2. Adabiyotda tanqidiy realizmning paydo bo‘lish omillari. Fransuz adabiyotida realizm
Download 169.16 Kb.
|
Jahon adabiyotida adabiyotida realizm muammosi
«Parma ibodatxonasi». Yuqorida aytib o‘tilganidek, Stendal Italiya hayotiga qiziqib qaragan. «Parma ibodatxonasi» nomli romanining (1839) mavzui ham Italiyaga bag‘ishlangan.
Stendal bu asariga shimoliy Italiyaning Parma knyazligida ro‘y bergan voqealarni asos qilib olsa-da, unda restavratsiya davridagi Evropa hayotini umumlashtirib ko‘rsatadi. Romanda Karbonarlar harakati davrining aks-sadosi, 1795 yilgi Napoleon yurishlari davrida Avstriya zulmidan ozod qilingan, so‘ngra Napoleon fransuz taxtidan ketgach, 1814 yilda qaytadan Avstriya hukmronligi ostiga o‘tgan shimoliy Italiyada yuz berayotgan siyosiy voqealar ifoda qilinadi. «Parma ibodatxonasi»ning qahramoni ham Jyulen Sorel singari erksevar, o‘z vatani Italiyaning ozodligi uchun kurashga tayyor turgan yosh yigit Fabritsiodir. Fabritsio XIX asr boshlaridagi italiyalik vatanparvar kishi obrazi. YOsh Fabritsio Napoleon Bonapartga katta umid bilan qaraydi. Uni o‘z vatani Italiyani Avstriya zulmidan xalos qiladi, deb tushunadi. SHuning uchun Fabritsio Napoleonning eng so‘nggi jangi - Vaterloo yaqinidagi urushda ishtirok etish uchun boradi. Qahramon bu jangda jasorat va mardlik ko‘rsatib, buyuk siymo hisoblangan Napoleonning tahsiniga sazovor bo‘lmoqchi. Ammo Vaterloo jangi Napoleonning mag‘lubiyati bilan tugaydi. SHunday qilib, Fabritsio qahramonlik haqidagi niyatlarini amalga oshirolmaydi. U ham Jyulen Sorel singari restavratsiya davrida o‘ziga yo‘l topa olmaydi, o‘z kuchlarini ishlata bilish imkonidan mahrum. Parma knyazi Ernest IV Fabritsio singari erksevar kishilarni doim ta’qib qiladi. Bu knyaz o‘z atrofiga eng razil shaxslarni to‘plagan. U hukmron bo‘lgan Parma knyazligining qamoqxonalari mahbuslarga to‘lib-toshgan. Ozgina bo‘lsa-da mustaqillik, erkinlik kayfiyatini knyaz Ernest isyon, o‘z hukmronligiga qarshi norozilik deb biladi. Ernest o‘zining barcha xatti-harakatlarida fransuz qiroli Lyudovik XIV ga taqlid qiladi. Romanda Fabritsio, uning xolasi – jasoratli ayol gersoginya Sanseverina, qo‘rqmas qasoskor, inqilobchi Ferrante Pallalar knyaz Ernest siyosatiga qarama-qarshi qo‘yilgan. «Italyan tiynati» (xarakteri) deb nom olgan bu kishilar qanday bo‘lmasin zulmni, knyaz zug‘umini jilovlashga, undan qasos olishga urinadilar. Gersoginya Sanseverina o‘zi zodagonlar tabaqasiga mansub bo‘lishiga qaramay, Avstriya zulmiga, knyaz Ernest IV siyosatiga qarshi kurash olib boradi. Fabritsio zolimlar tomonidan qamoqqa tashlanganda, grafinya Sanseverina o‘zining obro‘siga, nufuzli tabaqa vakilasi ekanligiga qaramay, knyazga qarshi ish ko‘radi. U jiyani Fabritsioni qamoqdan qutqaradi. Olijanob isyonkor Ferrante Palla orqali Parma knyazini o‘ldirtiradi. Italiyaning chinakam vatanparvarlari bo‘lgan bu kishilarni hayotga, ozodlikka intilish, kuch va iroda birlashtirib turadi. Stendal romanida graf Moska obrazi ham bor. O‘z yurtining vatanparvari bo‘lmish bu odam restavratsiya davrida ozodlik ideallariga, karbonarlar harakatining istiqboliga ishonmaydi, chunki bu harakatlarning xalq ommasi bilan aloqasi yo‘q edi. SHuning uchun o‘zboshimcha knyaz saroyida xizmat qilib, oz bo‘lsa-da, o‘z vatani taqdiriga ko‘maklashishni o‘ylaydi. Stendal bu ehtiyotkor graf Moska obrazidan ko‘ra vatanparvar karbonar Ferrante Pallaga xayrixohlik bilan qaragan. Lekin Ferrante Palla obrazi yozuvchining «Italiya yilnomalari» silsilasiga mansub bo‘lgan «Vanina Vanini» novellasining qahramoni Petro Missirillidan farq qiladi. Agar Petro Missirilli karbonarlar harakatisiz o‘z hayotini tasavvur qilolmagan bo‘lsa, Ferrante Palla Italiyada yaqin orada inqilob bo‘lishiga umid qilmaydi. CHunki restavratsiya davrining mudhish reaksiyasi hukm surayotgan bir davrda ish ko‘rayotgan Ferrante Palla Petro Missirrilli singari birinchi planda ko‘rsatilmaydi. U romanda epizodik obraz sifatida berilgan. Stendalning XIX asrning 20-yillarida yozgan asari «Vanina Vanini» qahramoni Petro Missirilli bilan 30-yillarda yozgan «Parma ibodatxonasi» romanidagi qahramon Ferrante Palla o‘rtasidagi tafovut ana shu tarixiy sharoit taqozosi bilan belgilanadi. YOzuvchining «Qizil va Qora» romanidagi Jyulen Sorel kabi «Parma ibodatxonasi» romanining qahramonlari ham kitobxon qalbini o‘ziga rom qilish qudratiga ega. Evropada reaksiya hukm surayotgan, «muqaddas Ittifoq» tahdid solayotgan bu sharoitda jasoratli, kuchli, irodali ajoyib qahramonlar galereyasini yaratish Stendal ijodining demokratizmini ko‘rsatadi. Romanning Vaterloo jangiga bag‘ishlangan manzaralari Onore de Balzak bilan Lev Tolstoylarning tahsiniga sazovor bo‘lgan. Stendal romanidan ta’sirlangan Balzak u haqda «Beyl haqida etyud» nomli maqola yozadi. Bunda Balzak fransuz yozuvchisi asariga yuqori baho berib, uni «shohona» asar deb atadi. Stendal asarlari hayotiy realizm bilan sug‘orilgan. YOzuvchining har bir qahramoni ma’lum davr g‘oyalarini o‘zida aks ettiradi. YOzuvchi hamma vaqt hayot haqiqatlariga sodiq bo‘lib qoldi. O‘z asarlarida dvoryanlar o‘rniga kelayotgan burjuaziya sinfining jirkanch tomonlariga o‘t ochgan yozuvchi hukmron sinfga qarama-qarshi qilib quyi tabaqa orasidan chiqqan ajoyib xalq vakillarini qo‘yadi. Bularga Petro Missirilli, Jyulen Sorel, Ferrante Pallalarni ko‘rsatish mumkin. Stendal qahramonlari: Fabritsio, gersoginya Sanseverina, Ferrante Palla, Jyulen Sorel zamonasidagi mavjud ijtimoiy tuzum illatlarini qoralaydilar, o‘sha tuzum qabohatlariga qarshi murosasiz kurash olib boradilar. Stendal qahramonlari o‘tkir aql egasi, qo‘rqmas, irodali, keng mushohadali shaxslar. Qahramonlar xarakterining shakllanishi, fikr-o‘ylari, o‘zlari qilgan xatti-harakatlarni taroziga solib ko‘rishlari, yozuvchi tomonidan haqqoniy aks ettiriladi. Buni, ayniqsa, Jyulen Sorel va Fabritsio del Dongo obrazlari evolyusiyasida yaqqol ko‘rish mumkin. YOzuvchi personajlarining ichki kechinmalariga katta ahamiyat beradi. Bu hol jahon adabiyoti tarixida Stendalni ko‘zga ko‘ringan psixologik realizmning taniqli vakillaridan biriga aylantirdi. XVIII asr ma’rifatparvarlarining merosxo‘ri sifatida Stendal ozodlik, tenglik hamda qardoshlik g‘oyalariga hamisha sodiq bo‘lib qoldi. Stendal asarlarining tili sodda, aniq va ifodali til. Uslubi ixchamligi, lo‘nda iborasi bilan romantiklar tasvir-tavsifiga xos jimjimadorlik, bejamadorlikdan yiroq. Fransuz adabiyotinnng buyuk realist san’atkori, «Qizil va Qora», «Parma ibodathonasi» kabi ajoyib romanlar muallifi Stendalning nomi jahon miqyosida mashhurdir. Adibning asarlari, maqolalari, esdaliklari dunyoning ko‘p tillariga tarjima qilingan. Ijodining bu qadar ommalashuvi boisi shuki, u zomanasining etakchi mayllarini chuqur ko‘rsatib bera oldi, kurashayotgan kuchlar orasidagi ziddiyatlarni vaqtida anglab etdi. YOzuvchi yirik ijtimoiy kuchlar, tabaqalar, axloq va xilma-xil kishilar tabiatidagi o‘zgarishlarni seza bildi. Uning ijobiy qahramonlari zulm-istibdodga asoslangan tuzum bilan murosaga kela olmaydilar. Ular hayotdagi eskilik, xudbinlik, zo‘ravonlik, inson shaxsining kamsitilishiga qarshi isyon ko‘taradilar. YOzuvchi barcha asarlarida fikr erkinligini, faol harakatni, umumning baxti uchun olib borilayotgan kurashda jasoratni targ‘ib qildi. Uning sevimli qahramonlari Petro Missirilli, Fabritsio, Ferrante Palla, Sanseverina va Jyulen Sorel singarilar bizning kunlarimizda ham kishi qalbini hayajonga soladi. Janob de Renal, markiz de lya Mol singari salbiy tiplar allaqachon tarix hukmiga duchor bo‘lgan, ammo Stendal romanlaridagi ehtiroslar hamon yashab kelmoqda. Bu buyuk san’atkor ijodining davr sinovidan muvaffaqiyatli o‘tib, tanqidiy realizm adabiyotining o‘lmas namunalariga aylanib qolganini isbotlovchi dalildir. Download 169.16 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling