2-mavzu. Umurtqalilar yoki bosh skeletlilar kenja tipining umumiy tavsifi va sistematikasi. Baliqlar (pisces) katta sinfi
To’garak og’izlilar tuzilishining o’ziga xos xususiyatlari
Download 88.52 Kb.
|
2-maruza
To’garak og’izlilar tuzilishining o’ziga xos xususiyatlari. To’garak og’izlilarning tipik vakili daryo minogasi – Lampetra fluviatilis dir. Daryo minogasi chala parazitlarcha hayot kechiradi va tirik yoki uyqudagi baliqlarning gavdasiga so’rg’ichi bilan yopishib, qonini so’radi.
Tashqi ko’rinishi. Bo’yi 40 sm ga boradigan daryo minogasining gavdasi hozirgi barcha to’garak og’izlilar singari, ilonga o’xshab uzun bo’ladi. Birlamchi tartibdagi suv umurtqalilari singari, minoga gavdasini ham, faqat uch bo’limga – bosh, tana va dumga bo’lish mumkin, shu bilan birga bu bo’limlar aniq chegarasiz bir-biriga qo’shilib ketgan. Boshining oldingi tomoni pastida so’ruvchi og’iz voronkasining katta teshigi bor, bu teshikning atrofi teri shokilalar bilan o’ralgan. Bu teshik ochiq turganda yumaloq shaklda, yopilganda uzunasiga ketgan yoriq shaklida bo’ladi. Og’iz oldi voronkasining yon va ustki devorlarida o’ziga xos shox tishlar, uning ichkarisida esa har qaysi uchida bittadan tish bo’ladigan ustki shox plastinka va bir qancha mayda tishchalari bor pastki shox plastinka o’rnashgan; til plastinkasida ham mayda tishlar bor. Boshining ikki yon tomonida to’la takomillashgan ko’zi bo’ladi, lekin bu ko’z yarim tiniq teri parda bilan qoplangan. Yuqorida ikki ko’zining orasida bitta (toq) burun teshigi bor. Undan orqaroqda och tusli dog’dek bo’lib teri tagidan ko’rinib turadigan bosh tepa organi joylashgan. Boshining ikki yon tomonida yettitadan kichkina-kichkina, yumaloq jabra teshiklari bo’ladi. Orqa tomonining o’rtasida oldingi orqa suzgich qanoti, undan keyinroqda keyingi orqa suzgich qanoti turadi, keyingi suzgich qanot dumni o’rab oladigan kichikroq dum suzgich qanoti bilan qo’shilib ketgan. Minoganing dum suzgich qanoti birlamchi teng pallali – prototserkal tipda tuzilgan, ya’ni o’q skeleti dumni ikkita baravar bo’lakka bo’ladi. Gavdaning ostida, tana bilan dum qo’shilgan yerda orqa chiqaruv teshigi va siydik-tanosil teshigi ketma-ket o’rnashgan, shu bilan birga, siydik-tanosil teshigi orqa chiqaruv teshigining orqasida turadi. Teri qoplag’ichlari. Minoganing terisi yumshoq, shilimshiq bo’lib, unda tashqi skeletning hech qanday asari yo’q. Uning terisida ham, xuddi baliqlardagidek, talaygina shilimshiq ishlab chiqaradigan bir hujayrali bezlar juda ko’p. Boshida yon chiziq organlarining bir qancha teshiklari bor. Ular suvda yashaydigan umurtqalilarning ko’pchiligi uchun xos bo’lib, teri sezuv organlari hisoblanadi. Skeleti suyaksiz bo’lib, faqat biriktiruvchi to’qima pardalari bilan tog’aydan tuzilgan. Uni o’q, bosh va suzgich qanotlari skeletlariga ajratish mumkin. O’q skeleti biriktiruvchi to’qima pardasi bilan o’ralgan xordadan iborat. Biriktiruvchi to’qima pardasi xordanigina emas, balki uning ustiga o’rnashgan markaziy nerv sistemasini ham o’rab oladi. Orqa miya kanalining devorlarida xordaning chetlari bo’ylab yotgan mayda tog’aylarning juft qatori bor, bu tog’aylar biriktiruvchi to’qima pardasiga botib kirgan. Ustki yoylar deb ataladigan shu tog’aychalar, umurtqalar murtagi hisoblanadi. Bosh skeleti juda sodda va o’ziga xos tuzilgan bo’lib: 1. miya qutisi, 2. og’iz oldi voronkasi skeleti va 3. vistseral apparat skeletidan iborat. Miya qutisining kapsulasi bosh miyani ostidan, yonidan va qisman ustidan o’rab oladi. Miya qutisi kapsulasining tagida asosiy plastinka bor. Miya qutisining oldingi tomoniga toq, lekin ikkiga bo’lingan hidlov kapsulasi, keyingi qismining ikki yon tomoniga bir juft eshituv kapsulasi o’rnashgan. Bu kapsulalar bosh skeletining eng keyingi qismini tashqil etadi, chunki to’garak og’izlilarda bosh skeletning ensa bo’limi butunlay takomil etmay qolgan. Shunday qilib, to’garak og’izlilarning miya qutisi go’yo yuqori darajadagi umurtqalilar sinflarining miya qutisi embrional rivojlanishining ilk stadiyasi xolida umrbod saqlanib qoladi. Og’iz oldi voronkasi skeleti faqat to’garak og’izlilar uchun xos bo’lib, juda ham o’ziga xos tuzilgan. U voronka devorining yuqori va yon tomonlaridan tutib turadigan bir qancha tog’aylardan iborat, bu tog’aylarning ichida eng asosiylari xalqa tog’ay va tilni tutib turadigan tog’aylardir. Vistseral skelet jabra qutisidan va jabra qutisining oldiga o’rnashgan stilesimon tog’ay bilan ko’z osti yoyidan iborat, stilesimon tog’ay bilan ko’z osti yoyi shaklan o’zgargan jabra yoylaridir. Jabra qutisining o’zi nafis tog’ay panjaradan iborat bo’lib, ko’ndalangiga o’rnashgan to’qqizta ingichka va qayrilgan yoylardan, jabra yoylarini bir-biriga qo’shadigan va uzunasiga ketgan to’rt juft tog’aydan hamda yurakning orqa va yon tomonlardan o’rab oladigan yurak oldi tog’ayidan tuzilgan. Jabra skeleti, yuqori darajali boshqa barcha sinflardagiga qarshi o’laroq, bevosita teri ostiga joylashgan, bu narsa umuman to’garak og’izlilar jabralarining entodermadan kelib chiqishi bilan bog’liqdir. Dum va orqa suzgich qanotlarini qator o’rnashgan ingichka tog’ay shu’lalar – radialiyalar tutib turadi. Muskul sistemasi. To’garak og’izlilarning tana va dum muskullari juda ham sodda tuzilgan. Muskul sistemasi to’g’ri qator bo’lib o’rnashgan va biriktiruvchi to’qima mioseptalari bilan bir-biridan ajralgan muskul segmentlaridan – miotomlardan iborat. Boshda so’rg’ich apparatining talaygina ayrim muskullardan iborat murakkab muskullari bor. Tilning ham murakkab tuzilgan o’z muskuli bor.
Oraliq miyaning yupqa epitelial qopqog’ida ikkita o’siq: pineal organ va parietal organ o’rnashgan. Pineal organ yorug’lik sezish vazifasini bajaradi va tashqaridan minoga boshining tepasida, burun teshigining orqasida ko’rinib turadi. Oraliq miya tubining oldingi qismidan bir juft ko’ruv nervi chiqadi, bu nervlar to’garak og’izlilarda, yuqori sinflardagiga qarshi o’laroq, kesishma (xiazma) hosil qilmaydi. To’garak og’izlilarda miya qutisining ensa bo’limi chala taraqqiy etganligidan bosh miya nervlarining IX va X jufti miya qutisidan tashqarida turadi. Orqa miyasi yassi, lentasimondir. Orqa miya nervlarining orqa va qorin butoqlari, umurtqalilarning boshqa barcha sinflaridagiga qarshi o’laroq, bir-biri bilan qo’shilib, aralash nerv tanasi hosil qilmaydi. Hid bilish organi. To’garak og’izlilarning hid bilish organi boshqa barcha umurtqalilar sinflarinikiga qarshi o’laroq toq bo’ladi. U burun teshigidan boshlanadi, burun teshigi bevosita bosh miyaning oldida o’rnashgan va pardasimon hidlov kapsulasiga joylashgan hidlov xaltasiga qo’shiladi. Eshituv organi xuddi baliqlardagidek, faqat ichki qulokdan iborat bo’lib, uning ikkita yarim doira kanali bor. Hazm organlari. Minoganing hazm organlari o’ziga xos tuzilgan bo’lib, bu ovqatlanish xususiyati – qon so’rishi bilan bog’liq. Ichak yo’li og’iz voronkasidan boshlanadi, og’iz voronkasining ostida og’iz bo’shlig’i bilan qo’shilgan og’iz teshigi bor. Og’iz bo’shlig’ining tubida shox tishlar va til bo’ladi. Tishlar minoganing tutgan o’ljasiga yoki boshqa buyumga yopishib olib, uni so’rishida porshen rolini bajaradi. Og’iz bo’shlig’ining ketingi tomonidan, boshqa barcha umurtqalilardagiga qarshi o’laroq, ikkita nay: pastda turadigan, serbar nafas nayi va ustki tomonda turadigan qizilo’ngach boshlanadi. Qizilo’ngach ketiga qarab qayriladi va yurakni yonlab o’tib, ichakka aylanadi, ichak qizilo’ngachdan klapan bilan ajralgan bo’ladi. Minoga ichagining oldingi va ketingi bo’laklari bir oz kengaygan naydan iborat bo’lib, anal teshigi bilan tamomlanadi. Ichak nayining oldingi kengaygan qismi oshqozon, eng orqa qismi to’g’ri ichakdir. Ichakning ichida boshidan oxirigacha boradigan va bilinar-bilinmas spiral hosil qiladigan keng shilimshiq parda burmasi bor. Barcha tuban baliqlar uchun ham xos bo’lgan shu qatlam spiral klapan deb ataladi va ichakning ovqat so’ruvchi yuzasini kengaytirish uchun xizmat etadi. Oshqozonning ostida kattakon jigar turadi. Oshqozon osti bezi ichakning butun devorlariga tarqalgan. Nafas organlari ham o’ziga xos tuzilgan. Yurakning oldingi tomonida boshi berk xolda tugaydigan nafas nayining har tomonida yettitadan ichki jabra yoriqlari bo’ladi. Bu yoriqlar yettita tashqi jabra yoriqlari orqali tashqi muhitta tutashib turadigan jabra xaltachalari bilan qo’shiladi. Jabra xaltachalari ikki tomonidan bo’rtib chiqqan linza formasida bo’lib, unda talaygiia jabra yaproqlari bor, bu yaproqlar qopchaning ichki devoriga meridian bo’ylab o’rnashadi. Jabra xaltachalarining orasida keng bo’shliqlar – jabra oldi sinuslari bor, bu sinuslarning har qaysisini biriktiruvchi to’qimadan tuzilgan jabraaro to’siqlar ikki kameraga bo’ladi. Yuqori turadigan boshqa barcha sinflardagiga qarama-qarshi o’laroq minoganing jabra xaltachalari va jabra yaproqlari entodermadan chiqib keladi. Nafas akti jabra apparatining siqilish va kengayish yo’li bilan yuzaga chiqadi, shu bilan birga suv tashqi jabra yorig’idan kiradi va shu yoriqdan chiqadi. Download 88.52 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling