Zamonaviy qissalarda muallim obrazi


Ishning tuzilishi va hajmi


Download 36.44 Kb.
bet3/4
Sana09.02.2023
Hajmi36.44 Kb.
#1179900
1   2   3   4
Bog'liq
dissertatsiya sohibaxonim

Ishning tuzilishi va hajmi. Magistrlik ishi kirish, uch bob, umumiy xulosalar hamda foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat bo’lib hajmi ….. sahifani tashkil etadi.
MUNDARIJA
T/r Nomlanishi Bet
Kirish
I BOB. BADIIY ADABIYOTDA MUALLIM OBRAZINING TADRIJIY TAKOMILI MASALASI
1.1 Obraz nazariy muammo sifatida
1.2 Badiiy adabiyotda muallim obrazi tavsifi va tadriji
II BOB. CHINGIZ AYTMATOV IJODIDA O‘QITUVCHI OBRAZI MASALASI
2.1. “Birinchi muallim” qissasida o‘qituvchi obrazi
2.2 Dyushen – ziyo targ‘ibotchisi

III BOB. LUQMON BO‘RIXON IJODIDA IJTIMOIY MUAMMOLAR MASALASI
3.1 “Sirli muallim” asarida ta’lim tizimiga oid mulohazalar
3.2 “Sirli muallim” asarida o‘qituvchi dunyoqarashi ifodasi
XULOSA
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI

O‘zbek adabiyotida obraz masalasi keng o‘rganilgan. Jahon adabiyotshunosligida badiiy asar tahliliga doir muammolarni obraz poetikasi nuqtai nazaridan o‘rganish, shuningdek, uni milliy adabiyot sathida tadqiq etish zaruriyati filologiya sohasida ham jiddiy vazifalarni kun tartibiga qo‘ymoqda va adabiyotshunoslik sohasi o‘z obyekti sifatida obraz poetikasi muammolarini chuqurroq tadqiq etib kelmoqda. Zamona o‘zgargani, jamiyat hayotida tub burilishlar bo‘lgani sayin adabiyotda ham yangi obrazlar paydo bo‘lmoqda. Zero adabiyot hayotning in’ikosidir. Obraz poetikasini o‘rganish, uni tahlil qilish insonning ma’naviy olami, dunyoqarashini, shuningdek, ijodkorning tafakkur tarziga xos qonuniyatlarni kashf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Obraz poetikasi esa ma’lum bir davr nasrining badiiy poetik ko‘lamini belgilashda alohida o‘rin tutadi.


Hozirgi adabiy jarayonda tadqiq etilayotgan asarlardan anglashimiz mumkinki, obraz masalasiga ancha chuqur yondashish darkor. Badiiy asarda u tashiyotgan mavzu ko‘lami obrazlarning qay darajada o‘z o‘rnida va to‘g‘ri qo‘llanganidan dalolatdir. Jumladan, badiiy asarlarda muallim obrazini tahlil qilganimizda ham, avvalo, bu murakkab jarayonda ijodkorning iste’dodi, estetik ideali, dunyoqarashi, intuitsiyasi, ruhiy olami, g‘oyaviy pozitsiyasi va ijodiy tajribasi yetakchilik qiladi. Real voqelik shu asosda obrazli tasvirga ega bo‘ladi va adabiyotda har bir obraz insonga yo‘l ko‘rsatadi. Yozuvchi esa o‘zi yaratgan obrazlarni real hayotiy voqelar asosida, san’at va adabiyot qonuniyatlari asosida namoyon qiladi. Xususan, biz o‘rganish obyekti sifatida olgan Chingiz Aytmatov va Luqmon Bo‘rixon qissalarida yetakchi mavzulardan biri hisoblangan – muallim mavzusi jamiyatdagi, ta’lim tizimidagi ma’lum qusurlar va yutuqlarni obrazlilik orqali adabiyotga olib kiradi. Savol tug‘iladi? Shu paytgacha yaratilgan asarlardan ularning nima farqi bor va ahamiyati qanday? Ahamiyati shundaki, Chingiz Aytmatov va Luqmon Bo‘rixon ikki millat yozuvchisi, ikki davr va ikki muhit kishisi bo‘lishiga qaramay, ular prozasidagi muallim obrazi o‘zi tashiyotgan g’oyasi, ma’no va mazmuniga ko‘ra bir-biriga juda yaqinligi g‘oyat katta ahamiyat kasb etadi. Asarlarda ko‘tarilgan muammolar, yozuvchining badiiy uslubi, ramz va motivlarning mohiyati, obraz xulq-atvori psixologiyasining yoritilishi kabi mavzular yuzasidan tadqiqotlar ishimizning dolzarbligini anglatadi.
O‘zbek va jahon adabiyotshunosligida obraz poetikasi muammosi yozuvchi mahoratini belgilashda, asarning badiiy-estetik ahamiyatini ochishda dolzarb adabiy ilmiy muammo sifatida qaralmoqda. Badiiy obrazning tadrijiy yangilanishi, badiiy tasvir va ifoda usulining o‘zgarishi asar tahlilidagi yangicha va o‘zgacha talqinlar bilan bog‘liq holda yuzaga keladi. Ko‘rinib turibdiki, obraz muammosi adabiyotshunoslikdagi asosiy va to‘la o‘z yechimini topmagan muammolardan sanaladi. Obraz –insonning tasviri bo‘lib, u hayotdagi odamning asl nusxasini emas, balki yozuvchining ma’lum davr va sharoitda yashovchi insonlar haqidagi tasavvurining ifodasidir. Narsa-buyumlarning tashqi ko‘rinishi ularning moddiy obrazidir. Moddiy obraz – soya, aks narsa-buyumlarning shakliga aynan mos keladi. Badiiy obraz esa narsa-buyumlarning tashqi ko‘rinishi bilan bir qatorda, ularning ichki mohiyatini ham o‘zida mujassamlashtiradi. Moddiy obraz hodisalar to‘g‘risida muayyan tushuncha, tasavvur beradi, ya’ni u aqlga ta’sir etadi.2 Badiiy adabiyotda tasvir etilgan barcha inson obrazi umumlashtiruvchi kuchga ega. Badiiylik asosida obraz va obrazlilik turadi. Obrazlilik hayot hodisalarini obrazlar orqali gavdalantirishdir. Unda ma’lum davr hamda. muhit kishisining xarakterli xususiyatlari mujassamlashgan bo‘ladi. Shu sababli ham obrazlilik –badiiy adabiyotning eng muhim xususiyatlaridan biridir “Poetik obraz mohiyati va uning bo‘yoqdorlik qirralaini ilmiy tahlil etish jarayonida yuzaga kelgan atamalar, xususan, “obraz-kechinma” (Timofeyev), “kechinma-obraz” (Paliyevskiy, Kojinov), “avtologik obraz” (Kvyatkovskiy), “shaklsiz obraz” (Eliot), polifonik obraz” (A.Mixaylov), “universal obraz” (Parandovskiy), “so‘z-obraz” (L.Ozerov), “stereoskopik obraz” (Xrapchenko) kabi tasniflashtirish badiiy obraz tushunchasini yanada aniqroq tasavvur qilishga yordam beradi”.3 Qadimgi yunon faylasufi Aristotel badiiy obrazning ma’no qirralariga e’tibor qaratib, mimesis – tabiatga taqlid, asosan, inson irodasi, aniqrog‘i, tiynatiga bog‘liqligini e’tirof etadi. Uning ta’riflashicha “inson maylining nimadadir namoyon bo‘lishi, kimning nimanidir afzal deb hisoblagani yo nimanidir yoqtirmagani – xarakterdir”4 . Allomaning ushbu fikrlaridan ma’lum bo‘ladiki, u obrazli ifodaning estetik qiymatiga ko‘proq urg‘u beradi. “Muallif belgilab bergan xarakterning to‘rtta belgisi (maqsadga muvofiqlik, o‘ziga xoslik, haqqoniylik, izchillik), ayni paytda, ijodiy orginallikni ta’minlaydigan xususiyatlardir”. Adabiyotshunos olim U.Jo‘raqulov “mimises” mutlaq nazariyami? maqolasida bu istiloh haqidagi fikrlarni umumlashtirib, Sharq va G‘arb adabiyotining o‘ziga xoslik jihatlarini farqlaydi. “Mohiyatan, Sharq poetik tafakkuri faqat o‘ziga xos mundarija va mazmun tizimi bilan G‘arb estetikasidan farq qiladi. Unga G‘arb poetika ilmini to‘g‘idan-to‘g‘ri tatbiq etish anʼanasi o‘zining hukmronlik mavqeyini o‘tab bo‘ldi. Har holda, bugungi o‘zbek adabiyotshunoslari buni to‘g‘ri anglashlari lozim. … estetik hodisalarni nazariy asoslashda ularning umuminsoniy, umumfalsafiy o‘ziga xosligidan kelib chiqish maqsadga muvofiqdir, Boshqacha yondashuv biryoqlama xulosalarga olib kelishi tayin. Inchunun, badiiy so‘z dunyosi biryoqlama talqinlarni ko‘tarmaydi, aniq, tarixiylik tamoyillariga qaraganda, sof ilmiy izlanishlarni talab etadi Shu ma'noda, Аristotelning mimises nazariyasi ham materialistik estetikaga doir badiiy hodisalarnigina qamrab olishi mumkin. Holbuki, insoniyat badiiy tafakkuri faqat materialistik dunyoqarash mahsuli emas.”.5 Atoqli olim Dilmurod Quronov esa badiiy asardagi o‘xshatish (metaforiklik) haqida quyidagicha fikr bildiradi: “mеtaforiklik”ni kеng ma'noda tushunish, uni "o‘xshashlik"ning o‘zi bilangina bog`lab qo‘ymaslik lozim. Ya'ni, "mеtaforiklik" dеganda badiiy obrazning bir narsa mohiyatini boshqa bir narsa orqali ochishga intilishi, san'atga xos fikrlash yo‘sini tushuniladi. Chinakam san'atkor nigohi mohiyatga qaratilgan bo‘lib, u voqеlikdagi narsa-hodisalarning barchamizga ko‘rinib turgan tashqi o‘xshashligi emas, bizning nigohimizdan yashirin ichki o‘xshashligiga tayangan holda fikrlaydi. San'atkor biz uchun kutilmagan ichki o‘xshashlikni inkishof etadiki, natijada o‘sha biz bilgan narsa-hodisa ko‘z oldimizda butkul yangicha bir tarzda suratlanadi, o‘zining bizga noayon qirralarini namoyon etadi”6
Adabiyotshunos olim L.I.Timofeyev obraz “badiiy to‘qima yordamida yaratilgan, estetik qiymat kasb etgan inson hayotining umumlashma va ayni chog‘da, aniq manzarasi ekanligi”7 ni qayd etadi. S.Eyzenshteyn o‘zining san’at nazariyasi ta’limoti asosiga obraz tushunchasini qo‘yadi. Umume’tirofdagi nuqtayi nazarlardan farqli o‘laroq, obraz uning talqinida static emas, dinamik hodisa, natija emas, balki jarayondir. Aynan shu qarash unga badiiy obrazning ikki tomoni: timsol va tasvir, yoki aniq ta’rifda – obraz-tasvir hamda obraz umumlashmani ajratish imkonini beradi. Bunday taqsimot bizga san’atning ixtisoslashtirilgan tilida subyektiv va obyektiv omillarning o‘zaro munosabati, plastik-shakliy qirra va obraz takomilining mazmuniy jihatini qayd qilishga ko‘maklashadi 8.
Rus adabiyotshunos olimi A.Dremov “Художественный образ” nomli tadqiqotida badiiy adabiyot predmeti muammosi, obrazda shakl va mazmun mushtarakligiga e’tibor qaratadi. Muallif poetik fikr tadrijini uslub, janr, ijodkor fitrati bilan bog‘liqlikda tekshiradi. U go‘zallikning namoyon bo‘lishini shartli ravishda uch qismga ajratadi: birinchisi, mohiyatning asosi, voqelikning obyektiv-nafis shamoyili, ikkinchisi, nafosatning ongga munosabati (tasavvur, tushuncha, taassurot hajmi), uchinchisi, san’atdagi go‘zallik (faqat qabul qilingan emas, ongli shuuriy tarzda qayta ishlangan kechinma). 9
“Obraz poetikasi turli asos va fazilatlar majmui sifatida namoyon bo‘ladi. Badiiy obraz esa uning yuzaga chiqishi va amaliyotga tatbiq etish jarayonini o‘z ichiga oladi”. Obraz va obrazlilik xususida o‘zbek adabiyotshunosligida ham bir qancha ilmiz izlanishlar olib borilgan. Olimlarning turlicha qarashlari mavjud. D.Quronov, Z.Mamajonov, M.Sheraliyevaning “Adabiyotshunoslik lug‘ati”da: “Badiiy obraz – adabiyot va san’atning fikrlash shakli, olam va odamni badiiy idrok etish vositasi, badiiyatning umumiy kategoriyasi. Lug‘aviy ma’nosida har qanday aksni bildiruvchi “obraz” so‘zi turli fan sohalarida (falsafa, psixologiya) muayyan terminologik ma’noda qo‘llanadi. Jumladan, estetika va adabiyotshunoslikda u “badiiy obraz” ma’nosida tushuniladi. Badiiy obraz deganda, borliq (undagi inson, narsa, hodisa va h.k.)ning san’atkor ko‘zi bilan ko‘rilgan va ideal asosida ijodiy qayta ishlangan aksi tushuniladi10 . Yana bir adabiyotshunos olim A.Ulug‘ov esa obraz so‘zi etimologiyasiga to‘xtalar ekan. Uni quyidagicha dalillaydi. “Badiiy obraz” adabiyotshunoslikda keng qo‘llanadigan terminlardan biridir. “Badiiy” arabcha so‘z bo‘lsa, “obraz” slavyan tillariga xos so‘zdir. Maks Fasmerning “Rus tilining etimologik lug‘ati”da “obraz” “razit” so‘zidan yasalgani qayd qilinsa, Vladimir Dalning “Rus tilining izohli lug‘ati”da “obraz” “razit” so‘zidan hosil bo‘lgani ta’kidlanadi. “Rzit”, “obrezat” so‘zlari “kesmoq, qirqmoq, yo‘nmoq, chizmoq” ma’nosini bildirsa, “razit”, “obrazit” so‘zlari “paydo qilmoq, biror narsaning shaklini yaratmoq” ma’nosini anglatadi. Bundan “obraz” so‘zi asosida “razit”, “obrazit” fe’li turishi ayonlashadi11
“Badiiy asarda tasvirlangan obraz umumlashma natijasigina bo‘lmay, ayni chog‘da, aniqlashtirish, individullashtirish mahsuli hamdir. Zotan, badiiy qahramon tom ma’noda individuallashtirlgan bo‘lishi zarur. Chunki yozuvchi badiiy obrazni individual xususiyatlari bilan ko‘rsatish orqali obrazga jonlilik, hayotiylik, tabiiylik baxsh etadi, emotsionallikka erishadi – o‘quvchi hissiyotiga ta’sir qiladi, uni ishontiradi”12 . Badiiy obraz borliqning (undagi narsa, hodisa v.h.) badiiy asardagi aksi. Biroq badiiy obraz o‘sha borliqning oddiygina aksi emas, yo‘q, u borliqning san'atkor ko‘zi bilan ko‘rilgan va idеal asosida ijodiy qayta ishlangan aksidir. Bu aksda borliqning ko‘plab tanish izlarini topasiz, biroq bu endi biz bilgan borliqning ayni o‘zi emas, balki tamoman yangi mavjudlik — badiiy borliqdir 13. Olimning fikricha, asarda yaratilgan obrazlarda adibning hissiy munosabati ham o‘z aksini topgan. Ijodkorning hissiy munosabati badiiy konsеpsiyani shakllantirishda, asar mazmunining o‘quvchiga yеtkazilishida muhim ahamiyat kasb etadi. Zеro, obrazlar tizimidagi har bir konkrеt obrazning hissiy tonalligi turlicha bo‘lib, bu narsa birinchi galda muallifning ijodiy niyati bilan bog`liq bo‘ladi. Ko‘pchilik adabiyotshunos olimlar badiiy obraz – murakkab estetik kategoriya ekanligini, unda ijodkor hayot hodisalari va inson qalbidagi turli o‘zgarish va kechinmalarni o‘z dunyoqarashi, maqsadi va estetik ideali asosida aks ettirishini ta’kidlashadi. osmon, majnuntol, shabnam o‘zicha badiiy obraz emas. Ular ijodkorning o‘tkir nigohi bilangina badiiy obrazga aylanadi. Badiiy obraz negizida borliqdagi narsa-buyumlarlar, hayot hodisalari turadi. Ijodkor ularga “ishlov” berib, ta’sirchan shaklga soladi. Yosh tadqiqotchi Z.Suvanov badiiy obraz haqidagi fikrlarnin quyidagicha umumlashtiradi: “Badiiy obraz muallif fantaziyasi bilan qayta ishlangan hodisadir. Obraz butun fikrning alohida qismi sifatida tushunilishi mumkin. Shundan kelib chiqib, obraz uchun quyidagi holat mezon vazifasini o‘taydi:
A) Badiiy obraz borliqning tafakkurimizdagi aksidir;
B) Obraz prototipdan ajratilmaydi va muallif ijodiy fikrini aks ettiradi;
C) Badiiy obraz muallif dunyoqarashining ba’zi xususiyatlarini tushunishga yordam beradi. Uning yordami bilan o‘quvchi matnni tahlil qilishda muallif qarashlarini anglaydi;
Obraz ramziy ma’nolarga ham egadir. Ular ko‘p jihatdan talqin qilinishi mumkin. Bunda o‘quvchi qarashlari muhimdir”14. Obrazning ramziylik funksiyasi badiiy adabiyotda yetakchi o‘rinda turadi. Ayniqsa, hayvon, o‘simlik obrazlarida aks etgan ramziylik adabiyotda o‘ziga xos ramziy obrazlar tizimini tashkil etadi. O‘zbek adabiyotida, Tog‘ay Murod, Shukur Xolmirzayev, Nurali Qobul, Normurod Norqobilov ijodlarida inson va tabiat munosabati parallel va kontrast holda tasvirlanadi. Bu ikki holni, vaziyatni, o‘rganish, tahlil qilish yangi-yangi mulohazalarga imkon yaratadi. Boisi yaratilgan uch borliq hodisasida ya’ni odamzod, jonzot, nabotot aro mushtaraklik bor. Alloh har birini, o‘ziga xos bo‘lgan yashash tarzini mukammal qilib yaratgan. Aynan nasriy asarlarda uning talqini kuzatish bizni nafaqat muallif iste’dodi va mahorati bilan tanishtirish balki mana shu obraz mohiyatini teranroq yoritish imkoni beradi.

Download 36.44 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling