5. Tirik organizmlarning asosiy belgilari. Hayot xossalari. Tirik va o’lik tabiatning o’xshashligi. Tirik organizmlar tarkibiga anorganik tabiatdagi kimyoviy elementlar kiradi. Biroq tirik va o’lik tabiatda ularning nisbati o’zgacha bo’ladi. Tirik organizmlarning 98 foizi uglerod, kislorod, azot va vodorod elementlaridan iborat. Tirik organizmlar tarkibidagi boshqa kimyoviy elementlarning miqdori esa juda kamni tashkil etadi.
Moddalar va energiya almashinuvi. Tirik organizmlarniig muhim xossasi oziq va yorug’likdan tashqi energiya manbai sifatida foydalanishidir. Organik moddalar orqali bir organizmdan boshqa organizmga energiya beriladi. Yerdagi hayot boshlang’ich energiyani quyosh nurlaridan oladi. Shuning uchun u ochiq sistema deb hisoblanadi. Organizmlardagi moddalar almashinuvining asosini bir-biri bilan o’zaro uzviy bog’liq bo’lgan assimilyasiya va dissimilyasiya jarayonlari tashkil etadi. Organizmlarning turli qismlarida kimyoviy tarkibning barqarorligi moddalar almashinyvi tufayli ta’minlanadi.
O’z-o’zini yaratish xossasi. Har bir organizm ma’lum vaqt oralig’ida rivojlanadi, yashaydi, so’ngra o’ladi. Lekin organizmlardagi urchish tufayli tur barqarorligi saqlanadi. Urchish irsiyat bilan uzviy bog’liqdir. Irsuyat tufayli har bir tirik organizm o’ziga o`xshash organizmlarni hosil etadi. O’zgaruvchanlik irsiyatga qarama-qarshi xususiyatdir. O’zgaruvchanlik tabiiy tanlanish uchun xilma-xil material yetkazib beradi. Ular o’z navbatida yangi populyatsiyalar, turlar va boshqa yuksak sistematik kategoriyalarni vujudga keltiradi. Irsiylanadigan o’zgaruvchanlik asosida DNK va RNK molekulalarining o’zgarishi yotadi.
O’sish va rivojlanish. Bu barcha organizmlar uchun xos bo’lgan xususiyatdir. O’sish o’z tuzilishini saqlagan holda miqdor jihatdan ko’payishdir. Rivojlanish esa sifat jihatdan yangilanishdir. Tirik organizmlarda shaxsiy va tarixiy rivojlanish mavjud. Shaxsiy rivojlanishda organizmlardagi barcha belgi-xossalar asta-sekin izchillik bilan paydo bo’ladi. Tarixiy rivojlanishda esa turlarning xilma-xilligi ortadi, hayotning takomillanishi ro`y beradi.
Ta’sirlanish - tiriklikning ajralmas xossasidir. U tashqi muhitning biologik sistemalarga - organizm, organ, hujayralarga axborot yuborishi bilan bog’liq. Ta’sirlanish natijasida tirik organizm tashqi ta’sirlarga javob qaytaradi. Yuqorida bayon etilgan tiriklik xossalari ayrim-ayrim holda o’lik tabiat jismlarida ham uchraydi. Ularning kompleks ravishda namoyon bo’lishi faqat tirik tabiatga xosdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |