Uy xo`jaliklari – iqtisodiyotning iste`mol sohasida faoliyat ko`rsatuvchi asosiy tarkibiy birlik. Uy xo`jaliklari doirasida moddiy ishlab chiqarish va xizmat ko`rsatish sohalarida yaratilgan tovar va xizmatlar iste`mol qilinadi. Bozor iqtisodiyotida uy xo`jaliklari mulk egasi hamda ishlab chiqarish omillarini etkazib beruvchilar hisoblanadi. Iqtisodiy resurslarni sotishdan olingan pul daromadlari shaxsiy ehtiyojni qondirish uchun sarflanadi.
Tadbirkorlik sektori – bu iqtisodiyotning daromad (foyda) olish maqsadida amal qiluvchi birlamchi bo`g’inidir. U ish yuritish uchun o`z kapitalini yoki qarz olingan kapitalni ishga solishni taqozo etadi, bu kapitaldan olingan daromad ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirish uchun sarflanadi. Tadbirkorlar tovar xo`jaligida tovar va xizmatlarni yetkazib beradi.
Davlat sektori – o`z oldiga foyda olishni maqsad qilib qo`ymagan, asosan, iqtisodiyotni tartibga solish vazifasini amalga oshiradigan turli byudjet tashkilotlari va muassasalarining majmuidir.
Shuningdek, ba`zi darslik va o`quv qo`llanmalarda bozor iqtisodiyotining yana bir alohida, mustaqil sub`ekti sifatida banklar ajratib ko`rsatiladi.1
Bank – iqtisodiyotning me`yorda amal qilishi uchun zarur bo`lgan pul massasi harakatini tartibga soluvchi moliya-kredit muassasasidir.
Shunday qilib, yuqorida keltirib o`tilgan bozor iqtisodiyoti sub`ektlarining o`zaro ta`siri va aloqasini quyidagi chizma orqali ifodalash mumkin (4.1-chizma).
4.1-chizma
Bozor xo`jaligi sub`ektlari o`zaro aloqasining umumiy modeli
Har qanday bozor iqtisodiyotini tartibga solish mexanizmi, asosan, to`rtta tarkibiy qismdan iborat bo`ladi: narx, talab, taklif, raqobat.
Narxlar nisbati o`zgarib turadi, shuning uchun narx ishlab chiqaruvchi uchun ishlab chiqarish hajmining o`zgarishi zarurligini aniqlashda yo`l ko`rsatkich bo`lib xizmat qiladi. Talab va taklif hamda raqobatchilik muhitidagi o`zgarishlar o`z navbatida, narxlardagi o`zgarishlarni keltirib chiqaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |