2. Adabiyotda tanqidiy realizmning paydo bo‘lish omillari. Fransuz adabiyotida realizm
Download 169.16 Kb.
|
Jahon adabiyotida adabiyotida realizm muammosi
FRANSUZ ADABIYOTIDA TANQIDIY REALIZM
PER JAN BERANJE (1780-1857) Hayoti va ijodi XIX asrning birinchi yarmida Fransiyada inqilobiy poeziya rivojlanadi va bu adabiyot mehnatkash xalq ommasining kayfiyatlarini aks ettiradi. Ana shu demokratik adabiyotning yirik vakili buyuk qo‘shiqchi shoir Per Jan Beranjening ijodi burbonlar restavratsiyasi (1814-1830) hamda iyul monarxiyasi (1830-1848) yillariga to‘g‘ri keladi. Uning she’rlarida fransuz taxtiga qaytib kelgan dvoryan-aristokratlar reaksiyasiga hamda burjua qiroli Lui Filipp zulmiga qarshi xalqning keskin noroziligi o‘z ifodasini topgan. Beranje 1780 yili Parijda mayda savdogar oilasida tug‘ildi. Bo‘lajak shoir to‘qqiz yoshida 1789 yil 14 iyul kuni Parij proletariati tomonidan zulm va istibdodning istehkomi Bastiliyaning ag‘darib tashlangani guvohi bo‘ldi. Keyinchalik bu buyuk voqeaga bag‘ishlab, Beranje o‘zining «O‘n to‘rtinchi iyul» she’rini yozgan. Beranje yoshligida revolyusion ruhdagi maktabda o‘qiydi. Besh yil o‘tgach, otasi uni Parijga olib ketadi. Beranje otasining savdo-sotiq ishlariga yordam berishi kerak edi. Ammo u tijoratga aslo qiziqmadi. Otasi bilan aloqasini uzib, mustaqil hayot kechira boshladi va poeziyaga ixlos qo‘ydi. Beranje dastlab may, sevgi, o‘yin-kulgi haqida she’rlar yozdi. 1813 yili uning birinchi yirik siyosiy hajviy qo‘shig‘i «Qirol Iveto» nashr qilinadi. Beranjening bu qo‘shig‘ini butun Parij kuylaydi. Avtorning nomi hammaga shoyon bo‘ladi. Beranje Ivetoni tinchlikparvar, o‘z xalqi va davlatining baxt-saodatini yuqori qo‘yadigan saxiy qirol sifatida tasvirlaydi. Beranje satirasining tig‘i zulm-dahshatga qarshi qaratilgan edi. Bu qo‘shiq yozilgan davrda Napoleonning bosqinchilik urushlari avjga chiqqan, xalq ommasining soliq to‘lashdan tinka-madori qurigan edi. Napoleon imperiyasi emirilgach, Fransiya taxtiga yana avvalgi hukmronlar qaytadilar. Burbonlar restavratsiyasi davrida dvoryanlar, zodagonlar hamda ruhoniylar oldingi imtiyozlarini qaytarib oladilar. Mamlakatda reaksiya avj olib, xalq ommasining ahvoli battar og‘irlashadi. CHinakam xalq shoiri bo‘lgan Beranje mana shu restavratsiya yillarida siyosiy jihatdan nihoyatda o‘tkir bo‘lgan qo‘shiqlarini yaratdi. Bunga shoirning «Zotli itlar arzi» nomli o‘ta satirik she’rini misol keltirish mumkin. Revolyusiya tufayli chet elga qochgan fransuz muhojirlari restavratsiyadan so‘ng yana vataniga qaytib, avvalgi imtiyozlarini talab qiladilar. Ularning Napoleon ag‘darilishidan shod bo‘lib, endi yana saroyga qaytish imkoni tug‘ilgani, saroyning bu tekinxo‘rlarga ko‘rsatadigan marhamatlari to‘g‘risida shoir achchiq kinoya qiladi. Dvoryan muhojirlari zotli itlar qiyofasida ham qirol saroyi Tyuilriga kirishga ruxsat so‘rab arz qiladilarki, Beranjening yuqori tabaqa vakillariga nisbatan g‘azab va nafrati bu she’rda barala namoyon bo‘lgan. Beranje «Markiz de Karaba» nomli qo‘shig‘ida restavratsiya tufayli yana Fransiyaga qaytib kelgan, o‘zining nasl-nasabini ko‘klarga ko‘tarib maqtayotgan feodal-dvoryanni, zo‘ravon, surbet, tekinxo‘r amaldorni fosh qiladi. Markiz de Karaba tarix sabog‘ini olmagan. U avvalgiday xalqqa nafrat bilan qaraydi, boylik, hukmronlikka o‘ch. SHoirning bu she’ri burbonlar restavratsiyasining fransuz xalqi boshiga keltirgan falokatlaridan darak beradi. Bu asar yuqori tabaqa vakillariga nisbatan keskin hajvdan iborat. Beranjening bir qancha she’rlarida cherkov ahlining jirkanch basharasi fosh qilinadi. SHoir ruhoniylar haqida gapirar ekan, ularning savodsiz, qobiliyatsiz, tamagir kishilar ekanligini ko‘rsatadi. Mayxo‘r monaxlar, qizg‘anchiq abbatlar Beranje asarlarida ilm va taraqqiyotning ashaddiy dushmanlari sifatida qoralanadi. Ular hamma erda jirkanch ishlarni qiladilar. Tinch oilani buzadilar, odamlar o‘rtasida yovuzlik o‘tini yoqadilar, erkin fikr egalaridan o‘ch oladilar, maktab va bolalar tarbiyasini o‘z qo‘llariga olishga urinadilar. Beranje bir qancha she’rlarida sudyalar, deputatlarning xoinligini ko‘rsatadi. SHoirning «Janob Iskariotov» nomli she’rida restavratsiya davrida mamlakatning ichki siyosati sotqinlik va josuslik asosiga qurilganligi qattiq qoralanadi. Beranje qamoqda ekan, kurashni to‘xtatmadi. SHoir inqilobiy kurash yillarining xotirasini sira yoddan chiqarmadi. Bastiliya ag‘darilgan kunning 40 yilligi munosabati bilan shoir qamoqda «O‘n to‘rtinchi iyul» (1829) nomli she’rini yaratdi. Quyida M.Turobova tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan ana shu she’rdan parcha keltiramiz: Xotiram, asoratda ham dilkash, ravonsan, YOshlikdan quloqda qolgandi shu gap: - Qurol! Bastiliya! Intiqom uchun! SHaharlik, hunarmand jangga! Bu – talab! Ayollar yonog‘i gulgunu alvon, Do‘mbira gupuri. Zambarak tovushi. SHarafi mangulik – tantana kuni, Tantana kuni... Titrar Qirol, titrar avlodi. YOrishadi idrok, Fransiya ozod. SHu erur yakuni tantana kuni, Tantana kuni. Uning bu davrda yozgan «Jak», «Malla Janna» kabi she’rlari diqqatga sazovordir. «Jak» nomli qo‘shiqda kuylanishicha, sud amaldorlari dehqon Jakning uyiga soliq yig‘ish uchun kelgan. Jakning xotini erini chaqirib, qarzini to‘lashning biror ilojini topishga, yoki ozroq muddat muhlat so‘rashga undaydi. Ammo u xotinining xitoblariga javob bermaydi. Bechora Jak allaqachon olamdan o‘tgan, yorug‘ dunyo tashvishlaridan butunlay qutulib, abadiy ko‘z yumgan edi. Bu qo‘shiq oddiy mehnat kishisining ayanchli ahvolini haqqoniy aks ettiradi. Beranje xayoliy sotsialistlar SHarl Fure, Sen-Simon hamda Anfantenlarga hurmat bilan yondashadi. SHoir «To‘rt davr», «Tentaklar» kabi she’rlarida xayoliy sotsialistlarning xalq baxt-saodati haqida orzu qilganlarini ta’kidlaydi. Beranje qo‘shiqlari o‘z davrida nihoyatda ommalashgan edi. Uning qo‘shiqlari asosini xalq og‘zaki ijodi tashkil qilgan, shoir xalq poeziyasi durdonalaridan ustalik bilan foydalangan. Folklor motivlari, o‘ynoqi va o‘tkir iboralar, jonli til, engil qofiyalar Beranje qo‘shiqlariga qanot bag‘ishlagan. Beranje she’riyatining muhim ahamiyati shundan iboratki, u o‘z ijodini ongli ravishda oddiy xalq xizmatiga, mehnatkash xalq manfaatlariga bo‘ysundirdi. Beranje zamonasida tahqirlangan, yozuvchilar o‘z asarlariga asosiy qahramon qilib olishga or qilgan oddiy xalq shoirga ilhom manbai bo‘ldi. «Xalq – mening ilhomim!» degan edi Beranje. O‘z ozodligi uchun kurashga otlangan xalqqa shoir o‘zining butun umid ko‘zini tikkan edi. «Xalqlarning muqaddas ittifoqi» (1818) nomli she’rida: «Men Fransiyada birinchi bo‘lib xalqlar ittifoqini madh etdim»,- deya faxrlanadi Beranje. Beranje qo‘shiqlari badiiy nafosati, poetik takomili bilan ajralib turadi. SHoir adabiyotga qo‘shiq janrini kiritib, soddalikka, ohangdorlikka erishdi. Uning she’riyati xilma-xilligi, rang-barangligi bilan ajralib turadi. O‘tkir pamfletlar, ehtirosli publitsistika, mayin lirik monolog, qiziqarli hayotiy lavhalar shoir qo‘shiqlarining mundarijasi nihoyatda boyligidan darak beradi. Beranjening qo‘shiqchilik san’atidan buyuk yozuvchilar Balzak, Stendal, Merime, Jorj Sand, Gyote va boshqalar hayratga keldilar. Beranje yaratgan qo‘shiq janriga uning shogirdlari: Ejen Pote, Jan-Batist Kleman kabi buyuk kommunar shoirlar sodiq bo‘lib qoldilar va uni davom ettirdilar. Beranje Rossiyada o‘zining ikkinchi vatanini topdi. Uning she’rlari rus tiliga tarjima qilinib, rus revolyusion-demokratlari V.G.Belinskiy, N.G.CHernishevskiy hamda N.A.Dobrolyubovlarning tahsiniga sazovor bo‘lgan. Beranjening ijodi jahon madaniyati xazinasiga katta boylik bo‘lib qo‘shildi. Uning qo‘shiqlari dunyoning ko‘p tillariga, jumladan o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan. Download 169.16 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling