Moliya huquqida ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda to`g`ridan-to`g`ri buyruq berish uslubi (ma'muriy huquq singari) qo`llaniladi.
Davlat moliyaviy faoliyatini amalga oshiruvchi davlat organlarining moliya sohasidagi vakolatlarining mazmunini moliya huquqi normalari, ularni amalga oshirish jarayonini esa, ma'muriy huquq normalari tartibga soladi. Demak, davlat moliyaviy faoliyatini amalga oshiruvchi davlat organlarining vakolat doirasini belgilovchi huquqiy normalar bir vaqtning o`zida ham ma'muriy huquq, ham moliya huquqi normai hisoblanadi.
Ma'muriy huquq moliya sohasidagi boshqaruv munosabatlarini tartibga solsa, moliya huquqi moliyaviy munosabatlarning o`zini tartibga soladi.
Uzoq vaqt mobaynida bu huquq tarmoqlari (konstitutsiyaviy, ma'muriy va moliya huquqi) yagona tarmoq sifatida o`rganib kelingan. Keyinchalik jamiyatda ijtimoiy munosabatlarning rivojlanishi, yangi ijtimoiy munosabatlarning vujudga kelishi bilan konstitutsiyaviy huquqdan ma'muriy huquq, ma'muriy huquqdan esa, moliya huquqi ajralib chiqdi. Hozirgi vaqtda moliya huquqi tarmog`ining o`zida ham yangi mustaqil tarmoqlarning (masalan, soliq huquqi, bank huquqi va h.k.lar) vujudga kelayotganini ko`rish mumkin.
Ma'muriy huquq fuqarolik huquqi bilan chambarchas bog`liqdir. Bu ikki huquq tarmog`i ayrim holatlarda bir xildagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi, lekin turli uslublar yordamida. Masalan, vakolatli davlat organining buyrug`iga binoan bir xo`jalik tashkiloti boshqasiga bino yoki inshootni beradi. Bunda davlat boshqaruv organi hokimiyat uslubidan foydalanadi, ya'ni ma'muriy huquq yordamida ikki xo`jalik yurituvchi tashkilotning mulkiy munosabati tartibga solinadi. Fukarolik huquqi esa, mazkur tashkilotlar o`rtasida vujudga keladigan shartnoma munosabatlarining mazmunini belgilab beradi.
Fuqarolar ishtirokidagi ko`pgina fuqarolik-huquqiy munosabatlari davlat boshqaruv aktlari orqali vujudga kelishi mumkin. Ba'zi hollarda esa, mulkiy munosabatlar davlat boshqaruvi aktining o`zidan to`g`ridan-to`g`ri (yani shartnomasiz) kelib chikishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |