«Germaniya. Qish ertagi». Genrix Geyne ijodining yuqori cho‘qqisi bo‘lmish bu doston (1844) shoir vatanining ozodligi, kelajagi haqida yozilgan.
SHoir doston nomidagi qish so‘zi orqali Germaniyaning qoloqligiga, u erda hukm surayotgan jaholatga ishora qiladi.
Genrix Geyne vatanini bir butun demokratik davlat sifatida ko‘rish orzusi bilan yashaydi. Asar chinakam xalqchillik ruhida yozilgan. Xalq afsonalari, tarixiy voqealar tavsifi birin-ketin almashib turadi. SHoir Vatani chegarasiga qadam qo‘yar ekan, ona tilini eshitib, ko‘zlaridan o‘t chaqnaydi, xursandchilikdan yuragi to‘lib-toshadi. Ammo bu quvonch uzoqqa cho‘zilmaydi. CHegarada uning chamadonlarini tintuv qiladilar. SHoir zaharxanda bilan pruss soqchilari ustidan kuladi.
Geyne vatani Germaniyaning birligi masalasiga e’tiborni qaratadi. Hali ham o‘ttizdan ortiq mayda davlatchalarga bo‘linib yotgan Germaniya shoirda achinish, o‘kinch hislarini uyg‘otadi. Asarning oxirida shoir pruss qiroliga zolimliklari uchun narigi dunyoda Dantening do‘zaxida kuyishini eslatadi. Doston Germaniyada hukm surayotgan reaksiyaga nafrat, nemis xalqiga, uning kelajagiga muhabbat va ishonch ruhi bilan sug‘orilgan.
Geyne she’riyatining bir qismi o‘zbek tiliga ham o‘girilgan. Oybek, Mirtemir, SHukrullo, Xayriddin Saloh, Abdulla SHer va boshqalar o‘zbek kitobxonini buyuk nemis shoiri lirikasidan bahramand qilganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |