Zararlanish ob’eklari va hashorotlar hamda kanalar tomonidan zararlanganlikni aniqlash usullari.
Don qabul qilish korxonalarida, sotish bazalarida, elevatorlarda, un tortish, yorma va omixta yem zavodlarida quyidagilar zararlanish obyektlari hisoblanadi:
- don va uni qayta ishlash mahsulotlari, shu jumladan, omixta yem ham;
- ishlab chiqarish xonalari (omborxonalar, elevator, un tortish, yorma va omixta yem zavodlarining korpuslari) va ularga joylashtirilgan jihozlar;
- korxona hududi;
- don va don mahsulotlarini korxona ichida tashish va quritish uchun, temir yo’l, suv va shox ko’chalar bo’yicha tashish uchun transport vositalari;
- tara;
- don massasini tozalash paytida ajralib chiqadigan chiqindilar va donni un va yormaga aylantirish jarayonida hosil bo’ladigan chiqindilar.
Obyektlardan birining dastlabki zararlanishi, odatda, zararkunandalarni saqlagan don turkumlarini kelib tushishi natijasida sodir bo’ladi. Bunda zararlanganlik aniqlangan yoki aniqlanmagan bo’lishi mumkin, ya’ni namunalar tekshirilganda zararkunandalar aniqlanmasligi mumkin. Dastlabki zararlanish sababchisi qushlar va kemiruvchilar kam bo’lishi mumkin.
Zararkunandalar tarqalishining har xilligi barcha obyektlarni doimiy nazoratni zararlanish o’choqlarini o’z vaqtida aniqlashni talab qiladi. Nazoratning davriyligi amaldagi yo’riqnomada ko’rsatilgan. Masalan, korxona hududini yilning issiq paytida 1 oyda kamida bir marta; donlar hamda brezentlarni qo’llashdan oldin va keyin va k*k.
Obyektlar zararlanganligi bo’yicha holatni kuzatish korxonaning ishlab chiqarish-texnologik laboratoriyasi zimmasiga yuklatiladi. Alohida obyektlarni kuzatish ishlarini don mahsulotlari saqlanuvchanligiga javobgar shaxslar ham olib borishlari mukin.
Don zahiralarining zararkunandalariga qarshi kurashishning profilaktik choralari.
Umumdavlat manfaatlaridan kelib chiqqan holda, don mahsulotlari zararlanishini bartaraf etuvchi profilaktik choralar nafaqat donni saqlovchi va qayta ishlovchi korxonalarda, balki qishloq xo’jaligida, savdo va umumiy ovqatlanish tizimida ham o’tkazilishi kerak.
Dastlab, don ayrim zararkunandalar bilan dalada, xirmonlarda, jamoa xo’jaliklari omborxonalarida zararlanishi mumkin. Don mahsulotlarini himoya qilish bo’yicha ixtisoslashtirilgan tashkilot va don qabul qilish korxonalari ishchilarining majburiyati don topshiruvchilarga donni, ya’ni hosilni yig’ishtirib olish vaqtida, ishlov berish paytida, vaqtinchalik saqlash va tashish vaqtida zararlanishni oldini oluvchi sharoitlarga rioya qilish zarurligini tushuntirishdan iborat.
Don zaxiralari zararkunandalariga qarshi kurashning profilaktik (ogohdantiruvchi) choralari:
1) don mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash joylariga zararkunandalar o’tishini oldini oluvchi tadbirlarni o’tkazish;
2) sanitariyaholatiga va tashish qoidalariga rioya qilish;
3) zararkunandalar rivojlanishi uchun noqulay sharoit yaratish.
Do'stlaringiz bilan baham: |