazakov quyidagicha javob bergan edi: «Vijdonim va о‘quvchim oldida rostgо‘y bо‘lishga intilaman. Umuman olganda, har qanday iste’dod egasi ijod yо‘lida oxir-oqibat sodda, ravon uslubda ijod qilishni tanlaydi»1.
Abdulla Qahhor ham о‘z ijodiy tajribasidan kelib chiqib: «Kitobxonga bir fikrni yoki bir narsani anglatish uchun kishining boshini qotirmaydigan, ochiq, ravon, sodda til kerak», degan edi. Uning sо‘zga talabchanligi, fikrni ixcham jumlada, aniq, lо‘nda ifodalagani, о‘ziga xos uslub yaratgani ma’lum. Bu borada о‘z davrida undan о‘rganganlar, unga ergashganlar, bugungi kunda-da uning shaxsiyati ham, badiiy mahorati ham ijod ahli uchun ibrat bо‘lib qolmoqda. Demak, ijodda sо‘zni о‘rnida qо‘llash, unga e’tiborli bо‘lish, ortiqcha tafsilotlardan tiyilish yozuvchi mahoratini ta’minlaydigan omilki, bu narsa Xayriddin Sulton hikoyalarida ham kо‘zga tashlanadi.
Tadqiqot obyektimiz bо‘lgan davr hikoyalarida badiiy til borasida yangilanishlar, о‘ziga xosliklar kuzatiladi. Jumladan, muallif nutqining asardagi kо‘rinishlari boyib, voqelikka, personajlarning xatti-harakatiga munosabat bildirish, qahramon ruhiyatini chuqurroq ochish, qahramon obrazi yoki voqeani tasvirlash madaniyatida yangi estetik-badiiy tamoyillar kо‘zga tashlana boshladi.
Umuman, inson ichki olamini bor ziddiyatlari bilan yoritish tamoyili kuchaygan ushbu davr adabiyotida qahramonning nima haqda о‘ylayotgani, xohish-istaklari, his-tuyg‘ulari, qalb tug‘yonlarini ifodalashda yangi tasvir usul va vositalariga ehtiyoj paydo bо‘ldiki, buni X.Sulton va unga avloddosh yozuvchilar zukkolik bilan sezdilar.
X.Sultonning til masalasida talabchanligi uning har bir jumla va sо‘zga nisbatan о‘ta jiddiy, ehtiyotkorlik bilan yondashishida kо‘rinadi. Yozuvchi hikoyalarida ortiqcha tafsilotlar uchramasligi, ularning uzundan-uzoq izohlar, jimjimadorlik va balanparvozlikdan xoliligi, jumlalarning ixcham, aniq, ravon tuzilgani, sodda bayon orqali teran ma’no, purhikmat fikrlar ifodalanishi uning badiiy tildan mahorat bilan foydalangani tufaylidir. Adib hikoyalarining tili har birining mavzui (oilaviy-maishiy, ijtimoiy-axloqiy, tarixiy va hokazo), ohangi (lirik, tragik yoki hajviy ruhda ekani), qahramonlar xarakteriga mos ravishda alohida tovlanib turadi.
Yozuvchining о‘zi ham til jozibasi va sehriga shu qadar berilib ketadiki, ba’zan muallif nutqi bilan qahramon nutqi bamisoli musobaqaga kirishgandek bо‘ladi.
Uning ilk hikoyalar tо‘plami nashr etilganidayoq adabiy jamoatchilik о‘zbek nasriga lutfi kalomi shirin, tilni mukammal egallashga intilayotgan yosh ijodkor kirib kelganini ta’kidlagan edi. U haqda: «Iliq, sof bir muhabbat bilan, butun yurak haroratini berib yozadi. «Yozadi» sо‘zi yosh adibga nisbatan qо‘llanganda xiyla g‘arib kо‘rinadi, nazarimizda... Har qalay, X.Sulton asarlarida sо‘z, jumlalar joylashuvi maqsadga shunchalik muvofiq tanlangan, о‘rni-о‘rniga qо‘yilgan bо‘ladiki, siz ba’zan badiiy asar о‘qiyotganingizni ham unutib qо‘yasiz. Sо‘zlar, iboralar, jumlalar kо‘z о‘ngingizda aniq predmet va obrazlar qiyofasiga kira boradi», degan fikr bildirilgan edi.
X.Sulton uchun sо‘z nafaqat bayon etish, balki asosan manzara chizish, tasvirlash, kо‘rsatish vositasidir. Uning asarlarida sо‘z о‘zgacha bir sehru jozibaga ega. Bu yozuvchining sо‘zni aniq his qilishi, uning bor poetik imkoniyatlaridan badiiy maqsad yо‘lida barakali foydalanishga intilishidandir. Tarjimon Nizom Komil bu haqda quyidagicha fikr bildirgan edi: «Uning (X.Sultonning — SH.S.) Bobur Mirzoga bag‘ishlangan esselarini ham, hikoya va qissalarini ham adabiyotimizning, xususan, prozamizning gо‘zal namunalari safiga qо‘shsak, hech kimning haqqi ketmaydi. Ularda qalb harorati bor, dard bor, kishini о‘ziga jalb etadigan nafosat va joziba bor. Xо‘sh, Xayriddin bunga qanday erishdi? Albatta, Sо‘z orqali-da. Yozuvchining о‘rog‘i ham, ketmoni ham — sо‘z. Sо‘zning о‘zi Xayriddinning ortidan ergashib yuradi, meni ishga buyuring, deb etagiga yopishib oladi».
«Badiiy asar tili sof, sodda, samimiy, mardona bо‘lishi kerak. Buning talablari juda kо‘p, lekin adib avvalambor jonli xalq tilini, mumtoz adabiyotimiz tilini har tomonlama chuqur bilishi zarur, deb hisoblayman»3, deya fikr bildirgan X.Sultonning hikoyalarida ayni shu xususiyatlarni kuzatish mumkin.
Uning ilk hikoyalari aksar xabar mazmunidagi, masalan, «Yonboshbuloqqa kuz erta tushdi» («Chollar palatasi»), «Ular ikki haftadan buyon yaydoq Yayilma dalalarida kartoshka kavlashardi» («Chayladagi tо‘rt erkak»), «Birinchi bо‘lib Islomboy keldi» («Yo, Jamshid!») kabi muallif tomonidan aytiladigan oddiy darak gap bilan boshlangan bо‘lsa, ayrimlari «E, bо‘ldi-da, ota, odamni nomuslarga о‘ldirdingiz-ku! Shu yerdan kо‘chib ketsam qutulamanmi sizdan?!» («G‘ulomgardish») yoki «Shunaqa... Yer yuzidagi tо‘rt milliard odamga yetgan havo menga yetmaydi...» («Dunyoning siri») singari personaj tomonidan aytiladigan sо‘zlar bilan bilan boshlanadi.
«Chollar palatasi» hikoyasi peyzaj tasviridan ibtido oladi: «Kechagi yashilligidan ayrilgan za’faron barglar mungli shivirlab, sо‘ngsiz hasratini izhor qilmoqchiday qо‘nimsiz tentiraydi... Achchiq izg‘irin allaqayerdan qor sharpasini haydab keldi, g‘ofil kimsalarni qilichini kо‘tarib qish kelayotganidan ogoh etgan kabi birdan qora sovuq tushdi»1. Bu muallif nutqi bо‘lsa-da, qahramon (Muhammad)ning ruhiyatiga monandligi bois xuddi uning kо‘nglidan kechayotgandek taassurot uyg‘otadi va bevosita qahramon nutqiga qо‘shilib ketgandek tuyuladi: «Odamlar о‘tin-kо‘mir, issiq kiyim ilinjida yugurib qolishdi, allanechuk yuvosh tortgan nozik-nihol kishilarning tashvishi kuchaydi: seryog‘in, namchil havo kо‘p dardlarni yangilab yubordi» (38-b.).
Muallif kо‘pincha voqeani hikoyachi-qahramon nutqi orqali ifodalaydi. Bu hol an’anaviy bayonchilik usulidan qochib, tasvirlanayotgan voqelikka erkin, jonli yondashish imkonini beradi. Masalan, «Dо‘stim Esonboy», «G‘ulomgardish» hikoyalarida tasvirlangan voqealarning yengil ohangda, qiziqarli, hajv aralash bayon etilishi ular tilini jonli suhbat tiliga yaqinlashtirgan. «Dо‘stim Esonboy» hikoyasi bunday boshlanadi: «Sizga dо‘stim Esonboy haqida gapirib bermoqchiman-u, zerikib qolarmikansiz, deyman-da. Chunki Esonboyning og‘iz tо‘ldirib aytgulik jihati kam: ertalab ishga boradi, kechqurun keladi, birov bilan ishi yо‘q, jindek vaqt topsa, rо‘zg‘oriyu bola-chaqasiga andarmon»1. Asar hikoyachi-qahramon tilidan bayon qilinsa-da, shu qisqa matnning о‘ziyoq samimiy sо‘zlashuv, jonli va maroqli suhbat ohangi bilan о‘quvchini jalb etadi, muallif bamisoli kitobxon bilan yuzma-yuz suhbatlashayotgandek tuyuladi.
Esimni tanibmanki, bu sо‘z xotiramga olis ertak bо‘lib, mayus alla bо‘lib о‘rnashgan, to hanuz quloqlarim ostida sо‘nmas bir qо‘shiq yanglig‘ jaranglaydi u». Hikoyachi-qahramonning lirikaga, emotsiyaga moyilligi onasining yurt sog‘inchi, tug‘ilgan о‘lkasiyu qon-qarindoshlarini bir bor kо‘rish armonini, shuningdek, farzandning ona oldidagi burchini ifodalashdagi his-hayajonli nutqidan ayon bо‘ladi: «Onangiz quvongan kezlarda, aniqrog‘i, uni о‘zingiz bir og‘iz shirin sо‘z bilanmi, bir savob ish bilanmi quvontirgan damlaringizda asta kuzating. Afsus, ming afsus, bunday onlar hayotimizda qanchalar kam: biz — farzandlar, onalarimizga shodlik о‘rniga aksar ranju alam yetkazamiz, xolos». Bu о‘rinda hikoyachi-qahramon va muallif mulohazalari, qarashlari qо‘shilib ketadi.
X.Sulton hikoyalarida shuningdek aforizmga о‘xshash jumla, e’tiborni tortadigan, esda qoladigan iboralar kо‘p uchraydi. Bu jumla kо‘pincha qahramon tilidan aytiladi. Masalan, «Mirkarim chol» hikoyasida qо‘llangan ana shunday jumla haqida adibning о‘zi bunday degan edi: «Hikoyadagi asosiy qahramon — student tilidan bayon etilgan bir jumla kо‘pchilik e’tiborini о‘ziga tortgan edi. Mana о‘sha jumla: «О‘zi, kо‘ylagimning kiri о‘zimga og‘irlik qiladi-yu, bu cholniki nimasi endi...» Shunday mazmundagi gapni bir vaqtlar otamdan eshitgan edim, о‘rni kelganda ishlatib yubordim» .
Ba’azan esa ana shunday jumla butun hikoyaning g‘oyasini oydinlashtiruvchi kuchga ega bо‘ladi yoki qahramon haqida muayyan tasavvur paydo qiladi. Bu ham yozuvchining о‘ziga xos badiiy usulidir. Masalan, «Bir oqshom ertagi» qahramoni Qoriga tegishli «Birov — xudoning bandasi, birov — bandaning bandasi» jumlasi uning qalb iztiroblarini, odamlarga munosabatini namoyon etadi. Yoki «Dо‘stim Esonboy» hikoyasida Esonboy «hammamiz bir odam» deya bot-bot takrorlaydigan gapi uning insoniy samimiyatidan darak beradi.
Xulosa tarzida ta’kidlash joizki, X.Sultonning badiiy til borasidagi mahorati alohida e’tiborga loyiq. Xususan, hikoyalarida erkin suhbat usuli qо‘llanishi tilning ravonligini, samimiyligini ta’minlaydi. Badiiy tasvir vositalari, jonli xalq tilining durdonalari bо‘lgan maqol, matal, frazeologizmdan, dialog, ayniqsa, ichki monologdan, arxaik sо‘zlardan (tarixiy asarlarida), sheva unsurlaridan ham adib о‘rinli, samarali foydalanadi.


Xulosa
Har bir yozuvchi ijodi adabiy jarayondagi yangi badiiy tamoyillarni belgilashda muayyan ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda tadqiqot obyektimiz bо‘lgan Xayriddin Sulton ijodi 80 — 90-yillar nasrchiligiga xos yetakchi xususiyatlar haqida fikr yuritish imkonini beradi. Yozuvchi hikoyalari asosida uning о‘ziga xos uslubi, umuman, hikoyanavislik mahorati qirralarini aniqlash maqsadida olib borilgan tadqiqot va kuzatishlarimiz natijasi о‘laroq bayon qilingan ilmiy-nazariy mulohazalar quyidagicha umumlashtirildi:

Download 294 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling