11-mavzu: Fuqarolik huquqida shaxslar


Xo‘jalik jamiyatlari yuridik shaxs sifatida


Download 145.36 Kb.
bet14/21
Sana28.01.2023
Hajmi145.36 Kb.
#1134814
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   21
Bog'liq
11-маъруза

Xo‘jalik jamiyatlari yuridik shaxs sifatida
Xo‘jalik jamiyatlari - bu bir yoki bir necha shaxslar tomonidan jamiyat nomidan tadbirkorlik faoliyatini birga amalga oshirish uchun o‘z mulklari(asosan mablag‘lari)ni qo‘shish yo‘li bilan tuzgan tashkilotidir.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, xo‘jalik jamiyatlarining mas’uliyati cheklangan jamiyat, qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat va aksiyadorlik jamiyatlari kabi turlari mavjud.
Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar FK va “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi qonun va boshqa qonun hujjatlari huquqiy tartibga soladi.
Bir yoki bir necha shaxs tomonidan ta’sis etilgan, ustav fondi (ustav kapitali) ta’sis hujjatlari bilan belgilangan miqdorlarda ulushlarga bo‘lingan xo‘jalik jamiyati mas’uliyati cheklangan jamiyat deb hisoblanadi. Mas’uliyati cheklangan jamiyatning ishtirokchilari uning majburiyatlari bo‘yicha javobgar bo‘lmaydilar va jamiyat faoliyati bilan bog‘liq zararlar uchun o‘zlari qo‘shgan hissalar qiymati doirasida javobgar bo‘ladilar. Mas’uliyati cheklangan jamiyatning o‘z hissasini to‘la qo‘shmagan ishtirokchilari jamiyat majburiyatlari bo‘yicha har bir ishtirokchi hissasining to‘lanmagan qismining qiymati doirasida solidar javobgar bo‘ladilar.
Bir yoki bir necha shaxs tomonidan ta’sis etilgan, ustav fondi (ustav kapitali) ta’sis hujjatlari bilan belgilangan miqdorlardagi ulushlarga bo‘lingan xo‘jalik jamiyati qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat deb hisoblanadi. Bunday jamiyatning ishtirokchilari jamiyat majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga tegishli mol-mulklari bilan hamma uchun bir xil bo‘lgan va qo‘shgan hissalari qiymatiga nisbatan jamiyatning ta’sis hujjatlarida belgilanadigan karrali miqdorda solidar tarzda subsidiar javobgar bo‘ladilar. Qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat ishtirokchilari javobgarligining eng yuqori miqdori qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatning ustavida nazarda tutiladi. Ishtirokchilardan biri bankrot bo‘lib qolganida uning qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat majburiyatlari bo‘yicha javobgarligi, agar jamiyatning ta’sis hujjatlarida javobgarlikni taqsimlashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa, boshqa ishtirokchilar o‘rtasida ularning qo‘shgan hissalariga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar qonun hujjatlarida taqiqlanmagan har qanday faoliyat turlarini amalga oshirishi mumkin.
Jamiyat o‘z majburiyatlari yuzasidan o‘ziga qarashli barcha mol-mulk bilan javobgar bo‘ladi. Jamiyat o‘z ishtirokchilarining majburiyatlari yuzasidan javob bermaydi. Jamiyatning bankrot-ligi ishtirokchi sifatidagi shaxsning aybi tufayli vujudga kelgan bo‘lsa, jamiyatning mol-mulki yetarli bo‘lmagan taqdirda bunday shaxs zimmasiga uning majburiyatlari bo‘yicha subsidiar javobgarlik yuklatilishi mumkin. Davlat va uning organlari jamiyatning majburiyatlari yuzasidan javobgar bo‘lmaydi, xuddi shuningdek jamiyat ham davlat va uning organlari majburiyatlari yuzasidan javobgar bo‘lmaydi.
Yuridik va jismoniy shaxslar jamiyatning ishtirokchilari bo‘ladilar. Qonunda ayrim toifadagi jismoniy shaxslarning jamiyatda ishtirok etishi taqiqlanishi yoki cheklanishi mumkin. Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilangan bo‘lmasa, jamiyatning ishtirokchilari bo‘lishga haqli emaslar. Jamiyat bir shaxs tomonidan ta’sis etilishi mumkin bo‘lib, u jamiyatning yagona ishtirokchisiga aylanadi. Jamiyat keyinchalik bir ishtirokchisi bo‘lgan jamiyatga aylanishi mumkin. Jamiyat yagona ishtirokchi sifatida bir shaxsdan iborat boshqa xo‘jalik jamiyatiga ega bo‘lishi mumkin emas. Jamiyat ishtirokchilarining soni ellik kishidan oshmasligi lozim. Agar jamiyat ishtirokchilarining soni ushbu moddaning oltinchi qismida belgilangan me’yordan oshib ketsa, jamiyat bir yil ichida ochiq aksiyadorlik jamiyati yoki ishlab chiqarish kooperativi etib qayta tuzilishi kerak. Agar ko‘rsatilgan muddat davomida jamiyat qayta tuzilmasa va jamiyat ishtirokchilarining soni belgilangan me’yorga qadar kamaymasa, u yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organning talabiga binoan sud tartibida tugatilishi kerak.
Jamiyatning ta’sis shartnomasi va ustavi jamiyat ta’sis hujjatlari deb hisoblanadi. Agar jamiyat bir shaxs tomonidan ta’sis etilsa, shu shaxs tasdiqlagan ustav jamiyatning ta’sis hujjati hisoblanadi. Jamiyat ishtirokchilarining soni ikki va undan ortiq kishiga ko‘paysa, ular o‘rtasida ta’sis shartnomasi tuzilishi kerak.
Jamiyat ustav fondi (ustav kapitali) uning ishtirokchilari ulushlarining nominal qiymatlaridan tarkib topadi. Jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori jamiyatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun hujjatlarni taqdim etish sanasidagi holatga ko‘ra qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan kam bo‘lmasligi lozim. Jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan paytga qadar uning har bir ishtirokchisi ta’sis hujjatlarida ko‘rsatilgan jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) o‘z hissasining kamida o‘ttiz foizini kiritishi shart. Jamiyatning har bir ishtirokchisi ta’sis hujjat-larida belgilangan va jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab bir yildan oshmaydigan muddat mobaynida jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) o‘z hissasini to‘liq kiritishi kerak. Jamiyatning ishtirokchisi tomonidan hissaning to‘liq kiritilganligi jamiyat ishtirokchisiga beriladigan guvohnoma bilan tasdiqlanadi.
Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi jamiyat boshqaruvining oliy organi hisoblanadi.
Jamiyatning ustavida jamiyatning kuzatuv kengashini tuzish nazarda tutilishi mumkin.
Jamiyatning joriy faoliyatiga rahbarlik qilish jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi tomonidan yoki jamiyatning kollegial ijro etuvchi organi tomonidan amalga oshiriladi. Jamiyatning ijro etuvchi organi jamiyat ishtirokchi-larining umumiy yig‘ilishiga va, agar tuzilishi jamiyatning ustavida nazarda tutilgan bo‘lsa, jamiyatning kuzatuv kengashiga hisobdordir.
Xo‘jalik jamiyatlari turlaridan yana biri aksiyadorlik jamiyatidir. Ustav fondi muayyan miqdordagi aksiyalarga bo‘lingan jamiyat aksiyadorlik jamiyat hisoblanadi. Ishtirokchilar (aksiya-dorlar) jamiyat majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydilar, ja-miyat faoliyati bilan bog‘liq zararlar uchun o‘zlariga qarashli aksiyalar qiymati doirasida javobgar bo‘ladilar (FKning 64-moddasi).
J.I.Yuldashev xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlari ichida aksiyadorlik jamiyatlari yirik va o‘rta biznesga, qolgan xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlari mayda va o‘rta biznesga xos xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar deb hisoblaydi.
Aksiyadorlik jamiyatlarining huquqiy maqomi FK, 1996 yil 26 aprelda qabul qilingan “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar-ning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
AJ o‘z majburiyatlari yuzasidan o‘ziga tegishli barcha mol-mulki bilan javobgar bo‘ladi. Aksiyadorlar jamiyatning majburiyatlari yuzasidan javobgar bo‘lmaydilar va uning faoliyati bilan bogliq ziyonlarni o‘zlariga tegishli aksiyalar qiymati doirasida to‘laydi-lar. Aksiyalar haqining hammasini to‘lamagan aksiyadorlar jamiyat majburiyatlari yuzasidan o‘zlariga tegishli aksiyalar qiymatining to‘lanmagan qismi doirasida solidar javobgar bo‘ladilar. Jamiyat o‘z aksiyadorlarining majburiyatlari yuzasidan javobgar bo‘lmaydi. Agar jamiyatning nochorligi (bankrotligi) jamiyat uchun majburiy ko‘rsatmalarni berish huquqiga ega bo‘lgan aksiyador sifatidagi shaxsning gayriqonuniy xatti-harakatlari tufayli vujudga keltirilgan bo‘lsa, mazkur aksiyador zimmasiga jamiyatning mol-mulki yetarli bo‘lmagan taqdirda uning majburiyatlari bo‘yicha subsidiar javobgarlik yuklatilishi mumkin. Aksiyadorlik jamiya-tining ustavida tegishli huquq nazarda tutilgan taqdirdagina, aksiyador majburiy ko‘rsatma berish huquqiga ega bo‘ladi. Jamiyat uchun majburiy ko‘rsatmalar berish huquqiga ega bo‘lgan aksiyador jamiyatning muayyan harakatni amalga oshirishi oqibatida nochor (bankrot) bo‘lib qolishini oldindan bilib, o‘z huquqidan uning ana shunday harakatni amalga oshirishini ko‘zlab foydalangan holdagina jamiyatning nochorligi (bankrotligi) aksiyadorning harakatlari tufayli vujudga keltirilgan deb hisoblanadi.
Aksiyadorlik jamiyati ochiq yoki yopiq bo‘lishi mumkin. Ochiq aksiyadorlik jamiyatining muassislari tarkibiga kiruvchilarning eng kam soni cheklanmaydi, yopiq aksiyadorlik jamiyatining muassislari esa kamida uch shaxsdan iborat qilib belgilanadi.
Ochiq aksiyadorlik jamiyatining muassislari tarkibiga kiruvchilarning eng kam soni cheklanmaydi. Yopiq aksiyadorlik jamiyatlarining muassislari esa kamida uch shaxsdan iborat qilib belgilanadi. Aynan muassislarining belgilangan miqdori turli davlatlarda turlicha belgilangan. Masalan, Italiyada - 2, Shveysariyada -3, Germaniyada -5, Angliya, Fransiya, Yaponiyada -7, Estoniya, Rossiya, Niderlandiya, Shveysiya, Finlandiya va AQShning ko‘pgina shtatlarida -1 kishi v.x.k.
Qatnashchilari o‘zlariga tegishli aksiyalarini o‘zga aksiyadorlarning roziligisiz boshqa shaxslarga berishi mumkin bo‘lgan aksiyadorlik jamiyati ochiq aksiyadorlik jamiyati deb hisoblanadi. OAJ o‘zi chiqarayotgan aksiyalarga ochiq obuna o‘tkazishga va qonun hujjatlarining talablarini hisobga olgan holda ularni erkin sotishga haqlidir. OAJ aksiyadorlarining soni chegaralanmaydi.
Ochiq aksiyadorlik jamiyati ustav fondining eng kam miqdori jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanada O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining kursi bo‘yicha ellik ming AQSh dollariga teng bo‘lgan summadan kam bo‘lmasligi kerak.
Aksiyalari faqat o‘z muassislari yoki oldindan belgilangan doiradagi shaxslar orasida taqsimlanadigan aksiyadorlik jamiyati yopiq aksiyadorlik jamiyati deb hisoblanadi. Bunday jamiyat o‘zi chiqarayotgan aksiyalarga ochiq obuna o‘tkazishga yoxud ularni cheklanmagan doiradagi shaxslarga sotib olish uchun boshqacha tarzda taklif etishga haqli emas. YoAJ aksiyadorlarining soni ellik nafardan ziyod bo‘lishi mumkin emas. Belgilangan chegaradan ortib ketgan taqdirda u yopiq aksiyadorlik jamiyatlari uchun miqdori aksiyadorlarning chegaralangan limitidan ortib ketgan shaxslar aksiyadorlar reestrida ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran olti oy ichida ochiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilishi, ushbu muddat tugagach, sud tartibida tugatilishi lozim.
Yopiq aksiyadorlik jamiyati ustav fondining eng kam miqdori esa, jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanada qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravari miqdoridan kam bo‘lmasligi kerak.
Jamiyat filiallar tashkil etishi hamda vakolatxonalar ochishi mumkin. Ular o‘zlarini tashkil etgan jamiyat tomonidan mol-mulk bilan ta’minlanadi va shu jamiyat tasdiqlagan nizomlar asosida ish ko‘radi. Filial yoki vakolatxonaning rahbari jamiyat tomonidan tayinlanadi va jamiyat bergan ishonchnoma asosida ish ko‘radi. Filial hamda vakolatxona faoliyati uchun javobgarlik ularni tuzgan jamiyat zimmasida bo‘ladi.
Ta’sis yig‘ilishi (muassis) tasdiqlagan ustav jamiyatning ta’sis hujjati hisoblanadi.
Davlat korxonasi aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilayotganda davlat mulkini tasarruf etishga vakolatli organ tasdiqlaydigan emissiya ma’lumotnomasi ham ta’sis hujjati hisoblanadi.
Jamiyatning ustav fondi aksiyadorlar sotib olgan jamiyat aksiyalarining nominal qiymatidan tashkil topadi. Jamiyat chiqaradigan barcha aksiyalarning nominal qiymati bir xil bo‘lishi lozim.
Jamiyatning ustav fondi uning mol-mulkining o‘z kreditor-lari manfaatlarini kafolatlaydigan darajadagi eng kam miqdorini belgilaydi. Jamiyat davlat mulki negizida tuzilganda korxonaning (mol-mulkning) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlangan bozor bahosi jamiyat ustav fondining summasini tashkil etadi.
Aksiyadorlik jamiyatini aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi, kuzatuv kengashi va ijroiya organi boshqaradi.
Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi jamiyatni boshqarishning oliy organidir.
Jamiyatning kuzatuv kengashi jamiyat faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, ushbu Qonun bilan aksiyadorlar umumiy yigilishining mutlaq vakolatlariga kiritilgan masalalarni hal etish bundan mustasno. Ovoz beruvchi aksiyalarning egasi bo‘lgan aksiyadorlar soni o‘ttiz kishidan kam bo‘lgan jamiyatda kuzatuv kengashi vazifasi jamiyat ustavi bilan aksiyadorlarning umumiy yigilishi zimmasiga yuklanishi mumkin. Bunday hollarda aksiyadorlar umumiy yigilishini o‘tkazish masalasini hal etishga vakolati bo‘lgan muayyan shaxs yoki jamiyat organi jamiyat ustavida o‘z aksini topishi kerak.
Jamiyatning kundalik faoliyatiga rahbarlik yakkaboshchilik asosidagi ijroiya organi (direktor) yoki kollegial ijroiya organ (boshqaruv, direksiya) tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Bir paytning o‘zida ham yakkaboshchilik asosidagi, ham kollegial ijroiya organlari bo‘lishi nazarda tutilgan jamiyat ustavida ulardan har birining vakolatlari belgilab qo‘yilishi kerak. Bunday hollarda jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijroiya organi (direktor) vazifasini bajaruvchi shaxs kollegial ijroiya organi (boshqaruv, direksiya) raisi vazifasini ham amalga oshiradi.
Aksiyadorlar umumiy yigilishining qaroriga binoan jamiyat ijroiya organining vakolatlari shartnoma bo‘yicha tijorat tashkilotiga (boshqaruvchi tashkilotga) yoki yakka tartibdagi tadbir-korga (boshqaruvchiga) berilishi mumkin. Tuziladigan shartnoma-ning shartlari, basharti ustavda o‘zgacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, jamiyat kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Jamiyat ijroiya organining vakolatlariga jamiyatning kundalik faoliyati-ga rahbarlik qilishga doir barcha masalalar kiradi, aksiyador-lar umumiy yiјilishining mutlaq vakolatlariga yoki kuzatuv kengashi-ning vakolatlariga kiritilgan masalalar bundan mustasno.
Xo‘jalik shirkati va jamiyatlari yuridik shaxs huquqini olgan shu’ba va tobe xo‘jalik jamiyatlarga ega bo‘lishi mumkin.
FKning 67-moddasiga muvofiq, bir (asosiy) xo‘jalik jamiyati yoki shirkati ikkinchi xo‘jalik jamiyatining ustav fondida undan ustunlik mavqeiga ega bo‘lgan holda ishtirok etishi tufayli yoxud ular o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq yo bo‘lmasa boshqacha tarzda ikkinchi xo‘jalik jamiyati tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni belgilab berish imkoniga ega bo‘lsa, ushbu ikkinchi xo‘jalik jamiyati sho‘ba xo‘jalik jamiyati hisoblanadi.
Sho‘ba xo‘jalik jamiyati o‘zining asosiy jamiyati (shirkati)-ning qarzlari bo‘yicha javob bermaydi.
Shu’ba xo‘jalik jamiyatiga bajarilishi shart bo‘lgan ko‘rsatmalarni berishga huquqli asosiy jamiyat ana shunday ko‘rsatmalarni bajarish uchun shu’ba jamiyat tomonidan tuzilgan bitimlar yuzasidan shu’ba jamiyat bilan solidar javobgar bo‘ladi. Asosiy jamiyatning shu’ba xo‘jalik jamiyatga bajarilishi shart bo‘lgan ko‘rsatmalarni berish huquqi shu’ba xo‘jalik jamiyat bilan tuzilgan shartnomada yoki shu’ba xo‘jalik jamiyatning ustavida ko‘zda tutilgan taqdirdagina asosiy jamiyat bunday huquqqa ega deb hisoblanadi.
Shu’ba xo‘jalik jamiyati asosiy jamiyatning aybi bilan nochor (bankrot) bo‘lib qolgan hollarda asosiy jamiyat shu’ba xo‘jalik jamiyatning qarzlari yuzasidan subsidiar javobgar bo‘ladi. Asosiy jamiyat shu’ba xo‘jalik jamiyatning muayyan harakatlarni amalga oshirish oqibatida nochor (bankrot) bo‘lib qolishini oldindan bilib, yuqorida aytilgan o‘z huquqlari va (yoki) imkoniyatidan shu’ba xo‘jalik jamiyatning shunday harakatlarni amalga oshirishi-ni ko‘zlab foydalangan hollardagina shu’ba xo‘jalik jamiyatning nochorligi (bankrotligi) asosiy jamiyatning aybi bilan yuz bergan deb hisoblanadi.
Shu’ba xo‘jalik jamiyat aksiyadorlari asosiy jamiyatdan uning aybi bilan shu’ba xo‘jalik jamiyatga keltirilgan ziyonni to‘lashni talab qilishga haqlidir. Asosiy jamiyat shu’ba xo‘jalik jamiyatning muayyan harakatlarni amalga oshirish oqibatida ziyon ko‘rishini oldindan bilib, o‘z huquqlari va (yoki) imkoniyatidan shu’ba xo‘jalik jamiyatning shunday harakatlarni amalga oshirishi-ni ko‘zlab foydalangan holdagina ziyon asosiy jamiyatning aybi bilan keltirilgan deb hisoblanadi.
Xo‘jalik jamiyatida ishtirok etuvchi boshqa jamiyat xo‘jalik jamiyatiga qarashli ovoz beradigan aksiyalarning yigirma foizidan ko‘prog‘iga ega bo‘lsa, bunday xo‘jalik jamiyati qaram jamiyat deb hisoblanadi.
Qaram xo‘jalik jamiyati yuridik shaxs hisoblanadi.
Xo‘jalik jamiyatida ishtirok etuvchi boshqa jamiyat qaram jamiyat ustav fondining tegishli qismini qo‘lga kiritib olganligi haqidagi ma’lumotlarni qonunda nazarda tutilgan tartibda darhol e’lon qilishi shart.
Xo‘jalik jamiyatlari bir-birlarining ustav fondlarida o‘zaro qatnashishining chegarasi va bunday jamiyatlardan biri boshqa jamiyat ishtirokchilari yoki aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishida foydalanishi mumkin bo‘lgan ovozlar soni qonunda belgilab qo‘yiladi.
Ishtirok etuvchi va tobe xo‘jalik jamiyatlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Download 145.36 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   21




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling