5-mavzu. KORXONANING MEHNAT RESURSLARI
1. Mehnat resurslarini tasniflash
2. Mehnat resurslarining tarkibi va tuzilishi
3. Mehnat unumdorligi
4. Sanoat korxonalarida ish haqini tashkil qilish
5. Asosiy ish natijalari uchun rag‘batlantirish tizimlari
1. Mehnat resurslarini tasniflash
Zamonaviy korxonalar faoliyatida mehnat qurollari va mehnat predmetlaridan tashqari kadrlar xam katta ahamiyatga ega. Aynan kadrlar ishlab chiqarishni boshqarib, joriy va istiqboldagi rivojlantirishni amalga oshiradilar. Kadrlarning kasbiy malakasi qanchalik yuqori bo‘lsa, korxonalarning iqtisodiy va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari shunchalik yuqori bo‘ladi.
Mehnat resurslari deganda mehnatga layoqatli yoshda bo‘lgan (O‘zbekiston Respublikasi erkaklar uchun 16 yoshdan 59 yoshgacha, ayollar uchun 16 yoshdan 54 yoshgacha) aholi, shuningdek iqtisodda band mehnatga layoqatli yoshda bo‘lmagan (o‘smirlar va mehnatga layoqatli yoshdan yuqori yoshdagilar) shaxslar tushuniladi.
Salohiyat(potensial) tushunchasi lotin tilidan olingan bo‘lib, imkoniyat, kuch-quvvat ma’nosini anglatadi.
Kadrlar salohiyati - mehnat resurslarining umumiy soni va jinsi, yoshi, ma’lumoti, kasbiy ko‘nikmalari, korxonaning u yoki bu bo‘g‘inlarida va ijtimoiy ishlab chiqarishida qatnashishi bilan ifodalanuvchi mehnat resurslari yoki imkoniyatlarini ifodalaydi.
Kadrlar korxonada mehnat bilan band bo‘lgan xamda korxona shaxsiy tarkibiga kiruvchi turli kasbiy - malakaviy guruhlardagi xodimlar majmuasidir.
Korxonaning mehnat resurslari uning ish kuchini tavsiflaydi.
Ish kuchi - insonning mehnat qilishga jismoniy va aqliy qobiliyatlari xisoblanadi.
Bozor munosabatlari sharoitida mehnat qobiliyati ish kuchini tovar xoliga keltiradi
Uning boshqa tovarlardan farqi:
- o‘z qiymatidan ortiq bo‘lgan qiymat yaratadi;
- uni jalb qilmasdan biron-bir ishlab chiqarish jarayonini amalga oshirish mumkin emas;
Do'stlaringiz bilan baham: |