1-мавзу Tarbiyaviy ishlarni boshqarishning nazariy aspektlari


Download 0.56 Mb.
bet6/8
Sana31.01.2024
Hajmi0.56 Mb.
#1818488
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
1-ma\'ruza

Iqtisodiy tarbiya. O‘zbekiston Respublikasida, bozor munosabatlari shiddat bilan bir vaqtda o‘quvchilarga iqtisodiy bilimlarni berish va ularda iqtisodiy faoliyatni yurita olish ko‘nikma, malakalarni shakllantirish o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. Iqtisodiy tarbiya-o‘quvchilarga iqtisodiy bilimlarni berish, ularda iqtisodiy faoliyat (oila budjetini shakllantirish, oila xo‘jaligini yuritish, mavjud moddiy boyliklarni asrash, ko‘paytirish, savdo-sotiq munosabatlarini to‘g‘ri tashkil etish va hokazolar)ni tashkil etish ko‘nikma va malakalarini shakllantirishdan iborat bo‘lib, ijtimoiy tarbiyaning muhim tarkibiy qismi sanaladi.
Iqtisodiy tarbiya ta’lim muassasalarida yo‘lga qo‘yilayotgan iqtisodiy ta’lim bilan chambarchas holda olib boriladi. Iqtisodiy tarbiyani tashkil etishda oila, ta’lim muassasasi va jamoatchilik o‘rtasidagi mustahkam hamkorlikka tayanish ijobiy natijalarni kafolatlaydi. Iqtisodiy ta’lim va tarbiyaning asosiy maqsadi o‘quv mashg‘ulotlarini olib borishda talaba-yoshlar ongida tejamkorlik, ishbilarmonlik, tadbirkorlik kabi iqtisodiy jihatlarni o‘z ichiga oluvchi xislatlarga nisbatan ongli munosabatni shakllantirishdan iborat.
Iqtisodiy tarbiyani tashkil etish jarayonida quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:

  • o‘quvchilarga iqtisodiy bilim asoslari (iqtisod, oila xo‘jaligini yuritish va boshqarish, ishlab chiqarish jarayonini tashkil etish, ishlab chiqarishni moliyalashtirish, kapital, tadbirkor, tadbirkorlik faoliyati, kichik va o‘rta biznes, ijara shartnomalar va ularni tuzish, banklar, bank operatsiyalari, buyujetni shakllantirish, daromad, bankrot, biznes-reja va boshqalar) borasida chuqur bilimlar berish va ularni takomillashtirish;

  • o‘quvchilarda iqtisodiy ong va tafakkur, xususan, mavjud moddiy boyliklarga nisbatan oqilona munosabatni tarbiyalash;

  • ularda muayyan kasbiy yoki ishlab chiqarish ko‘nikma va malakalarini shakllantirish;

  • ularni iqtisodiy ishlab chiqarish jarayoniga faol jalb etish;

  • o‘quvchilarda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga nisbatan ehtiyoj va layoqatni yuzaga keltirish;

  • ular tomonidan tor doirada bo‘lsada tadbirkorlik faoliyatining yo‘lga qo‘yilishiga erishish.

Har qanday tarbiyada ham o‘sha tarbiyaga tegishli tushunchalarning mazmunini to‘liq anglab yetish o‘sha tarbiya samaradorligini oshirishi hech kimga sir emas.
Bu borada o‘quv yurti va oila sharoitida talaba-yoshlarning iqtisodiy tafakkurini yuksaltirishda, ularni hamkorlikka va ishbilarmonlikka chaqirishni, iqtisodiy hisob- kitoblarni o‘rganishni hayotiy tajriba asosida amalga oshirish iqtisodiy tarbiyada muhim ahamiyat kasb etadi.
Iqtisodiy tarbiyada tejamkorlik, tadbirkorlik, mehnatsevarlik, tashabbuskorlik, ishbilarmonlik, iqtisodiy hisob-kitob, oila budjeti va boylik kabi tushunchalarning muhim ahamiyati bor.
Iqtisodiy tarbiyaning dastlabki bosqichlari uzoq tarixga ega. Ular kishilik jamiyati taraqqiyotiga mos ravishda takomillashib kelavergan.
Iqtisodiy tarbiyaga tegishli ma’lumotlarni ilohiy kitob - Qur’oni Karimda va muqaddas kitob-Hadisi sharif hamda «Avesto» bitiklarida ham topish mumkin. Iqtisodiy tarbiya Sharq mutafakkirlarining asarlarida ham bayon etib kelingan. Jumladan, Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy asarlarida qozixonada meros va uni taqsimlash bo‘yicha alohida xodim faoliyat ko‘rsatishi qayd etilgan. Ular shubhasiz qozixonadagi iqtisodiy muammolar yechimlarini hal etish uchun jalb etilgan.
Bu borada Forobiyning “Inson o‘z mablag‘ini sarflashni bilishi kerak. Pul sarflashda qizg‘anchiqlik qilish xasislikka olib keladi. Pullarni rejasiz ishlatish esa insonni beboshlikka etaklaydi”, degan fikri o‘rinlidir.
Tejamkorlikda vaqtmasalasi alohida e’tiborga molik tushunchadir. U inson ixtiyoridagi bebaho xazina. Shu sababli ham «Kun qaytadi, ammo vaqt qaytmaydi», degan naql bor, chunki vaqt o‘lchovlidir. Undan dunyoni o‘rganish, o‘zgartirish, shaxsiy manfaat, el-yurt xizmati va mehnat samaradorligini oshirish borasidagi faoliyatlarda foydalanish mumkin. Shu sababli ham u qadrlidir. Tarixiy voqealardan foydalanish iqtisodiy tarbiya berishning samaradorligini oshiradi va o‘quvchilar ma’naviyatini yuksaltirishga yordam beradi.
O‘quvchilarga iqtisodiy tarbiya berish yo‘llaridan yana biri - bu tarixiy voqealar asosida, ularning iqtisodiy tarbiyaga oid tafakkurini boyitishdan iboratdir.
Tejamkorlik tarbiyasi mehnat, axloqiy va iqtisodiy tarbiyalarning muhim asosi hisoblanadi. Shu sababli ham talabalarga iqtisodiy tarbiya berishda, o‘gitlar va hikmatlardan foydalanib, ularni tahlil qilib borilsa, iqtisodiy tarbiya samarali kechadi. Demak, talaba-yoshlarga iqtisodiy tarbiya berishning samarali yo‘llaridan biri - bu iqtisodiy tafakkurni yuksaltirishga oid o‘git va hikmatlardan foydalanishdan iborat bo‘lib, dars mashg‘ulotlarida ulardan mosini tanlab va uni tahlil qilib, talabalarning iqtisodiy tafakkuri rivojlantiriladi.
Ekologik tarbiya. Ekologiya tushunchasini ilk bor nemis zoologi E.Gekkel tomonidan 1866 yilda qo‘llanilgan. Olim tirik organizmlarning atrof-muhit bilan munosabatlarini belgilash uchun shu atamani taklif etdi. Ekologik tarbiya ijtimoiy tarbiyaning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Ekologik tarbiya (grekcha «oikos» - uy, turar joy, makon, «logos» -fan) o‘quvchilarga dastlabki ekologik bilimlarni berish, mavjud ekologik bilimlarini boyitish, ularda tabiat va atrof-muhit muhofazasini tashkil etish ko‘nikma va malakalarini shakllantirishga qaratilgan pedagogik jarayondir.
Ekologiya - yunoncha so‘z bo‘lib, tirik mavjudotlarning yashash sharoiti va tevarak- atrofdagi muhit bilan o‘zaro munosabatlari hamda shu asosda yuzaga keladigan qonuniyatlarni o‘rganadigan fandir.
Ekologiyaning fan sifatida yuzaga chiqishi XVIII-XIX asrlarni qamrab oladi. XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida tadqiqotchi - olimlar tomonidan ayrim omillar, ayniqsa, iqlimning kishi organizmiga ta’sirini o‘rganish natijasida bu fanga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaydi.
Bugungi kunda ekologiya muammolari umumjahon (umuminsoniyat, umumbashariyat) muammosiga aylangan. Shu sababli, bu masala yechimiga bir, ikki davlat emas, balki o‘z atrofimizdagi olam muvozanatini o‘ylayotgan ko‘pgina davlatlar e’tibor bermoqda. Jumladan, bu muammo yechimi Respublikamizda ham davlat siyosati darajasigacha ko‘tarilgan. O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuni, Birinchi Prezidentimizning 1993-yil 23-apreldagi “Sog‘lom avlod uchun” Xalqaro nodavlat xayriya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida»gi Farmoni, o‘sha yili “Sog‘lom avlod uchun”ordenining ta’sis etilishi, shu nomda Davlat dasturi, “Ekologik ta’lim-tarbiya konsepsiyasi”ni ishlab chiqilishi, mamlakatimizda ekologik muammolarni bartaraf etishga davlatimiz hukumatining ham bu boradagi faolligidan dalolatdir.
Ekologik tarbiyaga e’tibor yurtimizda oiladan, bog‘chadanoq boshlab o‘rgatilib borilgan. Hozirgi paytda umumta’lim maktablarida ham ekologik yo‘nalishdagi sinflarning tashkil etilishi va shular asosida litsey va maktablarda ta’lim-tarbiya ishlarining olib borilishi - yoshlarga maktab partasidanoq tabiatga muhabbat ruhida tarbiya berishga astoydil kirishilganligidan dalolatdir.
Jamiyatning iqtisodiy rivojlanish darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, uning tabiatga ta’sir etish darajasi ham shunchalik ko‘p bo‘lar ekan. Aholi sonining tez o‘sib borishi natijasida ekologik muammolar ko‘payib bormoqda. Ayniqsa, yer, suv, energetika, oziq- ovqat bilan ta’minlash haqidagi muammolar butun dunyo (global) muammolarga aylanib bormoqda. Yer bag‘ridan har yili 120 mlrd tonnadan ortiq turli xildagi xomashyo, qurilish materiallari, yoqilg‘ini qazib olinishi va sarf qilinishi tabiiy boyliklar miqdorining kamayib borishiga sabab bo‘lmoqda. Ko‘pgina zararli korxonalar, zavodlarning oqar suvga yaqin joylashganligi sababli suv havzalarini toza saqlash muammo bo‘lib borayotir. Markaziy Osiyoda yashayotgan fuqarolarning salomatligi yomonlashib, kasalliklar ko‘paymoqda. Yer kurrasida insonning yashab qolish-qolmasligi masalasi endi ekologik muammolarni yechishga boliq bo‘lib qoladi.
O‘qituvchining bolalarga ekologik ta’lim va tarbiya berishda xalqimizning o‘ziga xos milliy tarbiyasidan o‘rinli foydalanishi yaxshi samara beradi. Milliy tarbiyamizda to‘rt narsa yer, suv, olov, havo muqaddas hisoblangan. Xalqimiz juda qadim zamonlardan suvga e’tiqod qo‘yib, yozning eng jazirama kunlarida “Suv sayli” o‘tkazgan. Ota- bobolarimiz “Suv-tabiat in’omi, hayot manbayi”, deb bejiz aytishmagan.
Demak, o‘quvchi-yoshlarga ekologik tarbiya berishda milliy qadriyatlar, urf-odatlar, an’analar, marosimlar, nodir qo‘lyozmalar va davlat arboblarining ushbu sohaga oid faoliyatlari mustahkam didaktik asos bo‘lib, bular orqali ularni atrof-muhitni toza saqlashga, ozodalikka, pokizalikka va eng asosiysi sog‘lom turmush tarzi hamda muhitini tashkil eta olishga o‘rgatiladi.
Jamiyatning iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan taraqqiyoti darajasi undagi xalq xo‘jaligining turli jabhalariga ta’sir etadi. Bu borada o‘ziga xos global va mintaqaviy ekologik muammolar ham yuzaga kelaveradi. Bunda global muammolarga Orol fojiasi, Chernobil halokati, Xirosima va Nagasaki shaharlardagi bomba portlashlar hamda shu kabilar misol bo‘la olsa, mintaqaviy muammolarga zavod va fabrikalardan chiqadigan zararli chiqindilar yoki ma’lum hududdagi tuproq erroziyasi, ba’zi kasalliklarning ko‘payishi va shu kabilarni misol qilib olish mumkin.

Download 0.56 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling