3-mavzu: mustaqil o‘zbekiston respublikasining tashkil topishi va uning


Download 63.19 Kb.
bet11/13
Sana09.03.2023
Hajmi63.19 Kb.
#1256029
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13
Bog'liq
3-Ma\'ruza mavzui

7. Mustaqillik – me’yoriy-huquqiy asoslarining yaratilishi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, huquqiy jamiyat va demokratik davlat barpo etish yo‘lida siyosiy islohotlarni amalga oshirishni kun tartibidagi dolzarb masala sifatida belgilab oldi.


O‘zbekistonda davlat boshqaruvining Prezidentlik shakli zamonaviy tizim o‘zagini tashkil etadi. 1991-yil 18-noyabrda Oliy Kengash VIII-sessiyasida “Prezident saylovlari to‘g‘risida” Qonun va “Prezident saylovini tayinlash to‘g‘risida” Qaror qabul qilindi.
Bu qonunga ko‘ra, Prezident lavozimiga 35 yoshga to‘lgan, davlat tilini biladigan, saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekistonda muqim yashayotgan O‘zbekiston fuqarosi saylanishi mumkin.
Prezident 7 (5) yil muddatga saylanadi, bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Prezident bo‘lishi mumkin emas, Prezident saylashning asosiy prinsiplari: umumiy, teng, to‘g‘ridan to‘g‘ri, yashirin ovoz berish bilan, fuqarolarning saylovda ixtiyoriy qatnashishi, saylov kunigacha 18 yoshga to‘lgan fuqarolarning saylovda qatnashishi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy maqomi respublika Konstitutsiyasining 19-bobida aniq belgilab qo‘yilgan. Konstitutsiyaning 89-moddasida Prezident davlat boshlig‘i va davlat organlarining faoliyatini ta’minlashi qayd etilgan. Prezidentning shaxsi daxlsiz bo‘lib, u qonun bilan muhofaza etiladi deya, belgilab qo‘yilgan. Konstitutsiyaning 93-moddasida Prezidentning vazifalari, uning vakolatiga kiradigan masalalar doirasi belgilangan.
Prezident bir vaqtning o‘zida Konstitutsiya, inson va fuqaro huquqlarining kafili bo‘lib, davlat hokimiyat organlari faoliyatini ta’minlaydi, qonunlar ishlab chiqishda bevosita ishtirok etadi. Prezident bir vaqtning o‘zida Qurolli kuchlar Oliy bosh qo‘mondoni, Xavfsizlik kengashining raisi bo‘lib ham hisoblanadi. Vakolati tugagach, iste’foga chiqqan Prezident umrbod parlament yuqori palatasi - senat a’zosi lavozimini egallaydi.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Prezident vakolat muddati 2007-yil dekabrda tugashi munosabati bilan 2007-yil 23-dekabrda navbatdagi Prezident saylovi o‘tkazildi. XDPdan A.Rustamov, Adolat SDPdan D.Toshmuhammedova, saylovchilar tashabbuskor guruhi (STG)dan A.Saidov, LDP dan I.Karimov nomzodi ko‘rsatildi. Saylovda ro‘yxatga olingan 16.297.000 saylovchidan 90,6 %i qatnashdi. I.Karimov uchun saylovchilarning 88,1 %i ovoz berdi. 2007-yil 27- dekabrda bo‘lgan Markaziy saylov komissiyasi majlisida I.Karimov Prezident lavozimiga saylandi deb qaror qilindi.
2015-yil 29-mart kuni muqobillik asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. Uning natijalariga ko‘ra Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlarga muvofiq Islom Karimov 5 yillik muddatga mamlakatning oliy lavozimiga saylandi.
Islom Karimov O‘zbekiston davlati va davlatchiligini barpo qilish, demokratik fuqarolik jamiyati qurish asoslarini yaratdi, mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yo‘nalishini ishlab chiqdi, yurtimizning yorug‘ istiqboli yo‘lida ko‘pmillatli xalqimizni birlashtirib, uni ulug‘ maqsadlar sari boshlab bordi. Mana shunday buyuk ishlarni amalga oshirgan O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov 2016 yil 2 sentyabr kuni 78 yoshida Toshkent shahrida vafot etdi. U 2016 yil 3 sentyabr kuni Samarqand shahrida dafn etildi. Dafn marosimida jahonning 17 ta mamlakatidan delegatsiyalar, davlat rahbarlari, ko‘plab rasmiy doira vakillari, respublikaning keng jamoatchilik a’zolari ishtirok etdilar.
2016-yil 8-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida parlament palatalarining qo‘shma qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarish vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoev zimmasiga yuklandi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalaridan kelgan bayonnomalarga asosan 2016-yil 4-dekabr’ kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berish jarayonida saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 million 461 ming 805 nafar saylovchidan 17 million 951 ming 667 nafari ishtirok etganini aniqladi. Bu ro‘yxatga kiritilgan saylovchilar umumiy sonining 87,73 foizini tashkil qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining natijalariga ko‘ra, Sarvar Sa’dullaevich Otamuratovni yoqlab 421 ming 55 nafar saylovchi yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar umumiy sonining 2,35 foizi ovoz berdi, Shavkat Miromonovich Mirziyoevni yoqlab 15 million 906 ming 724 nafar saylovchi yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar umumiy sonining 88,61 foizi ovoz berdi, Xatamjon Abduraxmonovich Ketmonovni yoqlab 669 ming 187 nafar saylovchi yoki 3,73 foizi, Narimon Majitovich Umarovni yoqlab 619 ming 972 nafar saylovchi yoki 3,46 foiz saylovchilar ovoz berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini beshta xalqaro tashkilot – Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari uyushmasi va Islom hamkorlik tashkilotidan hamda Amerika, Yevropa, Osiyo va Afrikaning 46 ta davlatidan 600 nafarga yaqin kuzatuvchi kuzatib borgani siyosiy kampaniya demokratiya talablari asosida ochiq va oshkora o‘tganining yorqin dalilidir. Saylov jarayonini monitoring qilishda siyosiy partiyalardan 37 mingdan ortiq kuzatuvchi ham faol ishtirok etdi.
Majlisda qayd etilganidek, 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakat o‘z oldiga qo‘ygan buyuk maqsadlar yo‘lida – dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan o‘rin egallash, mamlakatni siyosiy va iqtisodiy jihatdan modernizatsiya qilish, xalq uchun erkin, tinch va farovon hayotni ta’minlash borasida yana bir ulkan qadam qo‘yganini, ta’bir joiz bo‘lsa, mustaqil taraqqiyotining yangi davriga kirib borayotganini yaqqol namoyish etdi.
2016-yil 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi yakunlari bo‘yicha saylovchilarning 88,61 foiz ovozi bilan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. 2016-yil 14-dekabrda rasman o‘z vazifasini bajarishga kirishdi.
O‘tgan qisqa vaqt davomida Prezident Sh.M.Mirziyoyev rahnamoligida yurtimizning barcha hududlarida ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlarini olib borish, aholiga sifatli kommunal xizmat ko‘rsatish, respublikaning shahar va tumanlari, ayniqsa, uzoq qishloq tumanlarini kompleks rivojlantirish orqali aholining turmush va mehnat sharoitini tubdan yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli va samarali tadbirlarni amalga oshirilmoqda.
Sh.M.Mirziyoyevning faoliyatida sotsial-iqtisodiy masalalar bilan bir qatorda ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash tizimlarini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, yoshlarning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga etishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, onalik va bolalikni kuchli muhofaza qilish ustuvor vazifa sifatida muhim o‘rin egalladi.
O‘zini o‘zi boshqarishning noyob instituti bo‘lgan mahallaning nufuzi va obro‘sini yanada oshirish, shuningdek, boshqa jamoat tashkilotlarini demokratik islohotlarga keng jalb etish orqali jamiyatda ularning mavqeini mustahkamlash, milliy, ma’naviy qadriyatlarni e’zozlash va izchil rivojlantirish ishlariga yuqori darajada e’tibor qaratdi.
Shu bilan birga, iqtisodiy va ijtimoiy vazifalarni amalga oshirishda xorijiy davlatlar va xalqaro tuzilmalar, shuningdek, xalqaro moliya institutlari bilan har tomonlama o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish orqali mamlakatimizning milliy manfaatlariga va iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiladigan kelishuvlarga erishishda bevosita rahbarlik qilmoqda.
Davlat hokimiyati oliy organlarining tuzilishi, hokimiyatlarning bo‘linish tamoyili Konstitutsiyada keltirilgan. Davlat hokimiyatining har biri mustaqil faoliyat yurituvchi 3 hokimiyatga: qonun chiqaruvchi; ijro etuvchi; sud hokimiyatiga bo‘linishi qonunlashtirilgan. Konstitutsiyaning 76-moddasiga ko‘ra Oliy davlat vakillik organi bo‘lgan – Oliy Majlis qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi. Bu vazifani bajaruvchi vakillik organlari parlament deb ham yuritiladi.
Oliy Majlis 1995-1999 yillar davomida 10 ta kodeks, 2 ta milliy dastur, 145 ta qonun, 452 ta qaror qabul qildi, qonunlarga esa 216 ta qo‘shimcha va o‘zgarishlar kiritildi. 70 ta xalqaro shartnoma ratifikatsiya qilindi, xalqaro konvensiyalarga qo‘shilish to‘g‘risida 58 ta qaror qabul qilindi. Shubhasiz, yuqorida qayd qilingan raqamlar respublika parlamentining 90-yillardagi hali saqlanib qolayotgan nisbatan murakkab iqtisodiy ahvol, ijtimoiy hayotdagi qator muammolar davrida bunday samarali faoliyati izsiz ketmadi. Qonunlarning izchilligi va hayotbaxshligi, demokratik ruh va zamonaviylik bilan sug‘orilganligi natijasida mavjud muammolarning asta-sekin bartaraf etilishi boshlandi.
1999-yil dekabrda bo‘lgan saylovlar natijasida 250 deputatdan iborat parlamentning yangi tarkibi shakllandi.
Qonunlarni ishlab chiqish jarayonida Oliy Majlis qo‘mitalarining butun tarkibi ishtirok etadi. Qonun loyihalarini tayyorlashda maxsus ishchi guruhlari tuzilib, unda olimlar va mutaxassislarni kengroq jalb etish kabi xalqaro tajribadan foydalanildi. Inson huquqlari bo‘yicha Vakil instituti Oliy Majlis Kengashi tomonidan tasdiqlangan Nizom asosida faoliyat olib bormoqda.
“O‘zbekistonning Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi Konstitutsiyaviy sud, Oliy va Xo‘jalik sudlari tarkibini saylab, sud tizimini vujudga keltirish jarayonini nihoyasiga etkazdi. Konstitutsiyaning 8-bob, 34-moddasida fuqarolarning siyosiy partiyalarga uyushish huquqi kafolatlangan. “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi Qonun 1996-yil 26-dekabrda, 7-sessiyada qabul qilindi. Ushbu qonunning qabul qilinishi ijtimoiy-siyosiy hayot bobida ko‘pfikrlililik, turli qarashlar va munosabatlarning demokratik dunyo talablariga binoan shakllanishiga turtki bo‘lib xizmat qildi. Zero, jamiyat ijtimoiy hayotida ko‘p partiyaviylikning tadbiq etilishi shubhasiz, turli salbiy illatlarga g‘ov bo‘lishi, jamiyatning ma’naviy jihatdan sog‘lomlashishi muammolarning tezkor bartaraf etilishi, qonunlarning ustuvorligi hamda inson haq-huquqlarining himoya etilishi borasida muhim qadam edi.
Mustaqillikning dastlabki davrida qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyatida izchillikni ta’minlash, islohotlarni mutanosib ravishda amalga oshirish maqsadida Prezident bir vaqtning o‘zida Vazirlar Mahkamasi Raisi lavozimini ham bajardi.
Mustaqillikning dastlabki davridayoq, davlat boshqaruvi sohasida, tegishli sohalar bo‘yicha o‘zgarishlar amalga oshirila boshlandi. Shu boisdan ham tez orada ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda muhim o‘rin tutuvchi idoralar xususan, Davlat reja qo‘mitasi o‘rniga Iqtisodiyot vazirligi, Davlat ta’minot qo‘mitasi o‘rnida respublika ulgurji va birja savdosi aksiyadorlik uyushmasi, Davlat narx qo‘mitasi o‘rniga Moliya vazirligi tarkibida narxlarni nazorat qiluvchi maxsus boshqarmalar tuzildi. Respublikada moliya va bank tizimi ham tubdan o‘zgarib, Moliya vazirligi respublika byudjetini shakllantirish bilan bir qatorda, davlat soliq va moliya siyosatini belgilashi va valyuta ishlarini boshqarishi belgilab qo‘yildi.
Fuqarolar huquqini aks ettiruvchi, himoya qiluvchi, faoliyatini tartibga soluvchi 500 dan ortiq qonun va Parlamentning qonunga tenglashtirilgan qarorlar tizimi, Prezident farmonlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilindi. Fuqarolarning dinga bo‘lgan munosabati “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi (1998) Qonun bilan tartibga solinib, daxlsizligi ta’minlandi. Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston inson huquqlariga oid qator xalqaro shartnomalariga qo‘shilgan. O‘zbekiston 1996 yil aprelda BMT komissiyasiga siyosiy va inson huquqlari bo‘yicha Xalqaro pakt normalarini bajarish borasida milliy ma’ruza matnini taqdim etdi. “Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi” va xalqaro hujjatlar asosida 1991-yil 4-sessiyada “Jamoat birlashmalari to‘g‘risida”, 1996-yil “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy Markazi Prezidentning 1996-yil oktyabrdagi Farmoni bilan tashkil etildi. Milliy Markaz o‘z faoliyatini Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 13-noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra faoliyat olib bormoqda.
Inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashda 1997-yil 26-apreldagi “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (Ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonun alohida ahamiyatga ega. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (Ombudsman) mansabdorlar, tadbirkorlar va davlat organlarining inson huquqi, erki va qonuniy manfaatlarini davlat tomonidan himoya qilish maqsadida faoliyat ko‘rsatadi.
Zero, inson huquqlariga oid 2017-2019 yillar mobaynida qator farmon va hukumat qarorlari chiqdi. 2018-yil noyabrda Samarqandda o‘tkazilgan inson huquqlari bo‘yicha “Osiyo forumi” O‘zbekistonda inson haq-huquqlariga bo‘lgan munosabatning dolzarbligini va yangicha echimini namoyon etdi.
Harakatning asosiy maqsadi- ko‘p millatli mamlakatda xalqlar birligini yanada mustahkamlash, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan bar­cha fuqarolarning huquq va kafolatlarini to‘la-to‘kis amalga oshirish va fuqarolik, vatanparvarlik tuyg‘ularini rivojlantirishdan iborat.
Ta’kidlash joizki, mustaqillik yillarida yaratilgan boshqaruv tizimi va uning qonunchilik asoslari, fuqarolik jamiyati mamlakatda inson huquqlarini himoya qilishga va huquqiy demokratik davlat barpo etilganligini kafolatlaydi.



Download 63.19 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling