Abraziv yeyilish (7-rasm, b) uzatmaning yomon moylanish sharotida ishdan chiqish sabablaridan biri hisoblanadi. Bunday uzatmalarga ochiq uzatmalar, yana abraziv zarrachalar bilan ifloslanishdan etarlicha himoyalanmagan yopiq uzatmalar ham taalluqli. Ushbu uzatmalarni qishloq xo’jaligi va transport mashinalarida, tog’-kon uskunalarida, yuk ko’tarish mashinalarida uchratish mumkin. Yeyilgan uzatmada ilashishdagi tirqish kattalashadi, shovqin hosil bo’ladi, dinamik yuklamalar oshadi. Xuddi shu vaqtda yeyilgan tishning mustahkamligi uning ko’ndalang kesimi maydoni kichiklashi natijasida kamayadi. Agar tishli g’ildirakni o’z vaqtida almashtirilmasa uning tishlari sinishi mumkin.
Yeyilishning oldini olishning umumiy choralari – tishlar sirti qattiqligini oshirish, ifloslanishdan himoyalash, maxsus moylarni qo’llash.
Qadalish (7-rasm, v) asosan og’ir yuklangan va tezyurar uzatmalarda kuzatiladi. Bunday uzatmalar tishlari tutashish joyida yuqori harorat vujudga keladi va natijada moy pardasi buzilib metallik tutashuv hosil bo’ladi. Bu hol bir necha bor takrorlangandan so’ng harorat shunday darajaga etadiki, mustahkamigi pastroq materialdan yasalgan g’ildirak tishining anna shu joylari ikkinchi g’ildirak tishiga yopishib chiqadi. Hosil bo’lgan metall g’urrachalar, ish davomida shu tish bilan ilashishda bo’lgan tish sirtini sidirib chiqa boshlaydi. Oqibatda tish sirti notekislanib, uzatma ishida qo’shimcha shovqin va dinamikaviy kuchlar paydo bo’ladi.
Qadalishning oldini olishning umumiy choralari – yeyilishni oldini olish chora-tadbirlari qo’llaniladi, yuqori qovushqoqli va kimyoviya faol qo’shimchali yeyilishga qarshi moylarni qo’llash.
Plastik siljish (8-rasm) og’ir yuklangan sekinyurar uzatmalarning yumshoq po’latdan yasalgan tishli g’ildiraklarida uchraydi. Bunday hollarda tish sirtiga tushadigan kuch me’yoridan katta ishqalanish kuchi hosil qiladi va yumshoq po’latni deformasiyalab, oquvchanlik darajasiga olib boradi, oqibatda metall ishqalanish kuchi yo’nalgan tomonga qarab sidiriladi. Natijada, yetaklanuvchi g’ildirak tishining ilashish qutbi atrofida kichkinagina do’mboqcha, yetakchi g’ildirak tishining sirtida esa shu do’mboqchaga mos chuqurcha hosil bo’ladi. Hosil bo’lgan do’mboqcha ilashishning buzilishiga va pirovardida, tishlarning ishdan chiqishiga olib keladi. Tish materialining qattiqligini oshirish bunday yemirilishning oldini olish choralaridan asosiysidir.
Tishning ishlash yo’li bilan qattiqlashtirilgan sirtqi qatlamining ko’chib chiqishi. Bunday hodisa, asosan, sifatsiz termik ishlangan g’ildiraklarda ro’y beradi. Shuning uchun, termik ishlash talab qilingan hollarda bu jarayonning sifatli bajarilishiga alohida e’tibor berish kerak.
8-rasm. Tish sirtining plastik siljishi
E’tiboringiz uchun rahmat!
Do'stlaringiz bilan baham: |