Muomaladan chiqarilgan ashyolar. Diniy muassasalar, masjid, ibodatxonalar, qabriston buyumlari va boshqalar muomalaga kirmaydigan ashyolar hisoblangan. Romul podsho davrida Rimda qurilgan (hozirda saqlanib qolmagan) devorlar ham, muqaddas hisoblangan daryolar va, umuman, oqar suvlar, umumiy yo’llar, hammomlar, sport zallari, ommaviy zallar ham muomaladan tashqaridagi mol-mulklar hisoblangan.
Muomaladagi ashyolar. Biz mulkning qo’ldan-qo’lga o’tishi (mansipatsiya) haqida yuqorida gapirgan edik. Ammo qo’ldan-qo’lga o’tadigan ashyolar ma’lum bir tartibda tanlangan. Bunda Rimning yer jamoalarining o’ziga xos jihatlari o’z ifodasini topgan, chunki hali bu davrda imperiyaning (hokimiyatning) ishlab chiqarish qurollariga (xususan, yerga) bo’lgan huquqi saqlanib qolgan.
Rim imperiyasida mansipatsiya qilinadigan narsalarga yer, qullar, ish hayvonlari, ya’ni urush yo’li bilan, rimliklar jamoasining barchasi qatnashib (svitas) qo’lga kiritilgan narsalar kirgan. Ular Rim jamoasining barcha a’zolarniki hisoblanib, chek tashlash yo’li bilan o’rtada taqsimlangan. Yer xalqning umumiy mulki hisoblanib, ko’p marotaba qayta taqsimlashlarga duchor bo’lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |