2-mavzu. Umurtqalilar yoki bosh skeletlilar kenja tipining umumiy tavsifi va sistematikasi. Baliqlar (pisces) katta sinfi
Download 88.52 Kb.
|
2-maruza
1. Umurtqalilarning umumiy tavsifi. Umurtqalilar xordalilar tipining, umuman hayvonot dunyosining eng yuksak rivojlangan guruhi hisoblanadi. Umurtqalilar faol harakatlanib hayot kechirishga o’tgan bosh skeletsizlardan kelib chiqqanligi taxmin qilinadi. Irsiy o’zgaruvchanlik va tabiiy tanlanish natijasida bosh skeletsizlar orasida aktiv oziqlanishga moslashgan, ya’ni nerv, harakatlanish sistemasi va boshqa organlari birmuncha yaxshiroq rivojlangan shakllari ajralib chiqqan. Evolyutsiya jarayonida ularning tuzilishi tobora murakkablashgani tufayli ulardan umurtqalilar kelib chiqqan.
Binobarin, oldingi kenja tiplarning vakillari kam harakat hayot kechiradigan, suv oqimi bilan kirgan ovqatlarni yeb, passiv ravishda ovqatlanadigan va boshqa jinsning bo’lish-bo’lmasligiga qaramay, jinsiy mahsulotlarini vaqt-bavaqt suvga tashlab, passiv ravishda urchiydigan hayvonlar bo’lsa, umurtqalilar, ularning aksicha, urg’ochilarini ham, ovqatini ham o’zi aktiv ravishda axtarib topadigan, ovqatni og’iz organlari bilan tutib oladigan hayvonlardir. Bosh skeletlilarni tuban xordalilardan ajratib turadigan ana shu juda muhim biologik xususiyatlar ularning bir muncha yuqori tuzilganligidandir. Bu asosan, ularda urg’ochilarni va ovqatni axtarib topishga yordam beradigan ancha mukammal sezuv va harakat organlari, sezuv organlaridan ta’sirlarni qabo’l qilib olib, butun gavdaning ildam va murakkab harakatlarini tartibga solib turadigan hamda ancha takomillashgan bosh miyaning borligi bilan ifodalanadi. Sezuv organlari, bosh miya va og’iz apparatining takomil etishi o’z navbatida, bosh skeleti (kalla suyagi) ning taraqqiy qilishiga sabab bo’ldi. Bu skelet ikkita asosiy bo’limdan: nozik bosh miya bilan sezuv organlari uchun mustahkam g’ilof bo’lib xizmat etadigan miya qutisidan hamda hazm nayining oldingi qismi, xususan og’iz apparatining tayanchi hisoblanadigan harakatchan vistseral skeletdan iborat. So’ngra bosh skeletlilarda xorda ma’lum darajada umurtqalar bilan almashinadi, umurtqalarning ustki yoylari birlashib, orqa miyani saqlab turadigan mustahkam g’ilof – orqa miya kanalini hosil etadi, pastki yoylari esa qovurg’alar bilan birlashib, ichki organlarni saqlaydigan himoya joyiga aylanadi. Nihoyat, qorin tomiridan hosil bo’lgan va qonni gavdaga tez tarqatadigan yurak hamda dissimilyatsiya jarayonida hosil bo’ladigan suyuq mahsulotlarni zo’r berib ajratib turadigan va murakkab tuzilgan buyrak butun organizmning umumiy hayot faoliyati murakkablashuviga yordam beradi. 50000 ga yaqin turni o’z ichiga olgan umurtqalilar – xordalilarning asosiy kenja tipi bo’lib, umuman, ko’p sonli hayvonlar gruppalarining biridir. Umurtqalilar kenja tipi 6 sinfga bo’linadi: to’garak otzlilar (Cuclostomata), baliqlar (Pisces), suvda va quruqda yashovchilar yoki amfibiyalar (Amphibia), sudralib yuruvchilar yoki reptiliyalar (Reptilia), qushlar (Aves), sut emizuvchilar (Mammalia). Dastlabki ikki sinfga suvda yashovchi hayvonlar kirsa, qolgan to’rtta sinfga quruqda yashovchi hayvonlar kiradi, lekin suvda va quruqda yashovchilarning lichinkalari (itbalig’i), odatda, suvda hayot kechiradi, bu – ularning nomidan bilinib turibdi. Download 88.52 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling