1. Falsafa atamasining kelib chiqishi. Falsafa shakllanishining asosiy bosqichlari


 Axloqiy madaniyat va qadriyatlar


Download 154.14 Kb.
bet7/9
Sana19.06.2020
Hajmi154.14 Kb.
#120441
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
Falsafa


4. Axloqiy madaniyat va qadriyatlar

«Muomala» iborasi ijtimoiy taraqqiyotning deyarli barcha sohalarida insonning kundalik faoliyatida hamda insonlararo munosabatlarga nisbatan bevosita yoki bilvosita qo'llaniladi. Muomalaning «madaniyat» atamasi bilan bog'liqligi ham uning ma'naviy hayot sohasiga daxldorligidadir. Muomala — bu insonlar o'rtasidagi aloqalarning paydo bo'lishi va rivojlanishi hamda ularning hayot  faoliyatidagi ehtiyojning murakkab jarayoni bo'lib, o'zga kishilar bilan ma'lumot almashish, ularni tushunish va idrok etishning hamkorlikdagi strategiyasidir.

Muomala madaniyatida xushfe'llik, xushmuomalalik, hayoibolilik, beozorlik, shirinso'zlik, ochiqko'ngillik singari axloqiy me'yorlar muhim sanaladi.

Muomala odobi boshqa kishilarning qadr-qimmatini, izzatini joyiga qo'yish bo'lib, ko'pchilik oldida bir kishiga aytiladigan gap boshqalarni noqulay ahvolga solib qo'yadi. So'zlash va tinglay bilish, suhbatlashish madaniyati muomalaning muhim jihatini tashkil etadi.

Axloqiy qadriyatlarga insonparvarlik, jamoatchilik, adolat, qonuniylik, vatanparvarlik, xushmuomalalik va odoblilik, oddiylik va kamtarlik, halollik va rostgo'ylik, ochiq ko'ngillik va mardlik, saxiylik va muruvvatlilik, o'zaro hurmat, do'stona munosabat, samimiylik, sabr-qanoat, hayolilik va pokizalik, homiylik va saxovat, fidoyilik, sadoqat, mehr-muhabbat, mehnatsevarlik, sihat-salomatlik, jasurlik va boshqalar kiradi.

Axloqiy qadriyatlarni quyidagicha tasniflash mumkin: Axloqiy qadriyatlarni ng mazmuniga ko'ra burch, or-nomus, vijdon, qadr-qimmat, sabr-qanoat, kamtarlik, sobitqadamlik, rostgo'ylik va hokazolarga; shakliga ko'ra esa ijobiy yoki salbiy, ya'ni yaxshilik va yomonlik, adolat va adolatsizlik, baxt va baxtsizlik, hayo va behayolik kabilarga ajratish mumkin.

Axloqiy qadriyatlarni amal qilish doirasiga ko'ra:

 — shaxsiy axloqiy qadriyatlar

— kasbiy burchni bajarish, sevgisiga sadoqatli bo'lish, halol rizq topish, so'zining ustidan chiqish, oila sha'nini saqlash, haromdan hazar qilish;

— milliy axloqiy qadriyatlar — mehmondo'stlik, kattalarga nisbatan hurmat, saxovat, homiylik, ota-onani e'zozlash, bolajonlik va hokazolar;

— mintaqaviy axloqiy qadriyatlar — do'stlik, yaxshi qo'shnichilik, bag'rikenglik, mehmondo'stlik, o'zaro hurmat va boshqalar;

— umuminsoniy axloqiy qadriyatlar — insonparvarlik, adolatparvarlik, vatanparvarlik, o'zaro hurmat, qonuniylik, jamoatchilik kabi turkumlarga bo'lish mumkin.



Axloqiy qadriyatlarni axloqning tarkibiy tuzilishiga ko'ra:

 — axloqiy ongda barqaror shakllangan ma'naviy-axloqiy qadriyatlar: jamiyat tomonidan ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilayotgan kodekslar, normalar, tamoyillar, mafkuraviy g'oyalar. Masalan, «Harbiy qasamyod», «Shifokor qasamyodi», «Ichki ishlar idoralari xodimlarining kasb odobnomasi» va h.k;

— axloqiy amaliyotda bevosita qo'llaniladigan axloqiy qadriyatlar: yaxshilik yoki yomonlik, adolat yoki razolatdan iborat maqsadni ko'zlab, uni amalga oshirishning ixtiyoriylik yoki majburlash vositalarini qo'llab pirovard natijaga olib keluvchi qadriyatlar;

— axloqiy munosabatlar tufayli zohir bo'ladigan axloqiy qadriyatlar: burch, shartni bajarish, halollik, saxiylik, kamtarlik, uddaburonlik, tadbirkorlik, kelishuvchanlik, murosa va hokazolarga ajratish mumkin.

Yangi axloqiy qadriyatlar yuzaga kelishi O'zbekistonda huquqiy demokratik davlatni qurish, fuqarolik jamiyatini shakllantirishda axloqiy qadriyatlar barcha fuqarolarni, millati, dini, tili, irqidan qat'i nazar o'zbek xalqi o'zining milliy axloqiy qadriyatlari — sabr-qanoat, jamoatchilik, o'zaro yordam, saxovat, tinchlikni ardoqlash, shukronalik kabi axloqiy fazilatlarini namoyish qilish orqali tinch-totuv yashashga chorlaydi va uni ta'minlaydi.

Qadriyatlar tizimida diniy qadriyatlar ham muhim o'rin tutadi va ular axloq, axloqiy qadriyatlar bilan uzviy bog'liq. Diniy qadriyatlarning mavjudligi diniy ta'limotlarga asoslansada uning  rivojlanishi jamiyat hayotidagi ijtimoiy-iqtisodiy va ma'naviy-axloqiy taraqqiyoti bilan mustahkam bog'langan. Ular xalqimizning turmush tarzi va jamiyat hayoti uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda.



Kasb etikasi (odob-axloqi) — odamlarning kasbiy faoliyatidan kelib chiqadigan o'zaro munosabatlarning axloqiy yig'indisidir.

Kasbiy odobning barcha uchun birdek taalluqli hisoblanmagan, balki muayyan kasb-ког egalarigagina mansub bo'lgan ijtimoiy xulq-atvor qoidalari, me'yorlari mavjuddir. «Kasb odobi» atamasi «kishilar o'rtasidagi kasb faoliyati bilan bog'liq munosabatlarga ma'rifiy tus beradigan xulq-atvor kodeksidir».

Kasb axloqi kasb odobiga nisbatan keng tushuncha. Chunki kasb odobi kasb axloqi tarkibiga kirib unga shaxs xulq-atvori asos bo'lsa, kasb axloqi xulq-atvor bilan birgalikda, umuminsoniy axloqiy kasbiy me'yorlarga asoslanadi. Kasbiy axloq insonning kasbiy burchlari o'z kasbiga bo'lgan munosabatini belgilaydigan axloqiy me'yorlar majmuyi bo'lib, u kishilarni u yoki bu kasbga mansubligiga qarab birlashtiradi.

Masalan, rahbarlikning axloqiy jihatlari borasida ta'kidlash joizki, bu boradagi kasb odobi qonun-qoidalari faqat kabinetlarda emas, balki, xalq bilan muloqot jarayonida shakllanadi. Rahbar xodimlar faoliyatidagi kamchilik sifatida O'zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev «Ayrim idoralar va ularning rahbarlari real hayotdan va xalq ehtiyojlaridan ma'lum darajada uzilib qolmoqda», — deya ta'kidlagani bejiz emas. Zero, kasbiy omilkorlik, o'z ishini yaxshi bilish, qaysi kasbdan qat'i nazar axloqiy me'yorlarning ibtidosidir. Kasb odobi me'yorlarining mazmuni, ularning amaliyligi u yoki bu masalalarni yechishda yordam beradi.



Sog'lom turmush tarzining barkamol avlod axloqiy tarbiyasidagi ahamiyati. Jismonan sog', ma'nan barkamol, zararli ta'sirlardan, salbiy xislat, illatlardan xoli, toza, рок, sog'lom fikrli avlodni, sog'lom naslli, jismoniy baquvvat, ruhi tetik, fikri tiniq, iymone'tiqodli, ma'naviyatli, mard va jasur, vatanparvar shaxsni tarbiyalashda har bir jamiyat a'zosi olib borayotgan turmush tarzi juda katta rol o'ynaydi. Sog'lom bolaning tug'ilishi, eng avvalo, ota-onaning sog'lig'iga bog'liq. Sog'lom oila bo'lmasa, barkamol avlod ham, istiqboli porloq millat ham bo'lmaydi. Shuning uchun ham mamlakatimizda bu masalaga nihoyatda katta e'tibor berib kelinmoqda.

Inson uzoq umr ko'rish va tinch hayot kechirish maqsadida sog'lom, tetik va baquvvat bo'lish, o'z yoshligi, husni va ishchanlik qobiliyatini saqlashga harakat qiladi. Bunga erishishning asosiy omillaridan biri jismoniy harakatdir. Sog'lom turmush inson farovon hayot kechirayotganidan dalolat beruvchi omillardan biridir. Chiniqish — bu organizmni suv, quyosh va havo ta'sirida sekin-asta moslashtirib borish mexanizmidir.

Hozirgi paytda globallashuv jarayoni hayotimizga tez sur'atlar bilan kelmoqda. Uning ijobiy tomonlari birinchi navbatda turli sohalarda  (jumladan, iqtisod, siyosat, madaniyat sohalarida) davlatlar va xalqlar o'rtasidagi integratsiya va hamkorlik aloqalarining kuchayishiga xizmat kundan-kunga kengayib va rang baranglashib bormoqda. Shu bilan birga dunyoda barcha odamlar ham ezgu niyatlar bilan ish olib boradi, deyish qiyin. Ba'zilar buzg'unchi kuchlar uchun jahonda yagona axborot maydonining vujudga kelishi ham bunda «ayni muddao» bo'ldi. Ular zudlik bilan bu qudratli vositani ham o'z qabih niyatlari yo'lida ishga solish harakatiga tushdilar.

Taraqqiyotga tahdidning zamonaviy ko'rinishlaridan biri bu «Ommaviy madaniyat» bo'lib, u o'tgan asrning ikkinchi yarmida G'arbda «pop kultura» nomi bilan vujudga kelgan. U millat, ma'naviyat, qadriyat kabi tushunchalarni inson ongidan butunlay o'chirib tashlab, manqurtga aylangan olomonni shakllantiradi. Bugungi kunda «ommaviy madaniyat» G'arb dunyosidagi madaniy hayotni izdan chiqarib, oila, nikoh, axloq bilan bog'liq qadriyatlarga putur yetkazgan holda butun olamga giyohvandlik, gomoseksualizm, SPID, egoizm, sadizm kabi illatlarni tarqatmoqda. Bu kabi illatlarni o'zida mujassam etgan «ommaviy madaniyat» globallashuv sharoitidagi axborotning shiddatli oqimidan foydalanib, milliy madaniyatlar qiyofasini o'zgartirishga va xalqlar turmush tarzini yaqinlashuviga sabab bo'lmoqda. Bir so'z bilan aytganda «ommaviy madaniyat» dunyoda bir xillikni shakllantirmoqda. Inson hayotida bir xillik zerikarli va mazmunsiz yashashga olib keladi.

Globallashuvning eng dolzarb bo'lgan madaniyatlararo munosabatlardagi bu tendensiyalari bizning davrimizda ziddiyat ko'rinishini kasb etmoqda. Ana shunday «madaniy qarash»lardan biri kosmopolitizm (yun. kosmorolites — dunyo, olam, dunyo fuqarosi) bo'lib, bu oqim tarafdorlari yagona dunyo, universalizm g'oyasini ilgari suradilar. «Yagona dunyo erkin fuqarosi»ning bu g'oyasi go'yoki har qanday millat va mamlakat manfaatlaridan ustun turadi. Ularning qarashlariga ko'ra hech qanday millat yoki mamlakat yo'q, hamma bir xil dunyo xalqlaridir. Bu g'oya ham «Ommaviy madaniyat»ning ko'rinishlaridan biridir. 

Milliy madaniyatimiz har doim tahdidlarga uchrab kelgan. XX asrgacha gegemonlikni istagan bosqinchi kuchlarning qarshiligiga uchrab kelgan bo'lsa, endilikda mafkuraviy qurol birlamchi bo'lgan global zamonamizda hudud tanlangan qator muammolar tahdid solmoqda. Bu muammolar madaniy chegaralarni buzib, milliy birliklarga ba'zan oshkora, ba'zan esa yashirin ravishda o'zining salbiy ta'sirini ko'rsatmoqda. «Ommaviy madaniyat» millat va xalq tanlamaydi. Shu bois ko'p millatli O'zbekiston xalqi uning har qanday shakllariga yo'l bermasdan yagona milliy mafkura atrofida birlashishi maqsadga muvofiqdir.

Texnik taraqqiyotni, uning jamiyatdagi o'rni va rolini to'xtatish, inkor etish mumkin emas. Shunday ekan, texnogen sivilizatsiyada inson texnogen madaniyat-fan amaliyoti, texnikaning yangidanyangi shakllari, ularni ishlata bilish uquvi va mahoratiga ega bo'lishi taqozo etiladi. Ayni paytda inson ma'naviyatining substansiyasi, ijodiy kuch quvvati va o'z o'rnida har bir inson ijodiy quvvatining in'ikosi bo'lgan mehnatda texnikaning o'rni va ahamiyati ortib borayotgani barchaga ma'lum.

Texnika rivojining ko'p yillik tarixi bizni ng texnik bilimlarimiz, ixtirochilik, konstruktorlik qobiliyatimiz fan, inson ehtiyojlari, yashash muhiti rivojiga muvofiq doimiy mukammallashib borishini ko'rsatmoqda. «Inson va mashina» munosabatlari tobora yangicha mazmun kasb etib bormoqda. Ammo har qanday rivojlangan texnika ham ijtimoiy masalalarni insonsiz hal eta olmaydi. Mamlakat taraqqiyoti taqdirini texnikaviy bilimi, hozirgi zamonning murakkab texnologiyalarini egallash bilan birga ma'naviy jihatdan yetuk, barkamol odamlar hal qiladi.

«Bioetika» tushunchasi insonning butun tiriklikka munosabatini ko'rib chiqadigan masalalar sohasini nazarda tutadi. Biologiya va tibbiyot sohasidagi bilimlarning taraqqiyoti, tibbiyot yangi imkoniyatlarinmg rivojlanishi an'anaviy etika ilgari duch kelmagan muammolarni keltirib chiqardi. Amalda bioetika amaliy etikaga aylandi ya asosiy e'tiborni amaliy tibbiyotning axloqiy muammolariga qaratdi.  Bugungi kunda zamonaviy bioetikaning eftanaziya, klonlashtirish, abort bilan bog'liq muammolari mavjud.  Yaratuvchanlik va bunyodkorlik fazilati Alloh yaratgan barcha jonzotlar ichida eng mukarrami hisoblangan insonga ko'proq berilgan. Ba'zida esa fazilatni o'rnini o'ziga bog'liq holda buzg'unchilik illati egallab oladi. Bu holat individ darajasidan inson darajasiga shakllanayotgan ona qornidagi bolaga nisbatan ayolni o'ziga bog'liq va bog'liq bo'lmagan holatlarda homilaning rivojlanishini sun'iy yo'l bilan to'xtatish (abort) bilan bog'liq holatlar tibbiy axloqiy muammo sifatida bugungi kunda juda ham ko'p uchrab turadi. Masalan, «Yevropada uchta mamlakat Shimoliy Irlandiya, Malta va Irlandiya Respublikasida abort taqiqlangan. Statistik ma'lumotlarga ko'ra, abortlar soni tug'ilishlar sonidan kam emas. Ba'zi mamlakatlarda esa qayd etilgan abortlar soni tug'ilishlardan ko'p. Rossiyada ba'zi tug'ruqxonalar abort miqdorining keskin ortishi tufayli ruhoniyga yordam so'rab murojaat qilishgan. Hatto shifokorlar ayollarga operatsiyadan oldin rohib bilan suhbatlashishni shart qilib qo'yishmoqda. Shuning ta'sirida abortdan voz kechganlar soni ortgani ta'kidlanmoqda».

Bioetika tadqiqotlar sohasi, ijtimoiy munozaralar va axloqiy qarorlar qabul qilish maydoni sifatida mamlakatimizda o'zining dastlabki qadamlarini tashlamoqda. Jahonning ko'pgina atoqli mutafakkirlari insoniyat yangi ming yillikda yashab qolishi uchun vayronkor an'analar va ajralishdan yangi umumbashariy dunyoqarashga yo'l topishi zarurligini ko'rsatmoqda. Ularning mazkur qarashlari Xalqaro Insonparvarlik Akademiyasi tomonidan 2000-yilda chiqarilgan insonparvarlik manifestida aks ettirildi. Unda quyidagi so'zlar bor: «Yangi dunyoqarash inson huquqlarini himoya qilishi, insonning erkinligi va qadr-qimmatini yanada oshirishi, Shuningdek, bizning butun insoniyat oldidagi majburiyatlarimizni qayd etishi lozim».



1. “Estetika” fanining obekti va falsafiy mohiyati.

Estetika eng qadimgi falsafiy fanlardan biri bo'lib hisoblanadi. Lekin faqat XVIII asr o'rtalariga kelib «Estetika» (yunon. aisthetikos — his qilinadigan) atamasini dastlab Germaniyadagi Volf maktabining faylasufi Aleksandr Gotlib Baumgarten (1714—1762-yillar) 1735-yilda yozgan «Poetik asarga doir ba'zi masalalar xususida falsafiy mulohazalar» nomli asarida ilmiy muomalaga kiritdi va uning san'atda yorqin namoyon bo'Hshini ko'rsatib berdi.

Dastlab estetika «San'at falsafasi» va «go'zallik falsafasi» sifatida talqin etilgan. Chunki, san'at estetikaning obyekti bo'lib, unda estetik xususiyatlar bo'rtib ko'zga tashlanadi. Estetika badiiy asarning yaratilish arafasidagi shart-sharoitlardan tortib, to u bunyodga kelib, asl egasi — idrok etuvchiga yetib borgunigacha bo'lgan va undan keyingi jarayonlarni tadqiq etadi hamda ulardan nazariy xulosalar chiqaradi. Lekin, san'at bu fanning yagona tadqiqot obyekti emas. Hozirgi paytda estetika dizayn, atrofmuhitni go'zallashtirish, tabiatdagi nafosat borasidagi muammolar bilan ham estetika shug'ullanadi.

Estetikaning «Go'zallik falsafasi» sifatida talqin etilishining ma'nosi shundaki, u faqat san'atdagi go'zallikni emas, balki insondagi, jamiyat va tabiatdagi go'zallikni ham o'rganadi. Chunki, estetikaning asosiy tadqiqot obyekti — go'zallik, biroq, san'at ham o'z navbatida estetikaning go'zallik kabi keng qamrovli tadqiqot obyekti hisoblanadi. Estetika fani vujudga kelgan dastlabki davrda estetik tafakkur tarixi, estetikaning nazariy-metodologik muammolari, san'at, estetik tarbiya kabi masalalarini o'z ichiga qamrab olgan bo'lsa, bugungi kunda uning tadqiqot obyekti kengayib bormoqda. Xususan, ekoestetika, ishlab chiqarish estetikasi, maishiy turmush estetikasi, dizayn, zamonaviy shaharsozlik estetikasi, tabiat estetikasi va hokazo.

Estetika — falsafiy fan sifatida barcha san'atshunoslik fanlari erishgan yutuqlardan umumiy xulosalar chiqarib, shu xulosalar asosida insonni go'zallik orqali haqiqatga yetishtirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, estetika ishlab chiqqan qonun-qoidalar barcha san'atshunoslik fanlari uchun umumiylik xususiyatiga ega. Har bir fanning inson va jamiyat hayotida o'ziga xos amaliy ahamiyati bor: estetika ham bundan mustasno emas. Avvalo, u kundalik hayotimizda nafosat tarbiyasini to'g'ri yo'lga qo'yish borasida katta ahamiyatga ega. Erkin, demokratik jamiyatimizning har bir a'zosi go'zallikni chuqur his etadigan, uni asraydigan nafis did egalari bo'lishlari lozim. Haqiqiy badiiy asar bilan saviyasi past asarni farqlay bilishlari, «ommaviychilik san'ati»ni rad qila olishlari lozim. Ana shu nuqtayi nazardan qaraganda, estetika jamiyatning barcha a'zolari uchun muhim ahamiyatga ega.

Estetikaning falsafiy mohiyatini uning san'at asariga yondashuvida ko'rish mumkin. Ma'lumki, har bir san'atshunoslik ilmi o'z tadqiqot obyektiga uch tomonlama — nazariy, tarixiy, tanqidiy jihatdan yondashadi. Masalan, adabiyotshunoslikni olaylik. Adabiyot nazariyasi faqat adabiyotgagina xos bo'lgan badiiy qonuniyatlarni, badiiy qiyofa yaratish usuli va yositalarini o'rganadi. Adabiyot tarixi muayyan tarixiy-badiiy jarayonlar orqali badiiy adabiyotning rivojlanish qonuniyatlarini ochib beradi. Adabiy tanqid esa adabiy-badiiy ijodning zamonaviy jarayonlarini tadqiq etadi va har bir yangi asarni baholaydi, asar ijodkorining ijodiy rivojlanishini kuzatib boradi. Musiqada ham, tasviriy san'atda ham va boshqa san'at turlarida ham shunday. Estetikada esa tadqiqot obyektiga yondashuv uch emas, birgina nazariy jihatdan amalga oshiriladi: tarix ham, tanqid ham nazariyaga bo'ysundiriladi.

Estetika fan sifatida ilmiy, ma'rifiy, badiiy taraqqiyotning o'ziga xos muammolari doirasida bahs yuritadi, tahlil qiladi, o'rganadi va o'rgatadi. Estetikaning eng asosiy funksiyalaridan biri dunyoqarashni shakllantirish bo'lib, ushbu funksiya badiiy ijod bilan shug'ullanuvchilar va ijodiy faoliyat uchun juda zarur. Ayniqsa, ranglar jilosini his qilish, musiqa sehrini anglash, asardan xulosa chiqarish aynan ushbu funksiyaning ta'sirida ro'y beradi. Zero, dunyoqarash ijodkorni boshqaradi, ijod jarayoni rivojiga ko'mak beradi. Estetikaning bilish funksiyasi esa san'at asarini bilish va baholash faoliyati natijalarini, semantik va pragmatik axborotni yetkazib berish, haqiqiy badiiy asar bilan saviyasi past asarni farqlay bilishlari, «ommaviychilik san'ati»ni rad qila olishda muhim ahamiyatga ega.

Yangi ko'rinishdagi iqtisodiyotning estetik asoslariga, tadbirkorlik faoliyatiga estetik tus berishga, bunyodkorlikni namoyon etishga imkon beradigan funksiya bu yaratuvchanlikdir. Ayniqsa, go'zal qadriyatlarni dunyoga tanitish, xalqning boy va betakror estetik dunyosini aks ettiradigan personajlarni yaratish orqali insonni ma'naviy jihatdan yuksaltirishga xizmat qiladi. Estetikaning eng muhim funksiyalaridan yana biri, metodologik funksiya bo'lib, ushbu funksiya badiiy asarda aks ettirilgan voqea-hodisaning mohiyatini o'quvchiga to'laqonli yetkazish imkonini beradi, asarni bilish va uni xuddi hayotdagidek idrok qilinishini osonlashtiradi. Bundan tashqari, bu funksiya estetik masofani taqozo etadi: masofa tufayli badiiy reallik idrok etiladi.

Estetika fani o'z maqsadi va vazifalarini uyg'unlik, yaxlitlik, ifodalilik va maqsadga muvofiqlik tamoyillari orqali amalga oshiradi. Ushbu tamoyillar orasida estetik munosabatlarda ko'proq ko'zga tashlanadigan uyg'unlik va maqsadga muvofiqlikning mohiyati haqida quyidagi fikrlarni aytish mumkin.

Odatda, fanga tegishli qonunlar hodisalarning hamma xususiyatlarini emas, balki hodisalardagi umumiylikni aks ettiradi va undagi mustahkam barqarorlikni ifodalaydi. Biroq, hodisalar ayni bir vaqtda bir-biriga o'xshaydi va bir-biridan farq qiladi. Xususan, voqelikni estetik o'zlashtirishning oliy shakli bo'lgan san'atga umumiy va xususiy qonunlar tegishli bo'lib, ularga badiiy ijod jarayoni ham, san'atning ijtimoiy olami ham taa'luqlidir. Ular san'atning antropologik, genetik va gnoseologik mazmunini ochib berishga xizmat qiladi. Shunga asosan «Estetik faoliyat qonuni», «Badiiy ijod qonuni», «Badiiy jarayon qonuni», «Badiiy idrok qonuni», «Estetik idrok qonuni» kabi qonuniyatlar tizimi shakllangan.

Ushbu qonunlar olamni estetik o'zlashtirish jarayonining mohiyatini izohlaydi va quyidagi natijalarga olib keladi:

1) voqelikning estetik xususiyatlari inson tomonidan olam hodisalarini tasavvur qilish, anglash hamda tajribaga tayangan holda insoniyat oldiga qadriyatlarni o'rganishni vazifa qilib qo'yadi;

2) estetik faoliyat predmetlar olami va insoniy idealni botiniy tuyg'ular asosida o'zlashtirish natijasida yuzaga keladi, u umuminsoniy qadriyatlarga oqilona munosabatni shakllantiradi hamda erkin ijodkorlik muhitini yaratishga ko'mak beradi.

Estetikaning ijtimoiy fanlar bilan aloqadorligi. Etika va estetika fanlari shu qadar bir-biriga yaqinki, hatto ba'zi davrlarda ular yetarli darajada o'zaro chegaralanmagan. Chunki insonning xatti-harakati va niyati ko'pincha ham axloqiylikka, ham nafosatga tegishli bo'ladi, ya'ni muayyan ijobiy faoliyat ham ezgulik, ham nafosat xususiyatlarini o'zida birvarakay mujassam qiladi. Shu sababli Suqrot, Aflotun, Forobiy singari qadimgi faylasuflar ta'limotlarida axloqiylikni — ichki go'zallik, nafosatni — tashqi go'zallik tarzida talqin etganlar.

Estetika psixologiya (ruhshunoslik) bilan uzviy bog'liq. Ma'lumki, insonning ruhiy hayotini o'rganar ekan, ruhshunoslik, hissiyotlar masalasiga katta o'rin beradi. Go'zallikni, san'at asarini yaratish va idrok etish ham ma'lum ma'noda hissiyotlar bilan bog'liq. Masalan, oddiy xarsang tosh kishida alohida bir hissiy taassurot uyg'otmaydi. Lekin toshga haykaltarosh qo'l urganidan so'ng, undan hayot nafasi, insoniy hissiyotlar ufura boshlaydi. Sotsiologiya (ijtimoiyshunoslik) fani bilan aloqadorligi. Ma'lumki, har bir san'at asari alohida inson shaxsiga e'tibor qilgani holda, jamiyatni ijtimoiy munosabatlar tizimi sifatida badiiy tadqiq etadi. Hatto inson va jamiyat bevosita aks etmagan manzara janridagi asarda ham ijtimoiylik jamiyat a'zosi — muallif qarashlarining bilvosita in'ikosi bo'lmish uslubda o'zini ko'rsatadi.



Dinshunoslik fani bilan aloqadorligi. Din, estetika va san'at doimo bir-birini to'ldirib keladi va ko'p hollarda biri boshqasi uchun yashash sharti bo'lib maydonga chiqadi. Buning ustiga, har bir umumjahoniy dinning «o'z tasarrufidagi» san'at turlari bor: buddachilik uchun haykaltaroshlik, nasroniylik uchun tasviriy san'at, musulmonchilik uchun badiiy adabiyot. Shuningdek, barcha umumjahoniy dinlar o'z ibodatxonalarini taqozo etadi. Ibodatxonalarning esa me'morlik san'ati bilan bog'liqligi hammamizga ma'lum.

Pedagogika fani bilan aloqadorligi. Ularning aloqadorligi tarbiya muammolarini hal qilish borasida yaqqol ko'zga tashlanadi. Chunki pedagogika ham ma'lum ma'noda nafosat tarbiyasi bilan shug'ullanadi. Lekin bu tarbiya alohida-alohida, muxtor qismlarga bo'lingan holda, turli yosh va sohalar uchun maxsus belgilangan tarbiya tarzida, ya'ni muayyan, aniq chegaralarda olib boriladi.

Semiotika (belgilar va belgilar tizimi haqidagi fan) fani bilan aloqadorligi. Ma'lumki, san'at asarida belgilar va badiiy ramzlar muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, harflar, notalar va h.k. Boshqacharoq qilib aytganda, bilish va baholash faoliyati natijalarini, ya'ni semantik va pragmatik axborotni o'zida mujassam qilgan san'at asari o'sha axborotni yetkazib berishga ham mo'ljallangan.

Har bir fanning o'z oldiga qo'ygan vazifalari bo'lgani singari estetika fani ham bundan mustasno emas. Zotan, biz qurayotgan fuqarolik jamiyatining a'zosi har jihatdan kamol topgan, yuksak nafis did egasi bo'lmog'i lozim va uning nafosat tarbiyasi to'g'ri yo'lga qo'yishda estetika muhim ahamiyatga ega. Zero, estetika orqali biz faqatgina ko'rganlarimizning shakliy go'zalligini emas, balki ayni paytda shakl bilan birga uning falsafiy mohiyatini ham idrok etamiz.



Начало формы

Конец формы

2. Estetika kategoriyalarining an’anaviy va zamonaviy tasnifi.

 

Falsafaning birorta kategoriyasini ham voqelikdan ayri holda tasavvur etib bo'lmaydi. Chunki, bu kategoriyalar (butun, qism, zaruriyat, tasodif, mohiyat, sifat va h.k.) insonni o'rab turgan olamda sodir bo'ladigan voqea-hodisalar haqida aniq xulosalar chiqarishga, ularni to'g'ri tahlil etishga ko'mak beradi.



Estetika ham falsafiy fan sifatida o'zining qonun va kategoriyalariga ega. Estetika kategoriyalarining yaxlit tizimini ishlab chiqish muammosi ko'p yillardan buyon olimlar e'tiborida. Bu borada go'zallik, ulug'vorlik, fojiaviylik, kulgulilik, hunuklik kabi an'anaviy ko'rinish ko'pgina adabiyotlarda o'z aksini topgan. Bugungi kunda  go'zallik — ulug'vorlik — fojiaviylik — kulgililik; estetik ideal — estetik did — estetik tuyg'u; san'at — badiiy obraz — ijodkorlik ko'rinishdagi tizim estetika fanining kategoriyalar tasnifida kengroq qo'llanilmoqda.

Go'zallik tabiat, jamiyat, inson tafakkuri mahsuli sifatida quyidagi xususiyatlarga ega:

a)  go'zallik obyekiv mazmunga ega bo'lgan subyektiv obrazlar, tasavvurlar, idroklar, tafakkurlarning hosilasidir. Go'zallik obyektivlik va subyektivlikning o'zaro mutanosibligi, uyg'unligidir;

b) go'zallik — bu narsa, hodisa, voqea va jarayonlarning insonni ruhlantiradigan, ilhom bag'ishlaydigan, yuksak oliyjanob maqsadlar sari yetaklaydigan, jo'shqinlik baxsh etib jonlantiradigan tomonlaridir. Go'zallik xuddi shu ma'noda jism va ruhning uyg'unligidir. Ruhni oziqlantirib, jismni yanada ulug'vor qiladigan narsa, hodisa, voqea, jarayonlarning xossasidir;

d) go'zallik — bu insonning erkin faoliyatidir. Hayotda o'z huquqini, erkini, qadrini topgan insongina go'zaldir. Erkin ijod, mehnat bo'lmagan joyda go'zallik yo'qdir;

e) go'zallik — bu odamlarning jamiki yuksak axloqiy fazilatlarini o'zida mujassamlashtirgan voqelikdir. Zero, shunday ekan go'zallik mavhum emas, balki muayyan shakl-shamoyil, ma'nomazmunga, mohiyatga ega bo'lgan real narsa, hodisadir.

Go'zallikda mujassamlashgan ana shu xususiyatlar uni oliy estetik qadriyat darajasiga ko'taruvchi kuchdir. Ana shu kuchni axloqiy qadriyatlarning kuchi bilan uyg'unlashtirish zamonaviy estetik tafakkurning bosh vazifalaridan biridir.


Download 154.14 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling