2. Adabiyotda tanqidiy realizmning paydo bo‘lish omillari. Fransuz adabiyotida realizm
Download 169.16 Kb.
|
Jahon adabiyotida adabiyotida realizm muammosi
«Qizil va Qora». Stendalning «Qizil va Qora» (1830) romanidagi qizil sifati «erkinlik», «respublika» tushunchalarini anglatsa, qora «reaksion kuchlarni» bildiradi. Adib Dantonning «Haqiqat, achchiq haqiqat!» degan so‘zlarini romaniga epigraf qilib oladiki, bu bilan u asar voqealarining faqat chin haqiqatni hikoya qilishini ta’kidlaydi.
Roman syujeti 1827 yili gazetada bosilgan sud voqealaridan olingan. Antuan Berte nomli yigit o‘zi o‘qituvchilik qilgan xonadon bekasi Mishu xonimga suiqasd qilgan va buning uchun u o‘lim jazosiga hukm etilgan. Stendal ana shu sud xronikasini olib, uni badiiy jihatdan qayta ishlab yirik, salmoqdor asar yaratadi. «Qizil va Qora» romanining qahramoni kambag‘al duradgorning o‘g‘li Jyulen Sorel. U maktabda yaxshigina bilim olgan, qobiliyatli, shuhratparast yigit. Jyulen Sorelning harakat doirasi Verer, Bezanson, Parij shaharlari bilan belgilangan. Verer shahrining meri zodagon janob de Renal Jyulen Sorelni bolalariga tarbiyachi qilib oladi. Sorel bu xonadonda yuqori tabaqa vakillari bilan yaqindan tanishadi. Uy bekasi Renal xonimning sevgisini qozonadi. Renal xonim bilan Jyulen Sorelning xatti-harakatlarini qoralagan xatlar ko‘payib ketganidan so‘ng janob de Renal bu gap-so‘zlarga chek qo‘yish uchun tarbiyachi yigitni Bezanson shahariga diniy seminariyaga o‘qishga jo‘natadi. Sxolastik bilim berish usuli, har qadamda studentlarni ta’qib ostiga olish, ular ketidan josuslik qilish singari seminariya tartiblari qobiliyatli qahramonni qanoatlantirmaydi. Endi Jyulen Sorel diniy seminariyani tashlab, o‘z baxtini sinab ko‘rish maqsadida Parijga qarab yo‘l oladi. Jyulen Sorel Parijda yirik zodagon markiz de lya Mol saroyiga kotib va kutubxona mutasaddisi bo‘lib ishga kiradi. Qobiliyatli yigit tez orada markiz de lya Mol saroyida ko‘zga tashlanib qoladi. YOsh Sorel markiz de lya Molning qizi Matildaning diqqatini o‘ziga tortadi. Bundan xabar topgan markiz qizini kambag‘al fuqaro yigit – plebeyga berishga rozi bo‘lmaydi. Oxirida ota qizining istagiga moyillik bildiradi. Lekin, baribir, markiz bo‘lajak kuyovining avval ishlagan joyidan, ya’ni Verer shahridan u haqda xarakteristika so‘raydi. Renal xonim katolik ruhoniysining tazyiqi ostida Jyulen Sorelga salbiy xarakteristika yozadi. Tabiiyki, markiz de lya Mol endi Jyulen Sorelni kuyov qilishdan bosh tortadi. Bundan g‘azablangan yigit Renal xonimdan o‘ch olish uchun Verer shahriga oshiqadi. Uni ibodatxonada uchratib, to‘pponcha bilan otadi. YUqori tabaqa vakili bo‘lgan ayolga suiqasd qilganligi uchun yigit qamoqqa tashlanadi. Sud unga o‘lim jazosi hukmini chiqaradi. «Janobi maslahatchilar!- deydi Jyulen Sorel sudda,- ...Siz oldingizda o‘zining ayanchli qismatiga qarshi isyon ko‘targan oddiy bir fuqaroni ko‘rib turibsiz. Men sizlardan rahm-shafqat so‘ramoqchi emasman... meni o‘lim kutmoqda, meni qattiq jazoga hukm qiladigan odamlarni ko‘rib turibman. Ular yo‘qsillikda ezilgan, lekin yaxshi ma’lumot olishga muvaffaq bo‘lgan va shu boisdan takabbur boyonlar, yaxshi jamiyat, deb ataydigan muhitga suqulib kirishga jur’at etgan past tabaqa yigitlariga ibrat bo‘lsin uchun ham shunday qiladilar». Qahramon o‘zining tamomila dushman doiralari orasida bo‘lib, kuch uning dushmanlari tomonida ekanini yaxshi biladi, ammo ulardan marhamat kutmaydi. Mag‘rur turib o‘lishni afzal ko‘radi. Roman qahramoni Jyulen Sorel oddiy kambag‘al oiladan chiqqan yigit. U chakdon, aqlli, ish bilarmonligi bilan yuqori tabaqa kishilaridan ustun turadi. SHuning uchun ham Renal xonim va Matildalarning muhabbatini qozonadi. O‘zidan bir necha pog‘ona ustun turgan bu xonimlarning sevgisiga sazovor bo‘lish Jyulen Sorelda o‘z qobiliyatiga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlaydi. CHunki har ikkala ayolning diqqatini o‘ziga torta olgan yosh qahramon bu holni yuqori sinf vakillari ustidan qozongan g‘alabasi deb qaraydi. SHuning uchun Jyulen Sorel atrofidagi hukmron sinf vakillaridan, o‘sha tuzumdan uni tan olishlarini, o‘z qobiliyatiga yarasha joy berishlarini talab qiladi. Bu esa erksevar plebey Sorelning o‘sha zamon qora kuchlariga qarshi kurash ochganini bildirar edi. Hukmron sinf kambag‘al tabaqadan chiqqan kishini, uning aql-idroki, qobiliyatini ko‘rolmaydi. SHuning uchun Jyulen Sorel talablari qora guruhchi kuchlar tomonidan keskin qarshilikka uchraydi. Natijada kuchlar teng bo‘lmagan jangda roman qahramoni halok bo‘ladi. Jyulen Sorel faqat zodagon ayolga nisbatan qilgan suiqasdi uchun emas, balki adolatsiz tuzumga qarshi o‘zining insoniy haq-huquqlarini talab qilib chiqqanligi uchun ham raqiblar undan o‘ch oladilar. Garchi qahramon halok bo‘lib, qora kuchlar g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, asar kitobxonda tushkunlik kayfiyatini tug‘dirmaydi. CHunki qahramonning qora kuchlarga bo‘yin egmasligi, o‘zini ulardan past tutmasligi, mustaqil va mag‘rur holda ularga qarshi sudda keskin so‘zlar aytishi yigitning obro‘sini oshiradi. Hukmron sinf vakillari – Verer shahrining meri, mix ishlab chiqaradigan yirik zavod direktori zodagon janob de Renal, qamoqxona nazoratchisi – boy burjua vakili janob Valno, Bezanson shahri diniy seminariya boshliqlari va, nihoyat, Parijning yuqori tabaqa aristokratlaridan biri markiz de lya Mollar o‘z manfaatlarini o‘ylash, ko‘proq foyda olish bilan ovora. Ular har qanday yangilikdan qo‘rqadilar. O‘z qobig‘iga o‘ralib olgan ojiz qurt singari, o‘ta ehtiyotkorlik bilan harakat qiladilar. Stendal roman qahramoni atrofidaga qora kuchlarning qo‘rqoq, tamagir, yovuz, jirkanch qiyofalarini katta mahorat bilan tasvirlagan. Ijtimoiy romanning ajoyib ustasi, Fransiya hayotining restavratsiya davri «yilnomasi»ni aks ettirgan Stendal ayni vaqtda o‘z qahramonlari qalbini chuqur ifodalay olgan mohir psixolog hamdir. U yaratgan Jyulen Sorel, Renal xonim, Matilda kabi personajlar boy ichki dunyosi, his-tuyg‘ulari, sevgisi bilan kitobxon qalbini o‘ziga rom qiladi. Stendalning romani bosilib chiqqan paytda ko‘p zamondoshlari uni to‘g‘ri tushunmadilar. Balzak, Gyote singari yirik yozuvchilar asarning buyukligini qayd etdilar. «Qizil va Qora» XIX asrning oxirlariga kelib ko‘pchilik diqqatini o‘ziga tortadi. «Qizil va Qora»ni o‘zbek kitobxonlari ham H.To‘rabekov tarjimasida sevib o‘qimoqdalar. Download 169.16 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling