Dramaturgiya – mazkur turda yaratilgan barcha janrga xos asarlar majmui.
Didaktik adabiyot (yunoncha, ibratli, saboq bo’larli, nasihatomuz) – o’z oldiga axloqiy – tarbiyaviy hamda ma’rifiy muammolarni badiiy tarzda tasvirlashni maqsad qilgan adabiyot.
Yodnomalar (memuarlar) – muallifning o’zi qatnashgan yoki o’z ko’zi bilan ko’rgan o’tmish voqealari haqidagi hikoyasi. Bayon qilish shakli, izchilligi jihatidan yodnomalar kundaliklarga yaqin tursa, materaiali, uning ishonchliligi, badiiy to’qimaning yo’qligi jihatidan esa ilmiy asarlarga yaqin turadi. O’zbek adabiyotida memuarlarni asosan ikki – tarixiy –yodnoma va badiiy – yodnoma asarlarga bo’lish mumkin. Lekin tarixiy – yodnoma asarlarda badiiylik, badiiy – yodnoma asarlarda esa tarixiylik ham bo’lishi mumkin. Yodnomalarda muallif – hikoya qiluvchi shaxs ishtirokchi yoki shohid sifatida voqealar markazida turadi. “Boburnoma” XVI asr boshlaridagi o’zbek tarixiy – badiiy yodnoma nasrining va eski o’zbek adabiy tilining nodir namunasidir. S.Ayniyning “Esdaliklar” , A.Qahhorning “O’tmishdan ertaklar”, Oybekning “Bolalik” asarlari hozirgi zamon o’zbek badiiy – yodnoma adabiyotiga misol bo’la oladi.
Jangnoma asar – tarixiy va afsonaviy shaxslarning sarguzashtlari, vatan ozodligi va mustaqilligi uchun olib borgan jangu jadallarini ko’tarinki ruhda, mubolag’ali hikoya qilib beruvchi epik asar. Jangnomalar, asosan, nasriy, ba’zan nasr va nazm aralashgan shaklda bitilgan. Jangnomalar xalq og’zaki ijodi va yozma adabiyot o’rtaisda turuvchi janr hisoblanadi. O’zbek, fors – tojik xalqlari o’rtasida “Jangnomai Amir Hamza”, “Jangnomai Jamshid”, “Jangnomai Sayyid Battoli G’oziy”, “Ahmad Zamjiy”, “Rustami doston” , “Abu Muslim jangnomasi”, “Hushang”, “Musaybnoma”, “Shohnomai Turkiy” kabi ma’lum va mashhur jangnomalar keng tarqalgan.
Zarbulmasal (masal orttirmoq, masalni masalga qo’shmoq) – maqol, matal va ramzli hikoya ma’nosini anglatuvchi so’z. Zarbulmasal maqol va matal keltirish ma’nosida ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |