1. Falsafa atamasining kelib chiqishi. Falsafa shakllanishining asosiy bosqichlari


Download 154.14 Kb.
bet8/9
Sana19.06.2020
Hajmi154.14 Kb.
#120441
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
Falsafa


Insonning go'zalligi. Insondagi go'zallik aksariyat hollarda uning xulqi, odobi, axloqi va fazilatlari bilan belgilab kelinadi. Estetik tafakkur tarixida inson go'zalligi jism (tana) va ruhiyat masalalari bilan izohlangan. Bu boradagi fikr-mulohazalarning asosida insonning tashqi ko'rinishi hamda axloqiy fazilatlariga bo'lgan munosabat masalasi yotadi. Inson go'zalligiga bu tariqa yondashuvning muayyan sabablari bor. Birinchidan, go'zallikning inson shaklidagi ko'rinishida yagona, mutlaq va tugal timsol mavjud emas. Ikkinchidan, insonlarning go'zallik haqidagi qarashlari turlicha bo'lib, ular vaqt o'tishi bilan o'zgarib boradi, ya'ni nisbiylik tabiatiga ega. Kishilarning go'zallik haqidagi ideali ana shu o'zgarishlarning birlamchi sababidir. Odatda insonning tashqi go'zalligiga nisbatan yuzaki munosabat bildiriladi; tashqi go'zallik shaxsning ehinakam «Men»ini namoyon qilishiga to'sqinlik qiluvchi, o'tkinchi hodisa sifatida qaraladi. Ammo, inson go'zalligiga nisbatan bunday yondashuv bahsli. Chunki, insonning tashqi go'zalligi muayyan holatlarda shaxsning o'zigagina emas, balki boshqalarning faoliyatiga ham ijobiy ta'sir ko'rsatadi.

Insonning botiniy go'zalligi uning odob, xulq va axloqiy fazilatlari bilan belgilanadi. Bu nafosat ilmida xulqiy go'zallik deb ataladi. Inson xulqiy go'zalligining takomillashuvida axloq falsafasining muhabbat va ezgulik kabi tushunchalari asosiy mezon hisoblanadi.



Xunuklik. Hayot halok qilgan tarao‘o‘iyotga to‘siq bo‘lgan, insonni mayib qilgan nimaiki narsa va hodisa bo‘lsa, uni xunuklik tushunchasi bilan ifodalaganlar. Go‘zallik va xunuklik qarama - qarshidir. Ijtimoiy hodisalar, insonning yaramas va qoloq odat hamda xususiyatlari xunuklikning go‘zallikdan farqini bildiradi:

- boshqalar hisobiga yashash uchun harakat qiladigan tekinxo‘r ham; - hamma joyda faqat o‘zini o‘ylaydigan va boshqa kishilarga beparvo qaraydigan shaxsiyatparast ham;

-xalqlarning do‘st va birodarlik munosabatlarining go‘zalligini his qilmaydigan millatchi ham xunukdir.

Xunuklik xilma-xil ko‘rinishga ega. U bezorilik hatti-xarakatida ham, qo‘pollikda ham, insonning hayotiy manfaatlarining chegaralanganligida ham ko‘rinishi mumkin. Hayot go‘zalligini qaror toptirish uchun kurashni xunuklikning barcha ko‘rinishlariga qarshi kurashdan ajratib bo‘lmaydi.



Ulug'vorlik — insonning narsa-hodisalarga estetik va axloqiy mezonlar bilan yondashishi va ulardan yuksak hayratlanish tuyg'usini hosil qiluvchi ma'naviy hodisa. Ulug'vorlikning ko'lami go'zallik ko'lami kabi cheksiz bo'lib, o'zida hajm, miqdor, ko'lam va buyuklikni mujassam etadi. Shuning uchun ulug'vorlik muhokamasi yuksak darajada madaniyatni talab qiladi. Ulug'vorlik tabiat, jamiyat, inson va uning faoliyati mahsulotlarida namoyon bo'ladigan ma'naviy-axloqiy tushunchadir. Ulug'vorlik belgisiga ega bo'lgan barcha narsa va hodisalarga xos bo'lgan umumiylik — me'yoriy barkamollikdir.

Tabiatdagi ulug'vorlik baland tog'lar, qudratli sharsharalar, cheksiz okeanlar, mavj urayotgan dengizlar, tubsiz osmon va h.k. timsolida namoyon bo'ladi. Bu yerdagi umumiylik — ularning keng ko'lamligi, ulkanligi, buyukligi va tuganmasligidir. Tabiatdagi ulug'vorlik insonda o'zidagi zaiflikni emas, balki tabiat bilan qo'shilib ketishga intilish hissini uyg'otadi va kuchli ta'sir etadi. Tabiatdagi ulug'vorlik ruhimizga hayrat, hayajon va jo'shqinlik bag'ishlaydi. Tabiatdagi ulug'vorlik matematil: va dinamik xususiyatga ega. Matematik xususiyatida - hajm, dinamik xususiyatida — kuch ustuvor ahamiyatga ega.

Jamiyatdagi ulug'vorlik milliy va umuminsoniy qadriyatlar, xalqparvarlik va bunyodkorlik tushunchalari bilan izohlanadi. Barqarorlik, farovonlik, adolat, qonun ustuvorligi, hurfikrlilik jamiyat ulug'vorligini ta'minlovchi mezoniy tushunchalardir.

San'atdagi ulug'vorlik teatr, kino va badiiy adabiyotdagi fojiaviylik bilan yonma-yon turadi. Bunday ulug'vorlik badiiy mazmun va shaklning barcha imkoniyatlari vositasida ifodalanadi, lekin bunda hal qiluvchi rolni g'oya o'ynaydi. Muhim ahamiyatli g'oya yuksak ruhlangan, mukammal shaklning zarurligini yuzaga keltirib, san'at asari darajasining yuksakligini belgilab beradi.

Tubanlik — insonda kuchli nafratlanish tuyg'ularini hosil qiluvchi estetik kategoriyadir. Tubanlik mohiyatan insonga xos bo'lib, uning faoliyatida namoyon bo'ladi. Tabiatda tabiat, hayvonot va nabotot olamida uchramaydi. Tubanlik inson fe'1-atvoridagi yovuzlik maylining qo'zg'alishi natijasida yuzaga keladi.

Fojiaviylik (tragediya) kategoriyasi — voqelikning eng muhim, chuqur ziddiyat va to'qnashuvlari: hayot va o'lim, ozodlik va mutelik, aql va tuyg'u, qonun va burch, shaxsiy va ijtimoiy munosabatlarni o'ziga xos tarzda ifoda etuvchi falsafiy tushuncha.

Fojiaviylik har doim estetik tafakkur tarixida dolzarb muammo sanalgan. Shuning uchun deyarli barcha buyuk ijodkorlar  yaratgan asarlarda fojiali ohanglar mavjud. Fojialilikni mohiyatli kuchlar to'qnashuvining natijasi, deb bilgan nemis faylasufi Gegel, bu to'qnashuvlar kurashining qanday tugallanishi pirovardida insoniyat istiqboli, taqdiri bilan bog'lanib ketadi deya ta'kidlagan. Shuning uchun fojiaviylik estetika kategoriyalari orasida ulug'vorlik bilan yaqin aloqador: haqiqiy ulug'vorlik fojiaviylikning davomi hisoblanadi. Qolaversa, ulug'vorlikning barcha xususiyatlari fojiaviylikning ham u yoki bu ko'rinishi orqali namoyon bo'ladi. Fojiaviylik kategoriyasining estetikadagi markaziy muammosi — insonning qahramonlik, buyuklik, jasorat kabi tushunchalar haqidagi tasavvurini har tomonlama kengaytirish hamda hayotdan qoniqish va shukronalik hissini rivojlantirishdan iboratdir.

Estetik tafakkur tarixida kulgililik bir qadar keng o'rganilgan tushuncha hisoblanadi. Jumladan, Ailotun ojiz va layoqatsiz odamlarni kulgili deb hisoblagan bo'lsa, Arastu kulgi ayrim xatoliklar hamda kishilarga ozor yetkazmaydigan va zarar keltirmaydigan xunuklikni keltirib chiqaradi, deydi. Olmon mumtoz nafosatshunoslaridan Immanuil Kant kulgililikning tabiatini latifa misolida ochib berishga harakat qiladi, Fridrix Shiller hajviyani veallik bilan ideallik orasidagi qarama-qarshilik orqali ko'rsatib o'tadi. Heorg Hegel kulgililikning asosini zohiriy ishonch va botiniy to'laqonli orasidagi qarama-qarshilik orqali ifodalaydi.

Insondagi layoqatsizlik, loqaydlik, mas'uliyatsizlik, izzattalablik, shuhratparastlik kabi illatlar kulgililikning obyektlaridir. Shuningdek, kulgi — axloq hududlarini bezarar buzishdir. Har qanday ozod inson hazil bilan ro'baro' kelishi mumkin. Bu holatda kulgi insonning shaxsiy ehtiyojini qondiradi. Inson kulishga va kuldirishga qodir bo'lgan yagona mohiyatdir. Kulgililik boshqa estetik hodisalar singari faqat obyektiv tomonga ega bo'lmay, subyektiv tomonlarni ham o'zida birlashtiradi. Kulgililikning subyektiv tomoni — keng ma'nodagi hazil (yumor) tuyg'usidir.

Kulgi o'z tabiati jihatidan demokratik xususiyatga ega. U turli ko'rinishlarga boyligi bilan san'atning me'morchilikdan boshqa deyarli barcha turlarida namoyon bo'ladi. Biroq, u o'zining eng to'la bo'lgan estetik ifodasini komediyada topadi. Kulgililik—yuksak taraqqiy etgan tanqidning ibtidosini o'zida namoyon qiladi. Kulgi — tanqidning estetik shaklidir. Kulgi tabiatiga ko'ra tabaqalanishga qarshi, mansab va amal oldida bo'yin egmaydi. Kulgi tengsizlik, zo'ravonlik, manmanlik, amalparastlik, nodonlikning barcha shakllariga qarshi kurashuvchi buyuk kuch sifatida maydonga chiqadi. Abdulla Avloniyning «Hajviyot»idagi «Ko'rning uzri», «Bir munofiq tilidan», «Bilimsiz oliftalarga», «Haqiqiy ma'nosi», «Dangasaman», «Soqovraport» kabi maqolalarida asrimiz boshida xalqimiz ahvoli to'g'ridan to'g'ri kulgi ostiga olinadi.

Kulgili yoki eng sodda komik voqea latifa mavzui bo‘lib xizmat qilishi mumkin va undan hajviy o‘xshatma (parodiya), hazil (sharj) kabi san’at ko‘rinishlari o‘rin olgan.

Komediya – eng oddiy kulgi bilan emas, balki komik matn bilan bog‘liq bo‘ladi. Gogol: «Komediya uchun qiyshiq burun emas, qiyshiq jon kerak». Komediyaning asosini komik to‘qnashuvlar, komik tabiat ramziy qiyofalar, «fosh» etilishi zarur bo‘lgan komik vaziyat tashkil etadi.

Komediya – salbiy xislatli odamlarni aks etuvchi asar ma’nosini anglatadi. Ammo bu adabiy janr kishilarning o‘ta buzuqligini emas, balki kulgililik jihatlarinigina qamrab oladi. Kulgi dunyodagi g‘ayritabiiy-hodisalarni qoralabgina qolmay, balki ularni yaxshilashni ham ko‘zga tutadi. Komediya eng avvalo, o‘z-o‘zini tanqid qilishning maxsus shakli sifatida amal qiladi.

Komediya o‘zining ijtimoiy vazifasini o‘ta soddalashtirib, u yomon xulq, yomon odam, yomon hodisalarni to‘g‘ridan – to‘g‘ri, bevosita tuzatishga, yaxshilashga olib keladi. Komediyaning bosh vazifasi – odamlar axloq-odobini sahnadan turib to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bevosita miyasiga joylashtirib, tuzatishdan emas, balki insonning hayotdagi kulgililikni ilg‘ab olishdagi qobiliyatini mashq qildirib turishda, ya’ni odamlarda hazil tuyg‘usi kabi qimmatbaho fazilatni rivojlantirishdir. Shu tariqa komediya odamlarni yaramas va xunuk hodisalarni kulgili tomonlarini ko‘ra olishga, ularni anglash, fosh qilish, qoralashga o‘rgatadi.

Kulgining badiiy shakllari orasida satira alohida o'ringa ega. Umumnazariy ma'noda satira voqelikni badiiy tasvirlash turi bo'lib, unda hayotning salbiy hodisalari ustidan kulish — bunday hodisalar asosida yuksak insonning orzulariga zid ekanligini bo'rttirib ko'rsatish maqsadi yotadi. Satira har xil ko'rinishlarda namoyon bo'lishi mumkin. Unga lirika ham, epos ham, drama ham begona emas. Satira markazida doim hayotning salbiy voqea-hodisalari joylashgan bo'lib, butun fosh qilish kuchi ularga qarshi qaratilgan bo'ladi. Shuning uchun komediya san'atiga xos tanqidiylik, yo'nalganlik satirada eng to'la va eng aniq ifoda topadi. Satirani asosan kulgi fosh etib qo'yadi, lekin kulgi bu jarayonda qahr-g'azabdan ajralmagan holda namoyon bo'ladi.



Hajviya — jamiyat, inson faoliyatidagi illatlar va ularning oqibatlari, olam mukammalligi va inson ideallariga nomuvofiq kelishini ko'rsatib beruvchi kulgi turidir. Lekin masxara, mazax kabi kulgi turlari ham borki, ular estetik tarbiya vositasi bo'lolmaydi. Aksincha, ular mohiyatan insonni qoralashga, uni xafa qilishga, obro'sizlantirishga qaratilgan bo'ladi. Bu kulgining o'ta ziddiyatli va g'ayriaxloqiy ko'rinishidir. Shu bois masxara fisq-u fasodning muqaddimasi sanaladi. Mazah qilish ibosiz so'z bilan insonga daxl etmoq demakdir. Mazah qilish, kalaka qilish, o'zganing ustidan, jismoniy kamchiligidan kulish masxaraning real voqelikdagi ko'rinishlaridir.

Kulgililikning barcha shakllari ular qanchalik erkin namoyon bo'lish imkoniyatlariga ega bo'lib borsalar, shunchalik ko'p ahamiyat kasb etadi. Rivojlangan hazil tuyg'usi, hayotning kulgili tomonlarini nozik ilg'ab olish va fahmlash qobiliyati rivojlanib borgan sari shaxsning ma'naviy-ruhiy sog'lomligi hamda barkamolligi yuksalib boraveradi.

Umuman olganda, estetikaning tushunchalari (kategoriyalari) doimiy hamkorlikda mustahkamlanib boradi. Ayniqsa, bu jarayonda go'zallik kategoriyasi bog'lovchilik vazifasini bajaradi. Shuning uchun fojiaviylikda, ulug'vorlikda, hunuklikda ham go'zallik unsurlarining uchrashi bejiz emas.

3. Tabiat va texnogen sivilizatsiya estetikasi

XX asrda ilmiy-texnikaviy taraqqiyot natijasida biosfera ichida noosfera ya'ni texnikaviy muhitning paydo bo'lishi inson hayoti va faoliyatining asosi bo'lgan mehnatga katta ta'sir ko'rsata boshladi. Bugun uyali aloqa, kompyuterlarsiz hayotni tasavvur etib bo'lmaydi. Bu esa texnika hayotimizga tobora chuqur kirib borayotganini ko'rsatadi. Albatta, biosferadagi barcha o'zgarishlarning sababchisi inson — uning tafakkuri ekanligi barchaga ayon. XXI asr yuqori texnologiyalar, axborotlar asri sifatida namoyon bo'lmoqda. Bu esa kishilarning ongi, faoliyati mana shu tezkorlikka moslashishi lozimligini taqozo etadi.

Texnika rivojining ko'p yillik tarixi bizning texnik bilimlarimiz, ixtirochilik, konstruktorlik qobiliyatimiz fan, inson ehtiyojlari, yashash muhiti rivojiga muvofiq doimiy mukammallashib borishini ko'rsatmoqda. Hozirgi zamon sivilizatsiyasi sanoat va texnika taraqqiyoti bilan bog'liqdir. U industrial sivilizatsiya yoki texnogen jamiyati deb atalmoqda.

Inson va jamiyat «texnosfera»da joylashgan bo'lib, texnika bir joyda to'xtab turmaydi. Texnika innovatsiyasi inson hayotini to'xtovsiz o'zgartirib turuvchi katalizator — harakatga keltiruvchi sifatida inson ongidan joy oldi. Mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish ijtimoiy hayotga, iqtisod, siyosat va mafkuraga kirib keldi. «Inson va mashina» munosabatlari tobora yangicha mazmun kasb etib bormoqda.

Har qanday rivojlangan texnika ham ijtimoiy masalalarni insonsiz hal eta olmaydi. Bugungi shiddat bilan rivojlanib borayotgan texnika asrida taraqqiyot taqdirini ma'naviy jihatdan yetuk odamlar hal qiladi. Texnikaviy bilim, murikkab texnologiyani egallash qobiliyati ma'naviy barkamollik va mustaqil tafakkur bilan birga borishi kerak. Texnik taraqqiyotni, uning jamiyatdagi o'rni va rolini to'xtatish, inkor etish mumkin emas, Shunday ekan, texnogen sivilizatsiyada inson texnogen madaniyat-fan amaliyoti, texnikaning yangidan-yangi shakllari, ularni ishlata bilish uquvi va mahoratiga ega bo'lishi taqozo etiladi.

Maishiy turmush estetikasi. Turmush bu ijtimoiy hayot sohasiga oid tushuncha bo'lib, u inson, millat va xalqning yashash tarzi, urf-odatlar, rasm-rusum majmuyi, obyektiv reallik, moddiy, oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy, sog'liqni saqlash, shuningdek, ma'naviy qadriyatlarga bo'lgan ehtiyojlarini qondirishdan iborat. Turmush estetikasi dizayn, ekoestetika, atrof-muhit estetikasi, estetik tarbiya bilan bevosita bog'liq bo'lib, moddiy va badiiy madaniyatni integratsiyalashning eng ta'sirchan vositalaridan biridir. Turar joyi, tashqi ko'rinishi, kiyim ko'rkamligi orqali inson yashayotgan, mansub bo'lgan jamiyat haqida estetik tasavvur olish mumkin. Va aksincha turmushda tartibsizlik, palapartishlik estetik madaniyat pastligidan dalolat beradi.

Italyanchada loyiha, rasm ma'nolarini anglatuvchi disegno so'zi o'rta asrlarda inson tabiatida mavjud bo'lgan ijodkorlik xususiyatlarini ham ifodalagan. Ammo, ingliz tilidagi design so'zi birinchi marta 1919-yil ingliz rassomi Djozef Sinelo tomonidan sanoatda ishlab chiqarilgan narsalar namunasiga nisbatan qo'llanilgan. Bunda u aniqroq ifodalash uchun industrial so'zini kiritib «industrial design» sanoatga, uning taraqqiy etgan mashina texnikasi va seriyali ishlab chiqarishga yo'naltirilgan yangi badiiy predmetli ijod sohasini anglatuvchi so'z birikmasini qo'llaydi. Vaqt o'tishi bilan bu termin xalqaro ahamiyatga ega bo'lib bordi».

Dizaynning eng asosiy estetik xususiyatlaridan biri, mahsulot sifatini oshirishning ta'sirchan vositasi ekanligidadir. U ilmiy tafakkurning so'nggi muvaffaqiyatlarini o'zida gavdalantiradigan, eng yuksak texnikaning iqtisodiy, estetik va boshqa iste'molchilik talablariga javob beradigan, jahon bozorida raqobatbardosh bo'lishi kerak, bunda esa hal qiluvchi omil dizayndir.

Dizayn bu ijodiy faoliyat bo'lib, uning maqsadi sanoat mahsulotlari shakli va sifatini belgilab berishdir. Bu xususiyatlar mahsulotning tashqi belgilarini qamrab oladi, shu bilan birgalikda mahsulotni xaridor-iste'molchi nuqtayi nazarida ham, tayyorlabyetkazib beruvchi nuqtayi nazaridan bir butunlikka olib keluvchi funksional va strukturaviy aloqadorligini ham o'z ichiga oladi. Dizayn amaliy san'at sohalarini sanoat olamiga ham tatbiq etib, mahsulot shaklini faqat mantiqiy tuzilish, maqsadga muvofiq emas balki, hissiyotlarga ta'sir etishini ta'minlaydi.

Dizayn bugun jamiyatning ilmiy-texnik va estetik darajasini ham ko'rsatadi. Bu biz kundalik amaliyotimizda qo'llaydigan mehnat qurollaridan tortib, uy jihozlari-yu, kommunikatsion vositalar televizor, kompyuterlarda ham namoyon bo'ladi.

Bugungi kunga kelib dizayn kirib bormagan sohaning o'zi yo'q. Shaharsozlikdan tortib, xonadonimiz interer (ichki ko'rinishi) va ekstereri (tashqi ko'rinishi), transportdan tortib, mehnat vositalarigacha, maishiy turmush buyumlar olamidan tortib, liboslar, daftar-kitobdan tortib, gazeta-jurnallargacha ularning ishtiroki zaruriyatga aylanib qolgan. Dizayn so'zining o'zi inglizcha chizish, loyihalash ma'nosini anglatadi. U inson moddiy va ma'naviy ehtiyojlarini qondirish uchun iste'mol buyumlari olamini uyg'unlashtirishga qaratilgan ijodiy faoliyatdir.

Ma'lumki, mavjud barcha san'at asarlari o'z o'quvchisiga, tinglovchisiga yoki tomoshabiniga o'tkazadigan badiiy, estetik, ruhiy ta'siri orqali bilim beradi, tarbiyalaydi. Shu o'rinda amaliy san'at turlarining xususiyatlari o'ziga xos bo'lib, ularni boshqa hech narsa bilan solishtirib bo'lmaydi. Ya'ni bunday san'at asarlari ayni chog'da ham badiiy, ham amaliy vazifalarini bajara olishi ularning ahamiyatini belgilaydi.

O'zbekistonda muntazam o'tkazilayotgan ko'rgazmalarda ham xalq amaliy san'atining bir qancha turlari namoyish etilmoqda. Misgarlik, kashtado'zlik, yog'och kandakorligi buyumlarida qadim ustalarimiz an'analarining zamonaviy uslublar bilan uyg'unlashtirilgani turmush estetikasining yuksalishida katta ahamiyat kasb etadi. Bu buyumlar xorijliklarning ham e'tiborini tortmoqda. Bugun milliy hunarmandchiligimiz nafaqat O'zbekistonda balki jahonga ham mashhur bo'lib bormoqda. Hindiston, Xitoy, Shuningdek, Yevropa mamlakatlarida xalq amaliy san'ati ko'rgazmalari tashkil qilinayotgani fikrimiz dalillidir. Dizayner va ustalarimiz nafaqat respublikamizdagi zamonaviy inshootlarda, balki chet ellarda masjid va madrasalar, islom san'ati muzeylari interyerlarini bezashda muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqdalar.

Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz, Toshkent, Qo'qon va boshqa shaharlardagi me'morchilik va xalq amaliy san'ati yodgorliklari o'tmish ajdodlarimiz yaratgan barkamol, takrorlanmas va tarixan bebaho asarlarning namunalari bo'lib, xalqimizning va shu bilan birga jahon madaniyatining durdonalaridan bo'lgan badiiy va madaniy merosni tashkil etadi. Xalq amaliy san'ati kishilarning ma'naviy olamini boyitadi, badiiy-estetik didini shakllantiradi, ruhiyatini tarbiyalaydi. Shuning uchun ham o'zbek xalqi amaliy san'ati kishilarning badiiy, axloqiy, umuminsoniy jihatdan tarbiyalab, ularning ilmiy dunyoqarashini shakllantirishda ham madaniy darajasini yuksaltirishda eng zarur manbalardan hisoblanadi.

Bugungi zamonaviy inshootlar kabi turar-joylarda amaliy san'atning bir qancha turlarini ko'rish mumkin. Turar-joylarning turli-tuman badiiy-texnologik usullarda namoyon etilgan badiiy bezak turlari, O'zbekiston me'morchiligida ham muhim o'rin tutadi. Interyerlarning badiiy bezatilishda asosiy ahamiyat devoriy naqqoshlikka qaratilgan bo'lib, bu o'zbek xonadonini bezatishda muhim jihatlardan hisoblanadi.

Yog'och o'ymakorligi faqat intererning sirtida namoyon bo'lib qolmay turli shakl va kompozitsiyalarda ham aks etadi. Bu interyer uchun ishlangan stol, stullar, xontaxtaning nafaqat shaklining bejirimligi balki yog'och fakturasining go'zalligi va ularga berilgan ishlov hamda naqshlarning betakror va yengilligi kishiga zavq bag'ishlaydi. Toshkent turar-joy me'morchiligida O'rta Osiyo me'morchiligi amaliyotida qo'llanilgan badiiy bezaklarning deyarli barcha turlari mavjud: suvalgan devor ganch naqqoshligi hamda o'ymakorligi shular jumlasidandir.

Interyerning badiiy bezalishida asosiy ahamiyat devoriy naqqoshlikka qaratilgan bo'lib, bu o'zbek xonadonini bezatishda muhim jihatlardan hisoblanadi. Ko'pincha naqqoshlik ganch o'ymakorligi bilan muvofiqlikda bajariladi. Ayniqsa, Toshkentda keng tarqalgan o'simlik naqshlari — majnuntol, anor, xrizantema butalarining yoyilgan shoxlarini ko'plab uchratish mumkin. Bu lavhalar faqatgina bezak emas o'z falsafiy ma'nosiga egadir. Masalan, majnuntol — sevgi sog'inchi, anor — serhosillik, lola — bailor, gulsafsar osoyishtalik va uzoq umrni anglatgan.

An'anaviy badiiy hunarmandchilik buyumlari patnislar, ko'zachalar har bin o'zining betakror xislatlariga ega bo'lib, ularni xarid qilishgina emas, balki ulardan zavqlanish, ularning donoligini tushunish va ularning badiiy qimmatiga baho berish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yodgorliklar estetik kechinmalar manbayi hamdir. Hech bir o'zbek xonadoni yo'qki unda kulolchilik, badiiy kashtachilik, zargarlik buyumlari bilan bezatilmagan bo'lsin. O'rta asr Sharq miniatyuralari rangtasviridan olingan bezaklar interer dizayniga ham kirib kelishi milliy turmush estetikasining yuksalishida muhim ahamiyat kasb etib qolmay, yangi-yangi an'analarni vujudga keltirmoqda.

4. Estetikaning zamonaviy muammolari. Estetik tarbiyaning turlari va yo'nalishlari.

Estetik tarbiya mohiyatan inson omili bilan bog'liq bo'lib, bu omil nafis didga, yuksak farosatga va pokiza tuyg'ularga egaligi bilan ajralib turadi. Jamiyatda yashayotgan biror-bir shaxs estetik jarayonlardan chetda turmaydi, aksincha, o'zining muayyan xatti-harakati bilan mazkur jarayonlarga u yoki bu darajada ta'sir ko'rsatadi. Estetik tarbiyaning maqsadi ana shunday ta'sirlarni go'zallik, ulug'vorlik, fojiaviylik, kulgihlik asosida yo'naltirishdan iborat.



Estetik tarbiyaning asosiy vazifalari:

— kishilarda san'at asarlari, badiiy ijod namunalarini nafaqat faol o'zlashtirish balki, ularning estetik mohiyatini anglash va baholash qobiliyatini takomillashtirish;

— jamiyat a'zolarining ijodiy imkoniyatlarini namoyon qildirish va ulardan foydalana bilishga ishonch tuyg'usini uyg'otish;

— tabiat hamda jamiyat ijtimoiy jarayonlariga sof tuyg'u bilan munosabatda bo'lishga va ularni ravnaq toptirish yo'lida astoydil faoliyat olib borish ko'nikmalarini hosil qilish;

— o'tmish ma'naviy merosimizga hurmat hissini uyg'otish, milliy g'urur, milliy iftixor tuyg'ularini shakllantirish uchun zamin yaratish;

— ijodning barcha turlarini taraqqiy ettirib jahonga yuz tutish va ularni millat manfaatlari uchun naf keltiradigan tomonlarini targ'ib qilishga undashdir.



Estetik tarbiyaning asosiy vositalari.

San'at — estetik tarbiyaning muhim vositasi. Shaxsning estetik tarbiyasini san'at vositasida amalga oshirishning afzal tomonini ikki xususiyat bilan ifodalash mumkin. Birinchidan, san'at ijtimoiy anglashning boshqa shakllariga qaraganda insonga birmuncha yaqinroq hamda tezroq ta'sir ko'rsata olish imkoniga ega. Ikkinchidan, san'at insonni estetik jihatdan kamolotga yetkazish jarayoniga muayyan mafkuraviy mazmun bag'ishlashi bilan birga inson ma'naviy qadriyatlarini ro'yobga chiqarishda yaqindan yordam ko'rsatadi.

Elektron axborot vositalar – estetik  tarbiyaning zamonaviy vositasi. Hozirgi kunda estetik tarbiyaning shunday vositalari mavjudki, uning ma'naviy jarayonlarga ko'rsatayotgan global ta'siriga befarq bo'lish aslo mumkin emas. Ana shunday ta'sirlardan biri – bu elektron axborot vositalardir. Elektron axborot vositalari muhim estetik tarbiya vositasi sifatida qator xususiyatlarga ega. Bular:

— narxining arzonligi;

— asosiy mahsulot — bilim, axborot, moda va imidj;

— yangi iqtisodiyot — u axborotga ega bo'lishni xohlaydigan odamlarga imtiyoz beradi;

— chinakam global xarakterga ega ekanligi.

Mehnat — estetik tarbiyaning asosiy vositasi. Mehnat ham moddiy, hamda ma'naviy go'zalliklar yaratish bilan estetik tarbiyaning muhim vositasi hisoblanadi. Bu jarayon ijtimoiy-foydali mehnatning badiiylik bilan aloqasi ta'sirida vujudga keladi. Mazkur munosabat pirovardida mehnat vositalarining insonga keltiradigan zararini kamaytiradi. Qolaversa, mehnatga ijodiy yondashuv jamiyat ma'naviy qiyofasini belgilovchi omil hisoblanadi. Tashabbuskorlik va tadbirkorlikni rag'batlantirish, odamlarda mulkka egalik hissiyotini tarbiyalash o'z navbatida mehnatga bo'lgan estetik munosabat orqali ro'yobga chiqadi.

Ommaviy axborot vositalari – estetik tarbiyaning ta'sirchan vositasi. Bu vosita insonga yaqindan ta'sir qiluvchi qudratli va faol kuchdir. Ayniqsa, televideniya shaxs hamda ommani estetik dunyoqarashini shakllantirishda, ularni nafosatli jihatdan tarbiyalashda yuksak ahamiyat kasb etadi. Rang-barang mavzulardagi ko'rsatuvlar badiiy va hujjatli filmlar, ijtimoiy-ma'naviy mazmundagi reklamalar, telemarafonlar nafosatli tarbiyani maqsadli yo'naltirishda, insonlar tafakkurida go'zallikka bo'lgan yangicha munosabatni shakllantirishda salmoqli ahamiyat kasb etadi.

Sport — estetik tarbiyaning zamonaviy vositasi. Sport estetik tarbiya vositasi sifatida zamonaviy insonni kamol toptirishda alohida e'tiborga ega. Sport va sport musobaqalari mohiyatan inson nafosatli dunyoqarashini, tafakkurini sog'lomlashtirishga qaratilgan. Estetik tarbiya omillari.

Mahalla — estetik tarbiyaning muhim omili. Mahallaning shaxs estetik tarbiyasiga ta'siri nihoyatda katta. Chunki, mahalla jamiyat ichidagi kichkina jamiyat bo'lib, u bugun shaxsning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga, uning ijtimoiy-huquqiy madaniyatini shakllantirishga ko'mak beruvchi makon sifatida ham yuksak ahamiyat kasb etadi. Mahalla shaxs nafosatli tarbiyasiga yaqindan ta'sir ko'rsata olishi bilan boshqa omillardan ajralib turadi. Mahalla o'z oldiga qo'ygan ezgu maqsadlarni bajarishi bilan zamonaviy insonni nafosatli jihatdan tarbiyalaydi. Chunonchi mahalla:

— o'ziga qarashli hududning tozaligi, obodligi, ko'rkamligini hamda fuqarolarning hamjihatligini ta'minlashi;

— turmush nafosati va muomala estetikasini shakllantirib, insonlar qalbida ijobiy tuyg'ular, yaxshi orzularni namoyon ettirishi;

— mahalliychilik va millatchilik singari salbiy holatlarga yo'l qo'ymasligi hamda qo'shnichilik madaniyatini kamol toptirishi;

— san'at, madaniyat, ma'rifat arboblari, ilm ahllari ishtirokida bo'ladigan rang-barang mavzulardagi ma'ruzalarni, suhbatlarni uyushtira olishi;

— isrofgarchilikka, dabdababozlikka yo'l qo'ymagan holda urf-odatlar, an'analar, marosimlar, tantanali shodiyonalarni tartibli, chiroyli o'tishini ta'minlashi va hokazo shu kabilar bilan inson estetik tafakkurini shakllantirishda muhim maskan bo'lib hisoblanadi. 



Download 154.14 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling