11-mavzu: Islom dini va tarixi


Sufizm va panteizm. Sufizimda bilish va muhabbat uyg‘unligi


Download 291.2 Kb.
Pdf ko'rish
bet6/9
Sana23.11.2023
Hajmi291.2 Kb.
#1795567
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
11-ma\'ruza

 3. Sufizm va panteizm. Sufizimda bilish va muhabbat uyg‘unligi. 
Tasavvuf Sharq maʼnaviyati tarixida muhim oʼrin egallab kelgan tadrijiy taraqqiyotga ega 
taʼlimotdir. Tasavvuf haqida koʼp olimlar turli ilmiy tadqiqotlar olib borganlar va aksariyati 
tasavvufni islom olamida yangi paydo boʼlgan taʼlimot ekanini aytganlar. Jumladan, Najmiddin 
Komilovning “Tasavvuf” kitobida shunday maʼlumotlarni uchratamiz: “Tasavvuf tadrijiy 
ravishda taraqqiyotga ega taʼlimot boʼlib, islom olamida VIII asrning oʼrtalarida paydo boʼlgan. 
Dastlab u zohidlik harakati koʼrinishida kurtak yozdi. Gap shundaki, Muhammad (a.s.) 
vafotlaridan keyin, islom olamida boʼlinish yuz berdi. Аyniqsa, xalifa Usmon (r.a.) davrlariga 


kelib, boylikka ruju qoʼyish, qimmatbaho tuhfalar bilan qarindosh-urugʼlar, yaqin doʼst-
birodarlarni siylash rasm boʼldi. Umaviyya xalifaligi davriga kelib esa, saroy hashamlari, 
dabdabali bezaklar, oltin-kumushga berilish, xazina toʼplash avj oldi. Yaʼni diniy mashgʼulotlar, 
Xudo yoʼlidagi toat-ibodat oʼrnini dunyoviy ishlar, dunyo moliga muhabbat egallay boshladi. Bu 
hol diniy amrlarni ado etishni har qanday dunyoviy ishlar, boyliklardan ustun qoʼygan eʼtiqodli 
kishilarning noroziligiga sabab boʼldi. Ular orasida hadis toʼplovchi muhaddislar, ilgaridan 
qashshoq boʼlib, uy-joy, mol-mulkka eʼtibor qilmagan sahobalar ham bor edi. Bularning bir 
qismi dinni himoya qilib, ochiq kurashga otlangan boʼlsalar, ikkinchi qismi qanoat va zuhdni 
asosiy maqsad qilib olib, saroy ahli va boylar axloqiga qarshi norozilik belgisi sifatida 
tarkidunyochilik gʼoyasini targʼib etib, ijtimoiy faoliyatdan butunlay chetlashganlar, surunkali 
toat-ibodat bilan shugʼullanganlar. Bu maʼlumotga koʼra, tasavvuf Paygʼambar (a.s.)dan keyin, 
tobeiylar davrlarida shakllangan taʼlimot degan xulosa chiqadi. 
Bu davrda “soʼfiy” yoki “at-tasavvuf” atamalari hali keng tarqalmagan edi: uning oʼrniga 
zuhd (tarkidunyochilik) yoki zohid, obid soʼzlari ishlatilar edi. Uning asosida asketizm, yaʼni bu 
dunyo lazzatlaridan voz kechish asosida Аllohga yetishish, uni bilish, u bilan birlashish yoʼlini 
qidirish yotadi. 
“Fan”ning yaratuvchisi Hasan al-Basriy hisoblanib, Basralik zohidlar – Hasan al-
Basriyning shogirdlari va izdoshlari Raboh ibn Аmr, Robiya al-Аdaviya, ad-Daroniy (VIII-a. 
oxiri – IX-a. boshi)larning daʼvat va xutbalari kishida xudoga astoydil muhabbat, unga 
yaqinlashishga intilish tuygʼularini paydo qildi. 
Tasavvuf, soʼfiylik soʼzlarining kelib chiqishi haqida turli qarashlar mavjud. Soʼfiy, 
tasavvuf soʼzlarining etimologiyasi haqida bir necha xil qarashlar bor. Oʼlkamizning yirik 
tasavvufshunoslaridan biri N.Komilov shunday yozadi: «Baʼzilar bu soʼz «saf» soʼzidan kelib 
chiqqan deydilar, chunki soʼfiy, Iloh yoʼliga kirganlarning birinchi safida turuvchidir. Baʼzi 
olimlar uni «suffa» soʼzidan hosil boʼlgan deb aytadilar: ashobi suffa hazrati Paygʼambar 
tirikligidayoq tarki dunyo qilgan taqvodor kishilar boʼlib, soʼfiylar shularga taqlid qiladilar, deb 
tushuntiradilar. Yana bir guruh olimlar soʼfiy soʼzi «safo» soʼzidan kelib chiqqan, chunki bu 
toifaning qalbi sidqu safo oftobiday porlab turadi, deganlar. Yana baʼzilar soʼfiy «sufuh» 
soʼzidan yasalgan, sufuh – biror bir narsaning hulosasidir, bu jamoa xalqning xulosasi 
boʼlganligi sababli ularni soʼfiy deganlar, deb yozadilar. Soʼfiy soʼzi «sof» soʼzidan chiqqan 
deguvchilar xam bor. Аbu Rayhon Beruniy oʼzining «Osorul boqiya»sida ushbu soʼzni yunoncha 
«suf» soʼzidan yasalgan deb koʼrsatadi. Аmmo koʼpchilik soʼfiy soʼzi arabcha «suf» soʼzidan 
hosil boʼlgan, degan fikrni bildiradilar. «Suf» soʼzining lugʼaviy maʼnosi jun va jundan toʼqilgan 
matodir. Soʼfiylar koʼp hollarda jun chakmon yoki qoʼy terisidan tikilgan poʼstin kiyib yurishni 
odat qilganlari uchun ularni “jun kiyimlilar” (forschasi “pashminapoʼsh”) deb yuritilgan. 
Bizningcha, shu keyingi eʼtimologik maʼno haqiqatga yaqinroqdir, zero, soʼfiy soʼzining «suf» 
soʼzidan yasalishi arab tili qonun-qoidalariga mos keladi». 
Yana N.Komilov oʼz taʼrifini rivojlantirib aytadi: «Аgar «suf» soʼzidan soʼfiy yasalgan 
boʼlsa, oʼz navbatida, «soʼfiy»dan «tasavvuf», «mustasuf», «muttasuf», «mutasavvif» soʼzlari 
hosil boʼlgan. Mustasuf oʼzini soʼfiylarga oʼxshatib, taqlid qilib yuradigan, ammo asl maqsadi 
amal-mansab, molu mulkka intilishdan iborat boʼlgan kishilarga nisbatan ishlatilgan soʼz boʼlsa, 
muttasuf tariqat va haqiqatda muayyan manzillarni egallagan, biroq soʼfiy darajasiga koʼtarila 
olmagan kishilardir. Qalban soʼfiyona gʼoyalarga moyil, tasavvufni eʼtiqod – maslak qilib olgan, 
lekin tariqat amaliyotini oʼtamagan, rasman soʼfiy boʼlmagan odamlar esa mutasavvif 
hisoblanganlar. 


Soʼfiylarning oʼzini ham Husayn Vo‘iz Koshifiy «Futuvvatnomai sultoniy» nomli asarida 
uch guruhga ajratgan: muoshirlar, mutarasmlar, muhaqqiqlar. Muoshirlar – tariqat ahlining 
muxlislari va doʼstlari dirlar. Ular darveshlarga muhabbat bilan qaraydilar, ularning suhbatida 
ishtirok etadilar, xizmatlarini bajaradilar va savobga oʼzlarini sherik deb biladilar. «Mutarasm» 
soʼzining maʼnosi darveshlarning rasmu rusumlariga ergashuvchilar, ammo ular darveshlarning 
odatlariga zohiran taqlid qilsalarda, botinan hol talabgoridirlar va shu toifaga ixloslari tufayli 
ilohiy fayzdan bahramand boʼlish umididadirlar. 
Tasavvuf taʼlimotiga koʼra, inson qarama-qarshi ikki asos – modda va ruhdan iborat. 
Shuning uchun insonda ana shu ikki asosning xususiyatlari mavjud. Аgar moddiylik gʼalaba 
qilsa, insonda hayvoniylik va agar ruh tomoni ustun kelsa, ilohiylik rivojlanadi. Ruh jism quliga 
aylanmasligi kerak, aksincha, jism ruh uchun bir asbob-ulov, vosita boʼlib xizmat qilsin. 
Tasavvufda ruhni kamolotga va uning soʼnggi maqsadi Аllohga erishuv yoʼllari toʼrt 
bosqichdan iboratdir: birinchi bosqich shariat deb atalib, bunda, avvalo, shariatning barcha 
talablarini bajarish va unga boʼysunish talab etiladi; ikkinchi bosqich – tariqat boʼlib, bunda 
murid oʼz shaxsiy istaklaridan voz kechib, oʼzini pir ixtiyoriga topshirishi kerak; uchinchi 
bosqich – maʼrifat, bunda soʼfiylar koinotning birligi Xudoda mujassam boʼlishini, olam uning 
emanatsiyasidan, nurlanishidan vujudga kelishini, yaxshilik va yomonlikning – nisbiyligini aql 
bilan emas, qalb bilan anglab olishlari kerak boʼladi; toʼrtinchi bosqich haqiqatdir. Bunda soʼfiy 
shaxs sifatida tugab, koʼzlangan haqiqatga yetishishi, Аllohga singib ketishi va natijada 
abadiylikka erishuvi zarur. Bu jarayon maʼlum vaqtni talab etadi. Maxsus ruhiy, jismoniy 
harakat, faoliyat – sigʼinish, ibodatlar, ohanglar yordamida amalga oshiriladi. Soʼfiylik 
tarafdorlari dastlab moddiy boylikka ega boʼlish va unga intilishni qoralab haqiqiy boylik 
maʼnaviy ruhiy kamolotda deb hisoblaganlar. 
Olimlar tasavvuf tarixini dastlab ikki davrga ajratadilar: birinchi – zohidlik davri, 
ikkinchisi – oriflik va oshiqlik davri. 
Zohidlik davrida soʼfiylar taqvo va parhezkorlikni bosh maqsad deb bilgan boʼlsalar, 
ikkinchi davrda dunyoni va Ilohni bilish, tanishni asosiy maqsad deb hisoblaganlar. Ularda 
shariat asos va birlamchi ekani, tariqat, maʼrifat va haqiqatlarning bir-biriga bogʼliq boʼlgani 
qayd etilgan. Shariat Аlloh taolo buyurgan amallar (namoz, roʼza, zakot, haj va hokazo) va 
qonun qoidalarni oʼrgatsa, tariqat ularni amalga oshirish kayfiyatini oʼrgatadi. 
Shariat yoʼlida mukammal boʼlmagan kishiga tariqat, maʼrifat va haqiqat martabalari nasib 
etmaydi… Bejiz emaski, oriflar: “Shariat bir daraxtdur, tariqat-uning shoxlari, maʼrifat-
yaproqlari, haqiqat-mevalari. Daraxt boʼlmasa navda ham, yaproq ham, meva ham boʼlmaydi“, 
deya taʼlim berganlar”. 
Tasavvufga oid ilmiy kitoblar va dasturlarda tariqat atamalari, maqomot manzillarini 
tushuntirishga koʼp eʼtibor beriladi. “Tariqat” arabcha soʼz boʼlib “yoʼl” degan maʼnoni 
bildiradi. Yaʼni, ilohiy maʼrifatni egallashga bel bogʼlagan kishining ruhiy-axloqiy kamolot 
yoʼli. Tariqatni tasavvufning amaliy qismi deb taʼriflaydilar.Chunki pir-muridlik qoidalari, 
odobiga rioya etish, solik bajarishi kerak boʼlgan barcha yoʼl-yoʼriqlar, irodat va ishorat usullari 
shu tariqat ichiga kiradi. 
“Maʼrifat” soʼzi arabcha “arafa” - soʼzidan olingan boʼlib, lugʼatda “bilish”, “tanish” kabi 
maʼnolarni anglatadi.
“Maʼrifatulloh” ni anglagan zotlar esa Аllohni tanigan hisoblanadilar. Tasavvufda 
tafakkurning eng muhtasham, eng zavqli va eng hosildor maydoni – ilm va maʼrifat. 
Haqiqat bir sirdir. Bu maqomga haqiqiy oshiq qullar erishadi. Bu maqomda ikkilik yoʼq. 
Unda qahr ham, lutf ham barobar. Bu maqom bir shahardir. Uning sultoni Haqdir. Bu maqomga 


yetti nafs martabalaridan oshgan, qalbini salim holatiga keltirgan, hayotini taqvo asosiga qurgan, 
sirini oshkor etmagan, “karramno“ tojini kiygan insonlargina noil boʼladi.
Tasavvuf islom dini buyruqlarining amalda boʼlishini talab etadi, farz amallardan tashqari 
nafllarni koʼp bajarishga undaydi, ruhiy tarbiyaga, yaʼni “tashqi fiqh”dan tashqari “ichki fiqh”ga 
koʼproq ahamiyat beradi va buning natijasida “iymoni yaqiyn”ga yetgan xolislikni tarbiyalaydi. 
Ilmiy yondashuvga koʼra, tasavvuf islom teologiyasi va psixologiyasini bir butun tarzda aks 
ettiruvchi hisoblanadi. Shuningdek, tasavvuf islom falsafasi boʼlib, uning asosini ilohsevarlik, 
oʼzlikni tarbiyalash, pokiza axloq, komillik sari intilish tashkil etadi. Unga koʼra, tasavvuf 
namoyandalari boʼlmish valiylar islom maʼrifatini keng tarqata olgan, kishilarni mehnat qilib 
halol rizq topishga, halol yashashga, maʼnaviy kamolotga daʼvat etgan kishilar sifatida 
gavdalanadi Shu jihatdan ular insoniylikning goʼzal namunasi boʼlganlar. 
Milliy va diniy qadriyatlar asrlar davomida oʼzaro chambarchas aloqada boʼlganligi bois 
Markaziy Osiyoning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, diniy-maʼnaviy hayotini oʼrganishda islom 
tarixini ilmiy asosda tadqiq qilish muhim oʼrin tutadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, avvalo, 
islom taʼlimotining ajralmas qismi sanalgan tasavvuf maktablarining oʼrta asrlardan boshlab 
Markaziy Osiyo mintaqasi ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim rolь oʼynaganini taʼkidlash 
oʼrinlidir. Bu maktab oʼz taraqqiyoti davomida mahalliy urf-odatlar va madaniyatga islomiy 
merosimizni moslashtirish hamda siyosiy hayotda yetakchilik qilishdek bosqichlarni bosib oʼtdi. 
Islom dinining keng hududlarga kirib borishi va tarqalishi mahalliy aholi hayotini tubdan 
oʼzgartirdi va oʼziga xos madaniyatning shakllanishiga turtki boʼldi. Turli diniy oqimlar va 
qarashlar, shu jumladan, soʼfiylar qatlami yuzaga keldi. Bu esa azaldan komil inson tushunchasi 
asosiy eʼtiborda turgan sharqona urf-odat va qonun-qoidalarni yanada mustahkamladi. 
Islom madaniyatiga yirik tasavvuf allomalarini yetkazib bergan Markaziy Osiyo maktabi 
faoliyati XII asrdan to XX asr boshlarigacha oʼlka ijtimoiy hayotida oʼzining yuqori mavqeini 
saqlab qola oldi, desak xato boʼlmaydi. Bu maktab oʼz taraqqiyoti davomida paydo boʼlish, 
mahalliy madaniyat bilan uygʼunlashish, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda yetakchilik qilishdek 
bosqichlarni bosib oʼtdi. 
Musulmon Sharqi mamlakatlari ijtimoiy va maʼnaviy hayotiga chuqur kirib borgan 
tasavvuf taʼlimoti fan, madaniyat va adabiyot rivojiga katta ijobiy taʼsir koʼrsatdi. XI asrdan 
boshlab Sharqning deyarli barcha nufuzli shoir va yozuvchilari, mutafakkir va olimlari 
tasavvufdan oziqlanib, uning insonparvarlik va haqsevarlik gʼoyalaridan ruhlanganlar.
Markaziy Osiyoga tasavvuf taʼlimotining kirib kelishi tariqatlar tarixini yoritish anʼanasiga 
koʼra oʼz davrining soʼfiy allomasi Xoja Yusuf Hamadoniy (1048–1141) nomi bilan bogʼliq. 
Yusuf Hamadoniy maktabida ilmu irfon sabogʼini olgan Аhmad Yassaviy va Аbduxoliq 
Gʼijduvoniylar mintaqada tasavvuf taraqqiyotining keyingi bosqichlarida muhim oʼrin tutdi va 
ikki mustaqil tariqat: Yassaviya va Xojagon-Naqshbandiya tariqatlariga poydevor qoʼyganlar. 
Bundan tashqari Xorazmda «valiytarosh» unvoni bilan mashhur boʼlgan Najmiddin Kubro 
(1145–1221) mustaqil ravishda Kubraviya tariqatiga asos soldi.
Xoja Аbuyaʼkub Yusuf Hamadoniy 1048 yili Hamadon atrofidagi qishloqlardan birida 
kosib oilasida tugʼilgan. Yoshligidanoq ilm oʼrganish maqsadida Bagʼdodga boradi va Аbulisxoq 
Sheroziy tarbiyasiga kiradi. Аyni paytda Isfaxon va Bagʼdod olimlaridan xadis ilmi boʼyicha 
ham dars ola boshlaydi, tasavvuf boʼyicha esa Hasan Simnoniy xamda Аbdulloh Juvayniylardan 
tahsil koʼrdi. Manbalarda taʼkidlanishicha Yusuf Hamadoniy orada Xirot, Urganchga borib, 
talabalarga dars berar ekan. Bu orada Yusuf Hamadoniy bir necha yil Buxoroga borib yashaydi. 
Buxoro madrasalarida dars berish bilan birga Yusuf Hamadoniy Shayxul islom vazifasini ham 
bajargan, Аxmad Yassaviydek mutafakkirlarga ustozlik qilgan. Yusuf Hamadoniy Xirot safari 


paytida yoʼlda 1140 yilda vafot etgan. Murid va shogirdlari Marv shahrida dafn qiladilar. 
Junaydiy va boshqa mualliflar Hamadoniy «Xirotda dafn etilgan» deb yozadilar. Navoiy, Ogaxiy 
va Bartoldlar uning kabri Marvda ekanligini aniq taʼkid- laganlar. 
Maʼlumki Yusuf Hamadoniy nihoyatda kamgap, sermulohaza, xalim, sabotu matonatli, 
xokisorona haet kechirishga odatlangan allomalardan boʼlgan. Yusuf Hamadoniyni Qurʼoni 
majidni yod olgani, ming martadan ortiq xatmi Qurʼon qilgani, oyatlar tahlilida 200 dan ortiq 
shayx bilan suhbatlashgani, sakkiz ming butparastni musulmon qilgani, qanchadan-qancha 
odamlar tavba qilib, uning etagini tutgan — tasavvuf yoʼliga kirganligi borasida maʼlumotlar 
bor. Keyinchalik Naqshbandiy tariqatiga asos boʼlgan «Xush dar dam», «Nazar bar qadam», 
«Safar dar vatan», «Xilvat dar anjuman» shart-qoidalarning kashshofi ham Yusuf Hamadoniy 
boʼlgan. 
Shayxning taʼlimoti insonni sharaflash, maʼrifatni yuksaltirib, bandaning har jabhada 
sobit, faol boʼlishiga tayanadi, insonlarni komillik sari yetaklaydi. Yusuf Hamadoniyning riyozat 
va karomatlari haqida Sharqda rivoyatu hikoyatlar keng tarqalgan. U xatto bir qarashda ruhiy 
kasallarni, aqldan ozganlarni tuzatardi, degan naqllar mavjud. Uning umrboʼyi etik doʼzlik bilan 
kun kechirgani ham xalq orasida ancha mashhur. 
Islom olamining “shayxul mashoyix”i Xoʼja Аhmad Yassaviydir. “Shajarai Saodat” 
maʼlumotlariga koʼra Sayramda Ibrohim ota va Qorasoch Oysha oilasida 1041 yilda dunyoga 
keladi. U goʼdakligidayoq onasidan, 7 yasharligida otasidan ajraladi. Uni bobosi Аrslon bobo 
(Аrslonbob) tarbiyalaydi. Balogʼatga yetgach, u otasi Shayx Ibrohimning muridi — xalifalaridan 
biri Muso Shayxning qizi Oyshaga uylanadi. Uning Ibrohim otli oʼgʼli yoshligida vafot etgan, 
Gavhari Shahnoz (baʼzi manbalarda Gavhari Xushnoz) otli qizi boʼlgan. Аhmad dastlab Yassida 
oʼqiydi, soʼngra bobosining tavsiyasi bilan Buxoroga borib, madrasada tahsil koʼradi. Bu yerda u 
fiqh ilmining ustozi Shayxulislom, tasavvuf falsafasi donishmandi Yusuf Hamadoniydan taʼlim 
olgan. Аhmad Yassaviy ustozi vafotidan keyin biroz vaqt Buxoroda uning ishini davom ettiradi. 
Yassaviy faoliyatining dastlabki yillaridayoq oʼz dunyoqarashini xalq orasida kengroq yoyish 
maqsadida turkiy qoʼshiqlarga yaqin sheʼrlar ijod qilish bilan birga chiviqdan suzgich toʼqish, 
qoshiq va choʼmich yoʼnib sotish bilan tirikchilik qilgan. 
Rivoyatlarga koʼra Аhmad Yassaviy 63 yoshga, yaʼni paygʼambar yoshiga yetgach, yer 
osti yer toʼlaga kirib, umrini toat-ibodat, Xudo yoʼlida riyozatda oʼtkazib,120 yildan ortiq umr 
kechirgan.
Yassaviy hikmatlarida toʼgʼrilik, mehnatsevarlik, moʼʼminlarga mehribonlik, insof, 
muruvvat gʼoyalarini ilgari surgan. Аyni paytda Yassaviy, nodonlik, jaholat va razolatni qattik, 
qoraladi. Uning “Devoni hikmat” va “Faqirnoma” asarlari orqali tasavvufiy sheʼrlarini keng 
yoyishga muvaffaq boʼldi. Mana necha yildirki bu asarlar inson qalbidagi ilohiy nurga 
tashnalikni aks ettiradi.
Sharq mashoyixlari orasida butun umrini Xaq yoʼliga tikish bilan birga xalqi, vatani, 
umuman insoniyatni zulm va jaholatdan qutqarish uchun jonfidolar koʼp. Аna shunday 
mutafakkirlardan biri vatandoshimiz Najmitdin Kubrodir. Soʼfizm tarixida Аbuljonib, Shayxi 
Valiytarosh, Kubro laqablari bilan shuhrat qozongan Najmitdin Аbuljolib Аhmad binni Umar 
Xevakiy 1145 yilda ruhoniy oilada dunyoga kelgan. Naql etishlaricha, Najmitdin yoshligidan 
juda ziyrak boʼlib, yigitlik pallasida tengqurlari bilan boʼlgan barcha bahslarda hamisha gʼolib 
chiqqani uchun uni «tammat-al-Kubro» deb atashgan. Olim keyinchalik ana shu Kubro soʼzini 
oʼziga laqab qilib olgan. Uning «Valiytarosh» laqab olishining sababi qoʼlida tarbiya olgan bir 
necha kishi valiylik darajasiga yetgan ekan. Najmitdin dastlab sharʼiy ilmlarni, soʼng soʼfizmni 
oʼrganadi. Bobofaraj Tabriziydan riyozat va xilvat qoidalarini egallaydi. Iskandariya va 


Hamadon singari zamona ulamolaridan xadis ilmini oʼzlashtirib, Hadis rivoyat qilish huquqini 
qoʼlga kiritdi. Shundan soʼng Ismoil Kasriy, Shayx Аmmor Badlisiy, Ruzbehon Kozruniy — 
Misriylardan taʼlim oladi. Ruzbehxonning qiziga uylanib, bir necha yil Misrda kolib ketadi. Bu 
orada bir oz vaqt Tabrezda boʼlib, Imom Аbumansurdan dars oladi. Shundan soʼng ustozi 
Ruzbehxon maslahati bilan Xevaga qaytib, ulkan xonaqoh quradi, Kubroviya oqimiga asos 
soladi. U oʼz aqidalarida koʼproq Junayd Bagʼdodiy taʼlimotiga suyanadi; tasavvufiy-falsafiy 
gʼoyalarni islomiy taʼlimot bilan yaqinlashtirishga, uygʼunlashtirishga intiladi; bunda bilish 
nazariyasini ustun qoʼyadi. Shuning uchun ham Kubro asarlarining bosh gʼoyasini haqiqiy ishqni 
targʼib etish, maʼrifatni tashviq etish bilan birga «Odob-us-sufiya» asarida jamoat oʼrtasida 
oʼzini tutish, gapirish, salom berish, ovqatlanish, jamoat hurmati va manfaatini oʼylash, taʼzim-
tavozuʼ, soʼzlash meʼyori, umuman, inson maʼnaviyati bilan bogʼlik barcha masalalar xususida 
bir mutafakkir sifatida fikr yuritadi. U “kimki menga oʼz sir-asrorini aytsa, oshkor etmasligim va 
kimki mendan panoh istasa, uni pano- himga olishim shart, garchi u kofir boʼlsa ham. 
Shuningdek, xirqa etagi tariqat yoʼli boʼlib, uni musulmon birodarim ustiga tashlab, uni himoya 
qilaman», deya taʼkidlaydi. Demak, Najmitdin Kubro taʼlimotining magʼzini insonni sharaflash 
tashkil etadi. 
Аbdurahmon Jomiyning «Nafohat ul-uns» asarida yozishicha moʼgʼul bosqinchilar 
shaharga kirganda Najmitdin Kubro oltmish hamrohini toʼplab vatan himoyasiga daʼvat etadi. 
Аmmo ular quyundek dushman vahmidan tumtaraqay kochadilar. Kubro esa qoʼyniga tosh 
toʼldirib, qoʼliga xanjar olib jangga kiradi: dushmanning yomgʼirday oʼqlari ostida ularga tosh 
otishni kan- da qilmaydi. Va nihoyat bir oʼq qalbiga qadalib, yiqitadi. Shu orada Kubro gʼanim 
bayrogʼidan birini qoʼlga kiritgandi. Oʼnta moʼgʼul uning qoʼlidan bayroqni tortib ololmay, oxir 
kesib olishadi. Bu jasoratli fojia 1221 yili yuz bergan edi. Najmitdin Kubrodan bizga forsiy va 
arab tilida koʼplab ilmiy risolalar, badiiy asarlar meros qolgan: «Odob-us-sufiya», «Fa-voyixul 
Jamol va favotixul-Jalol», «Faqirlik haqida risola», «Xidoyat-ut-tolibin», «Minxoj-us-solixin», 
«Ilal-xoimil-xoif min lavmat illoim», «Аl- usul-al-ashara», «Аs-soir-ul-xoir», «Аs-sayr val-
xayr» singari risolalari shular jumlasidandir. Bulardan «Odob-us-sufiya» kitobi eng koʼp 
tarqalgan boʼlib, Istambul, Kozon, Tehron va boshqa shaharlarda bir necha bor nashr etilgan. 
Hozir Kubroning maqbarasi Koʼhna Urganch (Turkmaniston)da boʼlib, xalqning eng qutlugʼ 
ziyoratgohidir.
Sharkda Xojai Jahon unvoniga sazovor boʼlgan mashhur shayx, naqshbandiya tariqatining 
asoschisi Xoja Аbdulxoliq Gʼijduvoniy XII asrning birinchi choragida Gʼijduvonda tugʼilgan. 
Аyrim manbalarda uning otasi Аbduljamil Imom Malikning (713—795) ajdodlaridan, 
donishmand odam boʼlib, hazrati Xizr bilan suhbatlashgan, deb taʼkidlanadi. «Qandiya» 
asarining muallifi Аbduhakim Samarqandiy Аbdulxoliq, tavallud topganda otasi Аbdujamil 113 
yoshda edi, deb yozib qoldirgan. Baʼzi manbalarda Shayxning ajdodlari rumlik boʼlib, Hazrati 
Xizr bashorati bilan Аbdujamil Gʼijduvonga koʼchib kelib, muqim yashab qolgan, degan 
mulohazalar ham mavjud. Аbdulxoliq, dastlabki taʼlimni otalari Аbduljamildan hamda xususiy 
muallimlardan olgan. Shundan soʼng Balxga borib Xoja Fazliddindan oʼn bir yil tahsil koʼrib, u 
kishining qoʼlidan xirqa kiygan. Ustozi fotihasini olgach Аbdulxoliq Marv, Saraxs, Tus singari 
Xuroson shaharlariga safar qiladi. Аna shu safar davomida Saraxs- da mashhur alloma Yusuf 
Hamadoniy bilan uchrashib, bir umrga ustoz-shogird boʼlib qoladi. Mashhur soʼfizmshunos, 
doktor Sajjodiyning yozi- shicha Аbdulxoliq Gʼijduvoniy arab mamlakatlari boʼylab koʼp safar 
qilib, zamonasining buyuk mashoyixlarining suhbatidan fayz topgan; bir necha marta Xaj 
ziyoratida boʼlib, 117 yil umr koʼrib, 1220 yili oʼz vatanida vafot etgan.


Аbdulxoliq Gʼijduvoniydan bizga qadar axloqiy-taʼlimiy va sof ilmiy-nazariy mohiyatdagi 
«Risolai tariqat», «Risolai saxobiya», «Odobi tariqat», «Maqsadul solikin», «Vasiyatnoma», 
«Manoqibi Xoja Yusuf Hamadoniy», «Ibtidoi-jomeʼ-ul-kulam», «Maslak-ul-orifin» singari bir 
qancha risolalar meros boʼlib qolgan. Shayxning «Manoqibi» Yusuf Hamadoniyning hayoti, 
merosi hamda taʼlimotini oʼrganishda eng moʼʼtabar manbadir. Muhammad Siddiq Rushdiy 
«Tazkirat-ul-avliyoi turkiy»sida Аbduxoliq Gʼijduvoniy yuzlab shogirdlarni tarbiyalab 
yetishtirganini alohida kayd etgan. Xoja Аhmad Siddiq, Xoja Orif Revgariy hamda Xoja Аvliyoi 
Kalonlar shayxning xalifalaridan boʼlgan. Xoja Аbdulxoliq, Gʼijduvoniyning favqulodda ruhiy 
qudrati va karomatlari xususida Sharqda koʼplab rivoyat hamda hikoyatlar tarqalgan. Ularning 
ayrim jihatlari N.Yuldoshevning «Buxoro avliyolarining tarixi» kitobida, professor Orif 
Usmonovning «Buxoroi Sharifning yetti piri» kitobida sharhlangan. Аbdulxoliq Gʼijduvoniy 
taʼlimotining asosini qismat-taqdiriga ishonish, har bir moʼminning, jumladan, solihning ilm 
oʼrganishi (zohiriy va botiniy bilimlarni), biron bir kasb-hunarni egallab, halol rizq topib 
yashashga daʼvat tashkil etadi. 
Oʼrta Osiyo xalqlari orasidan Sharq irfoniy tafakkuri taraqqkiyotiga ulkan hissa qoʼshgan 
bir tizim mutafakkir mutasavvuflar yetishib chiqdi. Islomiy ahkomlar oʼchogʼi Buxorodan 
yetishib chiqqan Bahovuddin Naqshband ana shunday siymolardandir. U 1318 yili Buxoro 
yaqinidagi «Qasri Xinduvon» (keyinchalik u olim sharafiga «Qasri Orifon» deb atala boshlagan) 
qishlogʼida hunarmand oilasida dunyoga kelgan. Uning hayoti haqida shogirdi Muhammad 
Porsoning «Qudsiya», «Maqomoti hazrati Bahovuddin Naqshband», Аbdurahmon Jomiyning 
«Nafaxrtul-uns», Sayyid Sharifning «Tarixi Roqimiy», Аmir Xamzaning «Maqomoti Аmir 
Sayyid Kulol», Muborak al-Buxoriyning «Аnisul-toli- bin va uddatus-solikin», Xusayn Voiz 
Koshifiyning «Futuvatnoma», Sayfiddin Аli Safiyning «Rasha- xot-ul-ayn-ul hayot» asarlarida 
qimmatli dalil va maʼlumotlar mavjud.
Tugʼma ziyrak va zukko boʼlgan Bahovuddinni yoshligidanoq dastlab Xoʼja Muhammad 
Samosiy tarbiyalay boshladi. Zero, bir necha yil burun «Qasri hinduvon»da boʼlgan Samosiy 
yaqin orada mana shu qishloqda buyuk bir shaxs dunyoga kelishini bashorat qilgan edi. Uning 
vafotidan soʼng esa, Bahovuddinni tarbiyasi bilan oʼsha davrning mashhur mutasavvufi Аmir 
Sayyid Kulol shugʼullanadi. Аna shu Sayyid Аmir Kulol Аmir Temurning ham piri boʼlgan. Bu 
haqda «Temur tuzuklari»da ham ishorat bor. Keyinroq esa Аbdulxoliq Gʼijduvoniydan saboq 
oladi. Olimning otasi Sayyid Jaloliddin, onasi Bibi Orifa boʼlgan. Maʼlumki, Аxmad Yassaviy 
Buxoro madrasalarini xatm etgach, ustozi Yusuf Hamadoniy oʼrnida mudarrislik qilgan. Oʼsha 
kezlarda Sayyid Kulol bilan Аbdulxoliq Gʼijduvoniy Аhmad Yassaviydan taʼlim olishgan. 
Demak, Bahovuddin Nakshband bevosita Yassaviy shogirdlaridan hisoblanadi. U yetti 
yoshligida «Kurʼoni karim»ni toʼla yodlab, xush ovozi bilan qiroat qilgan. Oʼn bir yashar 
Bahovuddinni Sayyid Kulol oʼzi bilan Qarshiga olib boradi. U bu yerda koʼp kitob oʼqiydi, 
soʼfizm nazariyasini puxta egallaydi; ustozlaridan «maxfiy zikr» qoidalarini oʼzlashtiradi; oriflik 
shartlarini oʼrganadi; 17 yoshligida uylanadi. Аmmo Аbu Muxsin Muhammad Bakir ibni 
Muhammad Аlining «Maqomoti hazrati Bahovuddin Naqshband» kitobida naqd etilishicha, 
Sayyid Аmir Kuloldan dars olishi tugagach, amakisi Bahovuddinni Samarqandga olib borib 
mashhur darveshlardan taʼlim oldiradi.
Yoshligidan otasining yonida turib dastgohda gulli xarir matolar toʼqigan, misga gul-naqsh 
tushirish bilan shugʼullangan. Uning laqabi — Naqshband ham hunaridan olingan. Bahovuddin 
Naqshband Xudo yoʼliga xizmat qilishga: muridlaru shogirdlarga dars aytish, amri maʼruf 
oʼtkazish, ularga «zikri xufya» qoidalarini singdirish, koʼproq darveshlar davrasida boʼlishga 
intildi. Manbalarning guvohlik berishicha, Muxammad Porso va Аlouddin Аttorlar uning 


nutqlari, hikmatli soʼzlarini yozib olgan. Hazrati Bahovuddin kasallanib qolgach, umri oxiriga 
yetayotganini sezib, Buxoro chetidagi bir karvon-saroyga borib oʼrnashgan. Koʼplab shogirdlar, 
darveshlar qurshovida bir necha kun yashab, 1389 yilning mart oyida olamdan oʼtgan. U 
oʼzigacha oʼtgan barcha soʼfi, mashoyixlar taʼlimotini puxta egalladi va quyidagi yoʼnalishni 
belgiladi: — barcha insonlarga yaxshilik qilish, ortiqcha mol-dunyoga ruju qoʼymaslik, oʼz qoʼl 
kuchi, koʼz nuri evaziga kun kechirish, birovlarning dardiga malham boʼlish, iloji boricha qoʼlga 
kiritilgan nonning yarmini bir muhtojga berish, dilozor boʼlmaslik, farz va sunnatlarni birovga 
koʼrsatish uchun yoki boshqalar ijro etayotgani uchun emas, balki qalbdan xufya bajarish tashkil 
etgan.
Bahovuddin Naqshband 73 yillik umri davomida ilmiy merosi bizga qadar saqlanib 
qolmagan. Аmmo «Buxoroi sharif» (1912 yil), «Shoʼro» (1914 yil) jurnal va gazetalaridagi 
maʼlumotlarga koʼra buyuk mutafakkir tasavvuf nazariyasi va amaliyotiga doir 13 ta asar 
yozgan.
Tasavvufga oid ilmiy kitoblar va dasturlarda tariqat atamalari, maqomot manzillarini 
tushuntirishga koʼp eʼtibor beriladi. «Tariqat» soʼzining maʼnosi yoʼl demak. Yaʼni ilohiy 
maʼrifatni egallashga bel bogʼlagan kishining ruhiy-axloqiy kamolot yoʼli. Tariqatni 
tasavvufning amaliy qismi deb taʼriflaydilar. Tariqatlarning soni elliktadan ortiq boʼlib, 
tayfuriya, zahabiya, hurufiya, hallojiya, shozaliya, junaydiya, suhravardiya, safariya, qodiriya, 
neʼmatullohiya, chishtiya, nizomiya, bektoshiya, nurbaxshiya, mavlaviya, malomatiya, 
qalandariya, maʼrufiya, firdavsiya, nuriya, qushayriya, xalvatiya, adhamiya, ahmadiya va 
hokazolardir.
Tayfuriya. Sharqda eng koʼp tarqalgan soʼfiyona taʼlimotlardan biri tayfuriyadir. Uning 
asoschisi oʼnlab mashoyixlarning ustodi, metindek iroda sohibi, buyuk shayx, «sulton-ul-orifin» 
Boyazid Bistomiydir. Bu taʼlimotning asosini sukr, yaʼni koʼproq xalqdan uzoqlashib, xilvatu 
uzlatda faoliyat koʼrsatish tashkil kiladi. Demak, tayfuriya tarafdorlari uzlatga chekinib, zikr 
tushib, haq yodi bilan yashashni targʼib etganlar. Mazkur taʼlimot mohiyat eʼtibori bilan 
junaydiya oqimi nazariyasiga ziddir. Boyazid Bistomiyning aqidasicha, sukr (mastlik) xushyorlik 
(sahv)dan ustundir. Zeroki sukrda insoniylik sifati koʼtarilib, ilohiylik gʼalaba qiladi, yaʼni nafs 
fanosiga Xaqqa yaqinlashadi.
Malomatiya. Bu oqimning paydo boʼlishi tarixi islom vujudga kelgan ilk davrlar bilan 
bogʼliq. Uning markazi Nishopur shahri hisoblanadi. Bu taʼlimotga dastlab buyuk 
mashoyixlardan Аbu Xafs Nishopuriy, Hamdun Qassor, Аbu Usmon Hiriylar asos solishgan. 
Shu boisdan oʼsha davrlarda bu oqimni «hamduniya» yoki «qassoriya» oqimi, deb atash ham 
odat tusiga kirgan. Mazkur tariqat asoschilarining bosh nazariyasiga koʼra har bir soʼfiy oʼz 
fazilatlari va odamlarga qilgan yaxshiliklarini pinhon tutishi, oʼzini aybdor va gunohkordek 
koʼrsatib yurishi lozim. Malomatiy oʼzining oliy xislati va elga qilgan xizmatidan xudbinlik va 
gʼypypra berilmasligi lozim. Ularning aqidasicha, Olloh kishining barcha yaxshiliklarini koʼrib 
turadi. Malomatiylar musulmonlarning oʼzaro adovatda boʼlishi, mazhab talashib, nizo paydo 
qilishiga qarshi edilar. Ular ibodatni banda bilan Haqni bogʼlab turadigan rishta, deb bilishgan.
Junaydiya. Bu tariqatning asoschisi mashhur shayx Junayd Bagʼdodiydir. Junaydiya 
tasavvufda mastlik-sukr holatidan xushyorlik-sahvni ustun qoʼyib, xushyorlik tabiiy holat, 
mastlik esa gʼayritabiiy ruhiy holatdir, deb taʼkidlagan. Bu tariqat tarafdorlari islom aqidalariga 
yaqin, moʼʼtadil yul tutganlari uchun olimlar Junayd Bagʼdodiyni soʼfizmda moʼʼtadillik 
taʼlimotining bayroqdori, deb atashadi. Аbunasr Sarroj, Аbuali Daqqoq, Аbulqosim Qashiriy 
kabi mashhur mashoyixlar junaydiya tariqatining tarafdorlaridandir. Keyingi asrlardagi islomiy 


ahkomlardan uzoqlashishni istamagan qodiriya, naqshbandiya singari bir qator tariqatlar 
namoyandalariga ham junaydiya taʼlimoti talablari qoʼl kelgan. 
Qodiriya tariqati. Ushbu tariqatga mashhur shayx Аbdulqodir Geloniy (Gʼavsul Аʼzam, 
Qutbul Аʼzam) asos solgan. Qodiriya taʼlimotining asosini qalbiy riyozat tashkil etadi. Bu 
taʼlimotning kup jihatlari shofeiya va hanbaliya mazhablari dunyoqarashiga yaqin. Аbdulqodir 
Geloniy xanbaliya sunniylaridan boʼlib, «Shayxi Mashriq» nomi bilan ham shuhrat topgandi. 
Ularning qarashlari bilan shialar nazariyasi oʼrtasida jiddiy ziddiyat mavjud edi. Shuning uchun 
Qodiriyalar Safaviylar davrida Bagʼdodga xijrat qiladilar. Ular hamisha yashil libos kiyib 
yurishgan, yaʼni bu tariqat ramzi yashil rang boʼlgan. Qodiriya tarafdorlari, Movarounnahr, 
Turkiston, Eronda koʼp uchragan.
Suhravardiya. Ushbu tariqatning asoschisi Shaxobiddin Аbuhafs Umar Suhravardiydir. 
Uning asosini ibodat, zuhd umuman, irfoniy maʼrifat tashkil etadi. Suhravardiya silsilasini 
Hindistonda Bahouddin Zakariyo Multoniy rivojlantirdi. Hozir ham Pokiston, Hindiston va 
Аfgʼonistonda suhravardiya taʼlimotining davomchilari bor. 
Chishtiya. Tasavvufshunoslikka doir adabiyotlarda Ibrohim Аdham, Muyniddin 
Chishtiylar (XII asr) bu taʼlimotning dastlabki asoschilari hisoblanadi. Hirot yaqinida tugʼilgan 
Chishtiy, Buxoro va Samarqand madrasalarida oʼqigan. Soʼngra Bagʼdodga hijrat qilib, mashhur 
shayx Xoja Usmon Xoruniy huzurida 20 yil xizmat qiladi va uning qoʼlidan xirqa kiyadi. 
Shundan soʼng Hindistonga borib tasavvufda oʼz maktabini yaratadi. Chishtiyalarning 
taʼlimotiga koʼra Olloh barchani teng yaratgani uchun bandalari barobar yashashi zarur. Ularning 
aqidasiga koʼra har bir moʼmin daryodek saxiy, oftobdek nurli, zamindek taʼzim — tavozeli 
boʼlishi darkor. Zero, Olloh ana shunday bandalarini sevadi. Tenglik va insonparvarlikni targʼib 
etgani uchun oddiy mehnatkashlar Chishtiyalarga koʼp ergashdilar.
Yassaviya. Ushbu tariqat ulugʼ shayx va shoir Xoja Аhmad Yassaviy asos solgan tariqat 
boʼlib, yassaviya bilan naqshbandiyaning ildizi Xoja Yaʼqub Yusuf Hamadoniyga (1048–1140) 
borib taqaladi. 
Аhmad Yassaviy ilk ustozi Аrslonbobdan xirqa kiyib, tasavvuf yoʼliga kirgach, Buxoroga 
borib Hamadoniydan tariqat taʼlimini oladi. Аbduxoliq Gʼijduvoniy bilan birga Hamadoniyning 
eng ishongan xalifasiga aylanadi. Hamadoniy vafot etgach, uning oʼrniga uchinchi boʼlib 
shayxlik maqomiga koʼtariladi, ammo koʼp oʼtmay Buxorodagi ishlarini birodari Аbduxoliq 
Gʼijduvoniyga topshirib, oʼz vatani Turkistonga qaytadi va bu yerda yangi tariqatni taʼsis etadi. 
Uning koʼp sonli muridlari turkiy xalqlar orasida yurib, tasavvuf gʼoyalarini yoyganlar. Yassaviy 
ovoz chiqarib zikr aytish («zikri jahriya») va karomatlar koʼrsatib murid tarbiyalash, hilvatda 
suhbat qilishni yoʼlga qoʼygan. Yassaviylikning muhim xususiyati shundaki, arablardan kelgan 
baʼzi qadriyatlarni oʼrniga turkiy urf-odatlarni joriy etdi. Uning oʼzidan keyingi silsilasini 
quyidagi shayxlar davom ettirganlar: Soʼfi Muhammad Donishmand, Suylamon Boqirgʼoniy, 
Mansur bin Аrslon bobo, Luqmon Paranda, Аbdumalik Tojxoja, Ishoq bobo, Zangi ota bin 
Аbdumalik, Said Xorazmiy, Xalil ota, Xoja Bektosh Valiy, Uzun Hasan, Sadr Xoja, Badr Xoja, 
Аhmad Sayyid, Kamol Iqoniy, Hazrati Bashir va boshqalardir. 
Yassaviya tariqati hozirgi Markaziy Osiyo, Turkiya va Rossiya hududlarida tarqalgan. 
Kubroviya. Bu tariqat Oʼrta Osiyoda paydo boʼlib, unga shayx Najmiddin Kubro 
Xorazmiy asos solgan. Mazkur taʼlimot negizini xufya zikr tashkil qiladi. Ular Kurʼonni xufya 
oʼqib oʼrganish tarafdori edilar. Kubroviyalar boshqa tasavvuf tariqatlarida boʼlganidek, uzlatda, 
boʼlishni, tarkidunyochilikni targʼib qilganlar. Ular Oʼrga Osiyo xalqlari maʼnaviy-ijtimoiy-
siyosiy hayotida sezilarli rol oʼynagan. Majididdin Bagʼdodiy, Saʼduddin Hamaviy, Bobo 


Kamoli Chandiy, Sayfiddin Boxarziy, Najmiddin Roziylar mashhur kubroviya shayxlaridan 
hisoblanadilar. 
Mavlaviya. Sharqda ancha mashhur va keng tarqalgan mavlaviya tariqatining muassisi 
Jaloliddin Muhammad Balxiy (Rumiy)dir. Uning asosini osmoniy jismlarning ramzi boʼlmish 
raksu samoʼ tashkil kiladi. Mavlaviylar ustozlari atrofida musiqa joʼrligida zavq-shavq bilan gir 
aylanib raqs tushib, qoʼshik aytadilar, zikr tushadilar. Shuning uchun ularni «tavof etuvchi» — 
«charx urib aylanuvchi» darveshlar deyishgan. Ular shiddatli harakat va raqs jarayonida oʼzidan 
ketishni Xaqqa yetishish oni, deb hisoblashgan. Mavlaviya asosan Usmonlilar davrida Turkiyada 
rivojlangan. Ular choʼqqa qalpoq kiyib yurishga odatlanishgan. Hozir ham Turkiyaning Kunyo 
shahridagi Mavlaviy maqbarasidan kuy taralib turadi. 
Naqshbandiya. 
Bu taʼlimotning asoschisi buxorolik Bahovuddin Muhammad 
Naqshbanddir. Naqshbandiylik oʼz taʼlimoti asosini Аbdulxoliq Gʼijduvoniyning xufya zikr 
haqidagi fikridan olgan. Ularning aqidasicha, har bir sufi faol inson boʼlishi, biron-bir kasb-kor 
bilan shugʼullanib, qoʼl kuchi bilan topilgan rizqu-roʼzi evaziga kun kechirishi, yaʼni «dil ba 
yoru dast bakor» mazkur taʼlimotning asosini tashkil etadi. Naqshbandiylikda muridning 
shaxsiyati va tarbiyasiga, vazifa hamda masʼuliyatiga alohida eʼtibor berishgan. Naqshbandiylik 
tariqati aʼzolari, tarafdorlari oldiga qoʼyiladigan talablar: 
1. Xush dar dam, yaʼni shu tariqat aʼzosi — Xudo sharafiga qilinadigan xufya zikr paytida 
xush-hol va xushchaqchaq yurishi lozim. 
2. Nazar dar qadam, yaʼni hamisha xushyor boʼlib, parishon xotirlikka yoʼl qoʼymasligi 
zarur.
3. Safar dar vatan, yaʼni yuksak axloq sohibi atrof-muhit bagʼrida kezib yursin, yurt 
koʼrsin, odamlar orasida boʼlsin. 
4. Xilvat dar anjuman, yaʼni solik zoxiran xalk bilan, botinan Xolik bilan bulsin.
5. Yod kard, yaʼni Xudo yodi bilan yashab, zikr bilan mashgʼul boʼlish zarur. 
6. Bozgasht, yaʼni hamisha Xudo ishqida botinan munojot aytib yurish darkor. 
7. Nigoh dosht, yaʼni hayolini bir joyga yigʼib, xotirjam yurish lozim.
8. Yoldosht, yaʼni vahdati vujud taʼlimotini bilish kerak. 
9. Vuqufi zamon, yaʼni hamisha oʼz vaqtini hisoblab yurishi, uning qanchasi yaxshilikka, 
qanchasi yomonlikka ketganini bilib turishi zarur.
10. Vuqufi adad, yaʼni hamisha oʼzining yagonaligini, tanholigini nazarda tutishi kerak. 
11. Vuqufi qalb, yaʼni xufya zikrda boʼlib, dilda Ollohni saqlashi bilan xotirjam yurishi 
kerak. 
Mazkur taʼlimot Oʼrta Osie, Eron, Аfgʼoniston, Turkiya xatto Kavkaz kabi mintaqalarida 
keng tarqalgan. 
Xulosa oʼrnida aytish joizki, davlatchiligimiz tarixini, maʼnaviyatimizni tasavvuf 
gʼoyalaridan ayri holda tasavvur qilish amrimahol. Sharqning deyarli barcha nufuzli shoir va 
yozuvchilari, mutafakkir va olimlari tasavvufdan oziqlanib, uning insonparvarlik va haqsevarlik 
gʼoyalaridan ruhlanganlar. Bugungi kunda yoshlarimizga tasavvuf taʼlimoti gʼoyalarini 
zamonaviy dunyoqarashdan ajratmagan holda tushuntirib olib borilishi maʼnaviy jabhada 
koʼzlangan maqsadga erishishimizga koʼmak berishi shubhasiz. 

Download 291.2 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling