1. Masalaning nazariy aspektlari Lotinlashtirish harakatining qisqacha tarixi
Lotinlashtirish harakatining qisqacha tarixi
Download 365.5 Kb.
|
1447865310 62403
- Bu sahifa navigatsiya:
- 2.1. Turkiyadagi yozuv islohoti
2. Lotinlashtirish harakatining qisqacha tarixi
Dunyoda so'nggi yuz yilda ro'y bergan inqilob, urush va boshqa turdagi xalqaro janjal, voqea va hodisalarning eng dahshatga solarli va achinarli tomoni, inqiloblarning harakatlantiruvchi kuchlari hamda g'oliblari tarafidan tilga, madaniyatga, dinga va hatto, tarixga tajovuzkorona munosabat shakllari mavjudligidir. 20-asrda ro'y bergan 2 jahon urushi va son-sanoqsiz "inqilob"lar insoniyat yaratgan eng ulkan ma'naviy boyliklarni jiddiy zararladi, ko'pincha bu ijtimoiy jarayonlar bashariyatning mulki bo'lgan bebaho qadriyatlarni ham yo'qotishga intildi. 20-asrda ma'lum tillar hamda yozuvlarni ongli suratda yo'q qilish hollari ham ro'y berdiki, bu madaniy houlocostning ketiradigan kulfatlari juda kattadir. Yozuv va imloni o'zgartirish harakatlarini ham ana shunday baholash mumkin. 20-asrda amalga oshirilgan yozuv islohotlari har uch qit'ada amalga oshirildi. Albaniya, Turkiya namunasi Yevropadagi harf inqiloblarini ifodalasa, sobiq SSSRda ketma-ket o'tkazilgan alifbo islohotlari Osiyoning qariyb 6,5 mln kv. km hududagi "yozuvlarni almashtirish" musobaqasini aks ettirardi. "Sotsialistik lager"dan joy olgan ikki Osiyo o'lkasi – Mo'g'uliston va Vietnam ham sovet namunasini takrorlashga intildilar. Agar yozuv islohotlari amalga oshirilgan mintaqa, mamlakat va xalqlarga e'tibor berilsa, bunday mamlakatlar XX asrning eng dahshatli ijtimoiy jarayonlari, jumladan, Birinchi jahon urushi, inqilob, fuqarolar urushi (sobiq Rossiya imperiyasi va SSSR), Birinchi jahon urushi, ozodlik urushi, inqilob (Turkiya, Mo'g'uliston), inqilob va "g'ayriinqilob" yuz bergan (Vietnam) o'lkalar eknaligi ma’lum bo’ladi. Ijtimoiy kataklizmlarning madaniyat hamda gumanizmni yemiruvchi xususiyati ham ana shundadir. 2.1. Turkiyadagi yozuv islohoti Turk siyosiy terminologiyasida "kiyim-qiyofa inqilobi", "til inqilobi", "familiya inqilobi" atamalari bilan birgalikda "harf inqilobi" ("harf devrimi") termini va tushunchasi mavjudki, bu tushuncha Turkiyada 20-asrning 20-yillari oxiri va 30-yillarida amalga oshirilgan alifbo islohotini ifodalaydi. Turkiya Respublikasining quruvchisi Mustafo Kamol (Otaturk) 1923-yilda e'lon qilingan Turkiya Respublikasida mamlakatni modernlashtirish va ga'rblashtirish yo'lida amalga oshirgan islohotlaridan eng muhimlari va ahamiyatlisi bo'lgani til va harf inqiloblaridir. Turkiyaning 200 yillik g'arblashihsh uchun qilgan harakatlarining oxiriga yetkazgan bu islohotlar tufayli mazkur davlat musulmon Sharqida birinchi dunyoviy, demokratik mamlakat va G'arbning musulmon dunyosidagi,Yaqin hamda O'rta Sharqdagi ittifoqchisi maqomini oldi. Turkiyadagi yozuv islohotining tarixi uzoq. Turk jamoatchiligiga yozuvni lotinlashtirish g'oyasini birinchi marta taqdim etgan jurnalist Salohiddin Nevzod (Selahettin Nevzat) hisoblanadi. U 1900 yilda Izmirda "Xidmet" gazetasini chiqarib, bu gazeta sahifalarida arab yozuvini isloh qilish g'oyasini targ'ib eta boshladi. Ammo Salohiddin Nevzodning fikrlari Usmonli davlatining hukmron davralari tarafidan ijobiy qarshi olinmadi. Turkiyada 1908-yilda yuz bergan "yosh turklar" inqilobidan so'ng yozuv islohoti masalasi yana ko'tarildi. Ma'lumki, yosh turklar Yevropa usulidagi islohotlar tarafdorlari esalar-da, ammo yozuvni almashtirishga jur'at eta olmadilar. Sovet tadqiqotchisi M.I. Isayev "yosh turklar" hukumatining yozuv masalasidagi jur'atsizligini "hukmron doiralarda mavjud bo'lgan panturkistik va panislomistik mafkura"ning ta'siri“ bilan izohlaydi. Usmonli davlatida lotin alfavitiga o'tish, muallifning fikricha, bu imperiyada yashovchi musulmon va turk aholining o'zaro uzoqlashishiga olib kelar va bu hol "yosh turklar"ning maqsadlariga mos tushmas edi1. Bu fikrning qanchalik haqiqatga to'g'ri kelishi-kelishmasligi bizga qorong'u, ammo "yosh turklar" hukumati arab yozuvini isloh qilishni bu yozuvdagi harflarni alohida yozish va unli harflarni yozuvda ifodalash shaklida amalga oshirishga urindi. Bu harakat arab yozuvini usmonli turk tiliga moslashtirish bilan bog'liq edi hamda u amalda Yevropa tizimidagi yozuvlardagi tizimning (bosma usulda har bir harfning alohida yozilishi va unlilarning maxsus harflar bilan ifodalanishi) arab yozuviga qo'llash shaklida amalga oshirilgan edi. Bu to'lig'icha amalga oshmagan islohot tarixga "Anvar poshoning yozuv islohoti" nomi bilan kirgan bo'lib, u turk hukmron doiralarining alfavitni hayotga joriy etishda namoyish etgan qat'iyatsizligi tufayli ro’yobga chiqmagan edi. Turkiyada 1923-yilda respublika tizimining o'rnatilishi bilan turk yozuvini lotinlashtirish uchun harakatlarning yangi bosqichi boshlandi. 1923-yilda Izmirda to'plangan iqtisod masalalariga bag'ishlangan kongresda Ali Nazmi degan siyosatchi yosh jumhuriyat tarixida birinchi marta lotin alfavitiga o'tish g'oyasi bilan chiqadi. Bu g'oya tezda matbuot va jamoatchilik muhokamasiga tushadi. Ta'lim vaziri Shukri Sarajo'g'li (Şükrü Saracoğlu) 1924 yildagi chiqishlaridan birida jumhuriyat rahbariyatining xalq maorifini rivojlantirishga sarflagan shuncha mablag' va g'ayratlarining yozuvning qulay emasligi tufayli kerakli natijani bermayotgani, mamlakatda savodxonlik va ta'lim darajasining ko'tarilmayotganligi haqidagi bayonoti bu munozaralarning qizg'in tus olishiga sabab bo'ladi. 1924-yilda ta'limda yagonalik haqidagi, 1925-yilda kalendar va yil hisobi, 1928-yil boshida xalqaro raqam va o'lchovlarni qo'llash haqidagi qonunlar qabul qilingandan keyin Otaturk bu jarayonlarning mantiqiy davomi sifatida yozuvni lotinlashtirish haqidagi to'xtamga kelgan va nihoyat, 1928-yil 8-avgustda turk inqilobining rahbari Saroyburni parkida xalq oldida qilgan chiqishida harf inqilobi tayyorlanayotganligi haqida birinchi marta xabar beradi. Oradan ikki oy o'tmay, 1-noyabrda "Lotin alfavitini muomalaga kiritish haqidagi" 1353-sonli qonun Turkiya Buyuk Millat Majlisi (TBMM) tarafidan qabul qilinadi va kuchga kiradi. Turkiyada amalga oshirilgan "harf inqilobi"ning zaruriyatini Otaturk va otaturkchilar quyidagicha asoslaydilar. Yozuvni almashtirishga olib kelgan dastlabki asos, ularning fikricha, lingvistik sabablardir. Arab tiliga moslangan mazkur yozuv turk tiliga mutlaqo to'g'ri kelmaydi. Bu tilda xat-savod chiqarish va ma'lumot olishda qiyinchilik tug'diradi, madaniy taraqqiyotni sekinlashtiradi. Yozuv tildagi tovush tizimini maksimum aks ettirishi va tilning xususiyatlariga moslangan bo'lishi kerak. Arab yozuvi Hom-som tillariga moslangan yozuvdir va turk tilining biror xususiyatini ham o'zida aks ettirmaydi. Arab tili tipik flektiv til bo'lib, undagi ot va fe'l yasalishi va turlanishi yopishqoq o'zakda yuz bergani va hamisha muayyan tovushlar sobit bo'lgani uchun yuqorida tilga olingan yozuv juda mos keladi. Turkcha esa aglutinativ bir til bo'lib, unda har qanday so'z yasalishi va o'zgarishi o'zak-negizga qo'shimcha qo'shish bilan amalga oshadi. Tabiiyki, bunday tilda unlilarning ahamiyati oshadi va ular yozuvda albatta aks ettirilishi shart. Arab dili undosh tovushlarning "skleti"ga , turkcha esa unli tovushlar tizimiga tayangan tildir. Bundan tashqari arab yozuvida turk tilining undoshlar tizimi ham to'la aks etmagandir va turkchada bo'lmagan tovushlar hech qanday zaruratsiz yozuvdan joy olgan. Arabcha va forschadan olingan so'zlar ana shunday harflar bilan yoziladi hamda turkcha so'zlar uchun bunday huquq tanilmaydi. Alfavitdagi mazkur kamchiliklar imloda son-sanoqsiz murakkabliklar keltirib chiqaradi. Turk insoni har bir so'zning yozilishini birma-bir o'rganish va eslab qolishga majbur, bu esa tom savodlilikni bir guruh kishilarning imtiyoziga aylantirib qo'yadi. Sof lingvistik sabablarning o'zigina arab yozuvini lotin alfavitiga almashtirish uchun yetarlidir 1. Yozuv almashtirishning ijtimoiy sabablaridan biri Otaturkning turk jamiyatida o'ziga xos "madaniy inqilob" amalga oshirish rejasi bo'lib, bunga ko'ra Turkiya qisqa tarixiy muddatlarda an'anaviy madaniyatdan zamonaviy madaniyatga o'tishi kerak edi. Bu turk hukmron doiralari va ziyolilari orasida 19-asrning birinchi choragida paydo bo'lgan g'arblashish (vesternizatsiya) jarayonini oxiriga yetkazish kabi bir tarixiy missiya bilan bog'liq edi. Otaturk 20-asrning birinchi yarmida hokimiyat tepasida bo'lgan dunyo liderlarining aksariyati kabi o'zining islohotlarini murosasiz, qat'iy suratda olib borardi. Uning fikricha, turk jamiyatining taraqqiyotiga qarshi turgan har qanday to'siqlar ayovsiz olib tashlanisi kerak edi, arab yozuvi ana shunday to'siqlardan biridir. Xullas, Turkiya Respublikasida amalga oshirilgan yozuv islohoti turk jamiyatida XX asr boshlarida yuz bergan inqilobiy o'zgarishlarning bir qismi sifatida qabul qilish kerak, mamlakatning 200 yillik tarixga ega g'arblashish va modernlashish jarayonining muhim qismi bo'lgan bu islohot avvalo ijtimoiy-siyosiy sabablarga ko'ra amalga oshirilgan edi. Turkiyadagi harf islohotlari bilan sobiq SSSRdagi turkiy xalqalarning lotin yozuviga o'tishining o'zaro aloqalari mavjudmidi? Agar Ozarboyjon misolida bo'lsa bu savolga musbat javob qaytarish mumkin. Ozarboyjon 1922-yilda lotin alfavitiga o'tganida bu hol Turkiyada qiziqish bilan kutib olingan va turk ziyolilari orasida ketayotgan yozuv islohotlari haqidagi bahslarda lotin yozuvi tarafdorlariga qo'shimcha argument bo'lib xizmat qilgan edi. Ayniqsa, biz sal keyinroq so'z yuritadigan 1926-yilgi Birinchi Turkologiya qurultoyi va uning qarorlari ham turk jamoatchilik fikriga ta'sir o'tkazgani ma'lum. O'z navbatida Ozarboyjon oydinlari ham Turkiyadagi yangilanish harakatidan ko'p narsa olgan edilar, jumladan, yozuvni almashtirish g'oyasining 20-yillarda qayta jonlanishida ham bu ta'sir seziladi. Ammo Turkiyadagi yozuv islohotlarining O'rta Osiyo va Volga-Idildagi turk xalqlarining yangi yozuvga o'tishiga ta'siri yoki aks ta'sir xususida gapirish qiyin. Sobiq SSSRdagi harf islohotlari boshqa siyosiy-ijtimoiy sabablar va sharoitlarda amalga oshirildiki, uni batafsil tahlil qilish talab etiladi. Download 365.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling