Tutqovul manzilgohi. Bu makon 1956 yilda A.P.Okladnikov tomonidan kashf etilgan (Okladnikov, 1959, 7-15 betlar). Bu manzilgoh Dushanbe shahridan 70 km Janubiy-sharqda Vahsh daryosi o’ng tomoni yon bag’rida joylashgan. Manzilgoh ko’p madaniy qatlamli bo’lib, shu hudud uchun emas, balki butun O’rta Osiyo mezolit davri uchun tayanch manzilgoh hisoblanadi (Ranov, Korobkova, 1971, 33-147 betlar). 3-madaniy gorizont tadqiqotchilar tomonidan ilk mezolit davriga oid deb xulosaga kelingan. Bu gorizontdan 300 dan ortiq arxeologik ashyoviy dalillar topilgan bo’lib,, tosh qurollarining hammasi chaqmoqtoshdan yasalgan, ya’ni Hisor elementlari umuman uchramaydi. Mehnat qurollari ichida juda yaxshi yasalgan geometrik qurollar ko’pchilikni tashkil etadi, ayniqsa, to’g’ri burchakli qurollar ko’p uchraydi. Bu qurollar ilk mezolit davriga xos qurollar hisoblanadi. Shuningdek, bu gorizontdan nukleussimon qirg’ichlar topilib, bularning hammasi gorizontni xronologik jihatdan qolgan gorizontlarga qaraganda qadimiyroq ekanligini ko’rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |