1. Fiziokratizm iqtisodiy ta'limoti vujudga kelishining tarixiy shart-sharoitlari va uning mohiyati
-chizma. F.Kenening iqtisodiy jadvali (2-variant)
Download 114.06 Kb. Pdf ko'rish
|
6-mavzu. Fiziokratizm iqtisodiy ta\'limoti
- Bu sahifa navigatsiya:
- 3. A.Tyurgo va uning iqtisodiy talimoti
2-chizma. F.Kenening iqtisodiy jadvali (2-variant)
«Iqtisodiy jadval»da takroriy ishlab chiqarishni tahlil qilish asosida olingan muhim ilmiy qisqacha xulosalar shundaki, unda ayrim-ayrim oldi-sotdi aktlari qarab chiqilmasdan, ko'plab individual aktlar sinflar o'rtasidagi muomalaga birlashtirilgan. Ana shu sinflar o'rtasidagi muomala F.Kene tadqiqotining predmeti edi. Olim aylanish (muomala)ni takror ishlab chiqarish jarayonining shakli sifatida, pul muomalasini esa kapitalning aylanish momenti sifatidagina qarab chiqishga uringan. F. Kene iqtisodiyot tarixida birinchi bo'lib makroekonomik modellashtirishni amalga oshirgan edi. F.Kenening ijodi nihoyatda yuqori baholangan edi. Fransuz iqtisodchisi Mirabo V.R. (1715-1789) fikricha, dunyo paydo bo'lganidan buyon asosan uchta kashfiyot siyosiy jamiyatlar mustahkamlanishiga ko'mak bergan: 1) yozuv; 2) tanga; 3) «Iqtisodiy jadval». F.Kene ta'limotida bir qancha kamchiliklar mavjud, sinflar to'g'risidagi g'oyada izchillik va ilmiylik yo'q. Sanoatchilar («unumsiz sinf») ishlab chiqarish vositalaridan mahrum etilgan (chunki mahsulotning hammasi sotib yuboriladi) va ularda ishlab chiqarishni qaytadan boshlash imkoniyati yo'q (vaholanki, hunarmandlar asosiy kapitalga ega). Ammo F.Kenening jadvali iqtisodiyot tarixida birinchi marta natural, ya'ni tovar va pul holidagi moddiy ne'matlarning makroekonomik zanjiridir. Undagi g'oyalar bo'lajak iqtisodiy modellarning kurtagi bo'lib qoldi. 3. A.Tyurgo va uning iqtisodiy ta'limoti F.Kenening g'oyalari Ann Rober Jak Tyurgo (1727-1781 yy.) tomonidan davom ettirildi va chuqurlashtirildi. Ammo u o'zini F.Kene shogirdi yoki davomchisi deb hisoblamagan. U Parijda normand dvoryanlar oilasida tug'ildi, Sarbonnaning Teologiya (diniy) fakultetini tugatdi, ammo bu sohada ishlamadi. 1751 yildan Parij parlamentining chinovnigi, 1761-1774 yillarda Limojda intendant (harbiy qismda xo'jalik mudiri), 1774-1776 yillarda moliya bosh nazoratchisi, qirol Lyudovik XVI davrida moliya vaziri sifatida bir qancha antifeodal islohotlar o'tkazdi (don savdosidagi cheklashni yo'q qildi, savdo gildiyalarini tugatdi...), ammo bu o'zgarishlar Tyurgo iste'foga chiqqach, bekor qilindi. U ham F.Kene singari Didro, D`Alamber va ularning yordamchilari tomonidan chiqarilayotgan «Qomus»ga bir nechta falsafiy va iqtisodiy maqolalar yozdi. A.Tyurgo hayoti va ijodida progressiv chinovnik Vensan Gurne katta rol o'ynadi. U fiziokratlardan ancha farqli ravishda sanoat va savdoning mamlakat ravnaqidagi rolini to'g'ri tushundi. Sof bozor iqtisodiyotidagi mashhur laissez faire, laissez passer (bu tamoyilga ko'ra, iqtisodiyot davlat aralashuvisiz rivojlanishi kerak) tamoyili birinchi bor shu tadqiqotchi tomonidan ilgari surilgan degan fikr bor. U boshqalar qatori hunarmandchilikdagi sex cheklashlariga qarshi chiqdi, erkin raqobatni qo'llab-quvvatladi. A.Tyurgo V.Gurne (u 1759 yilda vafot etdi) bilan F.Kene xuzurida ko'p bo'lgan, u ular bilan asosiy masalalarda maslakdosh bo'lsa ham, ko'p sohalarda boshqacha fikr yuritar edi. A.Tyurgo Parijda A.Smit bilan ham uchrashgan. A.R.J.Tyurgo A.Tyurgoning iqtisodiy qarashlari uning 1766 yilda yozilgan (1769-1770 yillarda chop etilgan) «Boylikning paydo bo'lishi va taqsimlanishi to'g'risidagi mulohazalar» asarida nisbatan to'la yoritilgan. U Kene fikrlarini faqat targ'ibot qilish bilan cheklanmadi, uni rivojlantirdi. U kapitalistik ishlab chiqarish munosabatlarini ancha chuqur tushundi, A. Tyurgo feodalizmni islohotlar o'tkazish yo'li bilan yaxshilash mumkin degan fikrga ishonmadi (Kene ishongan), kapitalizm feodalizm kobig'ida vujudga keladi va g'alaba qiladi degan g'oyani ilgari surdi. Bu kitob aslida Parijga o'qishga kelgan ikki xitoylik uchun darslik sifatida yozilgan va 100 ta aniq tezisdan iborat (V.Petti uslubi), ammo ba'zi qoidalar aksioma (isbot talab etmaydigan qoida)dan iborat. Bu iqtisodiy teoremalar aniq uch qismga bo'linadi. 31 ta tezis (teorema) fiziokratik g'oyalar majmuidan iborat (ustoz F.Kenening ta'siri). Ammo «sof mahsulot» nazariyasi F.Kenedan boshqacharoq talqin etiladi, aslini olganda bu erda qo'shimcha qiymat haqida gap boradi va bu mahsulot tabiatning sof in'omidan dehqon mehnati bilan yuzaga keladigan ortiqcha mahsulot sifatida qaraladi hamda asosiy ishlab chiqarish vositasi bo'lgan er egasi tomonidan o'zlashtiriladi. Keyingi 17 ta teorema qiymat, baho va pulga bag'ishlangan. A.Tyurgoning bu sohadagi fikrlari o'ziga xos xarakterga ega va qiymatning mehnat nazariyasidan ancha yiroq. Uningcha almashuv qiymati va tovarning bahosi tovarlar nisbati, almashuvda ishtirok etayotgan shaxslar, sotuvchi va oluvchi istagining intensivligi bilan aniqlanadi (marjinalistik talqin). Ammo A.Tyurgoning bu g'oyasi uning ta'limotiga hech ham mos kelmas edi. Oxirgi 52 ta teoremada A.Tyurgoning tarixiy ahamiyatga ega bo'lgan asosiy iqtisodiy g'oyalari keltiriladi. Yuqorida aytilganidek, fiziokratlar jamiyatni uch sinfga bo'ladilar. A.Tyurgo esa jamiyatni sinflarga boshqacharoq ajratadi, «unumsiz» sanoatchilar sinfini u ikki qismga bo'ladi: birinchisiga tadbirkor manufakturistlar, fabrika egalari kiradi, ular katta kapital egalari sifatida namoyon bo'lib, o'z avans, ya'ni bo'naklari yordamida ish joyi yaratadilar va uni foyda olish uchun sarflaydilar. Ikkinchilari - bu oddiy hunarmandlar bo'lib (ishchilar), ular o'z qo'l kuchlari hisobiga ish haqi oladilar (ishlab chiqarish vositalaridan mahrum). A.Tyurgo ish haqini V.Petti va F.Kene kabi tirikchilik uchun zarur minimum mablag'lar asosida hal etadi, ammo Kenedan farqli ravishda nega shunday bo'lishi kerakligining mexanizmini tushuntirib bermoqchi bo'ladi. Uning asosiy dalili shuki, mehnatga talab taklifga nisbatan kamayib boradi, ishchilar o'rtasida raqobat boradi. Xuddi shu kabi er egalari sinfi ham fabrikantlar kabi ikki razryadga ajratiladi, bular avans beruvchi tadbirkorlar yoki kapitalistlar va faqat ish haqi oluvchi oddiy ishchilardir. Bu katta ijobiy voqea, chunki Fransiyada bu sinflar mavjud edi. Demak, A.Tyurgo bo'yicha jamiyatda besh sinf mavjud, bu haqiqatga yaqindir. U yollanma ishchida qo'l kuchidan boshqa ishlab chiqarish vositalari yo'qligini ochib beradi, kun kechirish uchun u o'z mehnatini boshqalarga sotishi zarurligini ko'rsatadi. A.Tyurgoning bunday fikrga kelishida vaqtning ham ta'siri bor, chunki u Kenedan keyinroq yashadi. Tyurgoning ta'limotida pul, qiymat, sinflar va daromad nazariyalari tahlil etiladi. Uning fikricha, oltin, pul ham, agar ular miqdori oshib ketsa, boshqa tovarlar kabi o'z qimmatini (foydalilik- naflik) yo'qotishi mumkin (marjinalistik g'oya). Pulning miqdori jamiyatdagi ishlab chiqarilayotgan tovarlar va xizmatlarga mos kelishi shart. U shuni qayd etadiki, «milliy boyligi» bu avvalo erlar va ulardan olinadigan «sof mahsulot»dir. Bu olim ham qiymatning sarf-xarajat konsepsiyasini qo'llaydi. Noyoblikka e'tibor berib, tovar xarid etishda eng muhim element deb qaraladi (marjinalizm mavzusiga qarang). A.Tyurgo boshqalar kabi erkin sohibkorlik mehnatini qo'llab-quvvatladi, dehqonchilik qo'shimcha, ya'ni sof mahsulot manbai ekanligini (bu fikr Keneniki) tan olgan holda sanoat va savdoga ham ko'p e'tibor qiladi. U kapitalni Kenega nisbatan ancha chuqur va to'la tahlil etdi. Kene kapital deganda asosan natural (mahsulot) shaklidagi bo'naklar summasi (xomashyo, mehnat haqi va boshqalar)ni tushungan, shu sababli uning tizimida kapital jamiyatdagi sinflar o'rtasidagi mahsulotlar taqsimoti muammosi bilan chambarchas bog'lanmagan. Kenening tizimida foyda o'rni yo'q; kapitalist faqat «ish haqi olgan», bu «ish haqi»ning qanday vujudga kelishi ham tahlil etilmagan. Bu sohada A.Tyurgo ancha ilgarilab ketadi. U foydani chetlab o'ta olmaydi, hatto to'g'ri tuyg'u asosida uni tadqiq etishni sanoat kapitalistidan boshlaydi; bu erda foydaning kelib chiqishi haqiqatdan ham aniqroq ko'rinadi, vaholanki boshqa fiziokratlar (Kene ham) «barcha ortiqcha mahsulot erdan kelib chiqadi» degan noto'g'ri aqidaga asoslanadilar. U o'z ustozlari va maslakdoshlaridan «tabiiy tartib» konsepsiyasini buzayotganligi uchun kechirim ham so'rab qo'yadi, chunki u tahlilni sanoatdan boshlaydi va dehqonchilikni keyin qarab chiqadi. Ammo uning uzri noo'rindir, aksincha u muammoni echishga to'g'ri yondashgan; yollanma ishchi kuchidan foydalanuvchi fermer kapitalist o'z kapitalidan kam deganda xuddi fabrikant singari foyda olishi va renta sifatida er egasiga berishi kerak bo'lgan ma'lum ortiqcha (qo'shimcha)ni ham olishi kerak. Eng ajoyib teorema 62-tezis bo'lib, unga ko'ra ishlab chiqarishga qo'yilgan kapital o'z-o'zidan ortib borish qobiliyatiga egadir. Xo'sh, o'z-o'zidan ortib borish darajasi va nisbatlari nima bilan belgilanadi? A.Tyurgo kapital tomonidan yaratiladigan mahsulot qiymati nimadan iborat ekanligini tushuntirmoqchi bo'ladi (aslida kapital emas, balki mazkur kapital asosida harakatga keladigan mehnat yaratuvchidir). Avvalo, uning fikricha, mahsulot qiymati kapital sarflarini, shuningdek, ishchilarning ish haqini qoplashi kerak. Qolgan qismi (aslida qo'shimcha qiymat) uch qismga ajraladi: birinchisi, foyda bo'lib, kapitalist pul kapitalining egasi sifatida «hech qanday mehnatsiz» olishi mumkin bo'lgan daromadga teng. Bu ssuda (pul) foiziga mos foydadir. Foydaning ikkinchi qismi fabrika yoki ferma ochishga tavakkal qilgan kapitalistning «mehnati, tavakkalchiligi va san'atini» to'lashga sarf etiladi. Bu tadbirkorlik daromadidir. Shunday qilib, aslida A.Tyurgo sanoat foydasining ssuda va funksional kapitalga bo'linishini ko'rsatib berdi. Agar pul foizi past bo'lsa, bilingki, bu kapitalning ortiqchaligi oqibati hamdir, deydi u. Foydaning uchinchi qismi rentadir. U faqat dehqonchilikda band kapitalistlar uchun mavjuddir. So'zsiz, bu tahlil iqtisodiyot fanida aytilgan yangicha g'oyadir. Ammo olimning keyingi fikrlari izchil bo'lmay, yana fiziokratizm qobig'iga qaytadi. Boshida foydani foizdan chiqaradi, bu minimum bo'lib, unga har bir kapitalist egalik qilish huquqiga ega. Agar kapitalist idorasida xotirjam o'tirmasdan fabrikaning faoliyatiga yoki qishloq xo'jaligida batraklar ishiga boshchilik qilsa, unga ma'lum qo'shimcha, o'ziga xos maosh beriladi. Foiz oxir-oqibatda er rentasiga tenglashtiriladi, chunki kapital bilan eng oson bajariladigan operasiya bu er uchastkasi olish va uni hech tashvishsiz ijaraga topshirishdir. Endi qo'shimcha qiymatning asosiy shakli er rentasi bo'lib qoldi, qolgani esa uning hosilalaridir. Yana butun jamiyat faqat er yaratadigan «ish haqida o'tirgan» bo'lib chiqadi. Yuqorida aytilganidek, A.Tyurgo nazariyotchi olim bo'lishdan tashqari amaliyotchi chinovnik edi. U qirol Lyudovik XVI davrida moliya vaziri bo'lib ham ishladi, o'zining bir qancha ilg'or g'oyalarini ilgari surishga intildi. U birinchi bo'lib davlat moliyasini sog'lomlashtirishga harakat qildi, bu sohada uzoq muddatli dastur tuzib chiqdi, unga ko'ra er egaligidan tushadigan daromadlardan olingan soliqlar tizimi tugatilishi kerak edi. Umuman u sanoat va savdodagi odil bo'lmagan soliqlarni tartibga solishga kirishdi. U byudjet chiqimlarini cheklashga intildi, bundan saroy xodimlarining ortiqcha sarf- harajatlarini keskin kamaytirish mo'ljallandi va bu sohada ma'lum yutuqlarga erishildi. A.Tyurgoning muhim muvaffaqiyatlaridan biri shuki, u don va unga erkin savdoni kiritdi, bu sohadagi monopoliyaga chek qo'ydi. Bu ishlar nihoyatda og'ir kechdi, chunki feodalizm ildizlari hali kuchli edi, bu kuchlar yangilikka tish-tirnogi bilan qarshi turdi. A.Tyurgo 1776 yilning 12 mayida (yilga e'tibor bering, shu yili A.Smitning «Xalqlar boyligi» asari chop etildi) iste'foga chiqishga majbur bo'ldi. Eski tuzum davom etdi, barcha ijobiy ishlar inkor etildi, demak, hali ularni amalga oshirish uchun kerakli shart-sharoitlar mavjud emas edi. Nazariyot va amaliyot bir ekadan bosh chiqara olmadi. 1778 yili A.Tyurgo amerikalik do'sti Franklinga atab o'zining so'nggi iqtisodiy asari bo'lgan «Soliqlar to'g'risidagi esdaliklar»ini yozadi. Olimning zamondoshi E.Kondilyak (1715-1780) tomonidan 1776 y qimmatga oid sub'ektiv qarash ilgari surildi. Uning fikricha, qimmat bu buyumda emas, balki unga biz berayotgan bahoga bog'liq. Bu baho esa bizning talab – ehtiyojlarimizga bog'liq: baho ana shu talabga qarab yo ortadi yo pasayadi. Narsalarning qimmati uning noyobligi bilan oshadi va mo'l ko'lligi bilan pasayadi. Deyarli 100 yil avval aytilgan bu g'oya XIX asr 70-yillaridagiga marjinalistlar tomonidan isbotlandi. Istisodchilar butun asr davomida qiymatning insonlar hohishidan qat'iy nazar substansiyasi (ob'ektiv asosi) nimada degan savolga javob izladilar. Bu kashfiyot tufayli fiziokratlarning savdo (almashuv) sohasida boylik yaratilmaydi, chunki almashuvda teng qiymatlar almashadi degan g'oyalarini chippakka chiqardi. Aksincha, bozorga unga kerakmas buyum bilan kelgan xaridor o'ziga ko'proq foydali boylikni olib qaytadi, ya'ni kamroq nafli narsa o'rniga ko'prog'i olib ketadi, deb ta'kidlaydi olim (bu fikrlar «Marjinalizm» bobida to'la qaraladi). Shu yerda xalqimizning maqollarida ham shunday g'oyalar allaqachon mavjudligini aytib o'tmoqchimiz. Masalan, «Oldingdan oqqan suvning qadri yo'q», «Shakarning ozi shirin», «Bemaza qovunning urug'i ko'p bo'ladi» va boshqalar. Bu g'oyalar to'g'riligini marjinalistlar isbotlab berdilar. Download 114.06 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling