Elastik tog’ay to’qimasi
Elastik tog`ay quloq suprasida, hiqildoqda (shoxchasimon va ponasimon tog`aylarda), hiqildoq usti tog`ayida uchraydi. Ular sarg`ish rangli, xira bo`ladi. Tuzilishi jihatidan gialin tog`ayini eslatadi. Hujayrasi yumaloq shaklga ega bo`lib, yakka-yakka yoki izogen gruppani hosil qilib joylashadi (81-rasm). Elastik tog`ay hujayralarining sitoplazmasida gialin tog`aydan farqli ravishda yog` va glikogen kam to`planadi (82-rasm). Hujayralararo moddasida kollagen tolalari bilan bir qatorda elastik to`rni hosil qiluvchi elastik tolalarni ko`rish mumkin. Bu elastik tolalar tog`ay ust pardasiga o`tib ketadi. Elastik tog`ayda ohaklanish kuzatilmaydi.
81-rasm. Elastik tog`ay. Quloq suprasidan tayyorlangan. Orsein bilan bo`yalgan. 0b. 10, ok. 10. 1 - tog`ay ustki pardasi; 2 - yosh togay hujayralari; 3 - izogen gruppalar; 4 -oraliq asosiy modda; 5 - elastik tolalar.
82- rasm. Xondrotsit. Elastik tog`ay. Elektrom mikrofotogramma.
1 - yadro; 2 - mitoxondriya; 3 - sitoplazmatik filamentlar; 4 - hujayra qobig`i; 5 - asosiy modda; 6 - elastik tolalar (Rodindan).
Tolali tog’ai to’qimasi
Tolali tog`ay tolali biriktiruvchi to`qimaning pay, bog`lam turlarini gialin tog`ayga o`tish joylarida uchraydi. Masalan: sonning yumaloq bog`lamida, o`mrovto`sh bo`g`imida uchraydi. Umurtqalararo disklar ham tolali tog`aylardan iborat (83-rasm). Tolali tog`ayda ham hujayralarni (xondrotsitlarni) va hujayralararo moddani ajratish mumkin. Hujayralararo modda parallel yo`nalgan kollagen tolalardan va bazofil bo`yaluvchi amorf moddadan tashkil topgan. Bu moddada bo`shliqlar bo`lib, ular yakka-yakka yoki izogen gruppalar hosil qilib yotuvchi tog`ay hujayralarini tutadi. Xondrotsitlar oval yoki yumaloq shaklga ega bo`lib, gialin tog`aydan paylarga o`tish davomida yassilanadi va pay hujayralari singari qator-qator bo`lib joylashadi.
Shunday qilib, tolali tog`ayni gialin tog`ayning pay yoki bog`lamga o`tadigan oraliq shakli deb ifodalasa ham bo`ladi.
83-rasm. Tolali tog`ay. Umurtqalararo diskdan tayyorlangan. Gematoksilin-eozin bilan bo`yalgan. 0b. 20, ok. 10.
1 - kollagen tolalar; 2 - tog`ay hujayralarar.
Do'stlaringiz bilan baham: |